Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


24.02.2026 | 12:28

img1240

ADABIYOT – XALOSKOR KUCH, NAJOT TUYNUGI

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon MELIBOYEV bilan suhbat

– Ustoz, “Jahon adabiyoti” jurnali tashkil etilganiga qariyb 30 yil bo‘ldi. Qisqa muddat ichida mashhurlik va manzurlik bobida “otaxon” jurnallar safidan munosib o‘rin oldi. Siz hayot va ijodda katta tajriba to‘plagan paytingiz ushbu jurnalga Bosh muharrir bo‘ldingiz. Keling, suhbatimizni shundan boshlaylik.

– O‘zbek milliy matbuoti og‘ir va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tgan desak, xato bo‘lmaydi. XX asrning 20-30-yillari jurnalistikasi, jumladan jadidlar publitsistikasi bizga bugun juda katta saboq, mahorat, jur’at maktabi bo‘lib turibdi. Jurnal jamoasi ana shu oltin silsilaga qo‘shilganidan hammamiz xursandmiz. Matbuot bilan bog‘liq taqdirim shunday kechdiki, menga “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” haftaligida ikki ulug‘ ustoz – Asqad Muxtor va Odil Yoqubov boshlagan jur’atli ishlarni, “Jahon adabiyoti”da esa yana bir ustoz Ozod Sharafiddinov shakllantirgan mahoratli jamoani boshqarish nasib etdi. Shu bois, omadim kelganidan xursand bo‘lib, ishga jiddiy kirishdim. Buning asosiy sababi – dunyo bugun shiddat bilan o‘zgarib bormoqda. Odamlarning hayot tarzi, insoniy munosabatlar, ma’naviy-axloqiy qadriyatlar qaysi tomonga og‘ayotganini bilish qiyin va bu jarayon hali-veri tugamaydiganga o‘xshaydi. Inson tafakkuri Quyosh sistemasini ortda qoldirib, undan aql bovar qilmas uzoqlikdagi galaktikalargacha yetib bordi, ayni paytda salmog‘i nari borsa “Quvaning anoricha” bo‘lgan Yerda qonli taloto‘plar, yer, suv, boylik talashish, bo‘lingan, tilkalangan hududlarni qayta taqsimlash, begunoh odamlar ustiga o‘q yomg‘iri, bomba va snaryadlar yog‘dirish avjga chiqmoqda.

Bu hali hammasi emas. Sun’iy intellekt siz xohlagan mavzuda ilmiy maqola, dissertatsiya yozib berishi, she’r to‘qishi, nomingizdan sevgi izhor qilingan maktublar yozishi bugun oddiy voqea bo‘lib qoldi. Ilmiy tafakkur rivoji shu yo‘sinda rivojlanar ekan, oradan ma’lum vaqt o‘tib, kitob do‘konlarida robotlar qalamiga mansub romanlar, sarguzasht qissalar, she’riy to‘plamlar paydo bo‘lishi mumkin. Shu xavotir bois, Shukur Xolmirzayevning mashhur “Adabiyot o‘ladimi?” degan savoli yodga tushadi. Bugun bunday tushuniksiz, mavhum vaziyatda badiiy adabiyot nima bo‘ladi, u ham yangi sharoitga moslashadimi yoki o‘zining avvalgi tarbiyaviy mavqeyini, ta’sir kuchini saqlab qoladimi, degan savol tug‘iladi. Negaki, adabiyot deb atalmish yozma ne’mat azal-azaldan Inson qalbi, ruhi uchun xizmat qilib kelgan. Odam nasli boshiga og‘ir falokatlar yog‘ilganda, omonlik yo‘llari torayganda, turfa ixtiloflar jonini garovga olganida adabiyot xaloskor kuchga, najot tuynugiga aylangan.

– Jurnalda asosan boshqa tillardan qilingan tarjimalar beriladi. O‘zbek tiliga o‘girilgan asarlarni nashrga tayyorlashda nimalarga e’tibor berasizlar?

