25.02.2026 | 12:12
1469
DILEMMA: QADRIYAT YOXUD TARAQQIYOT?
Tokio universiteti professori Kaoru IOKIBE bilan suhbat
Tokio universiteti – Yaponiyaning nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan biri. 150 yillik tarixga ega dorilfununda o‘ttiz mingga yaqin talaba tahsil oladi. Bitiruvchi va professorlardan 14 nafari Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Zamonaviy Yaponiya siyosati va diplomatiyasi bo‘yicha ko‘zga ko‘ringan mutaxassis – professor Kaoru Iokibe bilan suhbatimiz universitetning Sharq-u Gʻarb ruhini o‘zida mujassam etgan kampusida kechdi.

– Atoqli ingliz siyosatdoni Uinston Cherchillga nisbat beriladigan shunday naql bor: “Demokratiya – boshqaruvning yomon shakli, ammo insoniyat hamon undan durustrog‘ini o‘ylab topmadi”. Temir olovda toblanganidek, demokratik tartibot ham turli sinov-imtihonlarda sayqal topadi. Muhtaram professor, Yaponiyaning siyosiy tadriji va islohotlar tarixini o‘rgangan olim sifatida bugun mamlakatingiz demokratiyasi oldida turgan qay bir muammoni o‘ta dolzarb deb aytgan bo‘lar edingiz??
– Nazarimda, hozir Yaponiya uchun asosiy muammo bu fuqaroviy demokratiyadir.
Fikrimni soddaroq tushuntirishga harakat qilaman. Yaponiya aholi kamayishi va keksalar soni ortishidek demografik nomutanosiblikka ro‘baro‘ kelgan. Saylovlarda keksa elektorat yoshlarga qaraganda salmoqliroq tosh bosadi. Yosh avlod nazdida esa, jamiyat ularga nisbatan adolatsiz munosabatda bo‘layotir. Bu hol, ayniqsa, kovid pandemiyasi davrida yaqqol sezildi. Cheklov choralari keksalar hayotini qutqarishda asqotgandir, ammo jismi joniga sig‘magan yoshlarga “oyoq-qo‘lning ipsiz bog‘lab qo‘yilishi” xush kelmagani aniq. Pandemiyadan keyin Yaponiyada yoshlar manfaatlarini himoya qilishni bayroq etgan ko‘plab yangi partiyalar paydo bo‘lgani ham bejiz emas.
AQSH va Yevropada siyosiy muhokamalar immigratsiya mavzusi tegrasida kechsa, Yaponiyadagi birlamchi muammo – avlodlar ziddiyati. Buning ortidan populistik qarashlarni ilgari suruvchi partiyalar ham maydonga chiqayotgani rost, ammo yapon demokratiyasi ildizi poydor daraxtga o‘xshaydi, umidim shuki, populizm shamollari unga jiddiy daxl eta olmaydi.
– Yaponiyada joriy yil 8-fevral kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovida Sanae Takaichi boshchiligidagi Liberal-demokratiya partiya (LDP) ishonchli g‘alabaga erishdi. Sizningcha, endilikda mamlakatda siyosiy iqlim qay tariqa o‘zgaradi?
– Sanae Takaichi partiyasini elektoratning salmoqli qismi dastakladi. 2024-2025-yillarda Yaponiya hukumatiga rahbarlik qilgan Sigeru Isiba hamda Sanae Takaichining siyosiy dasturini muqoyasa etsak, sobiq bosh vazir so‘l qanotga, amaldagisi esa o‘ng qanotga mansubdir. Sanae Takaichi saylovda Vakillar palatasidagi 300 dan ziyod o‘rinni qo‘lga kiritib, siyosiy harakatlar borasida erkinlikka erishdi. Tarafdorlari Sanae Takaichi Xitoy, Shimoliy Koreya, ehtimol, Janubiy Koreyaga nisbatan keskin choralar ko‘rishini kutmoqda, ammo u bunday yo‘l tutmasligi mumkin. Shuningdek, u iste’mol solig‘ini kamaytirishi aytilmoqda. Ammo Sanae Takaichi buni ham ortga surishi hech gap emas. Albatta, u xato qadamlar sabab ishonch boy berilishi mumkinligini teran anglaydi.
– Yapon parlamentarizmida G‘arb tamoyillari va milliy qadriyatlar favqulodda uyg‘unlik kasb etgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Kunchiqar o‘lkaning boshqa davlatlarda uchramaydigan qonunchilik an’analari bormi?
