Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


13.03.2025 | 16:48

img285

“EGILGAN HAR NIHOLNI TURG‘AZIB QO‘YDIM…”

Bolaning o‘zi tusagan ko‘ngil dunyosi bo‘ladi. Unda oydan baland orzular, adoqsiz orzu-niyatlar kamalakrang gulbarg yozadi. Bolaligimizda adabiyotga mehr, mutolaaga oshnolik qalbimizga kitobning suratini muhrlagan…

Darsligimizdagi shoir-yozuvchilarning tarjimayi holini yod olish an’anaga aylanib ketgan kezlar. Zulfiya Isroilova haqidagi saboq meni boshqa olamga yetaklardi. Uning temirchi otasi holatini qayd etgan bitiklari yod bo‘lib ketdi: bosqon tutgan qabariq qo‘llari shunday tasvirlangan ediki, taajjubga tushardim. Oddiygina temirchini sandon va bosqon bilan cho‘g‘ sachratib ishlashini shunchalar zargarona, chiroyli va jonli tasvirlash mumkinmi?  Uning har bir so‘zi xayolimda jaranglar, men shoira bilan yashardim go‘yo. Xayolparastligimdan o‘zim uyalardim, ammo mening otam ham temirchiligidan ko‘nglimda faxr tuyg‘usi qayta to‘lqinlanardi. Bu uyg‘oqlikni faqat mening ko‘nglim tushunardi. Shundanmi, shoiraning she’rlarini qayta-qayta o‘qish kundalik yumushimga aylandi. “Saodat” jurnalining har bir sonini intizorlik bilan kutardim. Uning har bir sahifasini bola nigohim bilan o‘qib chiqardim. Kunlarning birida tahririyatga maktub yo‘llash fikri tug‘ildi. Ammo hayajon bunga birmuncha vaqt yo‘l bermadi. Fursat o‘tib, qat’iy qaror qildim. Tahririyatga yo‘llagan xatimga qisqa muddatda javob olganimda mendan baxtiyor odam yo‘q edi. Xatni bag‘rimga bosaman. Yostig‘imning ostiga qo‘yib yotaman. Yaqin dugonalarimning menga havasi kelardi. Men esa shoiraning she’rlarini takrorlayverardim:

Go‘zal tuproq uzra quyildi oqshom,
Kunduz olar dam,
Jo‘shqin mushoira etadi davom,
Do‘stim, kel sen ham!
Bunda uzoqdagi do‘st bo‘lar yaqin,
San’at, mahoratning bayrami bunda,
Qofiya, so‘z, misra bahslari qizg‘in.
Yuraklar davraga kiradi bunda…

Men shoira tasvirlagan davraning tinglovchisi bo‘lgim, u suhbatlarni uzoq eshitgim kelardi. 1982-yili tahririyat ostonasiga qadam bosib, xalqimizning sevimli shoiralari Oydin Hojiyeva, Qutlibeka Rahimboyeva bilan suhbatlashib qaytarkanman, uzun yo‘lak oxiridagi Zulfiyaxonim nomi yozilgan eshikka hadik va mehr bilan termilib, vujudimda buloqning suvidan totgandek tiniqish va qoniqish his qildimki, bu hisni hali-hanuz unutolmayman.

Salom, mening aziz dugonalarim,
Azizim, lobarim, chevarim qizlar!
Ey, toza qalbimning oshnolari,
Kuylarim ilhomi,sevarim qizlar!

Har oqshom bir she’r dilga ko‘chib o‘tardi. Ko‘chganda ko‘ch-ko‘roni, hayajoni, titroqlari bilan manzil topardi. Sevimli ijodkorlarimiz bilan uchrashgan kunlarimiz – talabalikning oddiy kunlarini bayramlarga aylantirib yuborardi. Jurnal bilan muloqot tahririyatga bog‘lab qo‘ygan damlar ne baxtki, kun kelib shu jamoada bir xodim bo‘lib ishlash nasib etdi.

