13.03.2026 | 16:57
963
GERTI TEREZA KORI – UGLEVODLAR ALMASHINUVI SIRLARINI OCHGAN NOBELCHI
1901–2025-yillarda Nobel mukofoti bilan 67 nafar ayol taqdirlangan bo‘lib, 30 nafari aynan ilm-fan yo‘nalishida. Ular orasida qahramonimiz ajralib turadi.

BIOGRAFIYA
Gerti Tereza Kori 1896-yil 15-avgustda Praga shahrida tavallud topgan. Zodagon oila qizi avval uyida ta’lim oladi, keyin tabiiy fanlarga ixtisoslashgan qizlar gimnaziyasida o‘qiydi. Oliy ta’limni tibbiyot bo‘yicha tugatadi.
Universitetda bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Karl Kori bilan tanishdi. Tahsil davri Birinchi Jahon urushi tufayli og‘ir sharoitda kechdi, ammo ilmga ishtiyoq yoshlarni tibbiyotga yanada yaqinlashtirdi, o‘zaro munosabatlarini sinovdan o‘tkazdi. 1920-yilda ular turmush qurdi va ikki yildan keyin siyosiy beqarorlik va iqtisodiy qiyinchiliklar sababli AQSHga ko‘chib o‘tdi. Shu yerda eng muhim ilmiy kashfiyotlari amalga oshdi.
KORI SIKLI
Olimaning ilmiy ishlari uglevodlar almashinuviga bag‘ishlangan bo‘lib, u glikogenning organizmda qanday parchalanishi va qayta sintezlanishini molekulyar darajada tushuntirib berdi.
Glikogen – inson va hayvon organizmidagi uglevodlarning asosiy zaxirasi. U minglab glyukoza molekulalaridan tashkil topgan murakkab zanjir bo‘lib, asosan, jigar va mushaklarda to‘planadi. Qonda qand kamayib ketsa, organizm zaxiradagi glikogenni parchalab, glyukozaga aylantiradi va quvvat sifatida ishlatadi.
Gerti Kori mana shu jarayonni kashf etdi va ilmiy tushuntirib berdi. Uning sharafiga bu aylanma harakat Kori sikli deb fanga kiritildi.
Jismoniy harakat paytida mushaklardagi glikogen parchalanadi va energiya beradi. Bu jarayonda qoldiq mahsulot sifatida sut kislotasi (laktat) hosil bo‘ladi. Laktat mushaklardan qonga o‘tadi va jigarga boradi. Bu yerda qayta ishlanadi va glyukoza hosil qiladi. Sikl oxirida ushbu glyukoza mushaklarga qaytadi va glikogenga aylanadi. Jarayon organizmning energiya muvozanatini ta’minlaydi.
SALOMATLIK UCHUN AHAMIYATI
Gerti Kori glyukozo-1-fosfatni ajratib oldi (keyinchalik “Kori efiri” deb atalgan). Shuningdek, u glikogen fosforilazasi fermentini chuqur tadqiq qildi va glikogen to‘planish kasalliklarining biokimyoviy sabablarini aniqlashga katta hissa qo‘shdi. Bu ishlar zamonaviy endokrinologiya va metabolik kasalliklar biokimyosining rivojlanishiga asos bo‘ldi.
Olimaning tadqiqotlari diabet, gipoglikemiya va irsiy glikogenoz kasalliklarini tushunishda yangi sahifa ochdi. Uning ilmiy ishlari energiya almashinuvi buzilishlari bilan bog‘liq kasalliklarni tashxislash va davolash usullarini ishlab chiqishga xizmat qildi.
Bugungi kunda metabolizm, sport tibbiyoti va klinik biokimyo sohalarida qo‘llanayotgan ko‘plab nazariy tushunchalar aynan uning tadqiqotlariga tayanadi.
E’TIROF
Fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti ta’sis etilganidan so‘ng qariyb yarim asr xotin-qizlar bu yo‘nalishda taqdirlanmadi. Nihoyat, 1947-yilda bu “qoida” buzildi va “glikogenning katalitik aylanishi jarayonini kashf etgani uchun” Gerti Kori laureatlar safidan joy oldi.
Uning yana bir yutug‘i – ilm-fanda ayollar kamsitilishini yengib o‘ta olganida. O‘sha paytda AQSHning ko‘plab universitetlarida er-xotinning bitta kafedrada ishlashini taqiqlovchi ichki qoidalar bo‘lgan. Shu sababli, Karl Koriga nufuzli lavozimlar taklif qilinganda, Gertiga faqat past maoshli texnik xodim bo‘lish sharti qo‘yilgan, unga professorlik maqomini berishdan bosh tortishgan. Uzoq yillar u teng mehnat qilishiga qaramay, amaldagi tartibdan 10 baravar kam maosh olgan.
Ko‘p hollarda ularning birgalikdagi kashfiyotlari faqat “Karl Korining ishi” deb talqin qilingan. Faqat Nobel mukofotini olganidan keyingina, Vashington universiteti Gerti Koriga rasman professor unvonini berishga majbur bo‘lgan.
Jasmina ISROIL tayyorladi.
“Jadid” gazetasining 2026-yil 6-martdagi 10-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
161
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
117
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
154



