16.06.2025 | 09:08
488
DUNYO DARVOZASI OCHILDI BIZGA
Gapning sirasini aytadigan bo‘lsak, mana endi mamlakatimiz futboli dunyoning katta sahnasiga chiqdi. Dastlab Timur Kapadze boshchiligidagi yoshlar terma jamoasi jahon olimpiadasida qatnashdi. Islom Ismoilovning 17 yoshgacha bo‘lgan shogirdlari Osiyo chempionatidagi barcha raqiblarini dog‘da qoldirib chempionlikni tantana qildi. Ular finalda bosh hakamning g‘alati qarorlariga qaramasdan raqibi – Saudiya Arabistoni (chempionat mezbonlari) futbolchilarini “ajriq timdalashga majbur” qilishdi.

Shu yilning 5-iyunida esa milliy terma jamoamiz azaliy orzusiga erishib, ilk bor jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Ushbu xursandchilik bizni futbol har qanday millatni, har qanday mamlakat va xalqni birlashtiradi, degan fikrning naqadar oydin va rost ekanligiga yana bir bor ishontirdi. Qirg‘iz, qozoq, tojik, turkman va ozarbayjon birodarlarimiz qay jamoaga ishqiboz ekanligini ochiq namoyish etdilar.
1991-yil mamlakatimiz mustaqillikka erishgan bo‘lsa, terma jamoamizning FIFAga a’zo bo‘lishi 1994-yilda amalga oshgan. FIFA reglamentiga ko‘ra, biz 1994-yildan boshlab xalqaro musobaqalarda rasman qatnashish huquqiga ega bo‘lganmiz. Ilk bor 1998-yilgi jahon chempionatining saralash musobaqasida qatnashganmiz. Bu davr mobaynida terma jamoamizning Osiyo o‘yinlarida (1994-yilda) g‘olib bo‘lganligini hisobga olmaganda jahon chempionati saralash uchrashuvlarining ba’zi birlarida mundialga bir qadam qolganda qoqilganini yoki imkoniyatni boy berib qo‘yganini juda yaxshi eslaymiz. Bir g‘alaba, bir ochko va bittagina gol yetmay qolganidan rosa xunob bo‘lganmiz.
Yaqinda terma jamoamiz a’zosi Jaloliddin Masharipovning ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingan fikrlarini o‘qib qoldim. U asosan bosh murabbiylar qo‘nimsizligidan taajjubda bo‘lganligini bildirgan. Bu ayni haqiqat. Keyingi 30 yil ichida terma jamoamizda 24 bor bosh murabbiy almashtirilgan. Ivankov, Silva, Borisov, Sadirin, Sarkisyan, Salkov, Ostroushko, Gyode, Xougton, Nepomnyashiy, Inilyeyev, Abramov, Babayan, Kuper, Katanetslar kelib-ketgan bo‘lsa, Akramov, Ibrohimov, Mirsodiqov, Rahimov, Haydarov, Qosimov singari olti nafar o‘zbek mutaxassisi ham terma jamoamizni boshqargan. Ushbu murabbiylar orasida faqat Mirjalol Qosimov bilan Xougton jamoamizni saralash musoboqalarida mundialga juda yaqin keltirishgan. Saralash uchrashuvlaridagi eng yomon natijalar esa Mirsodiqov, Salkov, Ostroushko, Babayan murabbiylik qilgan davrlarga to‘g‘ri keladi.
2014-yil bo‘lib o‘tgan jahon chempionatining saralash musobaqalarida qatnashayotgan terma jamoamiz Mirjalol Qosimovning qo‘liga o‘tgach, ketma-ket g‘alabalarga erishdi. Eng so‘nggi hal qiluvchi o‘yin Seulda Janubiy Koreya terma jamoasiga qarshi o‘tkazilishi lozim edi. Jamoa a’zolari yaxshi tayyorgarlik ko‘rish va ob-havo muhiti hamda kutilmagan sharoitlarga moslashish uchun bir hafta oldin safarga otlandi. Safar davomida Xitoyda to‘xtash, ko‘ngildagidek mashg‘ulot va bitta o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish ham belgilangan edi. Mashg‘ulotlar uchun rejalashtirilgan sifatli futbol maydonlarining narxi qimmatligi sabab futbolchilarimiz talabga javob bermaydigan stadionda kunlik mashg‘ulotlarni o‘tkazishga majbur bo‘lishgan. Buning ustiga ob-havo sharoiti yomonlashganligi uchun Xitoydan Janubiy Koreyaga uchoqlar parvozi haddan ziyod qisqartirilib yuborilgan. Natijada terma jamoamiz a’zolari Xitoydan Vladivostokka, u yerdan Seulga uchishga majbur bo‘lishgan. Ushbu muammolar tufayli yigitlarimiz muhim uchrashuvga bir kun qolganda manzilga charchab-horib yetib kelgan. Tabiiyki, vaqt ziqligi bois birorta ham jiddiy mashg‘ulot o‘tkazmasdan maydonga tushib, asosiy uchrashuvni mezbonlarga boy berishgan edi. Kim aybdor, futbolchilarmi yoki tashkilotchilar? Eski gap, eski muammo.
