16.10.2025 | 10:03
968
CHATJIPITI VA TIRIK SHOIR
Alqissa, N. shahrining Ilonzor tumanidagi dong taratgan mavzega xizmat yuzasidan borishga to‘g‘ri kelib qoldi. Ko‘rsatilgan manzilga yetib, o‘ttiz uch qavatli boloxonador uyning yap-yangi liftiga qadam qo‘ydim. Ichkarida qotmadan kelgan, qanshariga qalin shishali ko‘zoynak qo‘ndirgan bir nusxa ikki kaftini shimining orqa cho‘ntagiga tiqib, parvozga shaylangan bedanaday chog‘lanib turar, chap burchakda bir sirmako‘ylak, do‘rdoq lab oynaga o‘zini solish bilan band edi. Aliksiz qolgan salomimga unchalik achinmay, o‘ttiz birinchi qavat tugmasini ezib, tasdiqqa erishgach, devorga suyanib, taomilga ko‘ra hamrohlarimni ko‘z qirida kuzata boshladim.

Gumoningiz rost, igna urdirib, lab jonivorni qovoqari chaqqan zog‘orabaliqnikiga o‘xshatvogan subyektga unchalik ta’bim tortmay, antiqa darozni ko‘zdan kechira tushdim. Ochig‘i, uning qilt etmay Don Kixotni haykaliday qotib turishi ensamni qotirdi. Egni-boshi suvoqchidan sal beri, turxatidan yoshini aniq chamalash gumon: liftga kirar chog‘im o‘ttiz yoshlarda ko‘ringandi, yonboshdan qaraganda ko‘sa iyagiga yopishgan echkining emchagidagi tukday oqish yakkam soqoli oltmish beshdan nariga ishora qilardi. Endi gapga solaman deb og‘iz juftlagan chog‘im lift muztog‘ga urilgan “Titanik”day bir qarsillab qalqidi-yu “chmo‘k” etib to‘xtab, mushukko‘z chirog‘i pirillagancha qoldi.
Men: – O‘bba qiztalog‘-e!
Naynov: – Cho‘rt poberi! Vot katastrofa!
Do‘rdoqlab: – Voy sho‘rim! Ikkita barzangi erkak bilan-a?! Ov-v, ikkoving, ishingni o‘ylab qil, man duch kelgan bilan qorong‘i liftda tanishib ketadiganlardan emasman! Erim yo‘q bo‘lsa, mani aybimmas-u!
Naynov o‘rischalaganiga bir xayolim gibridlardanmikin degan shubhaga ketdi. Gumonimga aniqlik kiritish maqsadida: “Oka, uzrla so‘raladi-yu, siz shu do‘mda turasmi? Tez-tez shunaqa hunar ko‘rsatib turadimi?” deb luqma tashladim. U xuddi ovozimni eshitmaganday eshik tepasidagi qavatsanar katakchalarga termulgancha turaverdi. (Nima balo, kar-parmi? Yo rostanam “chala”lardanmikin?) Savolimga oynaga tirmashgan “nozanin” shosha-pisha: “Man turaman, man! Qoq o‘rtasida! Lift o‘lgurni o‘rnatishganiga oy to‘lgan yo‘q, omale Xudoni bergan kuni ana shunaqa to‘rmiz berib turadi. Aksiga olib, bu ko‘chma lahadni ichida telfonam ishlamaydi. Bitta-yarimtasi tugma bosib, buzilganini bilib qolmasa, usta chaqirmasa, enangni ko‘rding!” deb diydiyo qildi. Haytovur, bu nola naynovni tishiga botib, peshonasini Abrim Natanning garmoniday tirishtirdi-da, og‘ir so‘lish oldi. Keyin o‘sha alpozda o‘ziga gapirayotganday: “Tashqaridan ochsa bo‘ladimi, ishqilib?” dedi sof o‘zbek tilida va millatini oshkor ayladi. Uning so‘rog‘iga oynavand juvondan jo‘yali javob keldi: “Nimani?!”
Meni qisqa metrajli qahqahamdan keyin shosha-pisha izoh bera boshladi: “Ha-a, liftnimi? Tashqaridan lom-pom tiqib, itarish kerak. Ochilib ketadi”.
