Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


02.04.2026 | 12:36

img1853

E’TIBORDAN KUCH OLDIM

Suhbatdoshimiz O‘zFA Polimerlar kimyosi va fizikasi institutining Interpolielektrolit komplekslar va metallopolimerlar laboratoriyasi mudiri, kimyo fanlari doktori, professor Noyira VOHIDOVA yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoniga binoan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

– Noyira opa, avvalo, yuksak davlat mukofotiga loyiq ko‘rilganingiz bilan tabriklaymiz! Prezidentimiz imzolagan farmonda turli sohalarda alohida yutuqqa erishgan xotin-qizlar safida to‘rt nafar olimaning ham ismi zikr etilgan. Ular orasida bo‘lish ham sharaf, ham mas’uliyat demak…

– Inson yutuqqa erishar ekan, bu faqat shaxsiy muvaffaqiyat bo‘lib qolmaydi, balki oilasi, mehnat jamoasi, mahallasi, umuman, jamiyatga daxldor yutuqdir. Ayniqsa, xotin-qizlarning yuksak marralar sari odimlashida atrofdagilarning e’tibori, g‘amxo‘rligi va maslahatlari muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, ushbu mukofotni institutimiz va laboratoriyamiz ilmiy jamoasi mehnatining e’tirof etilishi, deb qabul qildim.

Odatda, ilm ahli sovuqqon aql va jilovlangan his-tuyg‘ular bilan yashaydi. Ilm aniqlik va matonatni talab qiladi. Ammo farmonni o‘qiganda to‘lqinlanib, hayajondan o‘zimni qo‘yarga joy topa olmaganim bor gap. Bir lahzada butun faoliyatim ko‘z oldimda kinotasmadek aylandi.

Bizning avlod ilm olamiga kirib kelgan asrimiz boshlarida mamlakatimizda ilm-fanga bo‘lgan e’tibor va ilmiy muassasalar holati haminqadar edi. Aksariyat o‘rta yoshli olimlar o‘zini tirikchilik izmiga tashlagan, katta avlod esa “qanoatda filcha” bo‘lib, mavjud maktablarni saqlab qolish uchun kurashayotgandi. Avlodlar o‘rtasida ko‘priklar qulayotgan, jamiyatda ziyolilarning mavqeyi tushayotgan davr… Olimlarning sochi dolzarb ilmiy muammolardan emas, aytaylik, oylikdan oylikkacha kun ko‘rish, stressdan chiqib ketish, “propiska”ga oid masalalardan oqarardi. Mana shunday paytda yosh qizlarning bu maydon ichra turishi uchun bilim, xohish va qanoatning o‘zi kamlik qilardi. Bu o‘rinda oilaning qo‘llovi asosiy tayanch bo‘lgan. Ammo hammaga ham bunday tayanch nasib qilmadi o‘sha vaqtda… Bu tomondan siylanganlardanman: avval ota-onam, keyin turmush o‘rtog‘im doimiy ilhom manbaim, mustahkam tayanchim bo‘ldi.

Mana, o‘sha yillar ham ortda qoldi. Agar o‘z vaqtida ustozlar etagidan mahkam tutmaganimda, sabr qilmaganimda, maqsadim yo‘lidagi to‘siqlarga parvo qilmaganimda, bugun bu sharafga loyiq ko‘rilmasdim.

– Olim qadri ham endi avvalgilarga o‘xshamas, degim keldi dil so‘zlaringizni tinglab. Bugun ilm-fan sohasiga kirib kelayotgan xotin-qizlarga havasingiz chandon bo‘lsa kerak?

– Omon Matjondan juda chiroyli o‘xshatish qildingiz. O‘zim ham she’rlar qoralab turaman, ammo mashqlar bo‘lgani uchun e’lon qilmayman. Ta’sirlangan paytlarimda esa beixtiyor ta’sirchan satrlarga murojaat qilaman. Masalan, savolingizga javobni “Oh, sening yoshliging menda bo‘lsaydi!” deb boshlagim keldi.

