Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


19.05.2025 | 15:35

img1030

DENGIZLAR TUTASHGANDA

Ko‘hna Ko‘nyada Rumiy va Navoiy “diydorlashdi”

Turkiyaning ma’naviy boshkenti – Ko‘nya shahrida yetti iqlimdan kelgan olim-u fozillar nafis majlis qurdilar. Nufuzli anjuman Sharqning ikki ulug‘ mutafakkiri, maoniy mulkining sohibqironlari – Mavlono Jaloliddin Rumiy hamda Hazrat Alisher Navoiyning bebaho merosiga bag‘ishlandi.

Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 7-fevral kuni imzolagan “Buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy ijodiy merosini yurtimiz va jahon miqyosida keng targ‘ib qilish hamda Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili”ni yuqori darajada o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda bir qator muhim vazifalar belgilangan edi. Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi, Ko‘nya shahri hokimligi, Saljuq universiteti hamda Mavlono tadqiqotlar instituti hamkorligida joriy yil 5-6-may kunlari o‘tkazilgan “Mavlono Rumiy va Alisher Navoiy: Onado‘lidan Xurosonga qadar ilm va hikmat yog‘dusi” mavzusidagi xalqaro simpozium ham ana shu qarorga hamohang ekani bilan ahamiyatlidir.

Ilmiy mashvarat Rumiy va Navoiy merosiga doir qiziqarli ma’ruzalarga boy kechdi. O‘zbekiston, Turkiya, Eron, Albaniya, Bosniya va Gersegovina, Shimoliy Kipr, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi kabi mamlakatlarda faoliyat yuritib kelayotgan qilqalam olimlar, zabardast adabiyotshunoslar yangi tadqiqot-u topilmalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Alqissa, Ko‘nyada Sharq-u Gʻarb adabiyotiga, ma’naviyatiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan ikki munavvar siymo go‘yo diydorlashdi, ta’bir joiz bo‘lsa, ikki bahri azim tutashdi.

Quyida gazetxonlar hukmiga ana shu xalqaro simpozium qatnashchilarining fikr-mulohazalari havola etilayotir.

Kemal Yavuz ATAMAN,
Karabuk universiteti professori (Turkiya):

– Joriy yil fevral oyida O‘zbekistonda o‘tkazilgan “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” xalqaro simpoziumida soha mutaxassislari qatorida qatnashish nasib etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev adabiyotga, mumtoz so‘z san’atiga, xususan, hazrat Navoiy siymosiga yuksak ehtirom ko‘rsatayotganiga bevosita shohid bo‘ldim.

Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi rahbariyatining Turkiya ilm va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda Mavlono Jaloliddin Rumiy va Amir Alisher Navoiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazish taklifi ayni ko‘nglimizdagi gap bo‘ldi.

Ko‘nya shahri hokimligi va Saljuq universiteti bu xayrli tashabbusni qo‘llab-quvvatlagani esa shoyon mamnun etdi. Ko‘nya anjumani O‘zbekiston mezbonligida o‘tgan ilmiy mashvaratning mantiqiy davomi bo‘ldi deyish mumkin.

Bizlarga Rumiy va Navoiy kabi olim-u orif, mutafakkir-u mutasavvuf zotlarga avlod bo‘lmoq baxtini ravo ko‘rgani uchun Yaratgan Egamga har qancha shukrona aytsak kam. Haq oshig‘i bo‘lgan bu ikki ulug‘ siymo umrini xalqni ma’rifatli qilmoqqa bag‘ishlagan. Rumiy va Navoiy, mubolag‘asiz, bashariyatning yo‘lboshchilari, tamaddun me’morlari, chin ma’noda komil insonlardir.

Bugun nafs-u havo ko‘yiga kirgan odamzod asl maqsad-muddaosini unutgandek, hatto qiblasini-da yo‘qotgandek. Axloq, adabiyot, ma’rifat tansiq va tanqis ne’matga aylangan hozirgi davrda Rumiy va Navoiy qoldirgan merosning ahamiyati, qadr-qimmati chandon ortgan. Hikmat va so‘z san’atini vobasta eta bilgan bu zotlarning etagidan tutganlar, shubhasiz, najot topgusi!

Lindita XHANARI,
Tirana universiteti professori (Albaniya):

– Jahon xalqlari, xususan, turkiy dunyo uchun ulug‘ murabbiy sanalgan Mavlono Jaloliddin Rumiy abadiy orom topgan Ko‘nya shahrida o‘tkazilgan xalqaro simpoziumga taklif etilganimdan behad masrurman.