– Bu jarayon oson kechmaydi, albatta. O‘zbek adabiyotida tarjimonlik maktabini yaratgan ko‘plab ustozlar olamdan o‘tib ketishdi. Bugun ularning izdoshlari maydonga chiqishayotir. Mahorat deganlari bir kunda paydo bo‘lmaydi. Ammo yoshlar orasida turli xorijiy tillarga tishi o‘tayotgan tarjimonlar ko‘payayotgani katta yutuq. Tarjima uchun asar tanlashda bizning talabimiz quyidagicha: asar badiiy jihatdan mukammal bo‘lishi, mavzu va maqsadi jihatidan o‘quvchilarimizga biror naf keltirishi, tarjimon asar ruhi va muallif uslubini saqlashga harakat qilgan bo‘lishi kerak.

– Jurnalda e’lon qilinayotgan asarlarning hammasi ham shu talabga javob beradimi?

– Shunday bo‘lishi uchun tarjimonlar bilan jiddiy ishlaymiz, matn ikki-uch bor tahrir qilinadi. Ba’zan bitta so‘z yoki ibora ustida tortishib ham qolamiz.

– Bugun biz tamomila yangicha sharoitda yashamoqdamiz. Dunyo o‘zgarib ketdi. Qarashlar, prinsiplar o‘zgardi. Bunday paytda jurnalistika qanday yo‘l tutgani ma’qul?

– Bugun “eski” professionallar va yosh ijodkor avlod o‘rtasida o‘ziga xos qarashlar kurashi davom etmoqda. Bir tomon matbuotning ta’sirchanligi muhim desa, ikkinchi tomon: “Yo‘q, tezlik muhim” deydi. Bu, afsuski, ozchilikning fikri emas. Jurnalistikani “tik-tok”lashtirish, sohani robotlashtirish harakatlari va IT gigantlari bosimi OAV faoliyati ta’sirchanligini keskin pasaytirib yubordi. Shu bois, ba’zan “Qog‘oz jurnalistikaning umri tugab bormoqda” degan o‘ta mas’uliyatsiz gaplar ham quloqqa chalinadi. Ikkinchi tomondan, yirik media tuzilmalari mo‘may daromad ortidan quvib, sohaning ijtimoiy mas’uliyati hamda axloqiy qoidalarini mensimay qo‘ydi. Ba’zi uzoq-yaqin joylarda matbuot turli bosim va tazyiqlar ostida faoliyat yuritayotir. Buning oqibatida nashrlar o‘z oldilaridagi ijtimoiy-ma’naviy burchlaridan chekinib, “xo‘jayin”larning talabiga qarab ish tutmoqda.

Bu bahsda men hamisha erkin, xolis, tezkor, ta’sirchan, jamiyatdagi ma’lum muammolarni oldindan ko‘rib, bong uradigan jur’atli jurnalistika tarafidaman.

– Matbuotda e’lon qilingan birinchi maqolangiz chiqqaniga oltmish yildan oshibdi. Ko‘p yaxshi-yomon holatlarni boshingizdan o‘tkazgansiz. Biror marta bo‘lsin tanlagan kasbingizdan hafsalangiz pir bo‘lganmi?

– Yo‘q, bunday holat bo‘lmagan. Aksincha, men jurnalist kasbini tanlaganimdan faxrlanib yuraman. Mendan bir talaba: “Agar jurnalist bo‘lmaganingizda boshqa qaysi kasbni tanlagan bo‘lardingiz?”, deb so‘radi. Men “Yana jurnalistlikni tanlagan bo‘lardim”, dedim. “Jurnalistika: 100 savolga 99 javob” deb nomlangan kitobimda bir savol bor: “Bu olamdan hammamiz o‘tib ketamiz. Mo‘jiza sodir bo‘lib, 100 yilmi, 200 yilmi, qachondir bu dunyoga bir kunga bo‘lsin qaytib kelsangiz, bu yorug‘ olamni qayta ko‘rishni nimadan boshlardingiz?”. Bu savolga to‘xtamay, “Kioskalardan bir necha gazeta sotib olib, ularda qanday mavzular yoritilayotgani, adadi, qalam haqi qanchaligiga qiziqardim”, deb javob berganman.

