Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


05.06.2024 | 17:29

img490

“HAR O‘ZBEKKA AYTAR GAPIM BOR”

shoir va tarjimon Endryu Stenilend bilan suhbat

Endryu Stenilend 1959-yilda Angliyaning Sheffild shahrida tug‘ilgan. Durhem universitetida siyosat bo‘yicha tahsil olgan. Shoirning “To‘rt pyesa”, “Uch kino-she’r”, “Yorug‘lik vazni”, “Ruhiyat chiroyi”, “Yangi she’rlar”, “So‘nmas she’riyat”, “O‘ynoqi she’rlar”, “Tanishuv xatlari”, “Gurjiston bayozi” kabi she’riy to‘plamlari, mansura-romanlari mavjud.

Stenilend O‘zbekistonga ilk sayohatidan so‘ng mumtoz va zamonaviy o‘zbek she’riyatidan tarjimalar qilishni boshlagan. Shu kunga qadar “Navoiydan 12 g‘azal, Cho‘lpondan 14 she’r”, “Nodira va Uvaysiy: tanlangan she’rlar”, “Uch qoraqalpoq shoiri”, “Yangi usul. Yangi she’riyat” kabi to‘p­lamlarni tarjima qilishda katta hissa qo‘shgan. Shuning­dek, o‘zbek mumtoz she’riyatidan ilhomlangan shoir oxirgi yillarda o‘zining “Yangi devon” va “To‘rtliklarda” nomli she’riy to‘plamlari­ni chop ettirgan. 

– Janob Stenilend, avvalo, suhbatga rozilik berganingiz uchun tashakkur. Ayting-chi, o‘zbek adabiyotiga qiziqishingiz qachondan bosh­langan? 

– Aslida, suhbatga chorlaganingiz uchun sizdan minnatdorman. Tarjimai holimda og‘iz ko‘pirtirib aytadigan narsaning o‘zi yo‘q. Angliya janubidagi Chichester shahrida istiqomat qilaman. Oltmish beshni qoralab qo‘ydim, hayotim­ning ko‘pgina qismini she’r yozish va ruhiyatim ustida ishlashga sarfladim. Bu ikkovi ham botiniy mashg‘ulot bo‘lganidan, ko‘p to‘xtalib o‘tirish joiz deb bilmayman. Adog‘i ko‘rinmaydigan yutuqla­rim ro‘yxati yo‘q, lekin bular bilan mashg‘ul ekanimning o‘zi men uchun yetarli.

O‘zbekistonga qiziqishim yaqin yillarda, aniq­roq aytganda, besh yil oldin to‘satdan paydo bo‘lgan. Buxoro va Samarqand tasvirlariga ko‘zim tushdi-yu, yurtingizga tashrif buyurish istagi tinch qo‘ymadi. Ilk bor O‘zbekistonga borganimda bu o‘lkaning naqadar maftunkor va ilhom­baxsh ekani, boy tarixiy-madaniy merosga egaligini kashf etganman.

O‘zbek adabiyotiga qiziqishim esa Alisher Navoiydan bosh­langan. O‘zbekistonga borarkansiz, go‘zal obidalar, sopol idishlar-u antiqa buyumlardan ko‘zingiz quvnaydi, dilbar kuylardan bahra olasiz, milliy taomlardan tatib ko‘rasiz va albatta, har qadamda Alisher Navoiyning nomiga duch kelasiz. Taassufki, uning ijodi juda kam tarjima qilingan. Men ham Navoiy g‘azallarini hamkor tarjimon yordamida ingliz tiliga o‘girish orqali hazrat ijodidan yanada ko‘proq bahra olganman, tajriba orttirganman. Xullas, hammasi shu nuqtadan boshlangan.

– Yuqorida umringizning ma’lum qismini she’r yozishga sarflaganingizni aytdingiz. O‘zbek she’rxonlari she’rlaringizni A’zam Obid tarjimasida o‘qigan. Demak, shoir va tarjimon, ikki mamlakat adabiyotini bilgan ijodkor sifatida o‘zbek va ingliz she’riyatida qanday o‘xshash va farqli jihatlarni ko‘rasiz?

– Shoir va tarjimon do‘stim A’zam Obid “To‘rtliklarda” nomli oxirgi she’riy to‘plamimdan uch-to‘rt she’rni o‘zbekchalashtirgandi.

Bundan minnatdorman, lekin ochiq aytadigan bo‘lsam, she’rlari boshqa tilga tarjima qilingan shoir bo‘lish menga biroz g‘alati tuyi­ladi. Savolingiz­ga esa javob berishim qiyin. Sababi, o‘zbek tilini u qadar mukammal bilmayman, hamkorlikda qilingan tarjimalarim, muharrirlik qilgan ishlarim yuzasidan biron nima deyishim mumkin, xolos. Ingliz she’riyati esa boshqa she’riyat bilan so­lish­tiradigan darajada yaxlit hodisa emas, deb hisoblayman. Mumtoz she’riyatimiz va zamo­naviy ingliz she’riyati bir-biridan juda farq qiladi, nafaqat bir-biridan, balki har birining ichki oqimlarida ham tafovut katta.

