Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


10.09.2025 | 12:24

img408

BUGUN BIZGA JADIDCHA RUH KERAK

G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali rektori, akademik Qalandar Abdurahmonovni yurtdoshlarimiz yaxshi biladi. Inson kapitali va mehnat iqtisodiyoti yo‘nalishida ilmiy maktab yaratgan taniqli olim bilan suhbatimizning asosiy mavzusi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar doirasida kechdi.

– Ustoz, Yangi O‘zbekiston g‘oyasi mamlakatimiz taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi. Olim sifatida bu islohotlarning asosiy yo‘nalishlarini qanday baholaysiz?

– Yangi O‘zbekiston g‘oyasi mamlakat taraqqiyotida yangi bosqichni ochdi. Bu g‘oyaning markazida oddiy insonning manfaati, qonun ustuvorligi, tadbirkorlikka qulay muhit, sifatli ta’lim va sog‘liqni saqlash hamda raqamli yechimlar turibdi. Ya’ni islohotlar faqat qonuniy hujjatlar emas, balki har bir xonadon his qiladigan o‘zgarishlardir.

Birinchidan, davlat xizmati ochiqroq va tezkorroq bo‘lyapti, ko‘plab ruxsatnoma va arizalar elektron tartibga o‘tdi, navbatlar qisqardi. Bu tadbirkor uchun ham, aholi uchun ham vaqt va sarfni tejaydi. Ikkinchidan, xususiy sektorga e’tibor kuchaydi, soliq va boj jarayonlari soddalashmoqda, eksportga chiqish uchun sertifikat va tekshiruvlar bir darcha orqali tashkil etilyapti. Uchinchidan, inson kapitaliga sarmoya oshmoqda: maktab, kasb-hunar maktablari va universitetlarda amaliy tayyorgarlikka e’tibor kuchayib, ish beruvchilar bilan hamkorlik kengaymoqda. To‘rtinchidan, yashil energetika va suv tejamkorligiga o‘tish boshlandi, bu nafaqat atrof-muhit, balki kelgusi hisob-kitoblarimiz uchun ham foydali.

Amaliyot nuqtayi nazaridan nimalarni ustuvor deb bilaman? Birinchidan: har bir tumanda tezkor kasbiy qayta tayyorlash markazlarini kengaytirish kerak, u yerda 3–6 oyda amaliy kasb egallash imkoni bo‘lsin. Kollej va universitetlarda ish beruvchi bilan shartnoma asosida amaliyot o‘tash tizimi   haqiqiy ish tajribasi va birinchi maoshga olib chiqadi. Ikkinchidan: kichik biznes uchun arzon kredit va kafillik mexanizmlari osonlashishi shart, loyiha hujjatlarini ko‘p oylab kutish o‘rniga qisqa ro‘yxat va aniq muddat bo‘lsin. Uchinchi amaliy qadam: eksport qiluvchi korxonalarga sertifikat, laboratoriya tekshiruvi va logistikada “tez yo‘lak” joriy etish, tunda ham ishlaydigan elektron navbat orqali hujjat aylanishini tezlashtirish lozim. To‘rtinchidan: aholi uchun sezilarli bo‘ladigan kichik, lekin muhim islohotlar – poliklinikada navbatni to‘liq onlayn bron qilish, ta’limda bolalar uchun bepul bazaviy raqamli ko‘nikmalar kurslari, kommunal xizmatlarda “a’lo xizmat ko‘rsatgan xonadon” kabi motivatsiya dasturlari hayotga tatbiq etilsa, “inson qadri eng ustuvor vazifa” degan g‘oyamizga kengroq va tezroq erishamiz.

Albatta, har qanday katta o‘zgarish ijro intizomiga bog‘liq. Shuning uchun men natijaga tayangan boshqaruvni muhim deb bilaman: har bir loyihaning javobgari, muddati va o‘lchovlari oshkora e’lon qilinsa, jamoatchilik fikri bilan doimiy muloqot bo‘lsa, samara tezlashadi. Yangi O‘zbekiston islohotlari xalq uchun qulaylik, ish o‘rinlari va odil imkoniyatlar yaratishga xizmat qilayotganini ko‘ryapmiz. Bu yo‘lni izchil davom ettirsak, raqobatdosh iqtisodiyot va ertangi kunga ishonch yanada mustahkamlanadi.

– Ta’lim va ilm-fan sohasi barqaror taraqqiyotning asosi hisoblanadi. Yurtimizdagi yangilanishlar jarayonida oliy ta’lim muassasalarining roli va mas’uliyati qanday?