Terma jamoamiz tarixida saralash uchrashuvlaridan oldin bunday tabiiy va notabiiy to‘siqlar juda ko‘p bo‘lgan.
Odatda jahon chempionatiga chiqishni maqsad qilgan har qanday mamlakat futbol mutasaddilari favqulodda hodisalarga hamisha tayyor turishi lozim. Shuni unutmaslik shartki, ba’zan katta futbolda mayda-chuyda narsalar masalani hal qiladi.
Endi futbol islohoti haqida ikki og‘iz gap. Xorij tajribasini o‘zlashtirdik. Oliy ligani superliga deb atadik. Ichki chempionatimizda qatnashadigan klublar sonini gohida ko‘paytirdik, ba’zan kamaytirdik. Stadionlar ta’mirlandi. Toshkentda, Farg‘onada va boshqa hududlarda bir nechta yangi o‘yingohlar qurildi. Futbol akademiyalari tashkil qilindi. Superliga va pro-liga jamoalarining moddiy sharoitini yaxshilashga ham erishdik. Xalqaro arenalarda hakamlarimiz mahorati oshirildi. Futbolchilarning maoshlari ancha ko‘tarildi. Klublarga xorijiy futbolchi hamda murabbiylarni jalb qilish rivojlanishning asosiy bosqichi bo‘lishini anglab yetdik. Bu borada yaragan, yaramagan xorijliklar pul uchun kelib-ketaverdi. “Bunyodkor”ga kelgan braziliyalik murabbiyga dunyodagi eng katta maosh belgilandi. Oldi, ketdi. Germaniya, Angliya, Gollandiya, Rossiya, Braziliyadan kelgan murabbiylar jahon chempionati yo‘lida bir qadam ham olg‘a bosolmadi. Gazeta va jurnallar, televideniye, ijtimoiy tarmoqda ichki chempionatlarimizdagi kelishilgan o‘yinlar, g‘irrom hakamlar, boy berilgan xalqaro musobaqalar to‘g‘risidagi tanqidlar ko‘paygandan ko‘paydi. Ularga munosabatdan goh qoniqdik, gohida hafsalamiz pir bo‘ldi. Xullas, barcha sport turlari kabi futbolimiz ham og‘ir bemor edi.
Biz “oyoq o‘yini”ga katta mablag‘ni oqilona sarflashni o‘rganayotgan paytimizda yoki Mirjalol Qosimovning mahoratiga, obro‘siga ishonib terma jamoaga bosh murabbiy sifatida olib kelgunimizga qadar Osiyo qit’asiga Avstraliya degan mamlakatning bo‘ychan va zabardast futbolchilari kirib keldi. Asosan Yevropa klublarida o‘ynaydigan futbolchilar termasi bizning qit’amiz uchun beriladigan ikki yarimta, uchta va uch yarimta yo‘llanmaning bittasiga yaqqol da’vogar edi. Boshqa tomonda Yaponiya, Janubiy Koreya, Eron va arab jamoalari g‘o‘r rejalarimizni chippakka chiqaraverdi. Chunki bizda strategik va taktik qat’iy “yo‘l xaritasi” yo‘q edi.
Chuqurroq tahlil qiladigan bo‘lsak, milliy terma jamoamizning barcha futbolchilari – Abduqahhor Ma’rufaliyevdan tortib Jasur Hasanovgacha saralash musobaqalarida katta bosim ostida maydonga tushishgan. Tugal sharoit yaratilmagani, moliyaviy inqiroz, murabbiylar qo‘nimsizligi, sansolarlik, mahalliychilik, tanish-bilishchilik, rahbarlarning kayfiyatiga qarab o‘ynash, ba’zi xorijiy futbol jamoalaridagi “oldi-berdi” illatlari, hakamlarning noxolisligi, ichki muhitning buzilishi har bir futbolchimizning ruhiy, ma’naviy hamda jismoniy holatiga jiddiy zarba berib kelgani sir emas.
Keling, terma jamoamiz 2026-yil AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida qatnashish huquqini qo‘lga kiritgan ekan, hadeb muammolarni sanayvermasdan yutuqlarimizga ham nazar tashlaylik. Bu yutuqlar, albatta, so‘nggi yillardagi qat’iy va oqilona islohot samarasidir.
