30.09.2026 | 14:46
738
DARSLIK SHUNDAY BO‘LSA!
“Bolalarga nimani o‘rgatish kerak?” degan savoldan avval “Bizga qanday avlod kerak?” degan savolni qo‘ygan jadidlar maktabdagi o‘zgarishlarga katta umid bog‘lagan edilar. Bugun esa… Internet, sun’iy intellekt, ijtimoiy tarmoqlar va turli raqamli manbalar orasida ulg‘ayayotgan bolaning qo‘lida darslik bilan birga smartfon, video, elektron kitoblar, turli dasturlar va interaktiv imkoniyatlar bor. U istalgan ma’lumotni bir necha soniyada topa oladi. Demak, kechagi maktabning eng qimmat boyligi bo‘lgan ma’lumot bugun oson va tez topiladigan resursga aylandi. Bu o‘zgarish ta’limning vazifasiga yangicha qarashni talab qiladi.

Yangi avlod darsliklarida o‘quvchini savol berishga, mustaqil fikrlashga, kuzatishga, izlanish va bilimni hayotiy vaziyatlar bilan bog‘lashga undaydigan yondashuvlar tobora kengroq aks etayotganini ko‘ramiz. Endi masala bu tamoyillarni qay darajada chuqurlashtirish va boshlang‘ich sinf darsliklarini yaratishning izchil mezoniga aylantirishdadir. Albatta, keyingi yillarda mamlakatimizda darsliklar mazmuni va sifatiga katta e’tibor qaratilmoqda. Zamonaviy o‘quv adabiyotlarini yaratish, ularni ilg‘or yondashuvlar asosida takomillashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayon doimiy izlanish va yangilanishni talab qiladi. Chunki ta’lim bir joyda to‘xtab qolmaydi. Shu bilan birga, darslikni yangilashni faqat unga yangi ma’lumotlar, yangi dizayn yoki raqamli texnologiyalarni qo‘shish bilan o‘lchash ham yetarli emas. Chunki boshlang‘ich sinf darsligining haqiqiy qiymati faqat unda nima borligi bilan emas, o‘sha mazmun bolada qanday bilish jarayonini uyg‘otayotgani bilan ham belgilanadi.
Bolaning bilimga munosabati uning atrofidagi dunyoni qanday kashf etayotgani bilan chambarchas bog‘liq. U nimagadir qiziqadi, savol beradi, kuzatadi, sinab ko‘radi – o‘rganish ham aynan shu jarayondan boshlanadi. Boshlang‘ich maktab yoshidagi bolaning bilish jarayonida tasavvur, obraz va hissiy tajriba alohida o‘rin tutadi. Bir xil ma’lumot katta odam va bola tasavvurida mutlaqo boshqacha manzara hosil qiladi. Bola dunyoni kattalardek quruq tushunchalar orqali emas, avvalo, obrazlar orqali qabul qiladi. Kichkina bola uchun dunyo hali formulalarga sig‘maydi. Uning olamida har bir narsaning rangi, ovozi, shakli va hikoyasi bor. Shuning uchun har bir bola tabiatan kichik shoir, kichik rassom, kichik hikoyachidir.
Obrazli tafakkur haqida gap ketganda, bolaning narsani faqat belgisi va tashqi shakli orqali emas, uning zamiridagi ma’no va obraz orqali anglash qobiliyatini ham nazarda tutish lozim. Shayx Sa’diyning “Guliston” asarida shunday hikoyat bor: podsho o‘z o‘g‘lining bilimini sinash uchun qo‘liga bir uzukni yashirib, undan qo‘lida nima borligini so‘raydi. Shahzoda uzukning belgilarini, shaklini to‘g‘ri topadi, otasi bundan xursand bo‘ladi. Ammo “Nima ekanini aytmading?” degan savolga u “tegirmon toshi” deb javob beradi. Ya’ni, bola belgilarni to‘g‘ri idrok etgan, ammo ularni yaxlit ma’noga aylantirishda o‘z tasavvuriga suyangan. Bu oddiy hikoya emas. U bola tafakkurining muhim bir xususiyatini ko‘rsatadi: bola dunyoni tayyor ma’nolar yig‘indisi sifatida emas, o‘z tasavvuri va ichki tajribasi orqali anglaydi.
