07.05.2024 | 20:41
366
EFIRDA DAVLAT TILI DARSLARI

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kungacha dunyoda 30 mingga yaqin til ma’lum muddat muomalada bo‘lib, millatlar, elatlar qorishuvi sababli izsiz yo‘q bo‘lib ketgan. Ayni paytda Yer yuzida mavjud 6 mingga yaqin tilning yarmida 10 ming nafardan kam, chorak qismida esa atigi ming nafarga yaqin odam gaplashadi. Hatto ayrim tillar bor-yo‘g‘i yuz chog‘li odamga xizmat qilayotganiga nima deysiz! Shubhasiz, o‘zligini, o‘zini anglagan har qanday millat ona tilini himoya qilish va uni rivojlantirishga intiladi. Bunday ezgu yo‘lda turli usul va vositalarni ishga soladi. Jumladan, ayni paytda turli mamlakatlarda istiqomat qilayotgan 50 milliondan ortiq kishi so‘zlashadigan, dunyodagi eng boy va qadimiy tillardan biri hisoblangan o‘zbek tili ham bundan mustasno emas. Bu borada davlat va hukumat darajasida bir qator samarali ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, ona tilimiz targ‘iboti va tashviqotini yanada kuchaytirish dolzarb masala hisoblanadi. Shu ma’noda, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Dunyo bo‘ylab” telekanalida o‘zga tilli yurtdoshlarimizga mo‘ljallangan “Экспресс-методика. Изучение узбекского языка” (“Tezkor-metodika. O‘zbek tilini o‘rganish”) dasturini efirga uzatish yo‘lga qo‘yilgani ona tilimiz ravnaqi yo‘lidagi muhim tashabbuslardan biri bo‘lgan, deyish mumkin. Mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qilishini e’tiborga olsak, o‘zbek tilini o‘rganishga ishtiyoqmand aholi uchun mazkur dasturning qay darajada zarurligi yaqqol namoyon bo‘ladi. – Men bir necha yillardan beri o‘zga tilli millat vakillariga o‘zbek tilidan saboq berib kelaman, – deydi mazkur dasturning boshlovchisi, mohir o‘qituvchi Irina Zelenova. – O‘zim O‘zbekistonda ulg‘aygan bo‘lsam-da, rus tilida ta’lim olganman, oilamizda ham asosan shu tilda gaplashar edik. Keyinchalik o‘qituvchilik kasbini tanlagach, o‘zbek tilini o‘rganishim zarurligini angladim. Shu tariqa ustozlarim va turli kitoblar yordamida til o‘rganishga kirishdim. Albatta, bu oson bo‘lmadi. Ko‘pchilik o‘zga tilli millat vakillari qatori talaffuzda va gap qurilishidagi katta farq ancha qiyinchiliklar tug‘dirdi. Ammo tinimsiz o‘qib, yodlab, o‘rganib olganimdan so‘ng o‘zbeklarga rus tilini, boshqa tilli odamlarga o‘zbek tilini o‘rgata boshladim. Mamlakatimizda va xorijda o‘zbek tilini o‘rganishga talab ayniqsa, keyingi yillarda juda oshib ketdi. Mana shunday sharoitda “Dunyo bo‘ylab” telekanalida tashkil qilingan o‘zbek tiliga oid saboqlar katta samara berishiga ishonaman. Bu darslarni nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning boshqa joylarida turib ham bemalol tomosha qilish mumkin. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha mavjud tillarning yarmi XXI asr oxiriga borib butunlay yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida qolmoqda. Bunga ikkita katta sabab ko‘rsatilmoqda. Asosiy omil – o‘sha tilning internet tiliga aylanmagani bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchidan, ular o‘zidan yuqoriroq mavqega ega bo‘lgan tillarning “soyasi”da qolib ketmoqda. Bugun axborot texnologiyalari va raqamlashtirishning barcha sohalarga jadal kirib borishi, muayyan tillarning internet tarmoqlarida axborot almashinuvining eng maqbul usuliga aylanayotgani boshqa tillarning rivojlanishi uchun jiddiy to‘siqlarni yuzaga keltirmoqda. Shunday ekan, har qanday tilning yashab qolishini ta’minlash uchun birinchi galda ularning internet tarmog‘ida faolligini oshirish, turli mobil ilovalar, dasturlar vositasida bunday tillarni oson o‘rgatish usullarini joriy qilish lozim. “Tezkor-metodika. O‘zbek tilini o‘rganish” ko‘rsatuvi ham ayni shunday dastur va metodika asosida tayyorlanmoqda. Dasturda nazariya, amaliyot va doimiy takrorlashlarni o‘z ichiga olgan eng ishonchli va samarali usullardan foydalanilmoqda. Dastur metodikasi o‘zbek tilini onlayn tarzda o‘rgatuvchi eng yirik “Uzbek-online” maktabi mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. O‘qitish o‘zbek tilida ko‘p qo‘llaniladigan so‘zlar lug‘atiga asoslangan holda, doimiy takrorlash usuli yordamida olib boriladi. – Ko‘rsatuvda foydalanilayotgan dasturning mobil ilovasi ham mavjud, u iZi deb nomlanadi, – deydi ushbu loyihaning hamkori Farhod Obidxonov. – Mazkur dastur uch qismdan iborat bo‘lib, o‘rganuvchilar mashg‘ulotning birinchi qismida bir nechta yangi so‘zlar bilan tanishadi. Har bir so‘z uni ifodalovchi rasm, assotsiativ matn va so‘zning to‘g‘ri talaffuzini o‘rgatadigan o‘ziga xos jamlanmaga ega. So‘zlarni eslab qolish alohida takrorlashlar asosiga qurilgan. Mashg‘ulotning ikkinchi qismida yangi grammatik qoidalar tanishtirilsa, uchinchi bosqich amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga oladi. Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, har biri 10-15 daqiqadan iborat bo‘lgan 80 qismli ushbu dastur haftaning seshanba, payshanba, shanba kunlari soat 17.45 da efirga uzatilib, dushanba, chorshanba, juma kunlari soat 11.00 da takroran namoyish qilinmoqda. – Men shu paytgacha o‘zbek tilini o‘rganishga qiynalar edim, – deydi dasturda ishtirok etayotgan yurtdoshimiz Sergey Stopnevich. – Biron tilni ko‘cha-ko‘yda, jonli muloqot asosida o‘zlashtirish boshqa, alohida metodika asosida o‘rganish umuman boshqa ekan. Televideniye orqali efirga berilayotgan ushbu ko‘rsatuv davlat tilimizni oson va tez o‘rganishimda katta yordam bermoqda. O‘zbek tilini mukammal bilish menga o‘z sohamda yanada samaraliroq faoliyat ko‘rsatish, hamkasblarim bilan erkin muloqot qilish va yanada ko‘proq do‘stlar orttirish imkonini berishiga ishonaman. O‘ylaymanki, O‘zbekistonda yashab, faoliyat ko‘rsatadigan har qaysi millat vakili davlat tilini yaxshi bilsa, buning samarasini tez orada his qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tashabbusi bilan tashkil qilingan “Tezkor-metodika. O‘zbek tilini o‘rganish” dasturi O‘zbekistonda yashab faoliyat ko‘rsatayotgan o‘zga millat vakillarining davlat tilini o‘rganishida beminnat ko‘makchi vazifasini o‘tashiga ishonamiz.
Bekzod IBROHIMOV, jurnalist
“Jadid” gazetasi 2024-yil 26 -aprel 18-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



