Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


07.10.2025 | 09:23

img449

DUNYOGA TUTILGAN KO‘ZGU

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining yaqinda bo‘lib o‘tgan 80-yubiley sessiyasida dunyodagi murakkab geosiyosiy jarayonlarga to‘xtalib, xalqaro institutlar nufuzi zaiflashib borayotgan bir vaziyatda global hamjihatlikni mustahkamlash zarurligini alohida ta’kidladi. Prezidentimizning bu ma’ruzasini, ta’bir joiz bo‘lsa, bugungi dunyoga tutilgan ko‘zgu, deb atash mumkin.

Keling, jahon ayvonida kechayotgan manzaralarga bir qur nazar tashlaylik.

2022-yilda boshlangan Ukraina mojarosi Yevropada 1945-yildan beri kuzatilgan eng katta harbiy to‘qnashuvga aylandi. Yaqin Sharqdagi Isroil – Hamas urushi mintaqada keng ko‘lamli gumanitar inqirozni keltirib chiqardi. Afrika qit’asida joylashgan Sudandagi harbiy to‘qnashuv va Sahel mintaqasidagi terrorchilik faoliyati mintaqaviy beqarorlikni kuchaytirdi. Boshqa tomondan, Osiyoda Tayvan masalasi ortidan AQSH va Xitoy munosabatlari keskinlashib bormoqda. Bularning barchasi geosiyosiy muvozanatning buzilishi va davlatlar o‘rtasida ishonchsizlikning chuqurlashishiga olib kelmoqda.

Texnologik va ijtimoiy tengsizlik ham chandon oshib ketgan. Ilg‘or sun’iy intellekt, biotexnologiya va “katta hajmli ma’lumot” (Big Data) texnologiyalari asosan AQSH, Xitoy va Yevropa qo‘lida jamlangan. Afrika va Lotin Amerikasida esa raqamli infratuzilma rivojlanishga muhtoj. Internetdan foydalanish darajasi Shimoliy Yevropa va Yaponiyada
95 foizdan yuqori, ayrim Afrika mamlakatlarida esa 30 foizdan ham past. Muxtasar aytganda, texnologik taraqqiyot insoniyatni hozircha tenglashtirmagani, aksincha “texnologik elita” va “chetda qolgan omma” o‘rtasidagi masofani yiroqlashtirganini kuzatish mumkin.

Iqtisodiy va gumanitar inqirozlar ortib borayotgani afkor ommada jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020–2024-yillardagi pandemiya, urush va sanksiyalar dunyo miqyosida inflyatsiyaning oshib ketishiga sabab bo‘lgan. Kam foizli kreditlar kamaygani tufayli qator rivojlanayotgan davlatlar qarzni qaytarishda qiynalmoqda. Qolaversa, jahon boyligining qariyb yarmini 1 foiz aholi nazorat qilgani holda, milliardlab odamlar qashshoqlik chegarasida yashayotgani ham ayni haqiqat. BMT ma’lumotlarida aytilishicha, 2024-yili 360 milliondan ortiq odam oziq-ovqat muammosiga duch kelgan. Suriya, Yaman, Afg‘oniston, Gʻazo va Sudan bu borada eng og‘ir nuqtalar bo‘lib qolmoqda. 2023-yili 114 milliondan ortiq inson qochqin yoki ko‘chgan shaxsga aylangani esa tarixiy rekordni yangilagan.

Iqtisodiy inqirozlar va gumanitar ofatlar shu tariqa butun dunyo xavfsizligiga tahdid solmoqda. Natijada AQSH, Xitoy, Rossiya, Yevropa va mintaqaviy bloklardan tashkil topgan ko‘p qutbli dunyo tizimi vujudga kelmoqda. Turkiyaning NATO va SHHT o‘rtasidagi pozitsiyasi, Saudiya – Eron yarashuvi, BRIKSning kengayishi – global muvozanatda “yangi geosiyosiy arxitektura” paydo bo‘layotganidan darak beradi. Bu holatning xavotirli jihati davlatlar o‘rtasidagi raqobat sun’iy intellektdan tortib yadroviy qurollargacha bo‘lgan sohalarda kuchayib borayotganida ko‘rinadi.

O‘ZBEKISTON BUNI ISTAMAYDI

Yangi O‘zbekiston yetakchisi jahon hamjamiyatini mana shunday noxush xatti-harakatlardan tiyilishga chaqirar ekan, BMT va uning asosiy organi – Xavfsizlik Kengashining samaradorligini oshirish alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Bu so‘z zamirida dunyodagi qaynoq mojarolar jarayonida BMTning “muloqot maydoni” sifatidagi ahamiyatini yuksaltirish va tuzilmaning insoniyat uchun global murosa platformasi bo‘lib qolishini ta’minlash istagi mavjud.