Bugun bolaning qo‘lida belgi ham, ma’lumot ham, bilim ham bor. U kerakli ma’lumotni oson topadi, uni ajratadi, taqqoslaydi va mantiqiy xulosa chiqaradi. Ammo inson tafakkuri ma’lumotni topish va belgilarni tanish bilan kifoyalanmaydi. Bilim inson ongida ma’noga aylangandagina, uning haqiqiy qiymati namoyon bo‘ladi. Bu yerda aql va qalbning o‘zaro munosabati muhim. Aql bilish, tahlil qilish, taqqoslash va mantiqiy xulosa chiqarish jarayonini tartibga soladi. Ammo inson dunyoni faqat mantiq orqali anglamaydi. Tasavvur narsaning boshqacha qiyofasini ko‘rsatadi, his uning inson uchun ahamiyatini ochadi, ma’no esa bilimni shaxsiy tajribaga aylantiradi. Shu ma’noda, aql bilimni anglaydi va tartibga soladi, tasavvur va his esa uni insonning ichki dunyosi bilan bog‘laydi. Qalb ana shu bilim, tasavvur va his birlashib, inson uchun ma’no kasb etgan joyda aks etadi.
Balki endi ta’limda bolaning aqlini rivojlantirish bilan bir qatorda, uning qalbiga ham yo‘l topish vaqti kelgandir. Zero, boshlang‘ich ta’limda bolaga faqat to‘g‘ri javobni topish emas, o‘sha javobning inson hayotidagi ma’nosini tushunish, boshqa nuqtayi nazarni tasavvur qilish, hayratlanish, his qilish va mustaqil savol qo‘ya olish qobiliyati ham kerak. Haqiqiy bilim, ehtimol, ma’lumot insonning xotirasida emas, uning qalbi va tasavvurida ma’noga aylangan paytda boshlanar? Bu qobiliyatni bolaning oddiy buyumlarga munosabatida ham ko‘rish mumkin. Bir bo‘lak kartonni olaylik. Katta odam uchun u oddiy quti. Bola esa undan mashina yasaydi. U mashinani “haydaydi”, unga nom qo‘yadi, qayerga borayotganini ko‘z oldiga keltiradi. Biz uchun u shunchaki karton, bola uchun esa butun bir dunyo. Demak, bola narsaning faqat tashqi belgisini ko‘rib qolmaydi, unga o‘z tasavvuri orqali yangi ma’no beradi. Aynan shu xususiyat boshlang‘ich sinf darsligi uchun ham muhim. Agar darslik bolaning ana shu tabiiy qobiliyatini ishga solmasa, u bolaning eng kuchli bilish resurslaridan biridan to‘liq foydalanmayotgan bo‘ladi. Shu nuqtada darslikka boshqacha qarash ehtiyoji paydo bo‘ladi: u faqat tayyor bilimni yetkazib beruvchi vosita emas, boshlang‘ich sinf o‘quvchisining tasavvurini harakatga keltiradigan maydon vazifasini o‘taydi.
Darslik bolaga tayyor dunyoni ko‘rsatibgina qolmasin, uning tasavvurida yangi dunyo paydo bo‘lishiga turtki bersin. Bola kitobni o‘qiganda faqat ma’lumot olmasin, ko‘z oldida manzara paydo bo‘lsin, biror qahramon bilan do‘stlashsin, voqeani o‘zicha davom ettirsin, savol bersin, rasm chizsin, kuzatsin, hatto kitobda aytilmagan javobni o‘zi izlab ko‘rsin. Bu yerda gap yangi darsliklarda bunday topshiriqlar umuman yo‘qligi haqida emas. Aksincha, bugungi darsliklarda ochiq savollar, mustaqil izlanish, hayotiy vaziyatlar va ijodiy vazifalarga tobora kattaroq o‘rin berilmoqda. Masala – ana shu yondashuvni alohida-alohida topshiriqlar darajasidan chiqarib, boshlang‘ich sinf darsligining butun ichki mantig‘iga singdirishda.
