Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


12.04.2024 | 19:15

img315

“… KIM, DEGAYLAR DAHR ARO QOLDI FALONDIN YAXSHILIG‘…”

U maktabni qaytadan qurdi hisob. Yarim asrdan beri ta’mir ko‘rmagan ilm maskani yangi zamon jadidining himmati bilan nufuzli maktablar qatoriga kirdi. U naqd yetti milliard so‘m ajratdi maktab ta’miriga. Bunday saxovatning sababi — shu maktabda harf tanigani, shu dargohda ta’lim olgani. Qaniydi, o‘zi o‘qigan mak­tabini obod qilgan Isroil Yunusov kabi jo‘mardlar ko‘paysa, ma’rifat fidolari soni ortsa… Qaniydi har qaysi maktab rahbari Ziyoda Haydarova kabi har ishning qalovini topsa…

Hammasi 2018-yilning sentyabrida boshlandi. Maktab binosining nochor ahvolga kelib qolganidan “yegani taniga singmayotgan” Ziyoda shu maskanda ta’lim olgan sarmoyadorlar ro‘yxatini tuzdi. Niyati davlatmanddan pul undirish emas, to‘kilaman deb turgan ta’lim dargohini ta’mirlash uchun hashar uyushtirish edi.

– Aylanib-o‘rgilib 1991-yil bitiruvchisi, “REAL HOUSE” kompaniyasi ta’sischisi Isroil Yunusovning oldiga bordim, – deydi u. “Siz shu maktabda o‘qigansiz, men esa direktorman. Maktab ancha eskirib qolgan. Biroz kutsam-ku, davlat dasturiga kiradi. Lekin sabrim chidamay ketyapti. O‘quvchilarim yangi, shinam, zamonaviy maktabda o‘qisaydim, deyman. Yordam qilsangiz yaxshi bo‘lardi. Men maktabimni respublikaning manaman degan ilm o‘chog‘iga aylantirmoqchiman”, dedim. Isroil aka: “Juda yaxshi o‘ylabsiz-da. Mening oldimga “uy qurib ber”, “to‘yimga ko‘maklash”, “mashina olishim kerak”, deb yordam so‘rab kelishadi. Lekin “O‘qigan maktabingni ta’mirlashga yordam ber”, deb faqat siz keldingiz. Bo‘ldi, bu masala hal bo‘ldi deyavering. Tayyorgarlikni boshlang. Mablag‘ mendan”, dedi. O‘sha kunni hech qachon esimdan chiqarmasa kerak.

Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi 81-matematikaga ixtisoslashtirilgan maktab direktori Ziyoda Hay­darovaning bunday himmatdan ko‘ngli tog‘day ko‘tarilgan bo‘lsa-da: “Tadbirkor maktabning chakka o‘tib yotgan tomini yopish va isitish tizimi uchungina mablag‘ bersayam mayliydi…”, degan xayolda edi. Axir, 960 o‘rinli maktab binosiga hazilakam pul kerakmi?..

Maktabga kelib, ahvolni o‘rgangan tadbirkor Isroil Yunusov Ziyodaxonga bu binoning “suyagi”dan boshqa hamma narsasi­ni qo‘porib tashlashi kerakligini aytdi va maktab ta’miri bitguncha tik turib berishiga ishontirdi. Direktor yangi o‘quv yilini yangi maktabda boshlashga ulgurish maqsadida boshqarmaga yugurdi. O‘quvchilarni qo‘shni maktablarga ko‘chirib turish va kun isishi bilan ta’mirni boshlab yuborishni niyat qildi. Lekin borgan eshigidan hafsalasi pir bo‘lib chiqdi. Chunki, bugunning gapi ertaga to‘g‘ri kelarmidi?.. “Mayli, ishni boshlang” deyishgani bilan, o‘quvchilar u yoqdan bu yoqqa sarson qi­linsa-yu, homiy beradigan pul to‘xtab qolsa-chi?..