Ardoqli shoiramiz Halima Xudoyberdiyeva bosh muharrirlik qilayotgan yillar edi. Bunda Zulfiyaxonim ulug‘lik gashtini surayotgan bo‘lsa-da, tahririyatdagi anjumanlarga goh-goh qatnashib turardi. Uning tashrifi, kutib olish jarayonining o‘zigina biz uchun alohida bir saboq edi. Sipo kiyimi-yu, sipo qarashlarining o‘zidan-da  o‘rganadigan sinoatlar borligi vujudingga ko‘chardi. Nigohlaridagi fikrning o‘zi-da dars berardi. Tahririyatga ilk bor xat yo‘llagandagi hayajonlarimga yanada adoqsiz titroqlar qo‘shildi. Zulfiyaxonimning ayollik, onalik va insoniyligi, mehr-u muhabbati, matonati salmog‘ini o‘lchagich mezon yo‘q edi dunyoda. U sabrning dengizini simirdi, kurashib yashamoq iqboli neligini ko‘rsatdi. Irodasi, jasorati bilan o‘zbek ayoli timsoliga aylandi. O‘n yillik hayotining gavhar xotiralari bilan yashab, vafo va sadoqat kuychisi bo‘lib ko‘ngillardan joy oldi:

Hijroning qalbimda, sozing qo‘limda,
Hayotni kuylayman – chekinar alam,
Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,
Men hayot ekanman, hayotsan sen ham!

Ustoz Mirtemir “Zulfiya she’riyatimizning ham, madaniyatimizning ham, yurtimizning ham iftixori! Ulug‘ Vatan faxri!” deya yozganida shoira toleyini ko‘ra olgan edi.

Xalqning ardoqli shoirasi aziz umrining 80 yillik shodiyonasida o‘ziga xos saodatli so‘zini aytdi. Qog‘ozga oynaksiz qadalgan ko‘zlarida shukronalik nuri zohir edi. Buning siri cheksiz yorug‘ ko‘ngil kengliklarining qaytimi deb o‘ylayman. “Men o‘zbekning Zulfiyasiman”, deya she’r bilan so‘zlarini tugatganda butun zalning tik turib, uzoq olqovi shoira so‘zining ming chandon haqligiga she’rparast xalqining odil bahosi edi. Shoiraning ikkinchi umri ham shunday ardoqda kechmoqda.

Zulfiyaxonim nomidagi Davlat mukofotining ta’sis etilishi iqtidorli qizlarni g‘oyat ruhlantirib, hayotda o‘z o‘rnini topishida betakror maktab vazifasini o‘tayotir. Shu bilan birga jamiyat hayotida faol kadrlar – yetakchi qizlarning shakllanishiga mustahkam zamin hozirlamoqda. U muhtarama zot sharafiga haykal o‘rnatilishi mamlakatimizda Ayolga, uning jasorati, sabr-u qanoati, mehnati, vafosi va hayosiga berilgan beqiyos ehtirom bo‘ldi.

Bugun shoiraning izdoshlari saf tortmoqda. Havas bilan minglab qizlar Zulfiyaxonim hayoti va ijodidan g‘oyibona saboq oldi. Qad rostlab, qaddini tikladi. O‘z aytar so‘ziga ega bo‘ldi. Izlanib, o‘rganib niyatni ulug‘ qildi va shu yurtga munosib farzandlar bo‘lib kamol topdi.

She’rni, shoirani sog‘inib yurtimizga bahor mo‘ralaydi. Mana, necha yildirki, Zulfiya haykali qoshida bahorning birinchi kunini kutib olamiz. Bunda betakror shoiramizning o‘zi o‘qigan she’rlari bilan muxlislarini kutib olayotgandek tuyulaveradi. Qulog‘imga uning bir satri quyilib qolgan:

Egilgan har niholni turg‘azib qo‘ydim…

Dilfuza SHOMALIKOVA

“Jadid” gazetasining 2025-yil 7-martdagi 10-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596