– Barqaror taraqqiyot sharoitida universitetning roli – jamiyat ehtiyojiga tez va aniq javob beradigan bilim hamda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishda ko‘rinadi. Shu ma’noda, o‘quv dasturlarini mehnat bozoriga bog‘lab borish, ish beruvchilar bilan “o‘qish-amaliyot-ish” zanjirini kengaytirish, talabaga 3–6 oylik qayta tayyorlash va mikrosertifikatlar orqali tezkor kasbiy yuksalish imkonini yaratish maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman.

Ilm-fan natijalarini hayotga yaqinlashtirish uchun kafedra va ilmiy guruhlar mahalliy hokimliklar, korxonalar bilan  “bir loyiha – bir muammo” tamoyilida hamkorlik qilishini qo‘llab-quvvatlardim; natija o‘lchovlari faqat maqola emas, joriy etilgan yechimlar va konsalting ishlari bilan ham baholansa, foydasi katta bo‘ladi.

Raqamli universitet tamoyillarini kengroq qo‘llash, baholash mezonlarini ochiq platformada ko‘rsatib borish, akademik halollikni mustahkamlash (antiplagiat, odil apellyatsiya) ommaviy ishonchni oshiradi, deb hisoblayman. Shu bilan birga, ijtimoiy adolatni nazarda tutib, chekka hudud yoshlari va qizlar uchun maqsadli stipendiyalar, mentorlik dasturlari kengaysa, ta’limning ijtimoiy ta’siri kuchayadi.

Xalqaro raqobat nuqtayi nazaridan qo‘shma dasturlar, xalqaro akkreditatsiyaga tayyorgarlik, ingliz tili va raqamli savodxonlikni bazaviy ko‘nikma sifatida mustahkamlash maqsadga muvofiqdir. Kampuslarda energiyani tejash, chiqindilarni saralab yig‘ish kabi “yashil” amaliyotlarni ommalashtirish ham iqtisodiy, ham tarbiyaviy samara beradi. Qisqacha aytganda, universitet jamiyatga yaqinlashgan sari – bitiruvchiga kasb, ish beruvchiga sifat, mamlakatga raqobatdoshlik keladi.

– Xalqaro tajribani oliy ta’limga joriy etishda qaysi modellar O‘zbekiston uchun samarali deb hisoblaysiz? Siz rahbarlik qilayotgan universitet bitiruvchilari mehnat bozorida qay darajada raqobatdosh?

– Xalqaro tajribani joriy etishda o‘zini oqlagan modellar sifatida dual va kooperativ ta’lim, kompetensiyaga asoslangan baholash, “stackable” mikrosertifikatlar, jamoat buyurtmasiga bog‘langan keys va kapston loyihalarini tilga olish mumkin. Bu yondashuvlar talaba portfoliosida aniq ko‘nikma va natijani ko‘rsatishga, “universitet – ish beruvchi” aloqasini kuchaytirishga xizmat qiladi. Xalqaro akkreditatsiyaga tayyorgarlik, qo‘shma dasturlar, ingliz tili va raqamli savodxonlikni bazaviy standart sifatida mustahkamlash ham mehnat bozoriga moslikni oshiradi.

G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali 30 yil mobaynida besh mingdan ortiq mutaxassis tayyorladi. Bakalavriatda inson kapitalini boshqarish, xalqaro savdo, iqtisodiy tahlil va ekonometrika, biznes-statistika, loyihalarni boshqarish, moliyaviy menejment, restoran biznesi menejmenti, boshqaruvda raqamli innovatsiyalar, sun’iy intellekt tizimlari kabi yo‘nalishlar; magistraturada korporativ moliya, xalqaro iqtisodiyot va biznes, iqtisodiy konsalting, raqamli biznes, strategik menejment, iqtisodiyotda Data Scientist kabi dasturlar shakllangan. Shu tarkib mehnat bozori talab qilayotgan noyob kombinatsiyalarni beradi va bitiruvchi imkoniyatlarini kengaytiradi.

