25.06.2025 | 15:15
628
CHIN SHOIRLAR SHE’RGA QAYTADI
QANOTI BOR QO‘SHIQLAR
So‘z shaydolariga Guljamol Asqarovani tanishtirishning, yozganlarini tushuntirishning hojati yo‘q. Shundanmi, shoiraning “Taslim” nomli kitobida so‘zboshi va taqrizlardan voz kechilgan. Hofiz qo‘shig‘ini baland notadan boshlasa, shinavandalari avjini qanday olar ekan, deb diqqatini jamlaydi. Shoira ham kitob epigrafida “Qo‘llarimni qanotdek yozsam, Qanoti bor qo‘shiqlar yozsam…” deya yaxshi niyat qiladi. Mutolaa davomida amin bo‘ldimki, Guljamol opa qanoti qirq quloch qo‘shiqlar yozmish.
Ishq va isyondan kuch olib asov daryoday qirg‘oqlarni buzgan Guljamol Asqarova she’riyati keyingi o‘n yilda teranlik kasb etibdi. Bu daryoning chuqurlashganidan, bag‘rida xazinalar yig‘ilganidan darak beradi. Shoira ijodida tasavvuf ohanglarining ta’siri kuchaygani sezildi. Barmoq vaznidan ko‘ra oq she’rga moyilligi ortgani ko‘rindi. Shaklga ko‘p ham e’tibor beraverish kerak emas, nazarimda. Axir, sadaf qanday bo‘lmasin dur bermasa qimmati ozdir. “Taslim” bag‘ri esa dur-u javohirlarga to‘la:
Aytarlar, istasang, hamma yurt Vatan,
Makon aylash mumkin har ne chamanni.
Yo‘q! Men Xudoyimdan so‘rab olganman,
Bitta peshonamga bitta Vatanni!
* * *
Qabrigamas, borib qo‘liga bersin,
Gul bering onasin sog‘inganlarga!
She’rlar shoira ruhiyatining xaritasiga o‘xshaydi. Bunda yashil va kulrang nuqtalarga ko‘z tushadi. “Taslim”ning umumiy kayfiyati aytib turibdiki, shoira bir necha bor tushkunlikka tushib, umidsizlik va alam so‘qmoqlarini kezgan. Ammo bu ortda qolgan. Bugun u yana katta yo‘lda! “O‘zingni yerdan ol, Guljamol” deya yangi parvozga shaylanmoqda. O‘quvchisini ham Vatan ichra safarga, Ko‘ngil mulki ziyoratiga chorlamoqda.
Alqissa, yurtimizda va jahonda har kuni yuzlab, minglab yangi kitoblar chop etiladi. Lekin hammasini yaxshi deb bo‘lmaydi. “Taslim” esa she’riyat shaydolari uchun yaxshi kitob, benazir tuhfa bo‘libdi.
O‘qing, yana fikrlashamiz.
Otabek ISROILOV

ASLIDA
Bu charxi kajraftorning charxi yo‘qdir aslida,
Neki bebaho bo‘lsa, narxi yo‘qdir aslida.
18 ming olamning tarhin topsa bo‘lar, lek,
Ko‘ngil degan makonning tarhi yo‘qdir, aslida.
Bu devona ruhimga dor izlab netarsan, do‘st?
Mashrabi bor ruhlarning Balxi yo‘qdir aslida.
Hayot ishq bilan totli, ta’m bilgan bilar buni,
Ichsang ishq sharobining talxi yo‘qdir aslida.
Ma’no, mohiyat izlab, o‘zin charchatdi odam,
Xudoning Ishqdan boshqa sharhi yo‘qdir aslida.
Kimki diydor istasa, to‘rt tomoni qibladir,
Oshiq quyoshning G‘arb-u Sharqi yo‘qdir aslida.
Qolayotgan odamdan hol so‘rang, do‘stlar, chunki
Ketayotgan odamga farqi yo‘qdir aslida.
MUQIMIYONA
Bir ishq kechdi, ruhing yanglig‘ afsungar,
Tabassumim kabi toza, samimiy.
Sening sevmay qo‘yganingdek muqarrar,
Mening sevib qolganimdek tabiiy.
Bir tog‘ edim, senga qirdek tuyuldim,
Ko‘zlaringga qo‘rg‘oshindek quyildim.
Va olmadek bo‘g‘zimdan jim so‘yildim,
Tovonidan so‘yilgandek Nasimiy.
Ishq rishtasi jodir odam naslida,
Senga yomon bog‘landim ishq faslida,
Mening bobom bo‘lsa kerak aslida,
“Har yerdakim umid etgan Muqimiy”.*
Ketdi ohor – o‘chdi chehram rangi, yor,
Senda esa yashil ishqning jangi, yor,
Tushunaman: kelganida yangi yor –
“Yod etilmas qadrdonlar qadimiy”.*
Avzoyi ko‘p buzuq ekan bu charxning,
Bozorlari ko‘tarmadi hech narxni,
Kel, jannatga aylantir shu do‘zaxni,
“Ey istig‘no firdavsining nasimi”.*
*Muqimiyning “Yodimga tushdi”
g‘azalidagi satrlariga ishora.
XAYR-XO‘SH
Ko‘ksimning qafasidan uchgan qushim, alvido,
Jannatning ayvonida ko‘rgan tushim, alvido,
Baxtning naqdligi yolg‘on, ahdning naqdligi yolg‘on,
Nasiyaga qolgan ey, xayr-xo‘shim, alvido.
