30.06.2025 | 15:58
1330
BUYUK IPAK YO‘LINING YANGI KARVONI
Ikki yil avval, 2023-yilning 12–19-oktyabr kunlari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Xorazm viloyati bo‘limi tashabbusi bilan Urganch davlat universiteti, Urganch shahridagi “Ma’mun” universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetidan bir nechta olimlar Mo‘g‘ulistonga ekspeditsiya uyushtirdik. To‘g‘risi, diplomatik aloqalar yo‘lga qo‘yilmagan mamlakatga borish oson ish emasligini o‘shanda bildik. Toshkentdan Ulan-Batorga havo qatnovlari yo‘qligi sabab, Olmaotadan uchishga to‘g‘ri kelgan. Qolaversa, borar manzilimizda biron odamni tanimaganimiz, yerli xalqning madaniyati bilan tanish bo‘lmaganimiz uchun ikkilanishlar ko‘p edi.

Ammo… Biz maqsadimizda sobit turdik. Chunki bizni buyuk bobolarimizning Mo‘g‘uliston yerlarida qolib ketgan merosi bilan bog‘liq mushtarak g‘oyalar birlashtirgan edi. Misol uchun, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Bekzod Abdrimovning izlanishlari “Chingizxon davrida Turkistondan majburiy olib ketilgan xorazmlik asirlar va ularning taqdiri”ni o‘rganishga, tadqiqotchi Mardon Hasanovning izlanishlari “Mahmud Zamaxshariyning “Muqaddamat ul-adab” asari mo‘g‘ulcha tarjimasi tadqiqi”ga, mening izlanishlarim “O‘rxun yozuvlari tarixi va leksikasining tadqiqi”ga qaratilgan edi. Shu sabab, ikkilanishlarni yengib, xoqon bobolarimiz qoni to‘kilgan “begona” yurtga kirib bordik.
U yerda Mo‘g‘uliston Milliy universiteti qoshidagi Turkologik tadqiqotlar instituti rahbari Anxbayar Danu (hozir Mo‘g‘ulistonning Turkiyadagi elchisi) bizni kutib oldi. U Mo‘g‘ulistondagi biz sirtdan tanigan yagona odam edi. Anxbayar Danu arab, fors, turk, ozarbayjon tillarini bilgani uchun bizga ko‘p yordami tegdi. Uning maslahatlari bilan “Bilga Xoqon”, “To‘nyuquq” majmualari, Qoraqurum tarixiy muzeyi va kutubxonalarda bo‘lib, o‘z tadqiqotlarimiz doirasida muhim ma’lumotlarni qo‘lga kiritdik. Ekspeditsiyamiz nihoyasida Mo‘g‘uliston Milliy universitetida “Birinchi o‘zbek-mo‘g‘ul konferensiyasi”ni tashkil qildik. Bu konferensiya bizga “Turkologik tadqiqotlar instituti” va mo‘g‘ul olimlarining tadqiqot yo‘nalishlari bilan tanishish imkonini berdi. Natijalarga ko‘ra, o‘zaro ilmiy hamkorlikning istiqbollari belgilandi. Jumladan, shunday xalqaro konferensiyalarni har yili muntazam o‘tkazishga kelishib olindi.
Natijalar yomon bo‘lmadi. Ekspeditsiyadan keyin, Bekzod Abdrimovning “Chingizxon bosqini: Mo‘g‘ulistonga olib ketilgan asirlar taqdiri”, Mardon Hasanovning “Mo‘g‘uliston hayratlari” kitobi chop etildi. Mening “Jadid” gazetasida “O‘rxun bo‘ylaridagi xazina”, “Оyina.uz” portalida To‘nyuquq haqidagi “Sakkizinchi asrga ekspeditsiya: Kamsitilib ulg‘aygan bolakayning 23 shaharni birlashtirgan qo‘mondonga aylanish tarixi” nomli maqolalarim e’lon qilindi.
Mo‘g‘ulistonda o‘tkazilgan konferensiya qaroriga ko‘ra, keyingi yilda O‘zbekistonda xalqaro anjuman tashkil etishga kelishilgan edi. 2024-yil 5-6-iyun kunlari Urganch davlat universiteti tomonidan “Tarix va filologiya sohalarida o‘zbek-mo‘g‘ul ilmiy aloqalari” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi. Konferensiyada yetti nafar mo‘g‘ul olimi ishtirok etdi.
Bu konferensiya ikki mamlakat olimlarini yaqinlashtirdi. Shundan keyin biz yanada kengroq ko‘lamdagi konferensiyalar tashkil etishni, unga boshqa mamlakat olimlarini ham jalb qilishni rejalashtirdik. Shuningdek, o‘zaro muhokamalarda o‘zbek olimlarining YUNESKO bazasidagi nufuzli global konferensiyalarda ishtiroki masalalarini ham maslahatlashib oldik.
Bu orada Toshkentda Mo‘g‘ulistonning elchixonasi ochilib, o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.
Ular orasida, ilm-fan, madaniyat va san’at yo‘nalishlariga ham alohida e’tibor qaratilgan.
2024-yilning 4-dekabr kuni, Mo‘g‘uliston elchisi Daadanxuu Batbaatarning taklifi bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori Hamidulla Dadaboyev, “Til va adabiyot ta’limi” jurnali bosh muharriri Farrux Jabborov bilan birga elchi huzurida bo‘ldik. Elchi bilan uchrashuv chog‘ida o‘zbek olimlarining Mo‘g‘uliston bilan bog‘liq tadqiqotlari, xususan, O‘rxun yodgorliklarining o‘rganilishi, shuningdek, O‘zbekistonda “mo‘g‘ulshunoslik”ning bugungi holati bo‘yicha mavjud muammolar va imkoniyatlar muhokama qilindi. Bir qator muhim tashabbuslar, jumladan, mo‘g‘ul-o‘zbek lug‘atini ishlab chiqish, ikki mamlakat hududlarida qo‘shma arxeologik, etnografik va toponimik tadqiqotlar o‘tkazish istiqbollari haqida suhbatlashildi.
