24.04.2026 | 16:09
1071
EKOLOGIK DIPLOMATIYA YOKI BARCHAMIZ BIR OROLDAMIZ
Xalqimizda “Suv qadrini tashna bilar” degan maqol bor. Umuman, mintaqa tabiatidan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, bu kabi maqol-matallar yondosh qardoshlarimizda ham ko‘p uchrashi shubhasiz. Albatta, neki tanqis bo‘lsa, o‘sha tansiqdir.

Tojik birodarlarimiz suvni “obi hayot” deb ulug‘lashida ham ana shu hayot haqiqati mujassam. Dunyoda ekologik inqiroz jiddiylashib borayotgan bo‘lsa, mintaqamizda bu kulfat ikki karra his qilinmoqda.
Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Mintaqaviy ekologik sammit hamda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining yig‘ilishi Markaziy Osiyoning yaqin o‘n yillikdagi taqdirini belgilovchi tarixiy voqelikka aylandi. Yetakchilar tomonidan Ostona bayonoti, 26-martni Xalqaro Orol dengizi, Amudaryo hamda Sirdaryo kuni deb e’lon qilish to‘g‘risida hamda O‘zbekiston yetakchisini 2027–2029-yillarda jamg‘arma prezidenti etib saylash to‘g‘risida imzolangan qarorlar va O‘zbekiston Prezidenti ilgari surgan o‘ta muhim tashabbuslar ana shunday xulosa chiqarishga imkon beradi.
Tan olish kerak, Markaziy Osiyo mintaqasidagi ekologik xavf-xatarlar va barqaror rivojlanish masalalari so‘nggi yillarda global va mintaqaviy kun tartibining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Suv bundan buyon mintaqamiz uchun yolg‘iz iqlim muammosi emas, balki xavfsizlik masalasiga aylandi. Zero, suvni asrashga yondashuv yomonligi oqibatida mintaqaning yillik yo‘qotishi 2 milliard AQSH dollarigacha yetyapti. Mintaqa aholisining soni 2050-yilga borib 100 million kishidan ortadi, Markaziy Osiyoni suv bilan ta’minlaydigan tog‘ muzliklari esa oxirgi 50 yilda uchdan biriga erib ketdi. Buning ustiga, iqlim o‘zgarishi kuzatuvchilari Markaziy Osiyo mintaqasi dunyoning boshqa qismlariga nisbatan ham kuchli qizib borayotganidan ogohlantirmoqdalar. Yerosti suvlari qochishi, dehqonchilikka yaroqli bo‘lgan yerlarning sahrolashishi ham kuzatilyapti, agar vaziyat shu sur’atda davom etsa, chorak asrdan so‘ng hosildorlik bugungi kunga solishtirganda 40 foiz tushib ketishi mumkin.
Suvdan samarasiz foydalanish oqibatlari allaqachon global miqyos kasb etgan. Orol dengizi tubidagi tuz hatto Shimoliy qutbdan ham topilgan. Ekspertlarning baholariga ko‘ra, 2040-yilga borib, Orol dengizi havzasida suv resurslari taqchilligi deyarli ikki barobar – yiliga 20 milliard kub metrgacha oshishi mumkin. Bu ichimlik suvi ta’minoti, ekologiya, agrar sektor, energetika va ijtimoiy barqarorlik uchun qo‘shimcha xavf-xatarlarni yuzaga keltiradi. Bu umumiy muammolarga nisbatan yagona yondashuvni ishlab chiqish qanchalik muhimligini ko‘rsatadi. Ayrim hududlarda eskirgan infratuzilma ortidan suv yo‘qotishlari 40–50 foizgacha yetadi. Suv va iqlim masalalari ekologik muammo toifasidan chiqib, milliy va mintaqaviy xavfsizlik masalasiga aylandi. U iqtisodiy rivojlanishga, energetika va oziq-ovqat barqarorligiga ta’sir qiladi. Amudaryo va Sirdaryo havzalarining oqimi 2050-yilga borib 5–13 foizgacha kamayishi mumkin.