– Yaponiya parlamenti G‘arb tamoyillari asosida shakllantirilgan. Qonunchilik idoramizni men “muxolifat uchun jannat” deb ta’riflayman. Parlamentda muxolifat vakili bo‘lsangiz, hukumatga o‘ng‘aysiz savollar yog‘dirishingiz, tanqid-u e’tirozlarga ko‘mib tashlashingiz mumkin. Ta’qib-tazyiq haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Hukumat va iqtidordagi partiya sahv-u xatolari uchun uzr so‘rashi, har bir xatti-harakati yuzasidan hisob berishi an’ana tusiga kirgan. Muxolifat o‘z savollariga qoniqarli javob ola bilmasa, qonunchilik tashabbuslarini bloklab qo‘yish vakolatiga ega. O‘zaro muvozanatni ta’minlaydigan bu tizim XIX asrda shakllangan.
Ayrim saylovchilar nazarida muxolifat xarxashalari olamjahon, ammo qo‘lidan tayinli ish kelmaydigan yosh bolaga o‘xshaydi. Muxolifat hokimiyatga kelgach, gardanidagi vazifani uddalay olmagan vaqtlar ham bo‘lgan-da. Masalan, 2009–2012-yillarda Yaponiya demokratik partiyasi LDPni yengib hokimiyatga keldi. Ammo ma’muriyat shu qadar no‘noq siyosat yuritdiki, ko‘pchilikning hafsalasi pir bo‘ldi.
Fikrlarimdan muxolif partiyalar siyosiy hayotda ahamiyatsiz ekan-da, degan xayolga bormang, aslo! Ular boshqaruvda xo‘b tajribakor bo‘lmasa-da, demokratiyani muhofaza qilish, xalq manfaatlarini tamsil etishda kiroyi natijalarga erishayotir.
– AQSHda hokimiyatlarning o‘zaro tiyib turish prinsipi amal qiladi. Hatto, prezident ham Kongress “oq fotihasi”siz ancha-muncha ishlarga qo‘l ura olmaydi. Bu borada Yaponiyada vaziyat qanday?
– Savolingizga javob berish uchun 1945-yilgi mag‘lubiyat davrini eslash kerak. Yaponiya Ikkinchi Jahon urushida AQSH, Buyuk Britaniya va Xitoyga qarshi kurashgani ma’lum. Mag‘lubiyatdan keyin Yaponiya ittifoqchi kuchlar, xususan, AQSH qo‘shini tomonidan ishg‘ol etilgan. O‘sha davrda Yaponiya Konstitutsiyasi qayta ko‘rib chiqildi. Urushdan keyin qabul qilingan Asosiy qonun hozirga qadar o‘zgarishsiz saqlanib kelmoqda. Yaponiya Vazirlar Mahkamasida britancha tizim joriy etilgan. Parlamentda esa AQSH ta’sirini sezish mumkin. Qayd etganingizdek, Qo‘shma Shtatlarda hokimiyatlarning bo‘linishi tamal g‘oya hisoblanadi. Bu esa ingliz tizimiga asoslangan Vazirlar Mahkamasi faoliyatida nomuvofiqlik keltirib chiqarishi mumkin. A’zolari ko‘pchilikni tashkil etishi vajidan Vazirlar Mahkamasi parlamentni nazorat qilishi kerak, ammo AQSH an’analari bois, Yaponiya parlamenti Vazirlar Mahkamasidan anchagina mustaqil. Sirasi, siyosatda AQSH va Britaniya an’analari yalakatmag‘izdek qo‘shilib, omuxta bo‘lib ketgan.
Yaponiyada LDP uzoq vaqtdan buyon iqtidorda. Odatda, biror qonun loyihasi hozirlangach, partiyaning ichida hijjalab muhokama etiladi. Ammo muhokama yakunlanib, qonun parlament hukmiga havola etilar ekan, siz partiya a’zosi sifatida uni qo‘llab-quvvatlashingiz kerak. Jarayon “quyidan yuqoriga” tamoyili asosida kechadi. Bu, ma’lum ma’noda, bosh vazirning ta’siri susayishiga olib keladi. “Quyidan yuqoriga” tamoyili “sovuq urush” davrida o‘zini oqladi, zero, u kezlar soliq tushumi, daromad ko‘lami katta edi. “Sovuq urush” xotima topgach va aholi soni o‘sishi to‘xtagach, byujet xarajatlarini kamaytirish, g‘aznadagi mablag‘ni rasamadi bilan taqsimlash zarurati kun tartibiga chiqdi. 1990-yillardagi siyosiy islohot shu ehtiyoj bilan izohlanadi.
