Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


27.10.2025 | 15:20

img636

TARAQQIYOT TAYANCHI

Bugungi kunda jahonda sun’iy intellekt (SI) ko‘plab sohalarda asosiy tayanch vositaga – boshqaruvda samaradorlikni oshirish, resurslardan tejab foydalanish, xizmatlar sifatini yaxshilash imkonini berayotgan real voqelikka aylanmoqda. O‘zbekistonda ham bu yo‘nalishda tizimli islohotlar amalga oshirilib, sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha muhim natijalarga erishilmoqda. Davlatimiz rahbarining yaqinda SI texnologiyalarini vazirlik va idoralar faoliyatiga hamda boshqa sohalarga keng tatbiq etishga qaratilgan loyihalar bilan tanishuvi ushbu yo‘nalishning strategik ahamiyatini yana bir bor tasdiqlaydi.

Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, sun’iy intellekt g‘oyasi XX asr o‘rtalarida paydo bo‘lganini ko‘ramiz. 1956-yilda AQSHning Dartmut kollejida bo‘lib o‘tgan konferensiya SI tarixida muhim voqea bo‘lgan. U yerda olimlar guruhi “sun’iy intellekt” atamasini taklif etib, shu yo‘nalishda tadqiqotlar boshlashga qaror qilgan. Dastlabki yillarda SI sohasida katta yutuqlarga erishildi: kompyuterlar shaxmat o‘ynashni, oddiy masalalarni yechish va hatto, oddiy matnlarni tarjima qilishni o‘rgandi.

Ammo, 1970–80-yillarda SI sohasida “qishki uyqu” davri boshlandi. Dastlabki muvaffaqiyatlarga qaramay, kompyuter imkoniyatlari cheklangan edi. Olimlar kutgan natijalarga erishilmadi, SIga qiziqish susaydi va sohani moliyalashtirish qisqardi. Sohadagi ikkinchi “uyg‘onish” 1990-yillarda boshlandi. Kompyuterlarning quvvati oshdi, algoritmlar takomillashdi va katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Bundan tashqari, internetning rivojlanishi SI uchun yangi imkoniyatlar ochilishiga sabab bo‘ldi.

Ochig‘ini aytganda, bugun dunyoda sun’iy intellektdan foydalanish borasida keskin kurash bormoqda. So‘nggi o‘n yillikda jahon investitsiyalarining sun’iy intellekt sohasiga yo‘naltirilgan hajmi 2014-yildagi 8 milliarddan 2024-yilda 110 milliard dollargacha o‘sdi. 2023-yilda Xitoy davlatining kvant texnologiyalariga ajratgan global investitsiyalari 15,3 milliard dollarga yetdi. 2024-yilda Xitoyning beshta kompaniyasi ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga investitsiyalar hajmi bo‘yicha dunyoning eng yirik 50 kompaniyasi ro‘yxatiga kirdi.

BRIKS va ASEANga a’zo qator davlatlar qo‘shma tadqiqotlar, ishlanmalar va o‘zaro aloqa standartlari orqali o‘z mustaqil innovatsion infratuzilmasini mustahkamladi, ilmiy-texnologik boshqaruvning ochiq xalqaro tizimini yaratib, ko‘p qutblilik asosida global taraqqiyotga hissa qo‘shdi. So‘nggi 20 yil ichida BRIKS davlatlari olimlari tomonidan hammualliflikda yozilgan maqolalar soni o‘sishda davom etmoqda va hozirda yiliga 15 mingdan ortiq maqolani tashkil etib, ular jahon ilmiy va texnologik innovatsiyalari sohasida yangi harakatlantiruvchi kuchga aylanmoqda. Shu bilan birga, G‘arb davlatlarida texnologik raqobat kuchayib bormoqda. Bir so‘z bilan aytganda, bugun qaysi soha bo‘lmasin, kim bu jarayonda qattiq izlanib, bir qadam oldinda yursa, marra shuniki bo‘lishi tobora oydinlashmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahridagi IT-parkka tashrifi O‘zbekistonning mazkur sohada aniq maqsadlarga ega ekanini ko‘rsatadi. Xususan, davlat boshqaruviga tatbiq etish orqali vazirlik va idoralarda qaror qabul qilish jarayonini tezlashtirish, shaffoflikni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish ko‘zda tutilgan. SI ko‘magida iqtisodiyot, sanoat, qishloq xo‘jaligi, moliya va boshqa sohalarda samaradorlikni oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan. SIni ta’lim, sog‘liqni saqlash, transport va boshqa xizmat sohalariga joriy etib, aholiga qulayliklar yaratish va hayot sifatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda SI sohasida tizimli islohotlar amalga oshirildi: qonunchilik bazasi yaratildi. Soha rivojiga oid qonun va qarorlar qabul qilindi. Kadrlar tayyorlash tizimi takomillashtirildi.

