Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


13.06.2025 | 09:08

img344

“BU NAF’ O‘ZUNGA KO‘PRAKDURUR”

“Xayol oti bilan kezib” (Abdulla Oripov iborasi) uzoq tariximizga yo‘l olsak-da, ulug‘ bobomiz Alisher Navoiy davriga borsak. Ul zoti muborakning ilm istab ro‘yi zamin sayqali qadim Samarqandga otlanganini xayol ko‘zlarimiz bilan kuzatsak. 

Ana, navqiron Navoiy Taxtaqoracha dovonidan oshib, ikki tomonda osmon bilan bo‘ylashib turgan viqorli tog‘larga, u tog‘lar bag‘ridagi turfa o‘t-o‘lanlarga, dov daraxtlarga mahliyo holda jannatmonand bu go‘shaning tiniq, beg‘ubor havosidan simirib, mamnun-u masrur bormoqda. Ul zotning uloviga ham o‘ziga bir zum dam berish va bu shifobaxsh havodan to‘yib-to‘yib nafas olmoq niyatida yo‘l chetidagi do‘ngliklarda oyoq cho‘zib o‘tirganini o‘ylasak, yuragimiz hapriqadi. Biz har kuni ko‘radigan va ahamiyat bermaydigan mana shu ulug‘vor tog‘larga, huv pastda ohangdor jildirab oqayotgan daryoga buyuk Navoiyning muborak nigohi tushganini o‘ylab ko‘rsak, odam g‘alati bo‘lib ketadi. Bizning nazarimizda jonsiz, aslida tirik mavjudot bo‘lgan o‘t-o‘lanlar, daraxtlar, “viqor-la o‘shshaygan qoya”lar (Oybek) bizni besh asr oldin o‘tgan buyuk bobomiz bilan “birlashtiradi”.

Navoiy hazratlari Omonqo‘ton, Qizilto‘riq, Tersak, Qizilbosh, Qoratepa, Mingbuloq (bu men tug‘ilgan qishloq), Bahrin qishloqlaridan o‘tib Kenagas qishlog‘iga keladi. Atrofga razm soladi. Sharq-u janub tomonda oqsoch Urgut tog‘lari, g‘arb-u shimol taraflarda baland-past qirlar osha voha yastanib yotipti.

Navoiy bobomiz yashagan davrdan endi xayol otimiz bilan o‘z zamonamizga, ya’ni 1991-yilga qaytaylik. Ma’lumki, o‘sha yil O‘zbekistonimizda Alisher Navoiy yili, deb e’lon qilindi. Ulug‘ zotning ruhi kezib yurgan o‘sha shukuhli kunlarda bir fikr keldi xayolimga. Sinfdosh do‘stim Zoyir Ziyoyev Urgutning Navoiy nomidagi kolxozida rais edi. U bilan goh Toshkentda, goh Samarqand-u Urgutda uchrashib-gaplashib turar edik. Zoyir bilan shunchaki sinfdosh emas, balki jo‘ra kirishgan edik. Ilgari shunday urf bor edi: agar ikki yigit jo‘ra kirishadigan bo‘lsa, bu ularning ota-onalari oldida e’lon qilinar, yigitlar bir-biri bilan aka-ukalar kabi oqibatli bo‘lishga ahd qilardi. Shu bois Zoyir biznikiga, men ularning uyiga tez-tez borib turardim. Shukurki, bu jo‘rachiligimiz hamon davom etmoqda…

Gurunglarimizdan birida xayolimga kelgan fikrni unga aytdim:

– Zoyir, mana, necha yildan beri kolxozda raissiz. Bilaman, shu yillar davomida ko‘p xayrli ishlar qildingiz. Menda bir taklif bor. – U yalt etib menga qaradi. Zoyir yoshligidan epchil, harakatchan, tinib-tinchimas, yangilikka o‘ch yigit edi. 

– Qanday taklif?

– Bilasiz, bu yil respublikamizda Navoiy yili, deb ataldi (hali mustaqillik e’lon qilinmagan edi). Siz rahbarlik qilayotgan kolxoz Navoiy nomida. Yil nomidan foydalanib, Alisher Navoiy haykalini qo‘ydirsangiz. Bu shu paytgacha qilgan barcha ishlaringizning eng ulug‘i va mangu qoladigani bo‘ladi, nazarimda.

Zoyirning ko‘zlari charaqlab ketdi.

– Zo‘r bo‘lardi! – dedi. – Haykaltaroshni qayerdan topamiz?

– Bu ish mening zimmamda. Ilhom Jabborov degan iste’dodli haykaltarosh bor. Shoir Sulton Jabborovning ukasi. U bilan o‘zim gaplashaman. Istasangiz, birga boramiz.