Insoniyatning buyuk ma’naviy merosiga qarasak, obraz va ramzning o‘rni qanchalik katta ekanini ko‘ramiz. Muqaddas kitoblar, dostonlar, afsonalar, ertaklar asrlar davomida inson qalbiga quruq qoida sifatida emas, hikoya, timsol va obrazlar orqali kirib kelgan. Chunki inson ba’zan birgina obrazni mingta ta’rifdan ko‘ra chuqurroq his qiladi. Shu ma’noda, boshlang‘ich sinf bolasiga darslik yozish – unga faqat bilim berish bilan cheklanmaydi. Bu uning tasavvurida bilim yashaydigan dunyoni shakllantirishdir.
Turli mamlakatlarning ta’lim tajribasiga murojaat qilsak, darslik va o‘quv materiallariga yondashuvlar ham xilma-xil ekaniga duch kelamiz. Qaysidir davlatda mustaqil fikrlashga, qaysidir davlatda tushunish va masala yechishga, yana qaysi birida raqamli resurslardan samarali foydalanishga katta e’tibor beriladi. Xorij tajribasi biz uchun tayyor qolip emas, balki o‘z ta’limimiz, o‘z bolalarimiz va o‘z milliy tajribamizga mos yo‘lni izlashda foydali manba bo‘la oladi. Shu yo‘l boshlang‘ich sinf darsligini hayotga yanada yaqinlashtiradi. O‘quvchi o‘rganayotgan tushunchasining atrofidagi voqelik bilan bog‘liqligini ko‘rsa, bilim uning uchun yanada mazmunli tus oladi. Tabiat, shahar va qishloq hayoti, atrof-muhit, kasblar, kundalik kuzatishlar yoki oiladagi oddiy voqealar darsdagi mavzuni bolaga yanada tushunarli va ta’sirchan qiladi. Boshlang‘ich sinfda matematikada oilaviy xaridlar, meva va o‘yinchoqlar bilan bog‘liq masalalar, o‘qish va ona tili darslarida bolaning kundalik hayotiga yaqin matnlar, tabiiy fanlarda esa o‘zi ko‘rib turgan o‘simlik, hayvon, suv, havo va ob-havo bilan bog‘liq kuzatishlar kitobdagi bilimni hayotdagi voqelik bilan tutashtirishga xizmat qiladi. Bunday yondashuvda bola o‘rganayotgan bilimini faqat dars uchun emas, atrofidagi olamni idrok etish vositasi sifatida qabul qila boshlaydi.
Darslikning yana bir vazifasi – bolaning dunyodagi o‘z o‘rnini anglashiga yo‘l ochish. Global axborot makonida ulg‘ayayotgan avlod uchun boshqa xalqlar tarixi, madaniyati va tajribasini bilish qanchalik muhim bo‘lsa, o‘z yurtining tarixi, tili, tabiati va madaniy xotirasini chuqur anglash ham shunchalik zarur. Zero, zamonaviy ta’limning maqsadi – bolani dunyo bilan erkin muloqot qiladigan, yangi tajribalardan bahramand bo‘lgan holda o‘zligi va qadriyatlarini asraydigan inson qilib tarbiyalashdir.
Bugun QR-kodlar va elektron resurslar ham darslikning bir qismiga aylanib bormoqda. Ular bolaga kitobdagi mavzuni qo‘shimcha manbalar orqali chuqurroq o‘rganishga yo‘l ochadi. Ammo raqamli resursning o‘zi yangilik emas. Muhimi, undan qanday foydalanishda. Raqamli resurs qog‘ozdagi matnni takrorlamasin, uni boyitsin. Boshlang‘ich sinf darsligida QR-kod orqali bola qisqa tajriba, ovozli matn, animatsiya, interaktiv xarita, rasmli topshiriq yoki kuzatuv vazifasi bilan tanishadi. Masalan, tabiiy fanlar darsida o‘simlikning o‘sish jarayonini ko‘rsatuvchi qisqa video, ona tili yoki o‘qish darsida matnning ifodali o‘qilishi, matematikada esa shakllar yoki o‘lchovlarga oid interaktiv topshiriq taqdim etiladi. Agar QR-kod kitobdagi matnning elektron nusxasiga emas, tajriba, ovoz, interaktiv xarita, 3D obyekt yoki boshqa qo‘shimcha imkoniyatga olib borsa, kitobning imkoniyati kengayadi.