Oliy o‘quv yurtlarida SI bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Xorijiy ekspertlar jalb qilinib, xalqaro tajriba o‘rganilmoqda. Infratuzilma rivojlantirilmoqda. Davlat xizmatlari, bank-moliya, jamoat xavfsizligi, transport kabi yo‘nalishlarda 30 dan ortiq pilot loyihalar ishga tushirilgan. O‘tgan yili sun’iy intellektni 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi. Raqamli texnologiyalar vazirligida mazkur soha bilan ishlaydigan alohida markaz tashkil etildi.

Mamlakatimizda zamonaviy ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari qurilmoqda va internet tarmog‘i kengaytirilmoqda. Raqamli hukumat platformasi orqali davlat organlari o‘rtasida ma’lumotlarning inson omilisiz almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. Startaplarga o‘zining dasturiy mahsulotini Raqamli hukumat platformasiga integratsiya qilib, undagi ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat berildi. Qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirishga erishildi. Sog‘liqni saqlash sohasida tashxis qo‘yish sifati yaxshilanmoqda. Startap-ekotizim yaratilmoqda. Yosh tadbirkorlarni SI sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga jalb etish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida startap-akseleratorlar va biznes-inkubatorlar tashkil etilmoqda.

Bir yil ichida sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro indeksda 17 pog‘ona yuqorilab, Markaziy Osiyoda 1-o‘ringa ko‘tarilgani O‘zbekistonning yutuqlari jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayotganidan dalolat. Yosh va bilimli kadrlarning ko‘pligi, hukumat tomonidan SIni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilib, infratuzilma tinimsiz rivojlanib borayotgani mamlakatimizning SI sohasida mintaqaviy yetakchiga aylanishiga imkon berdi.

Albatta, erishilgan natijalar bilan cheklanib qolinsa, raqobatda ortda qolib ketish mumkin. Bu yo‘lda izlanishlarni izchil davom ettirish – davr talabidir. Shu bois, davlatimiz rahbari IT-parkka tashrifi chog‘ida sohani yanada rivojlantirish borasida dolzarb takliflarni ilgari surdi.

Birinchidan, endilikda vazirlar va tarmoq rahbarlarining raqamlashtirishga mas’ul o‘rinbosarlari bir vaqtning o‘zida sohada sun’iy intellektni rivojlantirishga ham javobgar bo‘ladi. Shahar va tumanlarda ham hokimlarning raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchisi lavozimi kiritiladi. Barcha vazirlik va hokimliklarga o‘z tuzilmasida sun’iy intellektni rivojlantirish bilan shug‘ullanadigan alohida bo‘linma tashkil qilish va ularning oldiga avvalo ish samaradorligi va xizmat sifatini  oshirish, ortiqcha xarajat, “yashirin” iqtisodiyot va byurokratiyani qisqartirish kabi masalalarga yechim topish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berish topshirildi.

Ikkinchidan, yuqori ko‘rsatkichga erishgan, xorijiy tillarni biladigan, texnologik bilimi kuchli 100 nafar mutaxassis AQSH, Yevropa, Singapur, Yaponiya kabi rivojlangan davlatlarga olti oylik o‘quv kurslariga yuboriladi.

Uchinchidan, kelgusi yildan vazirlik va hududlarda sun’iy intellektni joriy etish holatini baholaydigan reyting tizimi ishga tushiriladi.

To‘rtinchidan, dunyoda sun’iy intellektga talab tobora ortib borayotgan bir paytda, raqobatdosh bo‘lish uchun 3 ta eng asosiy masala – infratuzilma, ochiq ma’lumotlar va kadrlar tayyorlashga e’tibor yanada kuchaytiriladi. Bu yo‘lda o‘tgan 8 yilda 300 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurildi, aholi punktlarining 99 foizi mobil aloqa bilan qamrab olindi.

Katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash va saqlash uchun 7 ta data-markaz ishga tushirildi.