Hozirda markazlashgan tizimni amalga tatbiq etmoqdamiz. Hukumat rahbarlarining “quyidan yuqoriga” tamoyilidan nechog‘li foydalanishi uning shaxsiyati, iqtidoriga bog‘liq. Sindzo Abe, Yosixide Suga, Fumio Kisida, Sigeru Isiba kabi sobiq bosh vazirlar ana shu yondashuvga sodiq qoldi. Sanae Takaichi qanday uslubni tanlashini vaqt ko‘rsatadi. O‘ylaymanki, u ham “quyidan yuqoriga” tamoyilini afzal ko‘radi. Xullas, Yaponiya siyosati hamisha jo‘shqinligi bilan ajralib turadi.
– Ikkinchi Jahon urushida Yaponiyaning shahr-u kentlari kultepaga aylantirilgani ma’lum. Ulkan iqtisodiy yo‘qotish, insoniy talafotlarga qaramay, mamlakatingiz nisbatan qisqa muddatda oyoqqa turdi, taraqqiyot pillapoyalaridan dadil yuqoriladi. Sizningcha, yapon iqtisodiy mo‘jizasining siri nimada?
– Iqtisodiy o‘sish uchun uch omil zarur: mo‘l-ko‘l arzon ishchi kuchi; tashqi kapital va texnologiyalardan foydalanish imkoniyati; yirik sarmoya kaliti bo‘lmish ishbilarmonlik ruhi. Ushbu uch omil vobasta bo‘lsa, mamlakat iqtisodiyoti ravnaq topadi. Ularni siyosiy kashshoflik bilangina ta’min etmoq dushvor. Ammo siyosat ahli ushbu shartlarni ro‘yobga chiqarishga ko‘mak berishi mumkin – bunga urushdan keyingi Yaponiya yorqin misol.
Birinchi shart. Yaponiya urushga qadar yengil sanoat mahsulotlari eksporti evaziga taraqqiy etishga uringani bois, milliy daromadning cho‘g‘i past edi. Urushdan keyin tarkib topgan yangi sanoat yo‘nalishlari qishloq joylardagi ishchi kuchini ohanrabo kabi o‘ziga tortdi. Ikkinchi shart. Qo‘shma Shtatlar “sovuq urush”da g‘alaba qozonishning strategik sharti o‘laroq, yapon iqtisodiyotini rivojlantirish borasida azm-u shijoat namoyish etdi. Uchinchi shart. 1960-yilda hokimiyatga kelgan Hayato Ikeda ma’muriyati milliy daromadni ikki baravar oshirish rejasini e’lon qilaroq, jamoatchilikni iqtisodiy o‘sish sari safarbar etdi. Bu esa, o‘z navbatida, LDP yetakchiligidagi hukumatga umrzoqlik baxsh etdi. Zero, endilikda siyosiy beqarorlik tadbirkorlarni tashvish-u xavotirga solmas edi…
– Globallashuv deb atalgan o‘pqon aksar millatlarni o‘z domiga tortmoqda. Boz ustiga, universal liberal qarashlarning bosimi ortmoqda. Yaponiya XIX asrda, Meydzi islohotlari davridayoq “Vakon-yosay”, ya’ni “yaponcha ruh, g‘arbona bilimlar” tamoyilini ilgari surgan edi. Bu tamoyil hozir ham amaldami? Ulug‘ mutafakkir Jaloliddin Rumiy: “Har nechuk muyassariyat – mahrumiyat, har nechuk mahrumiyat – muyassariyat”, deya o‘git bergan. Allaqachon insoniyat izn-u ixtiyoridan chiqib ketgan globallashuv yapon milliy o‘zligiga qay darajada ta’sir ko‘rsatmoqda?
– Bu hamisha mushkul-murakkab masala bo‘lib kelgan. Siz zikr qilgan Meydzi restavratsiyasidan keyin Yaponiyada g‘arblashuv va milliy qadriyatlar o‘rtasida oltin o‘rtaliqni topish talabi kun tartibiga chiqdi. XIX asrda Parij, London, Chikago kabi yirik shaharlarda umumjahon ko‘rgazmalari tashkil etilgan edi. Yapon siyosiy yetakchilari, ziyolilari turli davlatlardagi ko‘rgazmalarga tashrif buyurib, g‘arblashuvning umume’tirof etilgan andozasi yo‘qligiga ishonch hosil qilganlar. Deylik, o‘sha kezlar Belgiya Fransiya bilan, Fransiya esa Germaniya bilan o‘zaro raqobat qilgan. G‘arbcha uslubni ko‘r-ko‘rona qabul qilish taraqqiyot emas, tanazzulga yetaklashi tayin edi. Shu bois, yapon o‘zligini saqlab qolgan holda taraqqiyot ne’matlaridan bahramand bo‘lmoq yo‘li tutildi. Obrazli aytganda, Yaponiya jahon chamanzoriga o‘zining xushbo‘y gullarini tuhfa etdi.