E’tiborli jihati, magistraturaning barcha tinglovchilari ishlab chiqarish korxonalarida faoliyat yuritadi. Shu bois darslar ish jarayoniga xalal bermasdan uchinchi smenada tashkil etilgan. Bunday format ish joyidagi vazifalarni darsga, darsdagi yechimlarni ishlab chiqarishga tez ko‘chirishga, korxona mentorlari va professor-o‘qituvchilarning qo‘shma kuratorligi orqali amaliyotni mustahkamlashga imkon beradi. Karyera markazi, ish beruvchilar kengashi va ochiq natijalar paneli bilan uyg‘unlashgan tizim bitiruvchilarning bozordagi raqobat imkoniyatlarini ochiq va ishonchli namoyon etadi. Bu – bir vaqtlar jadid ma’rifatparvarlari orzu qilgan “ma’rifat natijasi – jamiyat manfaati” tamoyilining amaldagi ko‘rinishi, desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

– Yoshlikda orzu qilgan kasbingiz hozirgi faoliyatingizga yaqinmi? Hayotingizdagi eng katta ustozingiz kim va u insondan nimani o‘rgangansiz?

– Yoshlik orzularim adabiyot, san’at va jurnalistikaga bog‘liq edi. Shu tuyg‘u hozirgi faoliyatimda ham meni tark etmagan: iqtisodiy kitoblar, ilmiy asarlar bilan birga she’riyatni mehr bilan o‘qiyman. So‘zga ehtirom, hikoya qilib tushuntirish, fikrni ravon bayon etish odati aynan o‘sha qiziqishlardan shakllangan, shu bois iqtisodchi va ustoz sifatidagi ishimga yaqinlik seziladi.

Taqdir yo‘limda Toshkent xalq xo‘jaligi institutidagi talabalik xotiralari o‘ziga xos o‘rin tutadi. O‘sha davrda zilzila sabab binolar shikastlangach, o‘qishimni Moskvadagi G.V.Plexanov nomidagi institutda davom ettirishimni tavsiya qilishdi. 1968-yil diplom oldim, keyin Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga qaytib, o‘qituvchilikni boshladim. Keyinroq Moskvada kandidatlik va doktorlik darajalarini himoya qildim. TDIUda prorektor, Mehnat vazirligi huzuridagi ilmiy markazda direktor bo‘lib ishlaganimdan so‘ng, Plexanov universiteti filialini Toshkentda ochish taklifi berildi. Shu kungacha rahbar sifatida ushbu maskanda, oliy ta’lim va fanning rivojlanishida xizmat qilib kelmoqdaman. Bu yil filialimiz 30 yilligini nishonladi. Quvonchimiz shundaki, minglab mutaxassislarimiz mamlakat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Hayotda ustozlar izi uzoqqa yetadi, degan naql bor. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori bo‘lib ishlagan Muhammadjon Qoriyevdan talabchanlik va odillikni, akademiklar Stanislav Strumilin va Leonid Abalkindan ilmiy halollik, mehnat iqtisodiyotini chuqur tahlil bilan bog‘lashni o‘rganganman. Akademik Murod Sharifxo‘jayev maktabidan mustaqil fikr va tadqiqot intizomini, akademik Ra’no Ubaydullayevadan insonparvarlik va ustoz-shogird an’anasi, akademiklar Oqil Salimov va Saidahror G‘ulomovdan esa davlat boshqaruviga yaqin, javobgarlikka suyangan iqtisodiy tafakkur sirlarini o‘rganganman.

Qisqacha aytganda, yoshlikdagi ijodiy qiziqishlar menga ilmni xalqona tilda anglatish, iqtisodni inson qadri bilan bog‘lash ko‘nikmasini berdi. Kitob va she’riyatga muhabbat esa yo‘lboshchi chirog‘im bo‘lib qolaveradi. Shu bois tanlagan kasbim orzularimdan uzoq tushmay, aksincha, ularni amalda mazmun bilan to‘ldirgan yo‘lga aylandi.

– Qaysi kitoblar yoki mualliflar sizning dunyoqarashingizga ta’sir ko‘rsatgan? Zamondosh ijodkorlardan kimlarni kuzatib borasiz?

– Dunyoqarashim shakllanishiga, avvalo, Alisher Navoiy, Mirzo Bobur, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat, Oybek, Hamid Olimjon singari o‘zbek klassiklarining asarlari ta’sir qilgan, deb o‘ylayman.

Zamondosh ijodkorlardan Abdulla Oripov bilan oilaviy yaqin munosabatlarimiz bo‘lgan. Erkin Vohidov bilan suhbatlar, Halima Xudoyberdiyeva bilan samimiy muloqotlar – oila a’zolarim ishtirokidagi davra suhbatlari yuragimda mustahkam saqlanib qolgan.

– O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov haqidagi “Buyuklar kahkashoni” kitobingizning yozilish tarixi va ulug‘ shoirimiz haqida kitobga kirmay qolgan fikrlaringizdan ham bahramand bo‘lsak.