– Bugun yosh ijodkorlarga alohida e’tibor berilmoqda. Yosh qalam sohiblarining birinchi kitoblari chop etilayotir. Adabiyotga kirib kelayotgan yoshlarning ijod namunalari sizni, umuman, ustozlarni qoniqtiradimi?

– Qoniqtiradigina emas, ularning ayrimlariga havasimiz ham keladi.

Davlatimiz rahbari adabiyotga, jamiyatda sog‘lom ijodiy muhit bo‘lishiga alohida e’tibor berib, iste’dodli yoshlarni aniqlash, tarbiyalash, adabiy jarayonga tortishni Yozuvchilar uyushmasi oldiga g‘oyat mas’uliyatli vazifa sifatida qo‘ydi. Bu borada juda katta ishlar qilinyapti. Ijod maktablari gurillab ishlayotir. Zomin seminariga borgan bo‘lsangiz, o‘sha yerda har yili yangi-yangi shoirlar, publitsistlar, tarjimonlar kashf etiladi. Ko‘plari bundan yigirma-o‘ttiz yil avvalgi ijodkor tengdoshlaridan keskin farq qiladi: fikrlari keng, jur’atli. Mashqlarida yangicha bir harorat, hissiy tuyg‘u bor. Buni, albatta, e’tirof etish kerak.

– Bugun mamlakatimizda kitobxonlikka davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilyapti. Ammo adabiy did haqida mushohada kamroqday…

– Adabiyotning muhim vazifalaridan biri hayot voqeligini badiiy ifoda vositalari orqali tasvirlashdan iborat. Adabiyotni, demakki, badiiy tafakkurni yuksak maqomda tutib turadigan, o‘quvchini obrazli mushohadani to‘g‘ri idrok etishga o‘rgatadigan o‘zgarmas qoida bu. “Taom yeyilsa, to‘n kiyilsa, ot minilsa ma’qul” deganlaridek, ijod mahsuli, u qaysi janrda yozilgan bo‘lmasin, saviyasi baland, ega-kesimi o‘rnida, tishli-fikrli bo‘lsa, albatta, o‘qiladi. Bugun adabiyotimizda yuksak saviyali asarlar bilan birga, turfa xotiralar, umr yo‘llari va ulardan anglashiladigan xulosalar asosida yozilgan memuarlar ham yaralmoqda, buning yomon joyi yo‘q. Ammo… o‘quvchi uchun ularning hammasi – hazrati kitob. Kitobxon bo‘lmoqchimi, mukofot olmoqchimi, demak, o‘qishi kerak. “Men o‘nta kitob o‘qidim, o‘n beshta o‘qidim” deyish uchun-da. Bu – noto‘g‘ri yo‘l. Biz bugun yoshlarimizda qanday asarlarga qiziqish borligi, qanday asarlar o‘qilayotgani, boshqa muhim asarlar e’tibordan chetda qolayotganini aniq tasavvur qilishimiz, yoshlarga o‘qish uchun kitob tavsiya qilishda adashmasligimiz zarur.

Chingiz Aytmatovning aksariyat qissalari qirg‘iz xalqining quvonch-u tashvishlari haqida. Ammo, nega endi “Jamila” dunyo xalqlarining yuzdan ortiq tiliga tarjima qilingan? Birgina Germaniyada ushbu qissa qirq marta nashr qilinibdi. Jamilaning yoshidagi olmon ayol qayerda-yu, qirg‘iz Jamila qayerda? Mana shu yerda bir uyg‘unlik bor: ayol hamma joyda ham ayol, u hamma joyda sevishi, sevilishi, hurmatga sazovor bo‘lishi kerak. Buning uchun kurashish ayb emas.