Yaponiya bugun ham qudratli “yumshoq kuch”ga ega. Kurrayi arzning turli el-elatlari o‘lkamizga safar qilishni istaydi. Ko‘pchilik Yaponiyani AQSH va Yevropadan farqli muhitga, toza-ozoda makonga ega davlat, deb biladi. Chindan ham shundaymi – xulosani o‘zgalar aytgani ma’qul. Milliy o‘ziga xoslikni saqlash muhimligini Yaponiya hukumati ham yaxshi tushunadi. Shu bois, so‘nggi vaqtlarda milliy filmlar, anime, manga kabi san’at yo‘nalishlari qo‘llab-quvvatlanmoqda. Gap aylanib, yana demografiyaga taqaladi. Nufus qisqarayotgan pallada millatning ayniyatini muhofaza qilish yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi.
– Ammo bugun rivojlanayotgan davlatlar milliy qadriyatlar va zamonaviy taraqqiyotdan birini tanlashdek mushkul dilemmaga duch kelayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi-da…
– Kapitalizm muhitida oldi-sotdi munosabatlari bamisoli jamiyatning qon tomiri hisoblanadi. Molim xaridorgir bo‘lsin, desangiz, marhamat, o‘xshashi yo‘q mahsulot ishlab chiqaring. Globallashgan dunyoda oshig‘ingiz olchi bo‘lmog‘i uchun o‘z qadriyatlaringizni ham saqlab qolishingiz muhim. Aslida, globallashuv va milliy qadriyatlar bir-biriga zid emas, bil’aks, bir-birini taqozo etadi.
Qutblashayotgan dunyoda tik oyoqda qolmoq uchun millat o‘zi suv ichgan buloqlarni musaffo holda saqlab qolmog‘i shart. Yapon jamiyati ham bu masalaga hassoslik ila yondashadi. Masalan, “Daikin” brendiga mansub konditsionerlarning butun dunyoda, xususan, Hindistonda bozori chaqqon. Boisi, mahsulotlar yaponcha sifat asosida, ilg‘or usullarda ishlab chiqariladi. Hindiston ulkan davlat bo‘lib, turli mintaqalarida farqli ob-havo kuzatiladi. “Daikin” shirkati esa har bir mintaqa uchun o‘ziga xos xususiyatlarga ega mahsulot taklif etadi. Demak, globallashuv davrida peshqadam bo‘lmoqni istagan mamlakat yolg‘izoyoq yo‘ldan yurib, ilgari hech kim zabt etmagan cho‘qqilarni egallashi kerak.
– Yaponiya Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston bilan robitalarni mustahkamlamoqda. 2025-yil 20-dekabr kuni Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammiti hamkorlikning yangi sahifasini ochdi. Nazarimizda, geosiyosiy beqarorlik zamonida o‘zaro aloqalarning ahamiyati yanada ortmoqda…
– Yaponiyaning oddiy xalq vakillari hozircha mintaqaning ahamiyatidan to‘liq voqif bo‘lmasligi mumkin. Negaki, o‘rtamizda kattagina jug‘rofiy masofa bor. Yaponiya girdo-girdi suv bilan o‘ralgan orollardan iborat davlat ekanini ham unutmaslik kerak. Ammo ziyolilar, siyosiy yetakchilar Markaziy Osiyoning strategik ahamiyatini teran anglaydilar. Mintaqa Xitoy va Rossiya o‘rtasida muvozanat nuqtayi nazaridan ham muhim o‘rin tutadi. Markaziy Osiyo barqarorligi Sharqiy Osiyodagi loyihalar uchun ham zarurdir.
Markaziy Osiyo davlatlari bilimli, intellektual darajasi yuqori mutaxassislarga boy. Yaponiya mehnat bozorida taqchillik kuzatilayotgani inobatga olinsa, mintaqaning iqtidorli mutaxassislarini ishga taklif etishdan har ikki tomon yutadi. Tabiiy resurslar, nodir ma’danlar va energetika manbalari bilan bog‘liq hamkorlik ham istiqbolli, albatta.
Boya aytganimdek, oddiy yaponlar Markaziy Osiyo haqida u qadar ko‘p ma’lumotga ega bo‘lmasligi mumkin. Ammo bu muvaqqat holat, ishonamanki, bordi-keldi faollashar ekan, xalqlarimiz bir-biri bilan qosh-u ko‘zdek yaqin bo‘lib ketadi.
– Muhtaram professor janoblari, Sizga o‘zbekistonlik mushtariylarimiz nomidan kattadan katta rahmat aytamiz va mustahkam tani sihatlik tilaymiz!
Sobir SALIM suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2026-yil 20-fevraldagi 8-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
77
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
594
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
591



