Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


09.09.2026 | 12:48

img1483

DO‘PPIDEKKINA GAP

2016-yilning boshidan kuziga qadar “Madaniyat va ma’rifat” telekanalida “Tafakkur jilolari” degan ko‘rsatuvni olib borgan edim. Har gal adabiyot, san’at, ilm-fan namoyandalari bilan suhbatimiz Milliy kutubxonada suratga olinadi. Bir kuni suhbatga do‘ppi kiyib boribman. Kameralar shaylangach, xizmatdagi yigitlar “Domla, do‘ppini yechib qo‘ying”, deb iltimos qilishdi. 

– Nega?
– Endi, bilasiz-ku, mumkin emas…
– Nega mumkin emas? Bu O‘zbekiston televideniyesi, ko‘rsatuv ham o‘zbek tilida, mustaqil davlat bo‘lsak?
– O‘zingiz bilasiz-ku… Ruxsat berishmaydi, baribir.
– Unday bo‘lsa, men suhbatda qatnashmayman.
– Domla, shoshmang, biz telefon qilib rahbarlardan so‘rab ko‘raylik.
– Nimani so‘raysiz? Do‘ppisi bor ekan, maylimi, debmi?
– Ha, ruxsat olvolaylik, xo‘p deyishsa, bemalol.

Men biroz asabiylashdim. “Agar shuni so‘rab telefon qiladigan bo‘lsangiz ham qatnashmayman”.

Bechora yigitlar tang ahvolda qolishdi. Men axir, boshlovchiman. Bir mashina texnika opkelishgan, alyumin relslargacha. Shuncha ovoragarchilik!

– Nima qilsak ekan?
– Keling, suratga olavering, – dedim. – O‘tsa-o‘tdi, ruxsat berishmasa, shu ko‘rsatuvni to‘xtatamiz, ana qarang, suhbatdoshlar ham kutib qolishdi.

Tavakkal, deb ish boshlashdi. Ertasigayam, indinigayam hech gap yo‘q, tinchlik. Ko‘rsatuv efirga chiqdi hamki, biron nojo‘ya gap eshitilmadi. Qarang, bo‘lar ekan! 

Hatto sovet zamonida ham o‘zbeklar SSSR Oliy Soveti sessiyalarida do‘ppi kiyib o‘tirar edi. Faqat do‘ppiga ruxsat bor edi. Do‘ppi hamma joyda e’zoz va e’tirof topgan edi. Keyin – yigirma yilcha, soqolingiz sal o‘siq ko‘rinsa yoki boshga do‘ppi kiygan bo‘lsangiz, tizzangiz qaltiraydigan bo‘pqoldi.

Do‘ppi o‘zbek, tojik, uyg‘ur, turkman, qoraqalpoq va yana boshqa ellarning asosiy bosh kiyimi. Biz do‘ppi deganda buklab taxlanadigan va yana qatlari yoziladigan, “ayvoni” bo‘lmagan bosh kiyimni ko‘zda tutamiz. U uyg‘urlarda doppa (toppa), tojiklarda toqi (tuppi), turkmanlarda taxya deb yuritiladi. Yaqin o‘tmishda bu xalqlarning ayollari ham (ayniqsa, yosh paytida) do‘ppi kiygan. O‘zbekistonda esa buning aksi. Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bir-ikki marta do‘ppi kiyib ko‘rinish bergan edi, ijtimoiy tarmoqlarda uni talamagan, yozg‘irmagan odam qolmadi. O‘zbeklarning o‘zi do‘ppiga qarshi bo‘lib qolganmi, deysan. Ammo ba’zi hoji va umrachilar maqomini ko‘rsatish uchun uzun ko‘ylak kiysa, boshiga keffiya ro‘mol o‘rab, uni iqol bilan bog‘lasa ham, birov “Hoy, sen o‘zbekmisan?” deb dakki bermaydi.

Bizda do‘ppi kiyish kamayib boryapti. Ammo qiziq: do‘ppi kiyish kamaygani sari, do‘ppi haqida tadqiqotlar ko‘payyapti. Ilgari biz do‘ppi qanday shakllangan, uning gullari nimani anglatadi, deb bosh qotirib o‘tirmasdik, kiyar edik, vassalom. Holbuki, uning tagida butun bir tarix bor, falsafa bor, dunyoni anglash belgilari bor, deyishyapti olimlar.

Markaziy Osiyo tarixi va etnik jarayonlar bo‘yicha mutaxassis, sharqshunos, tarix fanlari doktori, professor Sh.Kamoliddin Feysbukdagi “O‘zbekiston tarixi” saytida 2020-yil 13-avgustda e’lon qilingan “O‘zbek do‘ppisi tarixidan” nomli maqolasida, jumladan, shunday deb yozadi:

“Do‘ppi erkaklarning ichki bosh kiyimi sifatida Sharq xalqlari, xususan, arablar, forslar, turklar va boshqalarda keng tarqalgan… Hozirgi vaqtda to‘rt burchakli do‘ppi faqat Sharqiy Turkistonda, Farg‘ona vodiysida va Toshkent vohasida tarqalgan.