– “Buyuklar kahkashoni” kitobining ilk urug‘i bir nafis suhbatda unib chiqqan. Abdulla Oripov hayotining so‘nggi yillarida uni ko‘rgani akademik Akmal Saidov bilan xonadoniga borganmiz. U kishi salomatligi haqida so‘z ochganda, ruhini ko‘tarish niyatida: “Abdulla aka, siz – osmondagi yorqin yulduzsiz. Siz yozgan O‘zbekiston madhiyasi har kuni tonggi soat 6:00 da va kun tugayotganda 24:00 da yangraydi; davlatimiz rahbari qaysi mamlakatga borsalar ham madhiyamiz yangrab turadi. Bu bamisoli osmondagi yulduzlarning sobitligiga o‘xshaydi”, dedim. U kishi tabassum bilan: “O‘sha yorqin yulduzlarning nomini bilasizmi?” deb so‘radi. “Yo‘q”, dedim. “Xalqimiz ularni kahkashon deydi”, degan javobdan keyin menda yangi kitob g‘oyasi tug‘ildi: 2009-yilda chop etilgan “Go‘zal Italiya, maftunkor diyor” asarimizni davom ettirib, uni “Buyuklar kahkashoni” deb nomlasak, dedim.

Shu g‘oya 2018-yilda nashr etilgan kitobga aylandi. Kitobda Italiya safarining ma’naviy manzarasi imkoni boricha yoritilgan: shaharlar, muzeylar, san’at asarlari orqali ulkan ma’naviyat bilan uchrashuv ruhi berilgan. Afsuski, bu kitobni Abdulla aka ko‘ra olmadi. Men shuni anglaganmanki, Abdulla Oripov uchun she’r faqat san’at emas, xalqning yuragiga yo‘l ochuvchi nur edi.

– Ustoz, endi she’riyat osmonidan yana real hayotga qaytsak. Sun’iy intellekt haqida bahslar avjiga chiqqan, uning imkoniyatlaridan dunyo yutoqib foydalanayotgan, ba’zilar esa uni anglashga urinayotgan bir paytda, sizning avval maqolangiz, keyinroq “Sun’iy intellekt barqaror iqtisodiy rivojlanish asosi” monografiyangiz chop etildi. Bugungi zamon sharoitida sun’iy intellekt bilan qanday muomalada bo‘lishimiz kerak? Ayniqsa, yoshlar bu borada nimalarga e’tibor berishi zarur?

– Sun’iy intellekt bugun hayotimizning oddiy jarayonlarigacha kirib, yangi imkoniyatlar ochmoqda. Uni hamkor vosita sifatida ko‘rsak, inson tajribasi va hissiyoti sun’iy intellektning hisoblash quvvati bilan uyg‘unlashib, tezkor va aniq yechimlar berishi mumkin. Masalan, tadbirkor uchun bozor tahlili, dehqon xo‘jaliklarida suvni tejash, shifokorlarda dastlabki diagnostika, o‘qituvchilarda esa individual ta’lim trayektoriyasi shunga misol.

Yoshlar uchun e’tibor bersa arziydigan yo‘nalishlar: birinchisi – raqamli savodxonlik va ma’lumot madaniyati. Ma’lumotni tozalash, natijani tekshirish, manbani ko‘rsatish odatga aylansa, sun’iy intellekt bilan ishlash sifati ortadi. Ikkinchisi, kreativ fikrlash va muammo qo‘yish mahorati: to‘g‘ri savol qo‘ya olish ustunlik beradi. Uchinchisi, etika va huquq: shaxsiy ma’lumot, mualliflik huquqi va akademik halollikka rioya ishonchni kuchaytiradi. To‘rtinchisi, fanlararo ko‘nikmalar: iqtisod, tilshunoslik, dizayn va ITni bog‘lay bilgan yoshlar tez o‘sadi.

Amaliyotda qo‘llash oddiy qadamlardan boshlansa, ya’ni avval sun’iy intellektdan g‘oya to‘plash va loyiha rejasiga yordam olish, keyin hisob-kitob va modellashtirishga o‘tish, yakunda inson tomonidan tanqidiy tekshirishga vaqt ajratilsa, samarali bo‘ladi. Til o‘rganishda muloqot mashqlari, tarjima variantlarini taqqoslash va shaxsiy lug‘at tuzishda sun’iy intellektdan foydalanish mumkin. Tadqiqotda manbalar ro‘yxatini tez tuzishga yordam beradi, ammo xulosani albatta o‘zi qayta ko‘rib chiqishi zarur.

