Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


06.07.2024 | 10:54

img593

“GO‘ZAL CHO‘LPON EDIM…”

O‘zbek adabiyotining buyuk namoyandasi otashnafas shoir, nozikta’b nosir, mohir tarjimon Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon asarlarini o‘qimagan kitobxon bugun yurtimizda kam topilsa kerak. Haqiqat egiladi, bukiladi, ammo sinmaydi, deganlaridek, bir qator o‘zbek ziyolilari – shoir va yozuvchilar, olim va ma’rifatparvarlar o‘tgan asrning o‘tti­zinchi yillari oxiri va elliginchi yillar boshida qamoqqa tashlandi.

Ularning ko‘pi, xususan, o‘ttiz yettinchi yil qatag‘oniga uchragan­lar­ning aksariyati qatl etildi, Sibirga surgun qilindi. Ular millatimiz erki, ozodligi, yurtimiz kelajagi uchun qayg‘urgan, muqaddas ona zaminimiz yot unsurlar oyog‘i ostida topta­lishiga qarshi kurashgan fidoyi insonlar, millatimizning o‘zligini, boy qadimiy ma’naviy va moddiy merosini asrab-avaylashga intilgan, ayni vaqtda xalqimizni, xususan, yosh avlodni yangilikka, ilm-ma’rifatga da’vat etgan, bu ilg‘or g‘oyani odamlarimiz ong-u shuuriga singdirish uchun turli usullar o‘ylab topgan, yangicha maktablar, teatr­lar ochgan jadid bobolarimiz edi. Ular jismonan yo‘q qilindi, asarlari taqiqlandi, hatto ushbu asarlarni o‘qigan, uyida saqlagan odamlar ham hibsga olindi.

 Benazir shoir Cho‘lponni ham ana shu qattol zamon o‘z domiga tortdi. U qirq yoshida (1938-yil) qatl etildi. Asarlarini nashr etish u yoqda tursin, borlarini o‘qish ham man etildi.

Istiqlol tufayli ko‘plab ma’rifatparvar bobolarimiz qatori Cho‘lpon asarlari ham nashr etila boshlandi. 1991-yil 25-sentyabrda Cho‘lponga mustaqil O‘zbekiston Respublikasining Navoiy nomidagi Davlat mukofoti berildi. Milliy ozodlik uchun kurash yo‘lida ko‘rsatgan matonati, jasorati va buyuk xizmatlari hamda o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun 1999-yilda u “Mustaqillik” ordeni bilan taqdirlandi. She’riy va nasriy asarlari qayta-qayta nashr etilmoqda, she’rlari, g‘azallari xonandalarimiz tomonidan kuylanmoqda.

Qalandardek yurib dunyoni kezdim, topmayin yorni,
Yana kulbamga qayg‘ular, alamlar birla qaytdim-ku.
Muhabbat osmonida go‘zal Cho‘lpon edim, do‘stlar,
Quyoshning nuriga toqat qilolmay yerga botdim-ku.

Ushbu misralar bilan aytiluvchi ashulani bir necha xonanda, xususan, O‘zbekiston xalq artisti Ma’murjon To‘xtasinov ijrosida ting­laganmiz. Lekin ushbu xotira-maqolada mazkur g‘azal­ning boshqa xonanda talqini haqida, shu asnoda o‘sha buyuk san’atkor ijodi xususida muxtasar fikr yuri­tish­ni lozim topdik.