Naynovning ko‘ngliga kamina ham unchalik o‘tirishmay turganman chog‘i bo‘ynini burmay gap tashladi: “Og‘aynichalish, nabodosiga, so‘mkayizdan lo‘m-po‘m chiqmaydimi?” Men ham uning so‘rog‘ini javobsiz qoldirdim. Bir-u bir. Mazza!
– Man o‘zi ming marta aytganman qo‘shnilarga “Liftni ichida lo‘m tursin” deb. Qayog‘da! Bahonalari lo‘li! Iloyo ilovando, yoppasiga sanlaram qamalib, chillang shu yerda chiqsin!
Obbo, bu qachon to‘k keladi-yu, qachon yorug‘likka chiqamiz? Yaxshiyam, yakka tartibda qamalib qolmadim. Bo‘lmasa, yuragim siqilib, o‘lib-netib ketarmidim? Endi hangama qilib, vaqt o‘ldirishdan boshqa ilojimiz yo‘q. Nochor Naynovni gapga solishga majbur bo‘ldim.
– Aka taqsir, ko‘zimga juda issiq ko‘rindingiz, qaysi oshyoni balanddan parvoz qildingiz? Kasbi koringiz ne? Futbolga qiziqasizmi-yo‘qmi? Termamiz jahon chempioni bo‘pketarmikin? Sizga Kapadze ma’qulmi yo Kannavaromi?
“Aka taqsir” savollar shodasini qilich tili bilan shartta uzdi: “Sovuq turqim ko‘zingizga issiq ko‘ringani bir mo‘jizakim, kamina zo‘r shoir bo‘lishimga qaramasdan na TV, na FB, na boshqa OAVlarda ko‘rinish beraman. Chunki ustozim Usta Gulmat Shoshiy rahmatli Tangri huzuriga chog‘lanib, qo‘ltig‘iga lo‘labolishni tortgancha qo‘lidagi gulobmi-uzumobmi, ishqilib, ko‘zni chirt yumib simirib, shokosani dasturxonga dumalatib tashlarkan, vasiyat ohangida qat’iy tayinlagan: “Bo‘tam, Sattor Surob, minba’d ommaga tanilay deb bevafo shuhrat tulporig‘a irg‘ib minmagaysiz, aslo o‘zingizni arzon bozorg‘a solmagaysiz, zinhor-bazinhor boyvachcha va kalonlar dilxushligi uchun qasidago‘ylikni o‘zingizga ravo ko‘rmagaysiz, ana shunda abadiyan o‘lmagaysiz! O‘shanchun…
Qo‘limdan hunar-ustachilikning mavjud barcha turi keladi. Murdasho‘ylikdan tortib, qassoblikkacha, duradgorlikdan kosiblikkacha, sarroflikdan chayqovchilikkacha, suvoqchilikdan bo‘yoqchilikkacha va hokazo…
Sport masalasida faqat chavgon bilan drayvga qiziqaman. Judayam! Chempionlik masalasiga kelsak, men alhamdulilloh, folbin emasman. Yana bir ustozim Ulug‘ Kaliy bunaqa noma’qulchilik bilan shug‘illanma deb, o‘z vaqtida to‘xtatgan”.
– Gulmatni eshitganman, o‘qiganman ham, lekin Kaliy deganlari… Bu kimyoviy unsur emasmi, taqsir?
– Ha, buyam unsur atalib qamalib ketgan. Buyam o‘ziga xos kimyogar edi.
– Shoirman dedingizmi? Kitob-mitob chiqarganmilar?
– Bu yumushni kelajak avlodga qoldirganmiz. Zero, alar bizni tushungaylar va qadrimizga yetgaylar.
– Taxallusingiz g‘alatiroqmasmi? Sattorligi mayli-yu, nega Surob?