2025-yildan O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasidagi ilmiy hamkorliklarning yangi ufqlari ko‘rina boshladi. Yil boshidan, YUNESKOning Nomadik sivilizatsiyalarni o‘rganish xalqaro instituti, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA), TURKSOY shafeligida Istanbul universiteti va Mo‘g‘uliston Milliy universiteti tomonidan 2025-yilning 30-iyun – 3-iyul kunlari Qoraqurum shahrida “O‘rta Osiyo tarixida ko‘chmanchi qabilalar va o‘troq xalqlarning integratsiyasi (tarix-madaniyat-til)” mavzusida xalqaro simpozium tashkil etilishi rejalashtirilgan. Turkiya, Ozarbayjon, Turkmaniston, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Mo‘g‘ulistondan jami o‘ttiz kishining ishtiroki nazarda tutilgan ushbu simpoziumga olti nafar o‘zbek olimining ilmiy tezislari qabul qilingan. Bu albatta, o‘zbek olimlarining yutug‘i hisoblanadi. Chunki an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinadigan ushbu nufuzli anjumanda O‘zbekiston ilk marta ishtirok etmoqda.
Simpoziumning tashkiliy qo‘mita raisi, Istanbul universiteti professori Qurshat Yildirim o‘zbek olimlarining bu ishtirokini quyidagicha sharhlaydi: “Mo‘g‘ulistonda olib borilayotgan tadqiqotlarda, ilmiy anjumanlarda o‘zbekistonlik qardoshlarimizning yo‘qligi bizga ulkan bir bo‘shliq kabi edi. Shukurki, qardoshlarimiz safimizga qo‘shildi va bag‘rimiz to‘ldi. Endi, tadqiqotlarimiz yanada tugal va mukammal bo‘lishiga umid qilamiz!”
* * *
Bu yil ham o‘zbek olimlari Ulan-Bator shahriga Olmaota orqali uchishiga to‘g‘ri keladi. Chunki o‘shanda Toshkentdan Ulan-Batorga to‘g‘ridan to‘g‘ri havo qatnovlari yo‘lga qo‘yilmagan edi.
O‘tgan yili Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning O‘zbekistonga tashrifi doirasida Davlatlararo munosabatlar va hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot hamda 14 ta hujjat imzolangan. Shu hujjatlar orasida turizm, havo qatnovi va ilmiy hamkorliklar ham ko‘zda tutilgan edi.
To‘g‘ri, o‘shanda O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasidagi qulay konyunktura yoki barqaror munosabatlar shakllanmagandi. Bu ijtimoiy-siyosiy-iqtisodiy sohalar bilan birga madaniy yo‘nalishga ham tegishli. Ammo yagona mintaqadagi ming yillik mushtarak tarix, madaniy meros ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik aloqalarini mustahkamlash uchun garov bo‘la oladi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux bilan uchrashuv chog‘ida bu haqda o‘z fikrlarini bayon qildi: “Mo‘g‘uliston biz uchun Osiyo mintaqasidagi an’anaviy va ishonchli hamkordir. O‘zbekiston–Mo‘g‘uliston munosabatlari do‘stlik, o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan bo‘lib, konyunkturaga bog‘liq emas”.
Davlatimiz rahbarining bu so‘zlari barcha soha vakillari, xususan, olimlarga ham ishonch bag‘ishlaydi. Inchunin, bugungi kunda Mo‘g‘ulistonda chorvachilik, kon-metallurgiya sohalarida ilmiy-tadqiqotlar rivojlangan. O‘rxun daryosining vodiylarida qadimgi turkiy xalqlar tarixi bilan bog‘liq, hali ochilmagan yuzlab manzilgohlar arxeologlarni kutib turibdi. O‘rxun yozuvlari bo‘yicha yangi tadqiqotlarning natijalari ham bizgacha yetib kelmayapti.
Shu bois 24-25-iyun kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning taklifiga ko‘ra Mo‘g‘ulistonga tashrif buyurishi boshqalar qatori biz olimlarni ham behad quvontirdi.
Prezidentlar uchrashuvida sanoat, qishloq xo‘jaligi, konchilik, transport sohalarida o‘tgan bir yil mobaynida bajarilgan ishlar sarhisob qilindi. Hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi hujjatlar imzolandi. Shu bilan birga, uchrashuvda madaniy-gumanitar almashinuvlarni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Ayni paytda Ulan-Bator shahrida o‘tkazilayotgan O‘zbekiston madaniyati kunlari, san’at va turizm tadbirlari mahalliy xalq tomonidan yuksak baholandi. Ma’lumki, bugungi kunda ilm-u fan taraqqiyotini xalqaro darajadagi hamkorliksiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Tadbir doirasida oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni faol rivojlantirish va talabalar almashinuviga kelishib olingani bu borada muhim qadam bo‘ldi.
Eng quvonarlisi, joriy yilning sentyabr oyidan to‘g‘ridan to‘g‘ri havo qatnovlarining yo‘lga qo‘yilishi, quruqlik orqali ham qulay logistik yo‘nalishlarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratilganidir. O‘ylaymizki, ikki davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari orqali yo‘lga qo‘yilayotgan bu kabi hamkorlik yildan yilga rivojlanib, yuksalib boradi va ikki xalqning do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilajak.
Anvar BO‘RONOV,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
“Jadid” gazetasining 2025-yil 27-iyundagi 26-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
104
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
139
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
331