…Hozirgi kunda Toshkentda kiyiladigan do‘ppi ham turli ranglarda bo‘lishi mumkin, lekin uning hech qanday naqshlari yo‘q. Farg‘ona vodiysi va Sharqiy Turkistonda kiyiladigan do‘ppilarda esa qora matoga oq iplar bilan tikilgan naqsh shaklidagi ramzlar mavjud: do‘ppining 4 ga bo‘lingan tepa qismi 4 ta bir xil yirik yaproqsimon naqshlar bilan bezatilgan; do‘ppining 4 ta yon qismida bir qatorga tizilgan yarim doira yoki toq shaklidagi 4 tadan (jami 16 ta) naqsh tasvirlangan. Mazkur hududlarda tarqalgan qizlarning bosh kiyimlari ham to‘rtburchak shaklida bo‘lib, lekin ularda ramzlar o‘rniga turli ranglardagi gulli naqshlar tikilgan.

Erkaklar do‘ppisidagi naqshlar yoki ramzlarning ma’nosi xususida… turlicha fikrlar aytilgan. Xususan, bu naqshlarni goh qirg‘ovulning qanoti yoki lolaning yaprog‘i, goh bodom yoki qalampirga o‘xshatishgan. Ba’zilarning fikriga ko‘ra, do‘ppining qora matosi yulduzli osmonni yoki o‘zida cheksiz ma’lumotlarni mujassam etgan butun Koinotni o‘z ichiga sig‘diruvchi “qora tuynuk”ni anglatgan. Do‘ppining tepa qismlaridagi 4 ta asosiy naqsh ona qornidagi 3 oylik bolaning homilasini, yon qismlaridagi aylanasiga bir chiziq bo‘lib tizilgan 16 ta toqlar esa yangi tug‘ilgan bolaning beshigini anglatgan. Toqlarning ichidagi nuqtalar o‘lganlarning so‘nib borayotgan nurini bildirgan. Koinot doimiy ravishda kengayib va qisilib boradi, tug‘iladi va o‘ladi. Oxir-oqibatda, Koinot yana qandaydir boshlang‘ich bir nuqtaga qaytadi. Shundan keyin yangi davr boshlanib, navbatdagi “katta portlash” yuz beradi. Yana yangi galaktikalar, yulduzlar turkumlari, hayot vujudga keladi…”

Bunday qaraganda, juda ilmiy – biz bilgan oddiygina do‘ppi asrlar davomida shakllanib shu holiga kelgani va unda yuz yilliklar davomida ajdodlarning dunyoqarashlari aks etgani aytilyapti. Ammo olimlar orasida, “Haqiqat etigini kiyib yo‘lga tushguncha, yolg‘on dunyoning yarmini aylanib chiqadi”, degan achchiq bir kinoya bor. Bu gaplarga ishonsak, kiyib yurgan do‘ppimiz shunchaki bosh kiyimi emas, butun dunyoning eng ulug‘ hodisalari tasvir etilgan kosmogrammadan iborat ekan, deb o‘ylab qolamiz.

Uning qora matosi yulduzli osmonni yoki o‘zida cheksiz ma’lumotlarni mujassam etgan butun Koinotni o‘z ichiga sig‘diruvchi “qora tuynuk”ni anglatgan emish. Do‘ppining tepa qismlaridagi 4 ta asosiy naqsh ona qornidagi 3 oylik bolaning homilasi emish va pastki aylanasidagi 16 ta toqlar esa “yangi tug‘ilgan bolaning beshigi” emish. Toqlarning ichidagi nuqtalar o‘lganlarning so‘nib borayotgan nuri bo‘lib, koinot doimiy ravishda kengayib va qisilib, tug‘ilib va o‘lib borib, oxir-oqibatda qandaydir boshlang‘ich bir nuqtaga qaytarkan. Shundan keyin yangi davr boshlanib, yana bir “katta portlash” yuz berarkan. Yana yangi galaktikalar, yulduzlar turkumlari, hayot vujudga kelar ekan… Shular bari do‘ppi ustiga ramz qilib chizilgan ekan. Bu yog‘ini anglamay, kiyib yura berar ekanmiz-da.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rib qoldim, bir opaxon yuqoridagi gaplarni bir albom qilib, odamlarga ko‘rsatib, targ‘ib qilib yuribdi. Unda ona qornidagi homilaning egilib turgan surati ham bor, boshqa tasvirlar ham. Kishilar angrayib tomosha qilyapti.