Prezidentimiz boshchiligidagi izchil islohotlar O‘zbekiston ilm-faniga yangi hayot bag‘ishladi. Fanlar akademiyasi faoliyati takomillashdi, uning tasarrufidagi institutlar qayta tashkil etildi, laboratoriyalarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, olimlar maoshi oshirildi, xalqaro hamkorlikka keng yo‘l ochildi. Birgina misol, ilm-fanning davlat siyosatidagi o‘rnini mustahkamlash maqsadida “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Shuningdek, ilmiy-texnikaviy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiyotda raqobatbardoshlikni oshirish maqsadida “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi. Shu va boshqa hujjatlar Fanlar akademiyasi tasarrufidagi ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyatini tashkillashtirish va tadqiqotlar sifatiga o‘z ta’sirini ko‘rsatayotir.

“Bugun oliygohda o‘qiyotgan qizlarimiz soni 904 mingdan oshib, jami talabalarning 54 foizini tashkil etmoqda. O‘tgan yili 60 nafar qizimiz dunyodagi eng nufuzli oliygohlarga o‘qishga kirgani, albatta, barchamizni quvontiradi. Stajyor-tadqiqotchilar va doktoranturada tahsil olayotganlarning 8,5 ming nafari, ya’ni 61 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani ham e’tiborlidir”.

Shavkat MIRZIYOYEV (Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqdan)

Respublikamizda ilm-fan sohasida faoliyat yuritayotgan ayollarga alohida e’tibor ko‘rsatilmoqda. Jumladan, faqat xotin-qizlar uchun mo‘ljallangan ilmiy loyihalar tanlovi, doktorantura uchun alohida kvotalar ajratilishi dunyoda muqobili kam bo‘lgan holatdir. Keyingi besh yilda yurtimizda 11-fevral – “Xalqaro ilm-fan sohasidagi ayol va qizlar kuni” keng miqyosda nishonlanmoqda. Joriy yilda sana munosabati bilan Toshkent shahrida Markaziy Osiyo olimalari ilmiy anjumani o‘tkazildi. Bu jarayonlardan maqsad bitta: ayollarni nafaqat innovatsiya ishtirokchisi, balki yetakchisi sifatida ko‘rish, birgalikda mintaqani bilim va innovatsiya markaziga aylantirishdir.

O‘qimishli xotin-qizlarni qo‘llashdan millat faqatgina yutadi: jamiyatimizda jasoratli, yuragi katta, o‘ktam, oqil farzandlar ko‘payadi! Zero, xalqimizda “Otasi yaxshi – bittasi yaxshi. Onasi yaxshi – hammasi yaxshi”, degan maqol bejiz aytilmagan.

– Suhbatni ilmiy faoliyatingiz va laboratoriyada olib borilayotgan ilmiy ishlar haqida davom ettirsak.

– Laboratoriyamiz Davlatimiz rahbarining 2020-yil 12-avgustdagi “Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan edi.

Bu yerda interpolielektrolit komplekslar, xelatlar, xususan, nanostrukturali polimer-metall tizimlarni olishning fundamental va termodinamik tamoyillari o‘rganiladi, “sintez-tuzilma-xossa” bog‘liqligi aniqlanadi.

Ilmiy faoliyatimni 2002-yilda Polimerlar kimyosi va fizikasi institutida stajyor-tadqiqotchi sifatida boshlaganman. 2008-yilda nomzodlik dissertatsiyasini yoqlab, uning natijalarini respublikamiz muzeylarida kichik miqyosdagi ta’mirlash ishlarida amaliyotga tatbiq etgandik. 2013-yilda Toshkent viloyatining Ovjazsoy hududidan topilgan noyob paleontologik qazilma – Arxidiskodon qoldiqlarini ta’mirlash va O‘zbekiston hududida bundan 1,8 million yil ilgari hayot mavjud bo‘lganini isbotlovchi mazkur qazilmaning saqlanishida  hissamizni qo‘shganimizdan mamnunmiz. Hozirda qadimgi mamontlarning ajdodlari – Arxidiskodon qoldiqlari Geologiya davlat muzeyida saqlanmoqda.