…Shunday qilib, ikkovimiz Ilhom Jabborovning ustaxonasiga bordik. Zoyirni tanishtirdim, maqsadni aytdim. Ilhom avvaliga ishim ko‘p, deb taysalladi.

– Navoiy yilida Navoiy nomidagi kolxozda Navoiy haykalini qo‘ymasak bo‘lmaydi, – dedim qat’iyat bilan.

Ilhom Jabborov nihoyat rozi bo‘ldi.

– O‘quv yili boshlanishida haykalning ochilish marosimini qilsak, zo‘r bo‘lardi-da, – dedi Zoyir. Suhbatimiz bahor oylarida kechayotgan edi.

Ilhom biroz o‘ylandi.

– Buyurtmalarim ko‘p. Sentyabrgacha ulgurishim qiyin, – dedi mo‘ylovini silab.

– Ilhom, kimning, qanaqa buyurtmasi bor, bilmayman, – dedim. – Ammo, imkoni bo‘lsa, shu ishni tezlashtirib bering. Birgina Zoyir emas, butun Urgut aholisi sizdan minnatdor bo‘ladi. 

Xullas, haykaltarosh ko‘ndi, Zoyir aytgan vaqtgacha bitkazib, sentyabrda ochilish marosimini o‘tkazishga va’da berdi.

Ilhomning ustaxonasi biz yashaydigan “dom”ga yaqin edi. Shu bois vaqtim bo‘ldi deguncha uning oldiga borib, biroz suhbatlashib, ishning ketishi bilan qiziqib, Ilhomning ilhomini jo‘shtirib turdim. Zoyir-ku bir oyog‘i Toshkentda bo‘lib qoldi. Ba’zan hazillashardim:

– Zoyir, kolxozning ishlariga ham qarayapsizmi?

– Kolxoz ishining nimasiga qarayman? Odamlarga hadeb aql o‘rgataverib xalaqit bermasangiz bo‘ldi, hamma ishini o‘zi bilib qilaveradi.

Zoyir Navoiy haykali qo‘yiladigan joyni tanlashga kirishdi. Kolxoz idorasi oldiga qo‘yish kerakmi? Yoki maktab hovlisigami? Har qalay o‘quvchilar darsda Alisher Navoiy haqida o‘qiydi, haykalini ko‘rib tursa foydasi ko‘proq bo‘lar…

O‘yladi, ko‘p o‘yladi, har taraflama o‘yladi. Bir qarorga kelish oson bo‘lmadi. Oxiri shoir Erkin Ne’mat oldiga bordi. Erkin aka uzoq yillar O‘zbekiston radiosida, televideniyeda ishlagan, she’riy kitoblar chiqargan.

– Erkin aka, Alisher Navoiy haykalini qo‘ymoqchimiz, shunga joy tanlayolmay boshim garang, – dedi Zoyir. – Bir maslahat bersangiz. Kolxozimiz nomini Stalin o‘rniga Navoiy nomiga o‘zgartirgan ham sizning otangiz. Shuning uchun oldingizga keldim.

Erkin aka Zoyirning gaplarini tinglab, biroz o‘yga toladi. So‘ng o‘rnidan turadi.

– Yuring, haykalni qayerga qo‘yishni ko‘rsataman, – deydi va Toshkent-Termiz yo‘li tomon yuradi. – Kolxoz idorasi oldiga qo‘ysak deysiz, kolxoz bugun bor, ertaga nima bo‘lishini Xudo biladi. Siyosat qayoqqa qarab ketayotganini ko‘rib turibsiz-ku. Hazratning haykalini shunday joyga qo‘yaylikki, zamon ham, siyosat ham ta’sir qila olmasin… Eng muhimi, ehtimol, Navoiy hazratlari Samarqandga o‘tayotganda shu tepaliklarda o‘tirib hordiq chiqargandir…

– Bo‘lishi mumkin, – deydi Zoyir.

Darhaqiqat, istiqlol shabadasi esa boshlagan edi. “Davlat tili haqida”gi qonun, Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingani, Navro‘z umumxalq bayrami sifatida keng nishonlangani shundan dalolat berardi.

Ular Kenagas qishlog‘i yo‘lidan Toshkent-Termiz yo‘liga chiqib, o‘ngga buriladi-da, ellik qadamlar yurib to‘xtaydi. Erkin aka Zoyirning yelkasiga qo‘lini qo‘yib, kunchiqish tarafdagi tepalikka ishora qiladi:

– Mana shu tepalikka qo‘yish kerak haykalni! Navoiy bobomiz o‘sha yerdan atrofni kuzatib turganday bo‘ladi. Bu joy Toshkent-Termiz yo‘lining qoq o‘rtasi – shu yerdan Toshkentgacha ham, Termizgacha ham 354 kilometr. Samarqand tarafdan-u Termiz tomondan kelganlarga birdek yaqqol ko‘rinib turadi. – Erkin aka jingalak sochlarini silab, mayin jilmayadi. – Mana shu yerdan haykalga chiqib boradigan zinali yo‘l qilasiz. Haykal atrofida maydon bo‘lishi kerak. Ziyoratga kelganlar o‘sha yerdan chor atrofni tomosha qiladi.