Albaniya va O‘zbekistonni 4000-5000 chaqirim masofa ajratib turadi. “Daholar o‘lmaydi” deganlari rost. Besh asr avval yashab o‘tgan buyuk shoir Alisher Navoiy turli jug‘rofiy mintaqalarda joylashgan ikki o‘lkani yaqinlashtirmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Albaniyada navoiyshunoslik arab alifbosi istifoda etilishi bilan bog‘liq holda shakllandi. Usmonli imperiyasi bilan yaqin aloqalar o‘rnatilgan XVII–XVIII asrlarda mamlakatimizda arab alifbosidan foydalanish boshlangan.

Albaniya davlat arxivida arab alifbosida bitilgan arnavut adabiyotiga oid qo‘lyozmalar – doston, qasida, g‘azal, mavlid matnlari va lug‘atlar saqlanmoqda. Bu asarlar yaratilgan XVIII asr vatanim tarixiga muhim yangilanish, madaniy evrilishlar davri sifatida muhrlangan.

Alban adabiyotining rivojlanishiga turkiy, arab hamda forsiy tillarda ijod qilgan qalam ahli katta ta’sir ko‘rsatgani ma’lum. Ular orasida eng ulug‘i va tengsizi, shubhasiz,  amir Alisher Navoiy hazratlaridir. Albaniya davlat arxivi va Tirana milliy kutubxonasi bisotida Navoiy asarlarining turli qo‘lyozmalari mavjud. Izlanishlar asnosida “Mahbub ul-qulub”ning yangi qo‘lyozmasini topishga muvaffaq bo‘ldik. Ushbu qo‘lyozma asosida Darvesh Husayn bitiklari orasida topilgan nazmiy parchalarni asl matnga chog‘ishtirib tahlilga tortdik. Bundan tashqari, Navoiy ijodining vorisiyligi masalasini ham tadqiq etdik. Xususan, Navoiyning Nezim Frakulla, Hasan Ziko Frakiri, Dalip Frashiri kabi alban yozuvchilari ijodiga ta’sirini o‘rganib, ulug‘ mutafakkirlar asrlar o‘tsa-da, yo‘lchi yulduz kabi kelgusi avlodlarga rohi rostni ko‘rsatishiga yana bir karra amin bo‘ldik.

Mehrdod OGʻOYI,
Muhaqqiq Ardabiliy universiteti dotsenti (Eron):

– Dunyo xalqlari ardoqlaydigan ikki mutafakkir ijodini o‘rganishga bag‘ishlangan xalqaro simpoziumning tabarruk Ko‘nya shahrida o‘tkazilayotgani ramziy ma’noga ega. Mavlono Jaloliddin Rumiy 122-maktubida uni yod etuvchilarni alqab bunday yozadi:

Har ki moro kunad ba neki yod,
Yodash andar jahon ba neki bod.

Ya’ni: Kimki bizni yaxshilik ila xotirlasa, undan ham jahonda ezgu nom qolsin.

Hazrat Navoiy ta’biri bilan aytganda esa:

Bu gulshan ichraki yo‘qdur baqo
guliga sabot,
Ajab saodat erur chiqsa
yaxshilik bila ot.

Xalqaro ilmiy anjuman ikki mutafakkirning ana shu o‘gitiga uyg‘un ravishda o‘tdi.

Ma’lumki, amir Alisher Navoiyning ona tili turkiycha edi, biroq nodir iste’dod sohibi bo‘lgan bu zot ham turkiy, ham forsiyda yuksak mahorat-la qalam tebratgan. Qur’oniy lisonni mukammal bilgan shoir forsiy va turkiy she’rlarida ham arabiy so‘z-u iboralardan mohirona foydalangan. Amir Alisher Navoiy forsiy hamda turkiy adabiyot o‘rtasida mustahkam ko‘prik, ikki xalq adabiyotini bog‘lovchi oltin halqa hisoblanadi. Jahon ahli uning ijodini hayrat, havas hamda ayricha zavq bilan o‘rganishi ham bejiz emas, albatta.