Suv tanqisligi va qishloq xo‘jaligi daromadlarining tushib ketishi ichki iqlim migratsiyasini keltirib chiqarishi, aholining ommaviy ravishda bosim ostidagi shaharlarga ko‘chishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois mintaqa qat’iy suv tejash iqtisodiyotiga o‘tishi zarur. Iqlim o‘zgarishi faqat suv tanqisligi emas. Bu – ortib borayotgan noaniqlikdir. Oylar va yillar oldindan an’anaviy rejalashtirishga tayana oladigan davr ortda qoldi. Bugun vaziyat keskin o‘zgarib bormoqda. Shu nuqtayi nazardan davlatimiz rahbarining Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Mintaqaviy ekologik sammit va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining yig‘ilishidagi nutqlari ushbu muammolarga nisbatan yangicha konseptual yondashuvni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu nutqlar nafaqat mavjud ekologik muammolarni tahlil etish, balki ularni hal etishning aniq institutsional va strategik mexanizmlarini taklif etishi bilan ham ajralib turadi. Shu jihatdan, O‘zbekiston Ekologik sammitda ilgari surilayotgan “Barqaror kelajak uchun umumiy nigoh” konsepsiyasini zamonaviy ekologik siyosatning asosiy tamoyillaridan biri sifatida qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu yondashuv davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, resurslarni adolatli taqsimlash va innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali umumiy ekologik xavf-xatarlarni yumshatishga qaratilgan.
Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi ekologik hamkorlik so‘nggi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani ham alohida e’tiborga loyiq. Mintaqada “yashil kun tartibi”, iqlim moslashuvi strategiyalari va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan dasturlarning qabul qilinishi ekologik diplomatiyaning institutsional asoslarini mustahkamlamoqda. Bu esa o‘z navbatida, transchegaraviy ekologik muammolarni birgalikda hal qilish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Prezidentimiz tomonidan har ikki sammitda ilgari surilgan tashabbuslar tahlili shuni ko‘rsatadiki, ular strategik jihatdan chuqur o‘ylangan va o‘zaro bog‘liq tizimni tashkil etadi. Masalan, Ekologik sammitdagi nutqda Prezidentimiz ilgari surgan “toza havo” konsortsiumini tashkil etish tashabbusi sanoatni modernizatsiya qilish va atmosfera ifloslanishini kamaytirishga xizmat qilsa, cho‘llanishga qarshi kurash markaziga mintaqaviy maqom berish ilmiy tadqiqotlar va monitoringni kuchaytirish, erta ogohlantirish imkonini beradi. Shuningdek, “Markaziy Osiyo yashil savdo yo‘lagi” tashabbusi ekologik standartlarga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish orqali iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, xalqlarimizning suvga hayot manbayi sifatida ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish borasidagi ko‘p asrlik an’analarini qayta tiklash zaruratiga alohida e’tibor qaratdi. Uning fikricha, agar jamiyatning suvga bo‘lgan munosabati o‘zgarmasa, muhandislik yechimlari kutilgan samarani bermaydi. Shu bois, suvdan oqilona foydalanishni har bir kishining kundalik odatiga aylantirish zarur.
Shuningdek, fermerlar va sanoatchilarni suvni tejovchi zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga amaliy jihatdan o‘rgatadigan “Kelajak suvi” mintaqaviy dasturini ishga tushirish taklif etildi.
Afg‘oniston bilan konstruktiv hamkorlikni mustahkamlash va uni iqlim, ekologiya, qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikka jalb etish muhimligi ta’kidlandi. Istiqbolda Orol havzasidagi barcha mamlakatlar, shu jumladan, Afg‘onistonning huquq va majburiyatlarini hisobga olgan holda suv resurslarini taqsimlash bo‘yicha mintaqaviy shartnomaviy-huquqiy bazani shakllantirish zarur.
Shuningdek, Prezident qo‘shni mamlakatlar yetakchilarini shu yil sentyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumida ishtirok etishga yana bir bor taklif etdi. Bu tashabbuslar Markaziy Osiyoda suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash va ekologik muammolarni hal qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Umuman olganda, davlatimiz rahbarining ikki sammitdagi nutqi Markaziy Osiyoda ekologik siyosatning yangi yondashuvlarini shakllantirishda muhim strategik asos bo‘lib xizmat qiladi. Bu yondashuv zamonaviy “yashil iqtisodiyot” konsepsiyasining asosiy mazmunini tashkil etadi. Agar mintaqadagi davlatlar o‘zaro ishonch, siyosiy iroda va institutsional hamkorlikni mustahkamlasa, Markaziy Osiyo nafaqat ekologik barqarorlikka erishishi, balki global miqyosda raqobatbardosh va innovatsion hududga aylanishi mumkin.
Shunda azaliy maqollarimiz yana jonlanadi, keksalarimiz yana “Suvdek serob bo‘l, bolam” deb duo qilishadi.
Iqbol MIRZO
“Jadid” gazetasining 2026-yil 24-apreldagi 17-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