Aytish joizki, doktorlik ishim hamda innovatsion loyihalar doirasida jamoamiz bilan qishloq xo‘jaligi va veterinariya uchun biologik faol, ekologik xavfsiz preparatlar yaratishga erishdik. Respublika Davlat kimyo va Veterinariya qo‘mitalarida ro‘yxatga olingan “Kuprumxit” va “Nanoapatit” kabi agropreparatlar shular jumlasidan. Har ikkala dori vositasi ham mahalliy xomashyolar, ya’ni tabiiy ipak sanoati chiqindisi – tut ipak qurti g‘umbagidan ajratib olinadigan xitozan asosida sintez qilinadi. “Kuprumxit” – fungitsidlik samarasiga ega biostimulyator hisoblanib, g‘o‘za va bug‘doy urug‘larini ekishdan oldin ishlov berishda qo‘llanadi. Bundan tashqari, bu agropreparat danakli va mevali daraxtlarga zarar keltiruvchi monilioz kasalligining oldini olish va uni davolashda samarali hisoblanadi.

“Nanoapatit” esa tirik organizmlarda kaltsiy va fosfor balansi buzilishi natijasida kelib chiqadigan osteoporoz va osteomalyatsiya profilaktikasi va uni davolashda ishlatiladi. Bugungi kunda mazkur ilmiy mahsulot Veterinariya qo‘mitasi tomonidan parrandalar tuxumdorligini oshirish va ular organizmida mineral moddalar balansini saqlash uchun ozuqasiga qo‘shimcha sifatida ishlatishga ruxsat etilgan.

Shuningdek, tuproq, suv, havo va tirik organizmlarga zararli ta’siri bo‘lmagan o‘simliklarda uchraydigan shira, trips, ko‘sak qurti singari zararli hasharotlarga qarshi mahalliy insektitsidlar olindi va hozirgi kunda ilmiy tadqiqotlarimiz davom etmoqda.

– Ham olima, ham rahbar bo‘lish bir ayolga og‘irlik qilmaydimi?

– Bu ishga qanday qarashga bog‘liq. Anglaganim, rahbarlik va olimlik turli yo‘nalishdagi faoliyat hisoblanadi. Shuning uchun kun tartibimni, kuch-quvvatimni rasmiy va ilmiy faoliyatga barobar taqsimlashga harakat qilaman. Ishonch bildirilgandan keyin uni oqlash kerak-da.

Ba’zan faqat ilm yo‘lidan ketsam-chi, degan o‘ylar ham paydo bo‘ladi. Ammo unda xudbinlik qilgan bo‘lmaymanmi, deyman yana. 8-mart bayramida Davlatimiz rahbarining: “Biz uchun bugungi o‘ta og‘ir va murakkab zamonda oldimizga qo‘ygan ulkan marralarni egallashda yanada birlashib, hamjihat bo‘lib mehnat qilish har qachongidan ham muhim vazifadir. Ishonchim komil, sizdek fidoyi, shijoatli, mehnatkash ayollarimiz, butun xalqimiz bilan birga ezgu maqsadlarimizga, albatta,  erishamiz!” degan so‘zlarini tinglab, kuch oldim, ilhomlandim.

– Noyira opa, mazmunli va teran mushohadali suhbatingiz uchun rahmat! Oldimizda turgan bayramlar munosabati bilan Sizni chin dildan qutlaymiz! Yurtdoshlarimizga tilaklaringiz bo‘lsa, marhamat, bildirishingiz mumkin.

– Qadrli gazetxonlarni, olimalarni, xalqimizni Navro‘z va Ramazon hayiti bilan tabriklayman! Hammaga sihat-salomatlik, baxt-saodat tilayman! Eng asosiysi, yurtimiz tinch bo‘lsin! Millat onalari, ayollari, qizlari ana shu tinchlik uchun o‘z munosib hissasini qo‘shishda bardavom bo‘lsin! Jadid bobolarimiz yoqib ketgan mash’alalar nuri dilimizni hamisha munavvar qilib tursin!

Vasila HABIBULLAYEVA suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2026-yil 20-martdagi 12-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596