– Asli padarimizning muborak ismlari Suhrob bo‘lgan-u biz tavallud topib, guvohnoma zarurati tug‘ilganda Natan Abziy degan kotib shunday xatoliqqa yo‘l qo‘yib, otamiz ismini va bizning nasabimizni g‘alat bitgan ekan, skatina. Keyin rahmatli bobomizning dag‘dag‘asi va da’vosini qizil chervon bilan bostirib, “Baribir qishloqdan nariga chiqmaydi, bitta harf hech nimani hal qilmaydi”, deb taftbosti qilgan ekan.
(Aziz o‘quvchim, suhbat davomida nomahram ayolning “Bitta qo‘shnim yemagan qo‘shiq yozardi, e onalarini emsin! Kaypda balkonga chiqib, rep aytardi, pivadan zaharlanib o‘ldi, savil… Mana, manam bitta zo‘r futbalisni taniyman, burchakdanam varataga tiqib qo‘yadi… Man umuman dakmentsizman, lekin yigirma yildan beri och qolganim yo‘q, uyimda klentlarim ochirit…” kabi joiz-nojoiz, chuchmal izohlari-yu luqmalarini matnga kiritmaslikka ijozat bergaysiz).
Suhbat qizib, texnik tutqunlig-u maishiy zulmat esdan chiqay deganda, baxtga qarshi “cho‘lp” etib chiroq yondi-yu tik arava bir qalqib, tepaga ravona bo‘ldi. Azza-bazza shoshib, shoir Sattor Surobni telefon raqamini olishga muvaffaq bo‘ldim. Uzun gapning qisqasi, boshda ermak uchun ijod namunalarini so‘rab noma yo‘llagan bo‘lsam, javob olgach, biroz gangib qoldim. Telegramdan kelgan she’rlar men kutgandan behroq, qamrovdor, hozirjavob va ta’sirchan edi. Bir so‘z bilan aytganda, Chatjipiti zamoni gullaganda tabiiy tug‘ma va tirik shoir topilganidan boshim ko‘kka yetdi. Ey dedim ichimda, temir-tersak hamda sim o‘rami hech qachon otashin qalb, o‘jar ruhiyat-u inja tuyg‘ularni yengolmaydi! Ana shunaqa!
O‘sha turkumlardan bir juftini hamir uchidan patir tarzida aziz gazetxonlarga muharrir Madina Muattar orqali havola etarkanman, agar ma’qul tushsa, topildiq shoirimiz hayoti va ijodi haqida ham tahliliy maqola, esse va tadqiqotlarimizni e’lon qilib borurmiz, degan umiddaman.
Hurmat bilan kaminayi kamtarin Mulla XUNOBINGIZ…
BOR
(Tutingan jiyanim Jabbor so‘takka jahl aralash pand berganim)
Tasmatak sochin o‘rib, aylamish dildor dor,
Bir ko‘zi mushtoq sanga, paysallama, Jabbor, bor!
Har zamonning Majnun ila o‘z Laylisi bo‘lgay bino,
Baxtingga Karbalo ermas, muntazir gulzor zor.
Fol ochib, taxmin surib, qashlab bo‘yin, lallayma ko‘p,
Bul xiyobon rastasinda mo‘l emas tayyor yor.
Feyisbukda dong‘i chiqqan bo‘lsa, bil, u fotoshop,
Asal borki, pashsha g‘ujg‘on. Qilmag‘il zinhor or.
Er kishi shunqor bo‘lib tashlanmasinmu o‘ljaga?
Qoldirub ishni keyinga, yog‘durmag‘ay shunqor qor.
Gijbadang to‘ylar qiloli, Xatcha danapni o‘ynatub,
“O‘laman, Sattor” debon sayratur Sattor tor.
Quyqa qishlog‘ida XXI asrning 21-yillari atrofida bitildi.
* * *
TAVBA
(Rasman uchinchi yo to‘rtinchi xotinga nikoh o‘qitgali otlangan Miltiqboy jo‘ramni insofga chaqirganim)
Xotin ko‘paytirganlar bari
Oldin qo‘ppayadi, keyin so‘ppayadi.
Chunki xotin ko‘paygan sari
Qaynona ham o‘z-o‘zidan ko‘payadi.
XXI asrning 1-choragida peshindan keyin bitilgan.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 10-oktyabrdagi 41-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
64
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
587
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
584