Avvalo, bu gaplar shu ayolning ixtirosi emas, Sh.Kamoliddinning yuqorida keltirilgan gaplari ko‘chirmasidan iborat. Opa buni biznesga aylantirib olibdi ham. To‘g‘ri fikr bo‘lsa, koshki edi-ya!

Turli kasalliklar ko‘p bo‘lgan, epidemiyalar tez-tez qaytalangan o‘tmish zamonlarda, odamlar najot qidirib, ming xil narsalarni o‘ylab, o‘zlaricha topganday ham bo‘lib, suq, kinna, ko‘z tegishidan ko‘rib, ins-jinslarni “qaytaradigan” narsalarni o‘ylab topishgan. Yangi tug‘ilgan farzandlarini ularning “kuchi yetmaydigan” qattiq narsalar – po‘lat, cho‘yan, bolta, tesha, o‘roq, tosh deb atashgan: Toshpo‘lat, Ketmonoy, Cho‘yanboy, Bolta, Tesha, Toshomon, O‘roqqul kabi yuzlab ismlar paydo bo‘lgan. Bola sal katta bo‘lgach, uning bo‘yniga yoki qo‘ltig‘iga tumor osib qo‘yilgan. Tumor ichiga tuz, qalampir yo murch kabi ins-jinslarni “qochiradigan” achchiq, taxir narsalar, ko‘z tegishini “o‘ziga oluvchi” ko‘zmunchoqlar solib qo‘yilgan. Tumor asosan uchburchak yoki to‘rtburchak shaklli bo‘lgan.

Ilgari har bir kishi uchun “ko‘z tegishi” asosiy xavf, zo‘r ofat sanalardi. Tibbiyot rivojlanmagani sababli, kim qanday kasalga uchrasa, avvalo, ko‘z tekkanga yo‘yilgan. Ko‘zdan, suqdan, kinnadan, “issiq-sovuq”dan saqlanish uchun hamma boshiga munchoq, qo‘ltig‘iga tumor taqib yurardi. Hatto hozir ham odamlar o‘zigagina emas, mingan otiga, qurgan uyiga, mashinasiga ham ko‘zmunchoq taqib, isiriq bog‘lab, yomon ko‘zdan muhofaza qilgan bo‘ladi. Buning uchun esa achchiq, taxir va o‘tkir sanchiladigan narsalar tanlanadi. Bu udum Markaziy Osiyo xalqlarigagina xos emas. Yevropa xalqlari (masalan, nemislar) ham “ko‘z tegmasin” deb uyiga piyoz shodasi yo qalampir osib qo‘yadi.

Qadimda o‘zbek do‘ppisi ham tumor singari uchburchak (uch bo‘lak matoli) qilib tayyorlangan, to‘rtburchak do‘ppi esa nisbatan keyin paydo bo‘lgan. Bu jihatdan, do‘ppi – tumorning katta bir shakliga o‘xshaydi. Uning ichiga emas, usti-tepasiga uchta (to‘rtta) qalampir bittadan chatib qo‘yilgan. Shuning uchun ham, XX asr boshlarigacha o‘zbek do‘ppisi hozirgiday qora taglikka oq ipak bilan emas, balki qizil, yashil, ko‘k, sariq, pistoqi va boshqa ranglarda tikilgan. Hozir ham uyg‘ur do‘ppilari turli rangda tayyorlanadi. Qalampir qizil bo‘lgani uchun o‘tmishda uning tasviri asosan qizil ipakdan tikilgan. Do‘ppi haqida gap ketganda “qalampirnusxa” deb ta’riflanishi shundan.

Ammo… hech kim uch oylik homila – embrion rasmini naqsh qilib tikib, do‘ppisini u bilan “bezab” yurmaydi. O‘zbekning tiynatida bu xil g‘ayritabiiy qadriyatlar yo‘q. Kimningdir homilasi tushgan bo‘lsa, uning shaklidan andoza olib o‘tirmay, ko‘mib qo‘yilgan, ovoza ham qilinmagan. Homila ona qursog‘ida qanday shaklda (egilib) yotishini “ko‘rish” va do‘ppi tepasida uning tasvirini chizish uchun hozirgi UZI uskunalari yo‘q edi. O‘zbeklarning (ayniqsa, er kishilarning) do‘ppi ustida homila rasmini chizdirib yurishi esa tasavvurga ham sig‘maydi. Nima uchun o‘zbek bosh kiyimida bunday tasvir bo‘lishi kerak, unda nega boshqa xalqlar bunday qilmaydi – buni ham tushunib bo‘lmaydi. 