Birinchidan, hukumat jismoniy tarbiya va sportga jiddiy e’tibor qaratishi bilan birga to‘g‘ri talabni ham qo‘ya bildi. Sharoit yaratildi, adolat o‘rnatildi. Shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyev futbol bilan bog‘liq bir qancha qaror va farmonlarni imzoladi. Futbol tepasiga ishonchli mutaxassislarni yig‘di. Undan sal oldinroq terma jamoamizning Mirjalol Qosimov atrofida shakllantirilganligi terma jamoamizning milliylashuviga sabab bo‘lgan edi. Mirjalol maydonda ham, murabbiy sifatida ham juda katta ishlarni amalga oshirgan yagona futbolchi sanaladi.
Ikkinchidan, bolalar va o‘smirlar futboliga e’tibor kuchaytirilishi, joylarda futbol akademiyalari tashkil qilinishi, murabbiylar mahoratini oshirish amaliyoti va xorijiy tajriba ish bera boshladi. Shuningdek, xalqaro arenalarda tajriba orttirgan hakamimiz Ravshan Ermatovning futbolimizga mas’ullardan biri etib tayinlanishi FIFA darajasida e’tibor topishimizga xizmat qildi. Natijada to‘pteparlarimiz Osiyo va jahon chempionatlarida ishonch bilan qatnasha boshladi.
Uchinchidan, ilgari Maksim Shatskix, Mirjalol Qosimov, Vitaliy Denisov, Server Jeparov, Odil Ahmedov kabi barmoq bilan sanoqli yigitlarimiz xorijiy klublar safida o‘ynagan bo‘lsa, bugun Eldor Shomurodov, Jaloliddin Masharipov, Abbosbek Fayzullayev, Abduqodir Husanov, Otabek Shukurov, Aziz Turg‘unboyev, Oston O‘runov, O‘tkir Yusupov, Hojimat Erkinov, Rustam Ashurmatov singari o‘nlab futbolchilarimiz jahonning top klublarida to‘p tepishyapti. Bu o‘z-o‘zidan ularning ortida turgan yoshlarimizda havas va ishtiyoq uyg‘otib, futbolimizda sog‘lom raqobatni yuzaga keltiryapti. Eng muhimi, bu gal xorijdan murabbiy tanlashda adashmadik. Bugungi terma jamoamizning asosiy o‘zagi Srechko Katanets murabbiyligida shakllantirilib, Timur Kapadze uning an’anasini davom ettirgan holda muvaffaqiyat darvozasiga yo‘l topdi.
To‘rtinchidan, islohot samarasi o‘laroq qayta jonlangan jozibali futbol huvillagan stadionlarga ishqibozlarni qaytardi. Futbol rosmana milliy o‘yinga aylandi. Ashaddiy ishqibozlar klublari paydo bo‘ldi. Termamizning xorij maydonlaridagi ko‘tarinki o‘yinlariga aynan ana shu fanatlarning qo‘llab-quvvatlashi qanot bo‘ldi desak adashmaymiz.
Ma’lumki, futbol olamida rag‘bat eng katta va muhim motivatsiya sanaladi. Osiyo chempionati bilan bog‘liq “qor o‘yini” ni eslang. Jamoamiz og‘ir va muhim pallada g‘alabani ilib ketgan edi. Prezidentimiz ularning hammasini mehnatlariga va ko‘rsatgan jasoratlariga yarasha mukofotladi. 2024-yilda bo‘lib o‘tgan jahon Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan 23 yoshlilarimizga ham alohida hurmat ko‘rsatildi. Milliy jamoamizga kechagina berilgan davlat mukofotlari-yu rag‘batlarning salmog‘iga qarang! Shaxsan Prezidentning qo‘lidan mukofot olish, uning e’tiborini qozonish har bir sportchining orzusi. Endigina 21 yoshga qadam qo‘ygan Abduqodir Husanov “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Bunday e’tirof-u rag‘bat futbolchi hamda murabbiylarimizni, qolaversa, ishqibozlarni ham ilhomlantirishi turgan gap.
Endi bizning futbolchilarimizning ham, terma jamoalarimizning ham yo‘rig‘i boshqacha bo‘ladi. Futbolimiz O‘zbekiston va millat nomini dunyoga yoyadi. Yurtimizga qiziqish va e’tibor ortadi. Millionlar o‘yini Markaziy Osiyodagi millionlab qardoshlarni yanada birlashtiradi.
Terma jamoamizga jahon chempionatida ham zafarli yurishlar tilab qolamiz.
Normurod MUSOMOV,
jurnalist
“Jadid” gazetasining 2025-yil 13-iyundagi 24-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