Har bir o‘qituvchining yillar davomida to‘plagan o‘z usuli bor. Kimdir matematikadan ajoyib masala o‘ylab topgan, kimdir tarixni qiziqarli tushuntirish yo‘lini biladi, yana kimdir murakkab mavzuni oddiy tajriba orqali tushuntiradi. Ayniqsa, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarida bolaning qiziqishi va tafakkurini harakatga keltiradigan ko‘plab amaliy usullar shakllangan. Bu tajribalarni umumlashtirib, o‘quv materiallarini takomillashtirish jarayoniga olib kirish darslik mazmunini hayot bilan yanada mustahkam bog‘laydi.
Bugun bir o‘qituvchining yaxshi g‘oyasi ertaga minglab o‘quvchilarga yetib boradi. Shu ma’noda, darslik yaratish jarayoni faqat mualliflar va ekspertlar doirasida qolmay, boshlang‘ich sinflarda ishlayotgan o‘qituvchilar tajribasi bilan ham muntazam boyib borishi ahamiyatli. Yaxshi topshiriq avval sinfda sinab ko‘riladi, o‘quvchining reaksiyasi kuzatiladi, natijasi tahlil qilinadi va keyin takomillashtiriladi. Shunda darslik tayyor bo‘lib, hayotdan uzilib qolmaydi, aksincha, hayotdagi o‘zgarishlar va pedagogik tajriba bilan muntazam yangilanib boradi. Eng muhimi, boshlang‘ich sinf darsligining qiymati undagi ma’lumot miqdori bilan emas, bolada uyg‘otgan fikr, savol va yangi tasavvur bilan ham o‘lchanadi.
Bola dunyoni so‘z va tushunchalardan tashqari, uni o‘rab turgan narsalarni kuzatish, his qilish va ular bilan munosabatga kirishish orqali ham anglaydi. Bir tomchi suvda yomg‘irni, oynada boshqa bir olamni, devordagi soyada esa harakatlanayotgan qahramonni ko‘radi. Kattalar uchun bir-biridan uzoq bo‘lgan narsalar bolaning tasavvurida osongina bir dunyoga tutashadi. Matn, rasm, misol va voqea uning xayolida bir-biri bilan bog‘lanib, yangi ma’no kasb etadi. Shu ma’noda, haqiqiy yangi avlod darsligi bola dunyoni tayyor holda qabul qiladigan emas, uni savollar, tasavvur va izlanish orqali kashf etadigan muhitga aylanishi bilan qadrli. Bugungi darsliklarda mustaqil fikrlash, hayotiy misollar, ijodiy topshiriqlar, milliy mazmun va raqamli imkoniyatlarga yo‘l ochilgani – bu jarayonning boshlanganini ko‘rsatadi. Endigi vazifa shu yondashuvlarni yanada chuqurlashtirish va ularni darslik yaratishning izchil tamoyiliga aylantirishdan iborat. Shunda darslik bolaga nafaqat dunyoni ko‘rsatadi, balki dunyoni boshqacha ko‘rishni ham o‘rgatadi.
Bola kitobni yopganda xotirasida ma’lumotlar qolishi yaxshi, ammo shu ma’lumotlar unda qiziqish, o‘z fikrini va yanada bilish istagini uyg‘otsa, boshlang‘ich sinf darsligi o‘z vazifasini bekam-ko‘st bajargan bo‘ladi. Zero, ta’limning maqsadi barcha bolaga bir xil javobni yodlatish emas, ularda o‘z fikrini shakllantirish va tug‘ilgan savollarga mustaqil javob izlash qobiliyatini rivojlantirishdir.
Bizga ma’lumotni yodlaydigan emas, uni tushunadigan; tayyor javobni qabul qiladigan emas, savol beradigan; dunyoni ko‘radigan emas, uni kashf etadigan; aqli bilan fikrlaydigan va qalbi bilan his qiladigan avlod kerak.
Yaxshi darslik o‘qishni kitobning so‘nggi sahifasida tugatmaydi – aksincha, o‘quvchining xayolida yana davom etadi. Balki, boshlang‘ich sinf uchun kelajak darsligi tayyor dunyoni ko‘rsatishdan ko‘ra, bolaning o‘zi kashf etadigan dunyoga yo‘l ko‘rsatadigan kitobdir.
Habib ABDIYEV,
Maktabgacha ta’lim malaka oshirish instituti prorektori
“Jadid” gazetasining 2026-yil 25-sentyabrdagi 39-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



