13.04.2024 | 14:44
359
ER YIGITNING NOMUSI MILLATINI UYG‘OTAR!

“Barchamiz, eng avvalo, Vatan himoyachisi, tinchlik posboni bo‘lishimiz zarur”.
Mamlakatimiz Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning ushbu so‘zlari kuni kecha poytaxtimizdagi “Turkiston” san’at saroyida ilk namoyishi bo‘lib o‘tgan “Vatan manzumasi” deb nomlangan adabiy-ma’rifiy kechaning bosh g‘oyasini tashkil qiladi. O‘tgan yildan boshlab mazkur adabiy-ma’rifiy dasturning keng miqyosda namoyish etilayotgani xalqimiz hayotida o‘ziga xos ma’naviy hodisalardan biri bo‘ldi desak, mubolag‘asi yo‘q. Chunki xalqimizning dard-u quvonchlari, millatning or-nomusi, ona Vatan sha’ni va sharafi tarannum etilgan she’rlar, go‘zal kuy-qo‘shiqlar va sahnalashtirilgan tomoshalarni o‘zida mujassamlashtirgan dastur hech kimni befarq qoldirmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Kinematografiya agentligi hamkorligida tayyorlangan “Vatan manzumasi” deb nomlangan adabiy-ma’rifiy kechani tomosha qilib, ko‘nglimdan kechgan o‘ylarni yozgim keldi. Chunki bu dastur menga begona emas. O‘tgan yili uning ishtirokchisi edim. Dasturni tayyorlash jarayonida chekilgan zahmatlar, mashaqqatlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Tengdosh yosh shoirlar qatorida sahnada she’r o‘qiganmiz. Buning hayajoni, quvonchi dasturda qatnashgan barcha ijodkorlarning qalbida hamon saqlanib turganiga shubham yo‘q. Ayniqsa, butun mamlakatimiz bo‘ylab safarga chiqib, viloyatlar markazida dasturni namoyish etganimiz barchamiz uchun unutilmas taassurotlarga boy bo‘lgan edi. Aytmoqchi bo‘lganim, “Vatan manzumasi” ko‘pgina shoir-u san’atkorlarga mamlakatimiz bo‘ylab safar qilish, Vatanni yanada yaqindan tanish imkoniyatini tuhfa qilgandi. Axir, Vatan haqida she’r yozgan shoir, u haqda qo‘shiq aytgan hofiz Vatanning bor bo‘y-bastini ham ko‘zi bilan ko‘rib, tasavvur etishi kerak-ku aslida. Bu yil ham sahnada she’r o‘qigan yosh shoirlar ana shunday imkoniyatga ega bo‘lishadi. Bu galgi tadbirning dasturi badiiy-g‘oyaviy jihatdan yanada boyigani yaqqol sezildi. Taniqli shoirlarning Vatan haqidagi o‘tli she’rlari yoshlarning tilida jarangladi, ayrim navqiron qalamkashlar o‘zlarining el-yurt madhiga bag‘ishlangan sara she’rlaridan o‘qishdi. Adabiyot hamma zamonlarda katta kuch ekanligini isbotlab kelgan. Xalqimiz ko‘nglidan munosib joy olgan shunday she’rlar borki, ularni o‘qiganda ham, eshitganda ham yuraklardagi inja tuyg‘ular junbishga keladi. O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyevaning she’rini iste’dodli shoira Guljamol Asqarova sahnada o‘qir ekan, ishtirokchilar ana shunday hissyotlarni boshidan kechirdi:
Har lahzada uyg‘on! Har lahzada o‘s!
O‘stir Xudo degan shu mamlakatni!
Hassos ijodkor Sa’dulla Hakimning yosh shoir Muhammadali Gʻafforovning jarangdor ovozida yangragan “Er yigit” she’ridan o‘rin olgan quyidagi satrlar har qanday yigit qalbida Vatan, millat tuyg‘usini uyg‘ota olishiga ishonaman:
Butun millat yukiga yelka tutar er yigit,
Er yigitning nomusi millatini uyg‘otar.