Jamiyat miqyosida ijobiy ta’sirni oshirish uchun ta’lim, biznes va davlat xizmatlari o‘rtasida ochiq hamkorlik kengaysa, natija yaxshiroq ko‘rinadi: universitetlarda kapston loyihalarni mahalliy korxonalar ehtiyojiga bog‘lash, sun’iy intellekt asosidagi kichik startaplarni qo‘llab-quvvatlash, davlat xizmatlarida aholiga qulay chat-yordamchilarni joriy etish shular jumlasidan.

Xulosa qilib aytganda, sun’iy intellekt inson o‘rnini egallaydigan emas, insonga imkoniyat beradigan yangi yo‘nalish. To‘g‘ri savol, toza ma’lumot, etik me’yor va ijod o‘zaro uyg‘unlashtirilsa, bilim tezlashadi, mehnat unumdorligi ortadi.

– Bugun xususiy tashkilot ochib, unga “akademiya”, “xalqaro muassasa” degan maqomlarni berib, odamlarga hovuchlab akademik unvonini tarqatayotganlar uchramoqda. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zosi sifatida bunga qanday munosabatdasiz?

– Ilmiy unvon – jamiyat ishonchi va shaxsiy mas’uliyat ramzi. U qonun-qoidalar, uzoq yillik tadqiqot, ochiq muhokama va hamkasblar bahosi bilan beriladi, pul to‘lab olinadigan nishon emas. Bugun ayrim xususiy tuzilmalar o‘zini “akademiya”  yoki “xalqaro muassasa” deb atab, unvon va medallarni savdoga chiqarayotgan holatlar uchraydi. Bunday vaziyatda ayblovdan ko‘ra xabardorlik va ochiqlikni kuchaytirish samaraliroq ko‘rinadi.

Ishonchni oshirish uchun oddiy, ammo foydali tekshiruv qadamlari bor. Birinchidan, unvon beruvchi tuzilmaning huquqiy maqomi va akkreditatsiyasi rasmiy reyestr va veb-saytlarda mavjudmi – shunga nazar tashlash lozim. Ikkinchidan, “akademik” deb e’lon qilinayotgan shaxsning ilmiy izi – ochiq profillari (masalan, Google Scholar), retsenziyalanadigan jurnallarda maqolalari, konferensiya materiallari, monografiyalari bormi? Uchinchidan, unvon berish tartibi ochiqmi: seminar-hisobot, ilmiy kengash qarori, ekspertizadan o‘tgan ish – shular nazardan o‘tsa, jamoatchilik ishonchi ortadi.

Yoshlar uchun eng to‘g‘ri yo‘l – qog‘oz unvoni emas, amalda ko‘rinadigan portfolio: qisqa kurslardan keyin “akademik” degan yozuv o‘rniga jamoat uchun foydali kichik tadqiqot, startap, keys-loyiha, tahlil hisoboti, ochiq platformada e’lon qilingan natijalar bo‘lsa, mana shu “ko‘rinadigan ilm” ish beruvchi va jamiyat ko‘z o‘ngida haqiqiy qadrga ega. Ilmiy unvonga da’vogarlik bo‘lsa, uning yo‘li ham aniq: mutaxassislik bo‘yicha tezislar, retsenziyalangan nashrlar, ilmiy kengash muhokamalari va ochiq hisobot – bosqichma-bosqich ochiq jarayon.

Ilm – ochiqlik va halol mehnatga suyanadi. “Sotib olingan unvon” qisqa muddatli obro‘ keltirishi mumkin, ammo jamoa e’tirofi va vaqtga chidamli natija faqat izlanish, haqiqiy xizmat bilan keladi. Shu yo‘l qo‘llansa, soxta unvonlarga ehtiyoj qolmaydi, jamiyatda esa ishonch va adolat mezoni mustahkamlanadi.

– Ustoz, mana yaqinda yurtimiz mustaqilligining 34 yilligini keng nishonladik. Mustaqillikning ma’naviy va tarixiy qimmatini qanday baholaysiz?

– Mustaqillik – milliy xotiramiz va kelajak rejamizni uyg‘unlashtirgan eng katta qadriyat. U o‘z taqdirimiz haqida qaror qabul qilish huquqini berdi, til va madaniyatimizga asoslangan iftixorni tikladi, davlatimiz ramzlari orqali yurtdoshlik hislarini mustahkamladi. Bu yilgi bayram tadbirlari ham ana shu ma’noga hamohang holda “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oyani o‘zagiga qo‘ygan holda tashkil etildi.