Temuriylar davlatining yorqin namoyandasi sanalgan amir Alisher Navoiy forsiyni qay tariqa mukammal o‘rgangani, tasavvufiy tushunchalarni fors va arab tillarida qaysi usullarda ifodalagani hamda bu ikki lisonning adabiy merosini qanday boyitganini o‘rgandik. Zullisonayn shoirning ikki muazzam adabiyotga mislsiz hissa qo‘sha bilgani tahsinga loyiqdir.

Adnan KARAISMOILO‘GʻLI,
“Mavlono tadqiqotlari” jurnali bosh muharriri, professor (Turkiya):

– Mavlono Jaloliddin Rumiy ham, Hazrat Alisher Navoiy ham o‘z asarlarida dunyo xalqlarini birlik, ahillikka undagan edi. Qarangki, ular oradan shuncha asr o‘tib, yana jahonning turli o‘lkalaridan kelgan olimlarning boshini qovushtirmoqdalar.

Mavlono Rumiyning hasb-u holida Balx, Samarqand kabi shaharlar alohida zikr etiladi. Oradan ikki yuz yil o‘tib, Alisher Navoiy ham shu shaharlarda istiqomat qilgani tasodif emas. Mavlono “Masnaviy”da Navoiy tavallud topgan Hirot shahrini ham tilga olgan. Darhaqiqat, ikki mutafakkirning hayotida ham, ma’naviy olamida ham umumiylik, mushtaraklik bisyor.

Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat” asarida Rumiyni bir necha o‘rinda eslab o‘tgan, “Mahbub ul-qulub”da esa uni forsiy she’riyatning ulug‘ namoyandasi deya e’tirof etgan.

Rumiy va Navoiy o‘rtasidagi o‘xshashliklardan yana biri har ikki ijodkorning jamiyat ravnaqiga kamarbasta bo‘lganida namoyon bo‘ladi. Navoiy o‘nlab olim-u ijodkorlarga valine’matlik qilgani, raiyat uchun yuzlab rabot, masjid, madrasa, xonaqoh barpo etgani tillarda doston. Xalqqa, davlat arboblariga yo‘l ko‘rsatgan Rumiy ham haligacha o‘z asarlari bilan kishilik jamiyatiga murabbiylik qilib kelayotir.

Mavlono Rumiy XIII asrda buyuk Xurosonni Onado‘liga ko‘chirib kelgani kabi Navoiy va uning zamondoshlari XV asrda Ko‘nya va Onado‘lini buyuk Xurosonga olib kelishdi. Bugun tarixiy robitalar qayta tiklanayotgani qanchalar soz!

Munir DRKICH,
Sarayevo universiteti professori (Bosniya va Gersegovina):

– Asrlar davomida Usmonli davlati tarkibida bo‘lgan Bosniya arab, fors va turk tilli musulmon madaniyatining eng chekka – g‘arbiy hududi hisoblanadi. O‘lkamizda Fuzuliy, Boqiy kabi turkigo‘y shoirlar asarlari bilan bir qatorda Alisher Navoiy merosi ham tarqalgan edi. Afsuski, mamlakatimizda yaqin o‘tmishda ro‘y bergan urushda Qo‘lyozmalar fondi joylashgan binoga bomba tushib, 10 mingdan ziyod nodir qo‘lyozma yonib ketdi. Ular orasida Navoiyning moʻtabar asarlari ham bor edi…

Alisher Navoiy qalamiga mansub “Mahbub ul-qulub” pandnomasi hamda g‘azallar devonining qo‘lyozmasi Bosniya va Gersegovina davlat arxivida saqlanmoqda. Qo‘lyozmaning alohida qimmati shundaki, undan Navoiyning turkiy g‘azallari bilan birga forsiy muammolari ham o‘rin olgan. Ma’lum bo‘ladiki, Navoiy zullisonayn shoir sifatida Bolqon yarimorolida ham shuhrat topgan. O‘zbekistonlik olimlarni ham qimmatli qo‘lyozmalarni tadqiq etishda hamkorlikka taklif etib qolamiz.

Vohit TURK,
Istanbul madaniyat universiteti professori (Turkiya):

– Adabiyotshunoslik ilmi faqat noyob qo‘lyozmalar qatlaridagi sirlarni inkishof etish, kunlarni tunlarga ulab kutubxonada zahmat chekishdangina iborat emas. Olimlik o‘zaro suhbat, fikr va tajriba almashuvini ham talab etadi. Ushbu anjuman bahonasida turli mamlakatlardan kelgan olimlar bilan tanishuv, ularning mazmundor ma’ruzalarini tinglash barchamiz uchun manfaatli bo‘ldi.

