Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


18.04.2024 | 14:51

img415

GO‘ZAL AXLOQ SOHIBALARI

Poyonsiz kengliklardan tortib, tumanli tog‘lar, hatto bog‘imizda barq urgan gullar, maysalar ham buyuk bir mukammallik namunasidir. Bobur Mirzo: “Yana sahni chaman bo‘ldi munaqqash rang gullardin, Magarkim, sun’ning naqqoshig‘a rang imtihonidur”, deb yozganida ana shunday mumtoz go‘zallik qoshida shoirona hayratga cho‘mgan bo‘lsa, ne ajab. Oddiy chechakdan bol yiqqan arilar, daraxt novdasida sadafdek terilgan mevalaru undan rizqlangan qushlarda ham Yaratganning chevarli­gini, san’atini ko‘rish mumkin. Lekin butun borliqdagi yaratiqlar orasida, shubhasiz, inson eng mukammalidir. Hayot erkakka ota bo‘lish, ayolga ona bo‘lishdek cho‘ng mas’uliyatni yuklarkan, ularga mos vazifalarni iqtidorlariga ko‘ra taqsimlaydi. Bu borada, ayniqsa, ayolning o‘rni nihoyatda muhim, u zurriyodlarni dunyoga kel­tirib, hayotning bardavomligini ta’minlaydi. Jahondagi turlicha qarash va maf­kura, madaniyat sohiblari bo‘l­mish ayrim xalqlarda ayolning hayot­dagi o‘rni va mavqei turli mezonlarda baholanadi. Shu bilan birga, qadimda ayol ojiza sanalib, inson o‘rnida ko‘rilmagani yoki aksincha, unga iloha sifatida sig‘inishlar bo‘lgani ham tarixdan ma’lum. Buyuk o‘tmishi Islom dini ila sharafli bo‘lgan Turk dunyosi xalq­larining ayollar haqidagi ta’rif va tavsiflari bisyordir. Zotan, ayollar o‘zlarining iffat, sabr, sadoqat kabi fazilatlari bilan har jihatdan ibrat namunasi bo‘lib kelgan. Hozirga qadar ham ulug‘ momolarimiz nomini iftixor ila yodga olamiz. Ayniqsa, o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, uyg‘ur ona­lari, qiz va kelinlari otalari, erlari va akalarining ortida turib, dushmanga qarshi mardonavor kurashishgani, Vatani, tuprog‘i va or-nomusini himoya qilish uchun jonini fido etganlarini tarix bot-bot eslatadi. O‘zbek ayollari haqida so‘z yuritganda ularga xos fidokor, sadoqatli, vafoli, mehribon, sabrli, mehnatkash kabi fazilatlarni faxr bilan ta’kidlagan bo‘lardim. Men 1991-yil Turkiyaga O‘zbekistondan kelgan talaba yoshlar bilan tanishdim. 1992–1993-yillarda O‘zbekiston dav­lat jahon tillari universitetida turk tili bo‘yicha sa­boq berish uchun kelganimda, ayol hamkasblarim va ularning onala­ri bilan yaqindan tanishib, o‘zbek ayol­lariga xos jihatlarni kashf etdim. Toshkentdagi mahallalardan birida ijarada turgan paytimda ham qo‘shnilarimiz mendan muntazam xabar olar, taomlaridan ilinardi. Ko‘pincha ular bilan suhbatimiz umr­boqiy an’analarimiz, turmush tarzimiz va, albatta, adabiyot haqida bo‘lardi.  Toshkent shahrida ishlagan paytimda hamkasb sifatida taniganim va yoshi onam tengi professorlar – Baxt­li, Hilola, Favziya ismli opalari­mizni bugun o‘zgacha bir sog‘inch bilan esga olaman. Tanaffus va tushlik mahalida ular kaminani siy­lab, o‘z o‘g‘illariday ko‘rib, iltifot ko‘rsatishardi. Nimaki bo‘lsa birga baham ko‘rib o‘rgangan bu mehribonlarim ko‘pincha: “Tansiqqina manti keltirdim, bir osham palov bor, Muhiddin… Kel-chi, birga yeymiz!” deyishardi. 1993-yil aprel oyida o‘sha payt­dagi Turkiya rahbari Turgut O‘zal O‘zbekistonga tashrif buyuradigan bo‘ldi. Mamlakat endigina mustaqillikka chiq­qan, iqtisodiy yetishmovchilik, qiyinchiliklar ko‘p edi. Mehmonlar safida Anqara universiteti rektori G.Akbay’i ham borligi, u men dars berayotgan universitetga kelishi xabar qilindi. Tantanali qabullardan keyin meh­mon rektor: “Sizning bo‘limingiz qayerda? Qani, bir ko‘raylik-chi, Muhiddinbey”, dedi menga. Xona­larimiz oddiygina, rektorga ma’qul bo‘ladigan darajada muhtasham ham emas, degan o‘y bilan noiloj yo‘l boshladim. Ichimda: “E, Xudo, o‘zing baxayr qilgin”, deb tinimsiz duo o‘qirdim. Ammo xonaga kirganimizda moʻjiza ro‘y bergandek bo‘ldi: xonamni umuman taniyolmay qoldim! Chiroyli parda­lar osil­gan, oynalar oldida gullar yashnab ochilib turar, stollarga yangi to‘­shamalar tashlangan, bir so‘z bilan aytganda, nihoyatda ko‘rkam va sarishta ko‘rinish kasb etgandi. Shu bizning xonamizmi, deb qayta yo‘lakka chiqib qarab ham keldim. Yo‘q, aniq bizning xona! Unda kim uni bunday go‘zal holatga keltirdi? O‘ylab o‘yimga yetolmasdim. Bunda, albatta, ayol kishi­ning, nozik did egasining qo‘li borligi kunday ravshan. Ammo kim u? Meni bu mushkul vaziyatdan, xijolatdan qut­qar­gan najot farishtasidan, u kim bo‘li­shidan qat’i nazar, ich-ichimdan minnatdor edim. Devorga esa, mehmon o‘laroq kelgan rektorning go‘zal bir surati ilingan. Hamkasbim Zaki So‘zer ham birga edi. U ham hayron. Xullas, shu kuni mehmonlar bizdan juda rozi bo‘lib, mamnun holda qay­tib ketishdi. Kayfiyatim nihoyatda ko‘tarinki edi. Axir, hammasi a’lo darajada yakun topgan edi-da. Ertasi kuni ma’lum bo‘ldiki, sizga aytib o‘tganim – Baxtli opamiz, Xadicha, Oysha xonim va boshqalar­ning sa’y-harakati tufayli xonamizga shunday fayz kirgan ekan. Ularning bu yordamlarini hech qachon yodimdan chiqarmayman, hamisha minnatdorlik va ehtirom bilan esga olaman. O‘shanda xonamiz 12 ta til kafedrasi orasida eng olqishga lo­yiq topilib, televideniye, gazetalarda e’tirof etildi. Xonimlarga xonani be­zatgan nar­sa­la­rini olib ketishlari­­ni aytganim­da ular: “Olib ketib nima qilamiz? Qarang, qanday yarashib turibdi. Ular bizdan sizga sovg‘a”, deyishdi. Bu umrim davomida olgan eng aziz sovg‘a bo‘lib xotiramga muhrlandi. O‘zbek qizlaridan iborat talabalarim eng go‘zal axloq, tarbiya sohibalari edi, desam aslo adashmagan bo‘laman. Oradan garchi ko‘p yillar o‘tgan bo‘lsa-da, qalbining go‘zalligi, shafqat va marhamat tuyg‘ulari­ga hamohang ismlari, siymolarini hurmat bilan xotirlayman. San’at va adabiyot sohasida ham dunyo tan olgan o‘zbek ayollari ko‘p. Ularning sharafli faoliyatini o‘rganish va dunyoga tanitish lozim. Bu borada Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bilan hamkorlikda ish olib borish niyatimiz bor. Men qariyb yigirma besh yildirki, Bishkek shahridagi Manas universitetida dars berib kelaman. Bu yerda ham o‘zbek do‘stla­rimiz bor. Ahamiyatli jihati, ularning barchasi o‘zlarining qadriyatlari, urf-odatlarini ko‘z qorachig‘idek asrab kelishadi. Qizlar, ayollar milliy liboslarda yurishadi. O‘zligini unutgani yo‘q. Ularning bu fazilatini ta’riflashga so‘z ojiz. O‘tgan yili Turkiyada yuz bergan dahshatli zilzila bizning yurtimizga misli ko‘rilmagan talafot kel­tirdi. Ana shunday qiyin va sinovli paytda o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, ozar qardoshlarimiz bizning xalqimizga birinchilardan bo‘lib yordam qo‘lini cho‘zdi. Ularning bu marhamatini kelajak avlod hech qachon unutmaydi va hamisha minnatdor bo‘lib yodga oladi. O‘sha damda qayg‘umizga sherik bo‘lgan o‘zbek shoirlarining she’rlarini o‘qib, to‘g‘risi, ko‘zlarimiz namlandi. O‘zbek filologiyasi muta­xassisi Sabohat Bozorova jamlagan to‘plamda Nazira Boymurodova, Hafiza Egamberdiyeva, Lola Sobirova, Umida A’zam kabi shoiralarning hamdard o‘laroq yozgan she’rlaridan qalbim nihoyatda to‘lqinlandi. Ularga, butun o‘zbek ayollariga xalqimiz nomidan tashakkur va ta’zimlar izhor etib qolaman.  

Muhiddin GUMUSH, Qirg‘iziston-Turkiya Manas universiteti professori, turkolog, yozuvchi

“Jadid” gazetasi 2024-yil 29 -mart 14-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img88

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600