Jurnalning har yangi sonini rejalashtirishda biz tahririyat pochtasi bilan qanoatlanib qolmaymiz, adabiy jarayonda qanday yangiliklar bor, qanday oqimlar paydo bo‘lyapti, deb kuzatib boramiz. Avvallari hind, arab, fors adabiyotiga, endi yapon, koreys, xitoy adabiyotiga qiziqish kuchaymoqda. Shu adabiyotlardan qilingan tarjimalarni o‘qiymiz, taqrizga beramiz, adabiyotshunoslardan maslahat olamiz. Ammo Boltiqbo‘yi, Kavkazoldi, Uzoq Sharq mintaqalari adabiyotidan tarjimalar berishda oqsayapmiz. Avvallari eng mashhur asarlar sovet tuzumi paytida rus tilidan tarjima qilingan. Qizil mafkura qoliplariga to‘g‘ri kelmaydigan joylari qisqartirilgan. Bu bo‘shliqni to‘ldirish ham bizning zimmamizda.

Bir vaqtlar, hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetida ustozimiz G‘aybulla Salomov “Tarjima nazariyasi” degan kafedraga mudirlik qilib, hammamizni tarjimonlik mahoratiga o‘rgatgan. Shu kafedrani tiklash vaqti keldi, nazarimizda.

– Ustoz, jurnaldan jurnalistikaga qaytsak. Sakson yoshni qarshilayotgan, qariyb 60 yillik tajribaga ega jurnalist sifatida bugungi kun ushbu sohada kadr tayyorlash tizimini qanday baholaysiz? Talabalarga aytar gapingiz va tavsiyalaringiz bormi?

– Afsuski, bugun jurnalistika fakultetlarida o‘qiyotgan talabalarning ko‘pi to‘rt yillik umrini behuda sovurayotganini ko‘rib achinaman. Tanlagan kasblariga qiziqish yo‘q. “Qani, so‘nggi hafta ichida gazetalarda chop etilgan qaysi maqolalarni o‘qidinglar?, deb so‘rasangiz jim turib qolishadi. Bitta talaba o‘rnidan dast turib, “Ustoz, siz bizni gazeta o‘qishga majburlayapsizmi?”, dedi ajablanish bilan. Bu gap kimga yoqar, kimga yoqmas, ammo haqiqat shuki, bunday talabalar kechasi mashina bozorida, dorixona yoki kafeda, yana boshqa bir joyda ishlaydi. Ertalab o‘qishga boradi. Qo‘lida bir varaq qog‘oz yo‘q. O‘tgan darsni so‘rasangiz, ensasi qotadi.

Qohira universitetida jurnalistika fakulteti faoliyati bilan tanishganman. O‘quv yili boshida, masalan yuzta abituriyent hujjat topshirsa, hammasi qabul qilinar ekan. Bir semestrdan keyin o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga qarab oxirgi yigirma beshtasi talabalar safidan chiqariladi. AQSH, Fransiya, Belgiyada bo‘lajak jurnalistlarni asosan mustaqil fikrlashga, tahlil, qiyos, bahs olib borish, ishontirish mahoratiga o‘qitishadi. Har bir muammo yechimi yuzasidan to‘g‘rimi, bahslimi, o‘z fikring bo‘lsin, uni qisqa va tushunarli ifoda etishing kerak, deyishadi.

Biz ham shu tajribalardan foydalanishimiz mumkin-ku. Ammo… hozircha jurnalistikaga jiddiy qiziqib, o‘quvchilik yillariyoq qo‘liga qalam olib, xat-xabarlar yoza boshlagan talabalar soni bu sohaga tasodifan kirib qolgan talabalar sonidan ko‘p emas. 1969-yili jurnalistika fakultetiga kirish uchun hujjat tayyorlaganimda, keyingi besh yil ichida matbuotda e’lon qilingan ellikdan ortiq maqolamni ham topshirganman. O‘sh viloyati gazetasi tahririyatidan “Bu yigit bizda faol qatnashib turadi, qo‘li ancha kelib qolgan, undan yaxshi jurnalist chiqishi mumkin,” degan tavsiya ham olib kelganman. Taassufki, bu talab bugun yo‘q. Har o‘quv yilida fakultetga qay darajadagi yoshlar kelishini bilmaymiz. Bir yili bitiruvchi talabalar bilan suhbatlashar ekanman, ularga: “Nima uchun jurnalistikani tanlagansiz?” degan savol berdim va javobni anonim tarzda yozishlarini so‘radim. Auditoriyadagi 52 ta talabadan 14 tasi telesuxandon bo‘lishni orzu qilishgan, to‘rttasi “Falonchi diktorning kostyumchiklarini havas qilganman”, deb yozdi.