Kamina simpoziumda “Turkiyada Alisher Navoiyga doir tadqiqotlar” mavzusidagi ma’ruza bilan qatnashdim. Jumladan, Onado‘li ahlining Navoiy ijodiga oshno bo‘lishi haqidagi ilk faktlarni, xususan, Oshiq Chalabiy tazkirasidagi ma’lumotlarni o‘rtoqlashdim. Usmonli shoirlari Navoiy g‘azallariga naziralar bitgani, “Majolis un-nafois” Onado‘li turkchasiga birinchilardan bo‘lib tarjima etilgani, ulug‘ mutafakkir asarlarini tushunishga yordam beruvchi lug‘atlar tuzilgani ta’sir ko‘lami qanchalar katta bo‘lganini tasdiqlaydi.

O‘tgan asrning 60-yillarida Turkiyada Navoiy merosiga qiziqish yanada kuchaydi. Bu sirada Ali Nihat Tarlon, Muhammad Sobir, Gunay Kut, Gunul Altay, Kamol Erarslan kabi olimlarning doktorlik dissertatsiyalarini e’tirof etish joiz. Umuman, keyingi o‘n yilliklarda Navoiy hayoti va ijodiga oid tadqiqotlar soni, sifati ortdi, shoir asarlarining deyarli hammasi nashr etildi. 2021-yili yozgan maqolamda Turkiyada Navoiy ijodiga bag‘ishlangan 400 dan ziyod ilmiy ish olib borilganini qayd etgandim. 2025-yilga kelib ular soni 800 ga yaqinlashdi. To‘rt yil ichida ikki barobar o‘sish! Bu – O‘zbekiston rahbariyatining navoiyshunoslik ilmiga ko‘rsatayotgan e’tibori, qolaversa, turkiy dunyoda birlik, birdamlik ruhining oshib borayotgani mahsulidir. Darhaqiqat, Alisher Navoiy – butun turkiy madaniyat tarixidagi beqiyos va nodir siymo. Ul zotni bilish, targ‘ib etish yo‘lida ko‘p va xo‘b sa’y-ko‘shish ko‘rsatmog‘imiz lozim.

Umedullo MAHMUDOV,
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti huzuridagi O‘zbek tili va madaniyati markazi rahbari:

– Mavlono Jaloliddin Rumiy hamda Hazrat Alisher Navoiy ta’lif etgan asarlar bamisoli javohirlar ummoni. Ayni chog‘da, ularning podshoh-u vazirlar, ahli raiyat, do‘st-u aqrabolari bilan olib borgan yozishmalari ham ayricha ahamiyat kasb etadi. Olimlar ikki siymoning ijtimoiy faoliyati bilan bog‘liq tarixiy dalillarni yuzaga chiqarishda munshaotga alohida e’tibor qaratishi boisi ham shu. Biz ham Rumiy va Navoiy maktublarini qiyosiy tahlil etarak, yozishmalardagi o‘zaro uyg‘un nuqtalarni aniqladik. Alisher Navoiy shogirdi Abdulloh Marvoridga yo‘llagan maktubida “Olamni obod etishda musobaqalashingiz”, deb ta’kidlagan edi. Bir necha asrlik tarixga ega bu o‘git aynan bugungi davr, bugungi insoniyatga qarata aytilgandek…

“Hikmatli kalima – mo‘minning yo‘qotgan narsasidir. Uni qayerda topsa ham olishga haqli”, deyiladi Imom Termiziydan rivoyat qilingan hadisi sharifda. Har bir satri hikmatga yo‘g‘rilgan Rumiy va Navoiy ijodini yaxlit tarzda, yagona tarhda o‘rganish bo‘yicha ilk qadam qo‘yildi. Galdagi xalqaro anjumanni O‘zbekistonda o‘tkazish taklifi ko‘pchilikka manzur bo‘ldi. Shubhasiz, bunday ilm majlislari mamlakatlararo do‘stona robitalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Davra suhbatini Olimjon DAVLATOV olib bordi.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 16-maydagi 20-sonida


“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“

Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]

16.11.2026 | 16:15

img114

MILLIY YUKSALIŞ SARI

Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]

16.11.2026 | 09:00

img143

KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT

O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]

13.11.2026 | 14:43

img333