12.11.2024 | 11:04
355
SAODAT DARVOZASI
– Agar omadim chopib, Ilhom akaday boy-badavlat bo‘lib ketsam, albatta, maktab quraman. Chunki yangi maktab binosi foydalanishga topshirilgan kuni bolalar-u kattalar ko‘zida porlagan quvonch sururi yuragimda qoldi, – deydi Bulung‘ur tumanidagi 72-maktab direktori Bektosh Qurbonov.

Darhaqiqat, maktab qurmoq shunday bir hotamlikki, Behbudiy bobomiz aytganlaridek, “makotib taraqqiyning boshlang‘ichi, madaniyat va saodatning darvozasidur. Har millat eng avval, makotibi ibtidoiysini zamoncha isloh etib ko‘payturmaguncha taraqqiy yo‘lig‘a kirub madaniyatdan foydalanmas…”
Ko‘p tarmoqli tadbirkor, “Ahmadbek Qurilish Trio” MCHJ bosh direktori Ilhom Rustamovni Samarqandda tanimagan odam yo‘q. U Bektosh Qurbonov rahbarlik qilayotgan 72-maktab binosini yangidan qurdi, bir necha ta’lim muassasalarining ta’miriga sarmoya kiritdi, mahallalarni obod qildi, yo‘llarni yaxshiladi. Ko‘pchilikka o‘rnak bo‘ldi. Qilgan xizmatlari uni el ardog‘iga loyiq qildi. Bugun Ilhom Rustamov “Do‘stlik” ordeni sohibi, faol tadbirkor.
Darvoqe, tadbirkor qurgan maktab Bulung‘urning Chorbog‘ mahallasida joylashgan, bir yarim gektar maydonni o‘z ichiga oladi. Ilgari maktab o‘rnida faoliyatini to‘xtatgan bir firmaning xarobasi bor edi. Yaroqsiz binoni zamonaviy o‘quv dargohi holiga keltirish oson bo‘lmadi. Poytaxt litseylaridan qolishmaydigan bino, uning atrofidagi manzarali daraxtlar, rang-barang gullar… Xullas, chekilgan zahmat o‘zini oqladi. Axir, tadbirkor bir qishloq maktabiga oz emas, qariyb olti milliard so‘m pul sarfladi.
Besh-olti kilometr masofa qatnab o‘qiydigan qishloq bolalarining uzog‘ini yaqin qilish ota-onalarning orzusi edi. Aholining, ayniqsa, mahalla raisi Abdusalom akaning kuyib-pishib “bolaginalar qiynalyapti-da”, deyaverishi tadbirkorning qulog‘iga yetdi.
Ha, mahalla raisini tashkilotlar “yomon ko‘rib” qolgani rost. Negaki, u mahallaning obodligi, odamlarning ehtiyoji uchun ko‘ringanning “boshini qotiradi”. Yordami tegishi ehtimolli odam borki, u vakolatli shaxsmi yo oddiy o‘ziga to‘q oila vakilimi, bundan qat’i nazar, hamkorlikka undaydi. “Meni o‘ziga bosh qilgan elning oldida burchim bor”, deydi u. Zotan, “Chorbog‘” tevarak-atrofdagi boshqa mahallalar oldida farovon ko‘chalari, tinch oilalari bilan ajralib turadi. Bu mahallaning hatto ichki yo‘llariga ham asfalt yotqizilgan. Hamma joy toza, ozoda. Mahallaning saranjom-sarishtaligida Abdusalom akaning bevosita o‘rni bor.
Qishloqning qoq o‘rtasidan o‘tgan anhor bo‘ylab ketar ekanmiz, yo‘l-yo‘lakay hovlilardagi tokzorlarni ko‘rib havas qildik. Maktabga yetgunga qadar birorta ham yerbag‘ir xonadonga ko‘zimiz tushmadi. Bizga peshvoz chiqqan maktab direktori Bektosh Qurbonov: “Opa, shu “bir mahalla, bir mahsulot”, degan gap zo‘r bo‘ldi-da. Bu yerlar lalmi yerlar, uzumi serhosil bo‘ladi, odamlar tomorqadan daromad ko‘rishni kasb qilib oldi”, dedi.
Suhbatimiz tomorqadan boshlanib, yangi maktab mavzusida davom etdi. 2023-yilning 1-sentyabrida foydalanishga topshirilgan 240 o‘rinli ta’lim muassasasi ikki smenada faoliyat yuritadi. 33 nafar malakali pedagog kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining tegishli buyruqlari bilan tanlovga tavsiya etilib, saralab olingan. Ayrim fanlarga mutaxassis yetishmagani uchun boshqa maktabdan bir-ikki o‘qituvchi jalb qilingan, xolos.