Tarixiy jihatdan mustaqillik davri milliy davlatchilik ustunlarini barpo etdi: bular qonun ustuvorligiga intiluvchi tizim, ochiq dunyo bilan teng hamkorlik, fuqarolik jamiyatining kengayishida namoyon bo‘ladi. Ma’naviy taraqqiyotda ham yangi sahifa ochildi. Ajdodlar merosini erkin o‘rganish, teatr va matbuotda sog‘lom fikr muhiti, adabiyot va san’atda yangi nafas – bularning har biri yurtga muhabbat va javobgarlik tuyg‘usini kuchaytirmoqda.

Hozirgi islohotlar – raqamli yangilanish, yashil iqtisod, inson kapitalini qo‘llab-quvvatlash, ochiq ma’lumotga tayangan boshqaruv bilan bog‘liq yangilanishlar mamlakatimizni mintaqada ham, jahon maydonida ham ishonchli sherik sifatida namoyon etmoqda. Mening fikrim shunday, mustaqillik – mehnat va birdamlik bilan asraladigan bebaho ne’matdir.

– 34 yillik taraqqiyot tajribasidan kelib chiqib, bugungi kunda yurtimiz istiqboli uchun qaysi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratish kerak, deb o‘ylaysiz?

– Bir haqiqat bor: jadid bobolarimiz orzu qilgan erkin fikr, ochiq maktab, zamonaviy fan va xalq manfaatiga xizmat qiladigan davlat g‘oyasi bugun mustaqillik ne’mati bilan amalda shakllanmoqda. 34 yillik tajriba shuni ko‘rsatdiki, taraqqiyotni tezlatish uchun bugun biz uchun jadidcha ruh – ilmga muhabbat, ma’rifatga suyangan islohot, javobgarlik va xalq manfaatiga sadoqat kerak.

Fitrat: “millat boy bo‘lsa, ilm boyiydi”, degan fikrni uqtirgan. Shu ruhda tadbirkorlik ekotizimini soddalik va ishonchga qurish: kichik biznesga oddiy qadamlar, tezkor xizmatlar, “eksportga tayyor” laboratoriya va sertifikatlash tarmoqlarini kengaytirish, kreativ industriyalar, turizm va raqamli xizmatlarni qo‘llab-quvvatlash yangi ish o‘rinlari va yuqori qo‘shilgan qiymatni ta’minlaydi. Yoshlar va xotin-qizlar tadbirkorligi uchun alohida dastaklar – grantlar, mentorlik va bozorga olib chiqish platformalari – jamiyatdagi adolat va imkoniyat tengligini mustahkamlaydi.

Kelajak barqarorligi uchun yashil energetika, energiya samaradorligi, tomchilatib sug‘orish, xususan, aylanma iqtisodiyot madaniyatini kundalik odatga aylantirish muhim: isrofdan xavfsizlikka, qisqa foydadan uzoq manfaatga o‘tiladi. Bu – nafaqat iqtisod, balki tarbiya va madaniyat masalasidir.

Qonun ustuvorligiga suyangan boshqaruv, ochiq ma’lumotlar asosida hisobdorlik, jamoat nazorati, loyihalarda natijaga mas’uliyat ishonchni kuchaytiradi, sarmoya va tashabbus uchun barqaror muhit yaratadi. Ommaviy axborot vositalari esa jadidcha uslubda – ravshan so‘z, haq ma’lumot va konstruktiv munozara bilan jamoat fikrini boyitsa, jamiyatning ma’naviy immuniteti yanada oshadi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, kelgusi istiqbolda yurtimizga zarur bo‘ladigan to‘rt ustun shular – ma’rifatga tayangan inson kapitali, ilm va texnologiya bilan to‘yingan iqtisodiyot, tabiatga ehtiromli yashil rivojlanish, adolat va ochiq boshqaruv. Shu yo‘l “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu shiorni har bir loyiha, har bir xonadonda real natijaga aylantiradi. 34 yillik tajriba shuni eslatadi: o‘tmishdan quvvat olib, bugun jasorat bilan ish ko‘rsak, ertamiz yanada ravshan bo‘ladi.

Zarnigor IBROHIMOVA suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 5-sentyabrdagi 36-sonida


“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“

Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]

16.11.2026 | 16:15

img83

ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

MILLIY YUKSALIŞ SARI

Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]

16.11.2026 | 09:00

img132