Shuningdek, Oydin Hojiyeva, Xosiyat Bobomurodova, Qutlibeka Rahimboyeva, Gavhar Ibodullayevalarning o‘tli she’rlaridan ham ajoyib kompozitsiya tuzilganki, Sitorabonu Shomurodova, Nozima Habibullayeva singari qizlarimizning chiqishlarini tomoshabinlar gulduros olqishlar bilan qarshi olishdi. “Alpomishlar yurti bu diyor” deb nomlangan kompozitsiya dasturning eng ta’sirchan ko‘rinishlaridan biri bo‘ldi, nazarimda. Mansur Jumayevning “Layli, ko‘zlaring haqqi, Tohir bo‘lib borarman” degan satrlari zamiridagi “qora ko‘zlaring haqqi-hurmati men poklanib, oppoq bo‘lib boraveraman” degan ma’noni uqqan kishi hayratlanishi tabiiy. Shahriyor Shavkatning “Bugun boshda ozodliging bor, Yaxshi ajrat yaxshi-yomonni, Sendan boshqa ko‘tarolmaydi O‘n to‘rt botmon O‘zbekistonni!” degan da’vati tomoshagohni larzaga keltirgani chin. Ona, ayol zoti kerak bo‘lganda yigitlardek o‘t kechib, yurt himoyasiga otlanishini To‘maris-u Barchinoydek qahramon momolarimiz timsolida yaxshi bilamiz. O‘zbekistonlik xotin-qizlar Ikkinchi jahon urushi yillarida ham mislsiz jasorat namunalarini ko‘rsatganlar. O‘zbek xalqining qahramon qizi Zebo Gʻaniyevaning shonli hayoti bunga yorqin misoldir. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Erqulova ijro etgan “Zeboxon noming uchun” qo‘shig‘i va unga ishlangan video-lavhalarda ana shunday jasorat va qahramonlik go‘zal tarzda badiiy ifodasini topgani uchun ham muxlislarga juda manzur bo‘ldi. “Siz hamisha qalbimizdasiz!” deb nomlangan teatrlashtirilgan kompozitsiyada o‘z davrida harbiy xizmatni o‘tash chog‘ida qahramonlarcha halok bo‘lgan askar va ofitserlarning Vatan himoyachisi bo‘lishga qaror qilgan farzandlari birin-ketin sahnaga chiqib, o‘zlarini tanishtirganida tomoshabinlar qalbini ma’yuslik va armon, shu bilan birga faxr-iftixor tuyg‘ulari qamrab oldi. Goh sokin, goh sho‘x musiqalar fonida ijro etilgan she’rlar tadbir ishtirokchilarining yuragiga chuqur kirib borib, muhrlanib qoldi, deb mubolag‘asiz ayta olaman. Ijtimoiy tarmoqlar ham bugun mana shunday chuqur mazmunga ega tadbirlar xalqimiz uchun juda zarur ekanligi haqida bong urildi. Har bir chiqishni goh zavq-shavq bilan, goh ko‘zida yosh bilan tomosha qilgan ishtirokchilarning nigohidan adabiyot va san’at birlashganda naqadar katta kuchga aylanishini, qo‘yingki, xalqimiz she’r eshitishga naqadar chanqoq ekanligini his qilish qiyin emas edi. Ayniqsa, ushbu she’riy, musiqiy namoyishlar zalda o‘tirgancha sahnadagi xatti-harakatlarni katta qiziqish va hayajon bilan tomosha qilayotgan yoshlar uchun qanchalik foyda keltirishini tasavvur qilsangiz, adabiyot va sa’atning xaloskor kuchiga yana bir bor imon keltirasiz. Zotan, “Vatan manzumasi” yoshlarda toza fikrlar uyg‘onishiga, Vatan tuyg‘usi yanada bo‘y ko‘rsatishiga xizmat qilishi shak-shubhasizdir.
Shodi OTAMUROD, shoir
“Jadid” gazetasi 2024-yil 15-mart 12-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