Bu fikr Zoyirga ma’qul bo‘ladi.

…1991-yilning avgust oyi oxirida xalqimizning bir yarim asrlik orzusi ushaldi – O‘zbekiston mustaqil davlat, deb e’lon qilindi. Ana shu tarixiy ayyomdan o‘n yetti kun o‘tib, 1991-yil 17-sentyabrda Urgut tumanining Kenagas qishlog‘ida hazrat Alisher Navoiy haykalining tantanali ochilish marosimi bo‘ladi. Unda Samarqand viloyati va Urgut tumani rahbarlari, taniqli adabiyotshunos Botirxon Valixo‘jayev, shoira Oydin Hojiyeva va boshqalar ishtirok etadi.

– Mana shu hududdan bir necha shoir va yozuvchilar yetishib chiqqan, – deydi tadbirni kirish so‘zi bilan ochgan Zoyir Ziyoyev bu yerda Alisher Navoiy haykali bejiz qo‘yilmayotganiga urg‘u berib. – Barot Boyqobilov, Erkin Ne’matov, Asad Dilmurod, Abdusaid Ko‘chimov, Abdurashid Abdurahmonov shular jumlasidan…

Bu gaplarni eshitgan Botirxon Valixo‘jayev Zoyirning gapini tasdiqlaydi.

– Shuncha adib-u olimlarni bergan tabarruk joyda buyuk Navoiy haykalining o‘rnatilgani mantiqan to‘g‘ri ish bo‘libdi.

Tadbir oxirlab qolganda “Zoir Ziyoyev o‘g‘il nevara ko‘ribdi” degan xushxabar yetib keladi.

Hamma suyunadi, yig‘ilganlar Zoyirni qutlashadi. Jamoa viloyat rahbari Po‘lat Abdurahmonovga yuzlanadi:

– Shunday quvonchli, ulug‘ kunda tug‘ilgan chaqaloqqa o‘zingiz ism qo‘yib bersangiz.

– Bu yerda bizdan ulug‘ insonlar bor, masalan, professor Botirxon aka. Shu kishidan iltimos qilamiz, – deydi Po‘lat Abdurahmonov.

Aksariyat ilm kishilariga xos kamtarlik, oddiylik Botirxon akada yuksak darajada edi.

– Yo‘q, yo‘q, – deydi u kishi. – Toshkentdan kelgan aziz mehmonlar bor. Xususan, iste’dodli shoira Oydin Hojiyeva boya juda go‘zal she’r o‘qidilar. Men ahli majlis nomidan Oydinxondan iltimos qilaman.

Botirxon Valixo‘jayev taklifini barcha ma’qullaydi.

– Mustaqilligimiz e’lon qilinganidan butun xalqimiz g‘ururlanib, faxrlanib, qalblarimiz iftixor tuyg‘ulari bilan to‘lib-toshib turgan shunday shukuhli kunda, bu yorug‘ dunyoga kelgan bolaning umri uzun, rizqi ulug‘ bo‘lsin! Biz Navoiy bobomiz bois cheksiz faxr-u iftixor tuyub yashaymiz. Kelinglar, shu chaqaloqqa Iftixor deb ism qo‘yaylik!

Shunday qilib, Toshkent-Termiz yo‘lidagi salkam ellik metr balandlikdagi adirda buyuk Alisher Navoiyning muazzam haykali qad rostlaydi. Shundan buyon har yili 9-fevralda ana shu haykal atrofi gavjum bo‘ladi, nafaqat yaqin atrofdagi qishloqlardan, balki butun tumandan hazratning, umuman, adabiyot, she’riyatning muxlislari jam bo‘ladi. Kelin-kuyovlar ulug‘ shoir dahosiga hurmat ko‘rsatib, poyiga gullar qo‘yadi. El-u yurtga qilingan halol, beg‘araz mehnat samarasiz ketmaydi.

Alisher Navoiy hazratlari bunday degan:

Naf’ing agar xalqqa beshakdurur,
Bilki, bu naf’ o‘zunga ko‘prakdurur.

…Har gal kindik qonim to‘kilgan qadrdon qishlog‘im Mingbuloqqa qarindosh-urug‘larni ko‘rgani, ota-onam, akalarim, opalarimni ziyorat qilgani borar ekanman, ko‘pincha, Hazratning adl haykali poyida kundek charaqlab, el xizmatiga kamarbasta tadbirkor va kitobxon Iftixor qarshi oladi.

Mamatqul HAZRATQULOV

“Jadid” gazetasining 2025-yil 6-iyundagi 23-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605