– O‘tgan yili to‘rtta kitobingiz chop etilibdi. Gazetalarga maqolalar yozasiz. Gazetamizda bosilgan “Cho‘zma lag‘mon”ni miriqib o‘qidim. Shuncha ishga qanday ulgurasiz?

– Kitoblar bir kunda yozilmaydi. Ko‘p yillik izlanish, mehnat mahsuli. Muharrirlik meni (qo‘lida qalami bor boshqa muharrirlarni ham) tez ishlashga, shu kunning muhim gapini boshqalardan ko‘ra avvalroq his etishga, qog‘ozga tushirishga o‘rgatdi. Ish faoliyatida turli holatlar bo‘lib turadi. Oldingizga taniqli ustoz ijodkorlar, iste’dodli yoshlar keladi. Jurnal talablaridan kelib chiqib, ko‘p tarjimalarni qayta ishlash zarurligini aytamiz. Ba’zan boshqa bir muallif tarjima qilib, allaqachon kitob bo‘lib chiqqan ishlar ham keladi. Qaytaramiz. Juda yoqimsiz holat yuzaga keladi. Bir ijodkorning ishini qaytarish uchun muharrirning o‘zi ijodkor bo‘lishi kerak.

– Ahmadjon aka, ikki ulug‘ daho – Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kunlarda Siz bilan suhbatlashib o‘tiribmiz. Jurnalda bu zotlar haqida ko‘p maqolalar beriladi…

– Avvalo, buyuk bobolar qatori bu ikki dahoga bo‘lgan munosabat keyingi yillarda nafaqat yurtimizda, balki dunyoda tubdan o‘zgardi. To‘g‘rirog‘i, Prezidentimiz olib borayotgan tarixiy adolat siyosati boshqa mamlakat va xalqlarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot ta’sis etilishi, Andijonda Bobur shahri barpo etilishi barobarida kuni kecha Pokistonning Islomobodida Bobur bog‘i bunyod etilgani olamshumul voqeadir. Bashariyatga namuna tarzida ko‘rsata oladigan ma’naviy xazina o‘ziga xos ma’rifiy diplomatiya bo‘lib, millatni tanitishga, hurmat qilishga va hisoblashishga asos bo‘ladi. Bizning qo‘limizda ana shunday qudratli vosita bor. Faqat buni o‘zimiz, ayniqsa, yoshlarimiz teran his qilib, chuqurroq o‘rganishimiz kerak.

Shu ma’noda jurnalimiz an’anaga ko‘ra Alisher Navoiyga bag‘ishlangan tadqiqot maqola bilan boshlanadi. Mening o‘zim publitsist sifatida shu ikki dahoning maktublarini jiddiy o‘rganaman. Behbudiy o‘zining “Xat yozmoq shartlari” maqolasida badiiy asar yozishda bo‘lgani kabi, xat yozishda ham ma’lum qoida va shartlarga amal qilmoqlik lozimligini uqdiradi: “Xat borib tegadurgon odamni mulohaza qilib, oni fahm va bilishig‘a muvofiq yozmoq lozim. Xatni kamso‘z, ser’mano yozmoq kerak. G‘azab va xafalik va yo nihoyat xursand va behushlik vaqtinda xat yozmay, holoti daraji e’tidolg‘a kelganda maktub yozmoq avlodur”.