Beshinchidan, keyingi yili sog‘liqni saqlash, energetika, bank-moliya, bojxona-soliq, transport, tog‘-kon va qishloq xo‘jaligi sohalarida sun’iy intellekt bo‘yicha 100 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Sun’iy intellekt infratuzilmasiga 100 million dollardan ko‘p sarmoya kiritgan investorlarga elektr energiyasi narxi  5 sent etib belgilanadi.

Qolaversa, tarmoq va hududlarda sun’iy intellekt infratuzilmasiga oshib borayotgan talabni qoplash uchun davlat-xususiy sherikligi yo‘lga qo‘yiladi.

Oltinchidan, yil yakuniga qadar vazirlik va idoralardagi 55 ta, kelasi yili qolgan barcha ma’lumotlar bazalarini Elektron hukumat yagona data-markaziga o‘tkazish topshirildi. Bundan buyon vazirlik va idoralar ma’lumotlarni o‘z serverlarida saqlashiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yettinchidan, sun’iy intellektni rivojlantirish faqat zamonaviy infratuzilma va algoritmlarga emas, balki malakali kadrlarga ham bog‘liq.

“Bu sohaning asosi – matematika va informatika. Shu bois, kadrlar tayyorlashni eng avvalo maktabdan boshlash kerak”, dedi Prezidentimiz. Ushbu maqsaddan kelib chiqib, keyingi o‘quv yilidan “Informatika” fani o‘quv dasturlariga sun’iy intellektga oid mavzular kiritiladi. Buning uchun Massachusets texnologiyalar instituti bilan hamkorlikda maxsus darslik ishlab chiqiladi.

“Bir million dasturchi” loyihasining mantiqiy davomi sifatida “Bir million sun’iy intellekt yetakchisi” loyihasi ham boshlandi. Loyiha asosida bu yil 100 ming, kelasi yili kamida 500 ming yoshlar o‘qitiladi.

Bunda eng faol 500 nafar yoshlar – noutbuk, 100 nafar o‘qituvchi – ming dollardan mukofot, ikkita ta’lim tashkiloti elektromobil bilan taqdirlanadi.

Bu sa’y-harakatlar ortida ulkan maqsadlar bor. O‘zbekiston 2030-yilga borib, sun’iy intellekt bo‘yicha “TOP-50” ta davlat qatoriga kirishni maqsad qilgan. Shu bois, ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib, “Sun’iy intellekt alyansi” tashkil qilinadi. Ushbu alyans tarkibiga sohada samarali faoliyat yuritayotgan yetakchi kompaniyalar, xorijiy ekspertlar, yirik davlat korxonalari, banklar va oliygohlar kiritiladi. Alyansning asosiy vazifalari yetakchi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va akseleratorlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, o‘zimizdagi dasturlar bo‘yicha media-kontent yaratib, xalqaro PR kampaniyalarni tashkil etish, mahalliy korxonalar va mutaxassislarning xalqaro ko‘rgazma, forum va konferensiyalardagi ishtirokini tashkil etishdan iborat bo‘ladi.

Sakkizinchidan, o‘zbek tilidagi adabiyotlar, ma’lumotlar, maqolalar, hisobotlar, ilmiy ishlarning aksariyati raqamlashmagan, elektron shaklga o‘tkazilganlari ham har xil manbalarda saqlanmoqda. Vazirlar Mahkamasiga barcha vazirlik va idoralar ma’lumotlarini elektron formatga o‘tkazish grafigini tasdiqlash, Raqamli texnologiyalar vazirligiga sun’iy intellekt milliy madaniyatimiz va qadriyatlarimizni o‘zida ifodalay olishi uchun “O‘zbek tili korpusi”ni yaratish vazifasi yuklatildi.

Sun’iy intellekt – kelajak texnologiyasi. Biz Uchinchi Renessansga erishishdek ezgu maqsadni o‘z oldimizga qo‘ygan ekanmiz, sun’iy intellekt bobida ham hech kimdan ortda qolmasligimiz lozim. Renessans – ilmiy uyg‘onish, ma’rifatni anglash va shu asnoda, asrlarga teng yillarni lahzalarda bosib o‘tmoq demakdir. Buyuk mutafakkir Jaloliddin Rumiyning ilhombaxsh hikmati bor: “Go‘zal kunlar kelishini kutma, unga qarab borishni unutma”. O‘zbekistondagi yangi Uyg‘onish ma’rifati ayni shu tamoyilga asoslanganini anglash barchamizga g‘ayrat va shijoat bag‘ishlaydi.

O‘ktam HAMRAALI

“Jadid” gazetasining 2025-yil 24-oktyabrdagi 43-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img77

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img594

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img591