– Shu kunga qadar bir qancha o‘zbek mumtoz shoirlari, zamonaviy she’riyat vakil­lari ijodini tarjima qilgansiz. Bular orasida Navoiy, Nodira, Uvaysiy, Cho‘lpon, Ibroyim Yusupov bor. Tarjima jarayonini qanday olib borishingiz haqida batafsil ayta olasizmi? Masalan, tarjima qilinajak she’rlarni saralash, aloqador manbalarni ko‘zdan kechirish, hamkor tarjimonlar bilan ishlash va hokazolar.

– She’rlarni saralash… Qiziq savol bo‘ldi. Bu eng birinchi jarayon hisob­lanadi. Aytmoqchimanki, biror shoirni tarjima qilmoqchimisiz, uning sara she’rlari jamlangan, yaxshi annotatsiya bilan boyitilgan saylanmasini qo‘lga olish kerak. Avvaliga qaysilarini tanlashni hal qilasiz (menda bu doim hamkor tarjimonlar ko‘magi bilan bo‘ladi), keyin esa navbat tarjimaga. Masalan, jadid she’riyatini tarjima qilishga kirisharkanmiz, erkak shoirlar ijodiga oid ma’lumotlarni topish qiyin bo‘lgani yo‘q. Ammo antologiyadagi yago­na shoira – Nozimaxonimning she’rlarini va u haqida kerakli manbalarni topishda ancha ter to‘kdik. Nodira va Uvaysiy she’rlarini topishda ham ayni qiyinchilikka duch keldik. Ularning ba’zi she’rlari haligacha nashr etilmagan ekan! Ingliz noshirlari ulug‘ ingliz shoirlarining nashr etilmagan she’rlari­ga duch kelsa bormi, o‘sha zahoti talashib-tortishib chop etish payida bo‘ladi!

Qaysi she’rlarni tanlashga kelsak, avvalo auditoriyani inobatga olish muhim. Qaysi she’rlar ingliz o‘quvchiga qiziq bo‘ladi, qaysisi tarjimaga mos tushadi, qolaversa, qaysilari kaminaga ma’qul keladi va hokazo.

Tarjima jarayoni esa quyidagicha kechadi: hamkor tarjimonlar menga she’rlarning so‘zma-so‘z tarjimalarini tayyorlab yuborishadi. Ularning taglama tarjimasi mening inglizchaga o‘girishimga asos vazifasini o‘taydi. Bunda she’r shakli, bandlar tarkibi, satrlar hajmi, qofiyalanish tar­ti­bi va bosh­qalar aniqlab olinadi. Qolaversa, bu she’rning ma’nosi o‘zgarib ketmasligini ham ta’minlaydi. Taglama tarjima men uchun xuddi yo‘lboshchiga yoki manzilga eltadigan xaritaga o‘xshaydi. U orqali she’rning ruhiyatiga, ma’nolar olamiga sayohat qilaman. Shuningdek, sayohat davomida menga lug‘atlar ham hamrohlik qiladi. Sirasini ayt­ganda, shu orqali bir tilda yozilgan she’rni boshqa tilga o‘girish, qayta jon kiritish imkoni paydo bo‘ladi. Hamkor tarjimonlar to‘g‘ri yo‘ldan ketyapmanmi, yo‘qmi, aytib ham turisha­di. Shu o‘rinda, “Nodira va Uvaysiy” to‘plami tar­ji­masida katta yordam bergan Nozila Elmi va Aidaxon Bumatovalarga minnatdorligimni yetkaz­moqchiman.

– Siz nafaqat o‘zbek, balki qardosh qoraqalpoq she’riyatidan ham tarjimalarga qo‘l urgansiz. “Uch qoraqalpoq shoiri” nomli to‘plamni nashrga tayyorlashga nima turtki bo‘ldi?

– Eng asosiy turtki to‘plamni tayyorlash jara­yo­nida paydo bo‘ldi. Avvaliga, shunchaki qiziqish yuzasidan o‘rgangan va qachondir tarjima qilsam yaxshi bo‘lardi, deb o‘ylab qo‘ygandim, xolos. Asta-sekin she’rlarning saviyasi va dolzarbligi tosh bosib boraverdi. XIX asrning ikki yirik shoi­ri Berdaq va Ajiniyozni qoraqalpoq tilida forsiyona go‘zal she’rlar yozgan deyish mumkin. Ammo ularning xalq og‘zaki ijodi va turkiy-forsiy mumtoz she’riyati unsurlarini qorishtirib yozgan gibrid she’rlari, qoraqalpoq xalqining dardini qog‘ozga ko‘chirgan asarlari, menimcha, ingliz she’rxoni uchun ko‘proq dolzarb hisoblanadi. Qolaversa, XX asr qoraqalpoq she’riyatining yirik vakili Ibroyim Yusupov ham dilbar lirik shoir bo‘lish bilan birga, Orol dengizi fojiasiga bag‘ishlangan ulkan ijtimoiy she’rlari bilan jahon ahamiyatiga molik deb hisoblayman. Afsuski, bu shoirlar bugungi kungacha dunyo adabiy sahnasida unchalik mashhur emas, hanuz ularning asarlari ingliz­zabon o‘quvchilarga yetib borishi muammosi dolzarbligicha qolmoqda.