U indamay yozgi ta’tilni kutdi. O‘quvchilar ta’tilga chiqqan kuniyoq hasharchilarni yig‘di. Imtihonlarga xalaqit qilmagan holda ta’mir ishlari boshlandi. Tadbirkor mard keldi: 200 nafar ishchini ishga soldi. Eng qiziq joyi shunda boshlandi. Chunki 200 nafar ishchini osh-ovqat bilan ta’minlash kerak-ku. Ziyoda tashlab qo‘ygan ro‘yxatini yana qo‘liga oldi. Butun mahallaga e’lon qildi: “Maktabimizni qaytadan quramiz, har kim qo‘lidan kelgan yordamini ayamasin”. Ota-onalarni yig‘ib: “Bu sizning bolalaringiz uchun. Farzandlaringiz toza, chiroyli joylarda o‘qisin”, dedi. Lekin har kim bu gapni har xil tushundi. “Uch oyda to‘rt qavatli joyni qayta qurib bo‘larmidi?” deganlar bolalarining hujjatini olib, boshqa maktabga topshirdi. Ziyoda maktab hovlisiga katta doshqozon-o‘choq o‘rnatib, kunini ham, tunini ham shu yerda o‘tkaza boshladi. Ishchan rahbarning joniga mahallasi ham ora kirdi. Birov bitta qo‘yni so‘yib keltirsa, boshqa birov tovuq, kurka go‘shti olib kelib, sho‘rva qaynatdi. “Bor – boricha, yo‘q – holicha” deganlariday, kim to‘rtta non, kim bir kosa suzma ko‘tarib chiqdi.

– Biz shunchalar oqibatli millat ekanmizki, aytsam ishon­maysiz, – deya ko‘zlari yoshlandi uning. – Bir oila bor. O‘rtahol, turmush sharoiti og‘irroq. Bir kuni bir kilo pomidor bilan bir kilo bodring olib chiqibdi. Qo‘ysangiz-chi, siz nega bunday qildingiz desam, “Ziyodaxon, katta ishning boshidasiz. Qo‘limdan boshqasi kelmaydi. Hech bo‘lmasa, ustalar shuni to‘g‘rab yeyishadi-ku, deb ilindim. Ko‘rmaganga olib o‘tirishga uyaldim”, dedi. Axir, buni unutib bo‘ladimi?!.

Bu orada homiy Isroil Yunusov shunchasini qildim, bu yog‘ini o‘zi eplasin, deb qarab o‘tirmadi. Vaqt topib, “hormanglar”ga kelib turdi. Bir necha bor ishning qanday keta­yot­ganidan xabar olish barobarida mashinasini to‘ldirib bozor-o‘char qilib keltirdi.

– Nihoyat, uchinchi sentyabr kuni maktabni ochadigan bo‘ldik. To‘qson kunda bitdi ishimiz. Bino to‘liq ta’mirlandi. Isitish tizimi tashqi va ichki quvurlari almashtirilib, izo­lya­t­siya qilindi. Isroil Yunusov oxirida yana bir savob amalga qo‘l urdi: hovliga ekish uchun manzarali daraxtlar-u gul ko‘chatlari keltirib berdi. U kishini duo qila-qila ekdik. Maktabni tadbirga tayyorladik. Xayolimda hamma ko‘rgani keladiganday. Bolalari­ning hujjatlarini olib ketganlar qaytib kelishdi. Bola sig‘may ketdi maktabga. Har bir o‘quvchimni elchini qarshi olganday kutib oldim. Har birining ko‘zidagi hayrat va sevinch ko‘nglimni tog‘day ko‘tardi. Ich-ichimdan butun bir maktabning o‘qi­tuv­chi-yu o‘quvchisiga shunday katta baxtiyorlik ulashgan “REAL HOUSE” ta’sischisiga rahmatlar aytdim. “Yaxshiyam bu inson shu maktabda o‘qigan ekan”, deyman ichimda.