Maktubnavislik murakkab san’at. Insho, munshaot ham ijod. Abdurahmon Jomiy hamda Alisher Navoiyning bir-birlariga va boshqa ulug‘ insonlarga yozgan maktublari nihoyatda nozik va zarif, nuqtadonlik va mehribonlik tuyg‘ulari bilan sug‘orilgan. Boburning shaxsiy hayoti va qoldirgan boy ma’naviy merosi uning shoh va shoir sifatidagi murakkab taqdirini o‘rganish bilan birga, bugungi yangi avlodni har jihatdan barkamol qilib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda uning farzandlariga yozgan maktublari davlat arbobi, sarkarda va shoir haqidagi taassurotlarimizni boyitadi, uning zamonga, yon-atrofida kechayotgan voqealarga, farzandlariga nisbatan munosabatini oydinlashtiradi.

Bir-ikki misol. Boburning o‘g‘li Humoyun mirzoga yo‘llagan maxfiy maktubi (vasiyati)da quyidagi satrlar bor: “Ey farzand! Hindiston mamlakati turli mazhablardan iborat. Subhonollo taolo haqqi senga buyurildiki, har bir mazhabga pok qalb bilan qaragin, har bir mazhab va tariqatga adolatli bo‘l. Xususan, sigirni qurbon qilishdan saqlanginki, bu Hindiston xalqining qalb ardog‘i va bu viloyat ahlini podshohga yaxshi nazar bilan bog‘laydi. Islomning taraqqiyoti ehson tig‘i bilan yaxshiroqdur, zulm tig‘i bilan emas. Ahli sunnat va shialarning ikir-chikiridan ko‘zingni yum. Chunki islomga qarshilar bor. Turli e’tiqoddagi xalqlarni teng tutginki, shunda saltanat har xil tashvishlardan xoli bo‘ladi”.

Bobur Humoyunning javob maktublarini o‘qir ekan, ulardagi xato va g‘alizliklarni ko‘rib, o‘g‘lini koyiydi: “Yana men degandek, bu xatlaringni bitibsen va o‘qumaysen, ne uchunkim, agar o‘qur xayol qilsang edi, o‘quyolmas eding. O‘quyolmagandin so‘ng, albatta, tag‘yir berur eding. Xatingni xud tashvish bila o‘qusa bo‘ladur, vale asr-u mug‘laqdur. Nasri muammo hech kishi ko‘rgan emas. Imlong yomon emas. Agarchi xeyli rost emas, iltifotni “to” bila bitibsen, qulunjni “yo” bila bitibsen. Xatingni xud har tavr qilib o‘qusa bo‘ladur, vale bu mug‘laq alfozingdin maqsud tamom mafhum bo‘lmaydur. G‘olibo xat bitirda qohillig‘ing ham ushbu jihattindur. Takalluf qilay deysan, ul jihattin mug‘laq bo‘ladur. Bundin nari bet takalluf va ravshan va pok alfoz bila bit: ham senga tashvish ozroq bo‘lur va ham o‘qig‘uchig‘a”.

Humoyunga yozilgan xatlardan birida ma’lum bo‘ladiki, ota nabirali bo‘lganini eshitib, xursand bo‘ladi, ammo unga qo‘yilgan ismdan ranjiydi: “Ismga “al” qo‘shilmaydi, “Al’amon”ni el “Alamon” deb talaffuz qiladi. Ism qo‘yishda avomning talaffuzini inobatga olmoq kerak.

Bu ma’lumotlarni keltirishimdan maqsad, imlo masalasi faqat Humoyunda emas, bugungi ko‘p yoshlarimizda ham nochor ahvolda. Qo‘l yozuvimiz yo‘qolib bormoqda. Bunga bee’tibor bo‘lmasligimiz kerak.

– Samimiy suhbat uchun katta rahmat ustoz! Sog‘-omon bo‘ling!

Suhbatdosh:
Zarnigor IBROHIMOVA

“Jadid” gazetasining 2026-yil 13-fevraldagi 7-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599