– Endi esa bevosita yangi tarjima kito­bingiz – “Yangi she’riyat. Yangi usul” haqida gaplashsak. Jadid she’riyati namunalarini ­ingliz tiliga o‘girish fik­ri qayerdan keldi va bu ishda kimlar sizga ko‘mak berdi?              

– Ilgari ham jadid adabiyotidan tarjimalarga qo‘l urganman. Ilk bor “Navoiydan 14 g‘azal, Cho‘lpondan 12 she’r” deb nomlangan she’riy tarjimalar kitobini e’lon qilgan edik. Navoiy ijodidan tarjimalarim alohida kitob holida illyustratsiyalar bilan boyitilib nashrga tayyorlandi, bu haqda keyinroq batafsil to‘xtalishim mumkin. Cho‘lpon she’rlarini ham alohida to‘p­lam qilish niyatida edim, shundan bo‘lsa kerak, jadid she’riyati antologiya­sini tuzish o‘z-o‘zidan aniq rejaga aylandi. Cho‘lponning o‘n to‘rtta she’rini Avaz­xon Haydarovning taglama tarjimalari yordamida o‘girdim. A’zam Obid bilan hamkorlikda yana to‘rtta she’rini tarjima qildik. Shunday qilib, do‘stlarim Avazxon va A’zam­ning tirishqoqligi bilan jarayon ancha jadal va silliq kechdi.

– O‘zbekistonga bir necha bor kelgansiz, yurtimizning turli go‘shalarini ko‘rgansiz, qolaversa, o‘zbek shoir va tarjimonlari orasida do‘stlaringiz anchagina. O‘zbekiston va o‘zbekistonliklar haqida taassurotingiz qanday?

– Hozircha yurtingizga uch marta sayohat qildim. Birinchi gal borganimda, u yerda bironta tanishim yo‘q edi. Ikkinchi martasida esa allaqachon ko‘rishadigan do‘stlarim ro‘yxatini tuzib qo‘ygandim. Menimcha, shuning o‘ziyoq mamlakatingiz haqida ko‘p narsani anglatadi. O‘zbe­kis­tonga borish har doim o‘zgacha zavq beradi. Juda g‘aroyib, ilhombaxsh, shuningdek, sayohat uchun xavfsiz va qulay ham. Menimcha, har qancha urinmay, O‘zbekistonga birinchi tashrifimdan keyin chop etilgan “Yangi devon” nomli she’riy to‘plamimdagi oxirgi she’rdagidek taassurotla­rim­ni ifodalay olmasam kerak:

Aytsam ta’rifiga so‘z ko‘pdir, biroq

mening har o‘zbekka aytar gapim bor.

Hayratimni haddan oshirgan jihat

Faqat yurt chiroyi emasdir zinhor.

Buxoroning boqiy binolari yo

Samarqandning sirli salobatimas,

Qo‘lingizni ko‘ksga qo‘yishingiz-u

sodda mehringizga qilaman havas.

– Kelgusi rejalaringizga to‘xtalsak. Yana qaysi mualliflar ijodidan tarjima qilishni ko‘z­lab qo‘ygansiz? Qanday adabiy loyihala­ringiz bor?

– Yaqindagina ikkita yangi tarjima to‘plami­miz – “Yangi usul. Yangi she’riyat” va “Uch qoraqalpoq shoiri” nashrdan chiqdi, tez orada inglizzabon o‘quvchilar ommasiga yetib boradi, degan umiddaman. Qolaversa, Dilshodi Barno va Anbar Otin ijodidan tarjima boshlab qo‘yganman. Orada biroz tanaffus qilishga to‘g‘ri keldi-yu, lekin tez orada yana jadal ishlashga qaytamiz, degan niyatdaman. Yuqorida aytganimdek, Aidaxon Bumatova bilan hamkorlikda Alisher Navoiy g‘azallari va ruboiylari­ning illyustratsiyalar bilan to‘ldirilgan kitobi ham bor. Umid qilamanki, tez kunda bu kitob ham nashrdan chiqadi. Aytganday, bulardan tashqari, o‘zimning ijodim ham bor. Axiyri ikki yil deganda yana she’r yoza boshladim. Demak, yangi-yangi she’rlar yozish davri keldi.

– Janob Stenilend, ko‘zlagan rejala­ri­ngiz amalga oshishiga tilakdoshmiz. O‘zbek she’riyati targ‘ibotidan charchamang, yurtimiz va adabiyotimiz bilan hamkorligingiz bardavom bo‘lsin. Suhbat uchun tashakkur!

– Sizga ham katta rahmat. O‘zbekistonga mehrimni, o‘zbek do‘stlarimga samimiy salomlarimni mazkur suhbat vositasida yo‘llashga imkon yaratganingiz uchun minnatdorman. Ko‘rishguncha, deb qolaman. 

Shohrux USMONOV suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasi | 2024-yil 31-may | 23-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599