Direktordan qishloq maktablarini eng ko‘p qiynaydigan muammo – isitish tizimi haqida so‘radik. Ikkita binoning bitta katta qozon orqali isitilishini ko‘rib savol tug‘ilgandi-da. O‘qituvchi va o‘quvchilardan muammo yo‘qligini bilgach, xotirjam tortdik.
Maktabning sakkizta o‘quv xonasi mavjud: ikkiga bo‘lib o‘tiladigan fanlar uchun ikkita alohida sinfxona, uchta qo‘shimcha darsxona va kutubxona, 120 o‘rinli faollar zali, sport maydoni, parta, doska, shkaf, stol-stullar… Xullas, hammasi risoladagiday.
To‘g‘ri, sport zali hozircha yo‘q. Chiniqtiruvchi mashg‘ulotlar sport maydonida o‘tiladi. Qishda issiqqina sinf xonalarida shaxmat-shashka va yengil mashqlar bilan kifoyalaniladi. Direktorning aytishicha, bu masala tez orada hal bo‘lishiga shubha qilmasa ham bo‘larkan.
– Tumanning maktab va maktabgacha ta’lim boshqarmasida ishlab yurib, binoning qurilish jarayonini ko‘rgandim, – deydi Bektosh Qurbonov. – Dilim ketib, shu maktabga rahbar bo‘lish, uni eng namunali maktablar safiga olib chiqish istagi paydo bo‘ldi. Direktorlar tanloviga hujjat topshirdim. 24-dekabrda direktor vazifasini bajaruvchi sifatida buyruq chiqdi. Yangi yil arafasi. Maktabga kelaman, ketaman. Darslar boshlanguncha kecha-yu kunduz shu yerda bo‘ldim. Ishni nimadan, qanday boshlash kerak, degan o‘ylar, qolaversa, hayajonlar uyqu bermasdi.
Ha, har bir ishning boshlanishi shu ishning yarmiga teng, deydilar. “Chorbog‘” mahallasining o‘qish yoshidagi bolalari to‘rt maktabga yoyilib ketgandi. Muassasaning to‘laqonli ishga tushishi ikkinchi chorak yakuniga to‘g‘ri keldi. Rejalar tuzildi, xonadonma-xonadon yurib, mahalladagi o‘quvchi bolalar ro‘yxati shakllantirildi. O‘quv yilining yarmi emasmi, shu maktabda o‘qiyman, deb xohish bildirganlar soni 200 nafarga ham yetmadi.
– Tashviqotni kuchaytirdik, – deydi direktor. – Bir amallab o‘qishni boshladik, deganimizda katta sinf o‘quvchilari bizni biroz qiynadi. Olib kelamiz, ular avvalgi maktabiga ketib qolaveradi. “Sinfdoshlarim” deydi. Mahalla noziri bilan haftalab o‘quvchilar ortidan yurdik. Xullas, o‘sha kunlari yalinganday bola yig‘dik. Hozir har bir sinfda 35 nafargacha o‘quvchi bor. Endi vaziyat tamomila boshqacha. Yangi o‘quvchilar qabulini cheklashga majburmiz. Ammo maktab binosi, shart-sharoitlari ko‘ngildagiday bo‘lgani uchun hamma bolasini shu yerda o‘qitgisi keladi.
Yangi maktab binosi bilan bir kunda davlat tomonidan qurib bitkazilgan yangi bog‘cha binosi foydalanishga topshirildi. Suyunchisiga “Chorbog‘”ning “bo‘larmon”lari elga osh berdi, ochilish marosimi katta tantanaga aylandi.

72-maktab yon-veridagi o‘quv dargohlardan chora-tadbirlari, ustozlarga qo‘yilgan qat’iy talablari bilan farq qiladi. Faoliyat boshida saralanayotgan o‘qituvchilar oldiga muayyan shartlar qo‘yildi, sinov muddati belgilandi. Ish nizomiga ko‘ra, rahbariyat ularning darslarini kuzatib, to‘rt nafarining faoliyati qoniqarsizligini aniqladi. Dalolatnomalar tuzilib, savol-javoblar o‘tkazildi. O‘qituvchilarning o‘zlari malaka oshirishlari kerakligini tan olishdi. Talabchanlik o‘z kuchini ko‘rsata boshladi. O‘tgan o‘quv yilini uch nafar o‘quvchi oltin medal bilan tugatdi.
– Yangi joyda rahbarlik qilishning bitta yaxshi tomoni bor, – deydi maktab direktori. – Hamma ishni yangi sahifadan boshlaysiz va ish boshida o‘zingiz turasiz. Oldingi rahbarning chalasini to‘ldirmaysiz.
Muammolarni o‘rganish jarayonida bilganim – bitta ish o‘rnini ikki-uch kishiga berib bo‘lmas ekan. Sayyor o‘qituvchining mehriyam sochma bo‘ladi. Bir joyda uzoq ishlagan xodim esa vazifasiga mehr qo‘yadi. Fan o‘qituvchilarini dars soatidan qismaslik lozim. Bir yarim stavkada ishlasa ham mayli. Tup qo‘yib, palak yoysa, muhabbat bilan ishlasa, natijasi ham a’lo bo‘ladi.
Maktab direktorining oqilona fikrlariga biz ham qo‘shildik. Jadidlarimiz orzu qilgan istiqbolli avlodni jahon taraqqiyoti shohsupasiga olib chiqish yo‘lida harakatlar boshlanganidan, yoshlarga e’tiborning kuchayganidan quvondik.
Muhayyo PIRNAFASOVA
“Jadid” gazetasining 2024-yil 8-noyabrdagi 46-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