Davlatimiz rahbari Xavfsizlik Kengashini isloh qilish zaruratiga bejiz to‘xtalmadi. BMT Xavfsizlik Kengashi 1945-yili AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Rossiya va Xitoy ishtirokida tuzilgan. Ayni vaqtda unda 5 nafar doimiy a’zo va 10 nafar vaqtinchalik a’zo mavjud. Biroq bugunga kelib Kengash faoliyatida qator kamchiliklar ko‘zga tashlanmoqda. Afrika, Lotin Amerikasi va Janubiy Osiyo kabi mintaqalardagi yirik davlatlar, masalan, Hindiston, Braziliya va JAR doimiy a’zolikdan chetda qolib, mintaqaviy nomutanosiblik yuzaga kelgan. Doimiy a’zolardan birining veto huquqi global xavfsizlik masalalarini hal qilishga muntazam to‘siq bo‘lishi odatga aylangan. Bu esa aksar davlatlarning, yetakchilar va siyosatchilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Hatto, tashkilotning global tinchlikni asrash borasidagi o‘rni va roli borasida shubha bildiruvchilar ko‘zga tashlanmoqda.

Xavfsizlik Kengashining isloh qilinishi va kengaytirilishi – barcha davlatlar manfaatlarini teng himoya qilish, zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish uchun o‘ta muhim zarurat. Va bu borada oqilona yechimga kelinishi shart. XXI asrning global muammolari – terrorizm, kiber tahdidlar, iqlim inqirozi va geosiyosiy nizolar Xavfsizlik Kengashi islohotini chindan taqozo etadi. Bu jarayonda rivojlanayotgan mamlakatlarning ovozi va manfaatlari inobatga olinmasa, vaziyatning bundan-da og‘ir tus olishi, xalqaro tashkilotlarning samaradorligi yanada pasayishi mumkin. O‘zbekiston ham, boshqalar ham buni istamaydi.

SIYOSIY IRODA IFODASI

O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida BMT bosh qarorgohida O‘zbekiston tashabbusi bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan bolalar saratoni va boshqa og‘ir kasalliklarga qarshi kurashga oid yuqori darajadagi tadbirga barcha xorijiy hamkorlarni taklif etdi. Bu esa O‘zbekiston Prezidentining nufuzli xalqaro anjumanlar va mashvaratlarda kuzatiladigan fenomenal bir xislati – bashariyat saodatiga daxldor barcha muammolarga jiddiy yondashish, milliy va umuminsoniy mushkulotlarga yechim topish, jaholatga qarshi ma’rifat g‘oyasi asosida, inson qadrini ulug‘lovchi ezgu tashabbuslarni ilgari surish fazilatini yana bir bor namoyon qildi.

Bashariyat befarq bo‘lishi mumkin bo‘lmagan yana bir jihat – gender siyosati ekanini ta’kidlagan Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy-siyosiy hayot va tadbirkorlik sohasida xotin-qizlarning rolini muntazam mustahkamlash borasidagi qat’iy niyatini bayon etib, Osiyo xotin-qizlar forumini doimiy platformaga aylantirish borasidagi tashabbusni bildirdi.

Bizningcha, Prezident nutqining xalqaro darajadagi kulminatsiyasi sifatida e’tirof etish mumkin bo‘lgan yana bir nuqtasi – “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni ta’sis etish va uning qarorgohini O‘zbekistonda joylashtirish taklifidir. “Ertangi kunimiz, dunyoning taqdiri va farovonligi o‘sib kelayotgan yosh avlod qo‘lida. Yoshlarimizning qalbi va ongiga tinchlik, gumanizm va do‘stlik, o‘zaro ishonch va hurmat kabi oliyjanob g‘oyalarni singdirish dolzarb vazifamiz”, deya o‘z taklifini izohlagan O‘zbekiston Prezidentining bu tashabbusi amalga oshsa, nafaqat yurtimizdan, balki jahonning turli mamlakatlaridan minglab-millionlab yoshlarni ezgu g‘oyalar, qarashlar, ta’limotlar, tashabbus va harakatlarga jalb etish mumkin bo‘ladi. Bu tashabbus – nafaqat o‘z millatdoshi, yurtdoshi, dindoshiga nisbatan, balki irqi va e’tiqodidan qat’i nazar, bashariyatning barcha vakillariga yaxshilik sog‘ingan odamning tashabbusidir.