* * *

Shunday iste’dodli ijodkorlar bo‘ladiki, hayotligidayoq mumtoz san’atkor darajasiga erishadi, o‘z san’ati bilan bir emas, bir necha avlodni tarbiyalaydi. Ularning nomi va asarlari asrlar davomida xalq xotirasida yashaydi.
Elimizning buyuk san’atkorlaridan bo‘lgan Hali­ma Nosirova ana shunday benazir san’at ustalari toifasidan edi. U o‘tgan asrning o‘ttizinchi yillaridayoq xalq qalbiga kirib borgan, 24 yoshida (1937-yilda) “O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Bunday san’atkorlar haqida gap ketganda, ular­ning nomi yonida har xil epitetlar, unvonlar-u ta’riflarga ehtiyoj qolmaydi. Zero, ularning nomi­yoq hamma narsani aytib turadi. Shu ma’noda, Halima Nosirova nomi bugungi kunda ham mamlakatimiz san’at shinavandalari uchun g‘oyat e’zozli va qadrlidir.
Halima opa kuylagan o‘nlab qo‘shiqlar, turli spektakllarda ijro etgan rollar hamon san’at muxlislari yodida. Uning qo‘shiqlarini bugun ham qayta-qayta eshitamiz. Halima Nosirova kuylagan “Ushshoq”, “Samarqand ushshog‘i”, “ Cha­pan­dozi navo”, “Chorgoh”, “Segoh”, “Sayyora”, “Ey, yor, xush kelibsiz”, “Chaman ichra”, “Men o‘zbek qiziman” kabi qo‘shiqlar milliy qo‘shiqchilik san’atimizning oltin xazinasidan joy olgan. “Maysaraning ishi”, “Gulsara”, “Tohir va Zuhra”, “Zaynab va Omon” kabi o‘zbek operalarida Halima opa ijro etgan bosh partiyalar san’at muxlislari yodida. Milliy opera san’atimizning ko‘plab yosh ijodkorlari Halima Nosirova mahoratini o‘rganadi, bu ulug‘ san’atkor ijodini o‘zlari uchun bir maktab sifatida qabul qiladi.
Buyuk insonlarning aksariyati hayotda g‘oyat kamtar va oddiy bo‘ladi. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi tahririyatida ishlagan yilla­rimda Halima opa bilan bir necha marta muloqot qilganmiz. Dastlabki suhbatda men opaning nihoyatda qadar kamtar va soddaligidan hayratga tushganman. Nahotki men sahnada ko‘rgan, ashulalari­ni hayajon bilan tinglagan afsonaviy san’atkor ro‘paramda o‘tirgan mana shu opa bo‘lsa, deb ajablanganman. Chunki o‘zini yuqori tutish, men falon san’atkorman, deb g‘ururla­nish, kibr-havo, boshqalarga mensimay qarash kabi odatlar opa­ga mutlaqo begona edi. Bir safar uzun o‘rilgan sochini yosh qizlardek o‘ynab o‘tirgani hamon ko‘z o‘ngimda. Bunday suhbatlarda opa san’at, adabiyot, hayot haqida to‘lib-toshib so‘zlardi, ustozlari haqida to‘lqinlanib gapirardi. Ayni vaqtda, ko‘zga tashlangan yosh xonandalar, aktrisalar to‘g‘risida hayajon bilan so‘zlab, bunday iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga har tomonlama yordam berish kerak, deb ta’kidlardi.
Kamina Halima opa bilan ijodiy safarlarda birga bo‘lganman. 1979-yili Ozarbayjonda o‘tgan O‘zbekiston adabiyoti va san’ati dekadasi shulardan biri.
Bir voqea kechagidek esimda. Ozarbayjonning Yevlax tumanida Mingechaur suv ombori bor. Suv ombori deyilsa-da, aslida juda katta ko‘l ekan. Unda kemalar, katerlar suzadi. Mezbonlar o‘zbekistonlik mehmonlar hurmati uchun ana shu suv omborida katerda sayohat tashkil etishdi. Sayohat nihoyatda zavqli, qiziqarli va hayajonli kechdi. Shu tufayli bo‘lsa kerak, bir mahal Halima Nosirova qo‘shiq boshlab yubordi:

Muhabbatning saroyi keng ekan, yo‘lni yo‘qotdim-ku,
Asrlik tosh yanglig‘ bu xatarlik yo‘lda qotdim-ku.

Xonandaning sehrli ovozi hammani rom etdi, o‘zaro gurunglar, shovqin-suronlar tindi. Kater­ning ovozi eshitilardi, xolos. Qo‘shiq tobora avjiga chiqardi. Musiqa yo‘q, ammo ashula, ya’ni Halima opaning jarangdor ovozi atrof­ga keng yoyilar, u butun vujudi bilan berilib kuylardi. Gʻazal ham go‘yo ushbu safar uchun yozilganday edi:

Karashma dengizin ko‘rdim, na nozli to‘lqini bordir,
Halokat bo‘lg‘usin bilmay qulochni katta otdim-ku.

Ovoz sehri, g‘azal so‘zlari bir-birini to‘ldirib borar, shu tufayli birov miq etmasdi. Halima opa ichki bir entikish bilan berilib kuylardi. U ko‘zlarini yumib olgan, xayolan qaylardadir kezardi naza­rimda. Balki, Boku teatr texnikumida o‘qigan yillarini eslayotgandir, o‘zini o‘sha yillarda yurganday tasavvur qilayotgandir. Boshqalar ham qayerda ekanini unutgandi go‘yo.