Sen bahorga oshiq qush, men kuzi kelgan bog‘man,
O‘z boshidan qum sochgan, xazon sochgan nosog‘man,
Kattaqo‘rg‘oniy tog‘man, Noqis bobomdek dog‘man,
Rangi yashilim ketib, uchdi hushim, alvido.
Hoy, manzil makonsizim, qayga borsang, yaxshi bor,
Ortingda bo‘zlab qolgan bir g‘ariba baxshi bor,
Yodingda tut, sen o‘pgan peshonamning naqshi bor,
Malikaman, qulimga tushdi ishim, alvido.
Biz kuzda ayro tushdik, kuzda gunoh bormi, ayt?
Sevib termulib turgan ko‘zda gunoh bormi, ayt?
Men o‘ldirdim bu ishqni, lekin guvoh bormi ayt?
Bir noxush tun tushimda tushdi tishim, alvido.
Zor edim, visolimga har dam zorliging uchun,
Mehribonliging, har dam hamdam, yorliging uchun,
Bu dunyo aziz edi, bir sen borliging uchun,
Qolmadi bu dunyoda aziz kishim, alvido.
Jannatning ayvonida ko‘rgan tushim, alvido.
QAYTISH
Huv qirlardan boqqancha qiya,
Nimjonchalar bir-birin suyab,
Adirlarni alvonga bo‘yab,
Qizg‘aldoqlar qirga qaytadi.
Qarg‘alarning qo‘shig‘i “qar-qar”,
Har odamda bir ruhi gavhar,
Shu gavharni asrolsa agar,
Sirdan kelgan – Sirga qaytadi.
Sevgilarim yo‘qoldi, yitdi,
Quvonchlarim darbadar ketdi,
Ko‘nglimga bir xushxabar yetdi:
Ketgan bari birga qaytadi.
Ey, odamni dovdiratgan g‘am,
Ey, ko‘zimni jovdiratgan g‘am:
Parvozi eng baland qushlar ham
Bir don uchun yerga qaytadi.
Kim o‘zini har kun tergamas,
O‘sha bilan Xudo birgamas!
Bir kun kelib, qaro yergamas,
Chin shoirlar she’rga qaytadi.
Qizg‘aldoqlar qirga qaytadi.
MENI KECHIRING
Yo‘lchim, yo‘lingizga to‘shaldim yo‘ldek,
Hislarim sovudi, sovrildi kuldek,
Nafs degan botqoqqa nilufarguldek,
bo‘kib ketgan bo‘lsam, meni kechiring.
Nechog‘lik sevganim bilmaysiz, toki,
Umringizda katta xatoman, yoki,
Oy nuridek harir ko‘nglingiz chokin
so‘kib ketgan bo‘lsam, meni kechiring.
Tuzata olmadim dil xarobini,
Orzu azobi-yu baxt sarobini,
Siz ichmoqchi bo‘lgan ishq sharobini
to‘kib ketgan bo‘lsam, meni kechiring.
Ko‘nglimni ko‘nglingiz – dunyoga otdim,
Ismimni taqdirga, ro‘yoga otdim.
O‘zimni bag‘ringiz – daryoga otdim,
cho‘kib ketgan bo‘lsam… meni kechiring.
EY, HAYOT!
Bir hayot istadim, gul-gulgun hayot,
Yetmish ming jiloli ko‘p rangin hayot,
Kel, bir ochilaylik, ey g‘amgin hayot,
Men axir bag‘ringga gul bo‘lib keldim.
Oshiq ming ohangga solar o‘zini,
Asranganlar asrab qolar o‘zini,
Ko‘rlar ko‘rmaganga olar o‘zini,
Yo‘lin yo‘qotganga yo‘l bo‘lib keldim.
Qayg‘ular yuziga eshik yopdim: “qars!”
Shodon raqsga tushdim, g‘amga qasdma-qasd.
Ruhim mayxonalar ichra mast-alast,
Ishq degan pirimga qul bo‘lib keldim.
Boshimni bog‘lagan ul bebosh qani?
Hech yorlik qilmagan bag‘ritosh qani,
Endi ko‘rolmasin mendan boshqani,
Ko‘zlariga torting, mil bo‘lib keldim.
Quch meni, nafasing sezay man hayot,
Bag‘ring jannat emish, kezay man hayot,
Bezdirsang ham seni bezayman hayot,
Bu dilsiz dunyoga dil bo‘lib keldim!
Mangu so‘lmaydigan gul bo‘lib keldim!
MENSIZ
Mensiz ham hayoting chiroyli edi,
Men bilan bo‘ldi u yana chiroyli
Va yana mensizsan,
lekin baribir,
Kunlaring quyoshli, tunlaring oyli.
Men sensiz baxtlarning ismin unutdim,
Sensizlik…
toabad zulmatdir taqdir.
Ne uchun mensiz ham yashnayverasan,
Nega mensiz baxtsiz emassan axir?
Sensizlik… qalbimni ketmish pichoqlab,
O, sening kuylaring hamon avjida.
Men sensiz Xudodan ketdim uzoqlab,
Sen esa Xudoga yaqinsan juda.
Guljamol ASQAROVA
“Jadid” gazetasining 2025-yil 20-iyundagi 25-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
102
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
613
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
610