Do‘ppi kizagi ustidagi yarim doiralarning beshik ekanini, nuqtalar esa o‘lganlarning so‘nib borayotgan nuri ekanini payqash – g‘ayritabiiy fikrlash namunasi bo‘lsa kerak. Boshiga do‘ppi kiygan odam bunday deb o‘ylamaydi. Bizningcha, kizak atrofidagi yarim doiralar – munchoq shodasining “mulyaj”i. Qadimda munchoq shodasining o‘zi taqilgan. To‘rt tomonda to‘rttadan o‘n oltita yoki beshtadan bo‘lsa – yigirmata munchoq donasi u. Ma’lumki, munchoq ham ko‘z tegmasin uchun qo‘llanadi, undan bezak sifatida foydalanish – keyingi funksiya. O‘tmishda do‘ppi tepasiga qalampir, tevaragiga munchoq qadalgan. Keyinroq qalampir qurib, sinib, tushib ketishi, uvalanib to‘kilishi tufayli “mulyaj”dan foydalanish, ya’ni do‘ppi ustiga uning rasmini tikish urf bo‘ldi.

Yaqin yuz yilgacha o‘zbek do‘ppisi ham (uyg‘ur do‘ppisi kabi) rangli bo‘lgan, qalampir rasmi qizil tusda bo‘lgan. To o‘tgan asrning oltmishinchi yillarigacha bizda ham bolalar do‘ppisi rang-barang edi, tagligi asosan ko‘k yo yashil, ustidagi naqshlari qizil, pistoqi, oq va boshqa tusda bo‘lardi. Ayollar do‘ppisi atrofiga esa yaqinlargacha munchoq qadalgan. Keyinchalik u marjon bilan almashtirildi, ya’ni ko‘zmunchoqlik jihati ortga o‘tib, shaklan unga o‘xshash bezak ashyosi qo‘llana boshladi.

Ana endi, “do‘ppining qora matosi yulduzli osmonni yoki o‘zida cheksiz ma’lumotlarni mujassam etgan butun Koinotni o‘z ichiga sig‘diruvchi “qora tuynuk”ni anglatgani” haqida. Garchi tadqiqotchi bu gaplarni “ba’zilarning fikriga ko‘ra” deya keltirsa-da, davomida o‘zi ham bunga qo‘shilib, do‘ppida butun olamning modeli aks etganini aytadi, “koinot doimiy ravishda kengayib va qisilib boradi, tug‘iladi va o‘ladi. Oxir-oqibatda Koinot yana qandaydir boshlang‘ich bir nuqtaga qaytadi. Shundan keyin yangi davr boshlanib, navbatdagi “katta portlash” yuz beradi”, deb yozadi.

Ajab, “qora tuynuk” atamasini 1967-yili J.A.Uiler qo‘llagan, “katta portlash” nazariyasini Jorj Lemetr 1931-yilda kashf etgan edi-ku? Bizning do‘ppido‘z opalar ulardan necha asr avval bu astronomik hodisalarni kashf etib, kashtaga muhrlab qo‘ygan bo‘ladimi unda?

“Havoyi gaplarni gapirib o‘tirmaylik”, deb yozgan edi Abdulla Qahhor bir maqolasida. Shuning uchun ham “do‘ppi nazariyasi”ni bunyod etib, o‘ta ilmiy, ammo ishonish qiyin bo‘lgan farazlarni ilgari surgandan ko‘ra, uni kiyib, boshimizni baland ko‘tarib yurganimiz afzal.

Qayga borsam, boshda do‘ppim,
Gʻoz yurarman gerdayib.
Olam uzra dong‘i ketgan
O‘zbekiston, o‘zbegim –

deya faxr-u g‘urur tuygan Erkin Vohidov tavalludiga yaqinda to‘qson yil to‘ladi. Shunday ulug‘ shoirimiz hurmati uchun ham do‘ppini boshdan tushirmasak arziydi.

Gap shunchaki bir bosh kiyimida emas. Bilsangiz, oq qalpoq – qirg‘izning iftixori. Har yili 5-martda Qirg‘izistonda “Oq qalpoq kuni” o‘tadi. Bu sana katta bayram qilinadi, maktab bolasidan tortib, davlat rahbarlarigacha – barcha qalpoq kiyadi, millatidan, vatanidan faxrlanadi.

Do‘ppi – o‘zbekning o‘zbek ekanini ko‘rsatuvchi alohida belgi. Bizda ham 365 kunning bir kuni “do‘ppi kuni” deb belgilansa, ayni muddao bo‘lar edi. Ana o‘shanda do‘ppido‘zlikka e’tibor kuchayadi, bu hunar san’atga aylanadi, yo‘qolib borayotgan ne-ne do‘ppi turlari qayta tiklanadi, milliy bosh kiyimimiz yana boshimiz uzra yaraqlaydi.

Zuhriddin ISOMIDDINOV

“Jadid” gazetasining 2026-yil 4-sentyabrdagi 36-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596