TEXNOLOGIYA INSON UCHUN

O‘zbekiston Prezidenti davlatlar o‘rtasida raqamli rivojlanish va sun’iy intellektdan foydalanishda tengsizlikka barham berish, sog‘liqni saqlash, ta’lim va madaniyat sohalarida insoniyatga sun’iy intellekt tuhfa etayotgan ijobiy yechimlarni beg‘araz almashishda xalqaro hamkorlik mexanizmini yaratish g‘oyasini o‘rtaga tashladi. Bu tashabbusdan ko‘zlangan maqsad – sun’iy intellekt va barcha zamonaviy texnologiyalar odamlarga xizmat qilishi, ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishi, hayotini yengillashtirishi zarurligidir. Demak, sun’iy intellekt iqtisodiy raqobat quroli emas, balki insoniyat taraqqiyoti va inson qadrini yuksaltirish vositasi sifatida ko‘rilishi lozim.

Prezident taklif etayotgan mexanizm tibbiyot sohasi uchun katta imkoniyat yaratadi. Chunki sun’iy intellekt yordamida kasalliklarni erta aniqlash, tibbiy xizmatlarni arzonlashtirish va ommalashtirish, chekka hududlarda ham sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatini yaratadi, bir so‘z bilan aytganda, dard qarshisida ojiz qolayotgan millionlab insonlarning hayoti saqlab qolinadi.

Sun’iy intellektdan to‘g‘ri va samarali foydalanilsa, ta’lim sohasida ham inqilobiy o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Sun’iy intellekt ko‘magida har bir o‘quvchining individual o‘quv yo‘nalishini shakllantirish, chekka hududdagilar uchun ham zamonaviy bilimlardan, talabalar va o‘qituvchilar uchun global bilim platformalaridan bahramand bo‘lish, ilm-ma’rifat sohasida tenglikni ta’minlash imkoniyati yaratiladi.

Sun’iy intellekt iqtisodiyot va fanga, shu jumladan, madaniyatga ham katta hissa qo‘shishi allaqachon isbotlangan. Milliy merosni raqamlashtirish va asrash, turli xalqlarning madaniyatini dunyo miqyosida targ‘ib etish, tez va aniq tarjima orqali madaniy muloqotning kengayish imkoni aynan sun’iy intellekt tufayli tez va samarali ro‘yobga chiqadi, tamaddunlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va ishonch mustahkamlanadi.

O‘zbekiston Prezidentining bu boradagi tashabbusi raqamli texnologiyalar monopoliyasiga barham berib, davlatlar o‘rtasida adolatli sheriklikning rivojlanishiga olib keladi. Shunday ekan, sun’iy intellektdan umumbashariy manfaatlar yo‘lida foydalanish taklifi dunyodagi barcha xalqlar uchun ijobiy ahamiyatga ega. Nafaqat Yangi O‘zbekiston siyosati, balki butun insoniyat hayotida insonparvar va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan bu tashabbus jahon hamjamiyatiga “texnologiya inson uchun” degan ezgu g‘oyani taqdim etdi.

JAHON HAMJAMIYATINING FAOL ISHTIROKCHISI

Shavkat Mirziyoyev BMT minbaridagi nutqida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy singari buyuk ajdodlarimiz qoldirgan boy ma’naviy va ilmiy meros taqdimotini Birlashgan Millatlar Tashkilotida o‘tkazish niyatini bildirdi. Bu tashabbus o‘zbek xalqining o‘zligini anglatish, ma’naviy merosini jahonga tanitish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish va global hamjihatlikka hissa qo‘shish maqsadlarini o‘zida mujassam etadi.

Tahlil qiladigan bo‘lsak, O‘zbekiston Prezidentining BMT minbaridagi barcha chiqishlari mamlakatning ichki va tashqi siyosatida o‘z aksini topgani, ilgari surilgan barcha tashabbus va rejalar hayotga izchil tatbiq etilganini ko‘ramiz. Masalan, muhtaram Prezidentimizning bundan sakkiz yil avval BMT minbarida ilgari surgan “Markaziy Osiyoni tinchlik va hamkorlik makoniga aylantirish” g‘oyasi bugun to‘la amalga oshganiga hammamiz guvohmiz. Qo‘shni mamlakatlar bilan chegaralarning ochilishi, savdo-sotiq va transport hajmining 5 barobargacha o‘sgani, qardoshlar bilan qo‘shma investitsiya jamg‘armalari tashkil etilgani – bularning barchasi yurt rahbari aytgan so‘zlarning amaliy isbotidir.

Mamlakatimiz yetakchisi yuksak minbarlarda bildirayotgan g‘oya va tashabbuslar O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yuksaltirib, uni global muammolar yechimini izlashda jahon hamjamiyatining faol ishtirokchisiga aylantirmoqda.

Abdulhamid MUXTOROV,
“ZIYO” media-markazi rahbari

“Jadid” gazetasining 2025-yil 3-oktyabrdagi 40-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599