Ziyoda hovlidagi issiqxonani, tuzlamalar tayyorlashga mo‘ljallangan yerto‘la-omborni, ekobog‘ni, 200 kishilik oshxo­nani, 150 o‘rinli faollar zalini, shahar hokimligi tomonidan yangi­cha tus berilgan sport maydonlarini, telefonlar qo‘yiladigan garderoblarni, jadidlar burchagi, xullas, hamma-hammasini ko‘rsatdi.

Bugun u boshqarayotgan 81-maktabda o‘quvchi soni yana mingtaga ko‘payib, 1900 nafarga yetgan bo‘lsa, ularga 87 nafar tajribali ustozlar saboq bermoqda. Maktab uning sa’y-harakatlari bilan matematika faniga ixtisoslashtirilgan. Eng quvonar­lisi, ta’mir ta’limga ham ijobiy ta’sir o‘tkazdi. Maktab xalqaro fan olimpiadalariga 2020-yili aniq fanlar bo‘yicha bir nafar o‘quvchi chiqargan bo‘lsa, 2023-yilda kimyo fanidan beshta medalni qo‘lga kiritdi. O‘quvchilarning ilm olishi, o‘qituvchilarning faoliyat yuritishi uchun barqaror muhit yaratildi. Xalqaro doirada o‘tkazilgan “Eco-schools Uzbekistan” loyihasida g‘olib bo‘lib, Ekologik ta’lim jamg‘armasining (FEE) “7 qadam” dasturi bo‘yicha oliy mukofot – Yashil bayroq bilan taqdirlandi. 

Bu muvaffaqiyatlarning asosi bor, albatta. Tinib-tinchimagan maktab rahbari qayerda bilim va salohiyati yuqori o‘qituvchi borligini bilsa, o‘ziga chorladi. Ish so‘rab kelgan yoshlardan, qaysi fan o‘qituvchisi bo‘lishidan qat’i nazar, ishga ijodiy yondashishini talab qildi. Uning maktabida bugun O‘zbekiston xalq o‘qituvchisidan tortib, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosigacha bor.

– 2021-yil reytingida eng yuqori ko‘rsatkichga erishgan Navoiy shahridagi 11 va 13-umumta’lim maktablarining ishini o‘rganib keldim. Qorako‘ldagi maktabga ham borib, uch kun o‘rgandim. O‘z ko‘zim bilan ko‘rishim kerak edi-da. Qaytayotib, oldimga: men qanday bo‘lmasin, poytaxtda ana shunday maktabni bunyod etaman, degan maqsadni qo‘ydim. Sekin-asta erishyapman shunga. Hali ishlarimdan qoniqqanim yo‘q. Hali oldinda belgilagan ko‘p vazifalar bor. Maktabimni butunlay yangilab bergan aziz insonga bergan va’damning ustidan chiqishim kerak. Shularga erishmagunimcha to‘xtamayman, – dedi Ziyoda Haydarova suhbatimiz yakunida.

Xullas, yozaman desam, maqolam nihoyasiga yetadigan emas. Aslida maqsadimiz ilm dargohiga katta mablag‘ tikkan olijanob inson xizmatini e’tirof etish edi. Ammo u kishi­ning: “Men haqimda shart emas, o‘zimiz bilsak bo‘ldi”, degan ma’nodagi iltimoslarini rad etolmadik. Yaxshisi, har kim bu maktabni o‘z ko‘zi bilan ko‘rsin. Ibrat istaganlar “REAL HOUSE” ta’sischisi Isroil Yunusovning himmatiga guvoh bo‘lsin. Zero, hazrat Bobur aytganidek:

Bori elga yaxshilig‘ qilg‘ilki, mundin yaxshi yo‘q –

Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig‘.

Muhayyo PIRNAFASOVA

2024-yil 9 -fevral 7-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596