Ajab dunyo ekan bu ishq dunyosi, ayo do‘stlar,
Bu dunyo deb u dunyoni bahosiz pulga sotdim-ku.

Uning gulzorida bulbul o‘qib qon ayladi bag‘rim,
Ko‘zimdan yoshni jo aylab alamlar ichra botdim-ku.

Qalandardek yurib dunyoni kezdim, topmayin yorni,
Yana kulbamga qayg‘ular, alamlar bir-la qaytdim-ku.

Qo‘shiq tugadi. Hamma jim. Nazarimda, qo‘shiq va uning so‘zlari sehridan hech kim chiqib ketolmasdi.
Men Halima opaning ko‘plab qo‘shiqlarini eshit­gan, uncha-munchasining so‘zlarini bilar edim. Bu ashulani eslolmadim. Ammo g‘azal so‘zlari tanishday tuyulardi. Qayerdadir o‘qigan edim. Cho‘lponning uslubiga o‘xshaydi. Nega unda g‘azal so‘ngida shoirning nomi keltirilmadi? Shoirning 1926-yilda arab alifbosida bosilgan “Tong sirlari” degan yupqagina kitobida o‘qima­gan edimmi bu g‘azalni?! (Shu kitobni o‘qish uchun arab alifbosini o‘rgangan edim). Shunga o‘xshaydi… Opadan so‘rashga istihola qilib, professor Laziz Qayumovga shu haqda gap ochdim. Laziz aka bu ashula Cho‘lpon g‘azali bilan kuylanganini aytdi. Demak, farazim, o‘ylaganim to‘g‘ri ekan. Laziz akaning aytishicha, Halima opaning bilim doirasi keng, yuragida Vatanga, millatga mehr-muhabbati nihoyatda baland ekan. Cho‘lpon, Usmon Nosir singari buyuk shoirlarimiz ijodini yaxshi bilar, tor doiralarda ularning ijodidan namunalar ijro etar ekan. Ochiq aytishga, tabiiyki, zamon yo‘l bermagan.
Oradan yillar o‘tib Cho‘lpon asarlari nashr qilingach, men ushbu g‘azalni topib o‘qidim. E’ti­borlisi shundaki, u 1920-yili Bokuda yozilgan ekan. Boz ustiga Halima Nosirova Boku teatr texnikumida tahsil olgan. Balki, Bokuda o‘qib yurgan kezlari­da ham bu g‘azalni ashula qilib aytib yurgandir opa. O‘sha damlarni yodga olgan bo‘lsa, ne ajab. Halima opa shu ashulani bekorga, tasodifan kuylamagan. Gʻazalning oxirgi ikki satrini ongli ravishda tushirib qoldirgan:

Muhabbat osmonida go‘zal Cho‘lpon edim, do‘stlar,
Quyoshning nuriga toqat qilolmay yerga botdim-ku.

Agar ushbu satrlar aytilganda bu g‘azal Cho‘lpon qalamiga mansubligi ayon bo‘lib qolardi. Halima opa chuqur mulohazali, sezgir va hush­yor san’atkor edi-da…
O‘tgan asrning yetmishinchi yillarida Cho‘lpon asarlarini o‘qigan odamlar juda kam edi. Cho‘lponning mashinkada ko‘chirilgan bir turkum she’rlarini tengdoshlarim qatori men ham o‘qigan edim. “Kecha va kunduz” romanining mashinkada ko‘chirilgan nusxasini navbatma-nav­bat o‘qigandik. Muhlat ikki kun. Men ham ikki kunga olib, kecha-kunduz o‘qib qaytarib berganim yodimda.

Halima Nosirova serqirra san’atkor edi. U faoliyatini 1927-yilda aktrisa sifatida boshlagan.
O‘zbek davlat namuna sayyor truppasida “Revizor” spektaklida Mariya Antonovna, “Malikayi Turandot”da Malika rollarini ijro etgan. Aktrisa keyinchalik bir qator musiqali dramalardagi bosh rollarda chiqib, ham aktrisa, ham xonanda sifatida mahoratini namoyon etgan. Bu ­uning opera san’atiga kirib kelishiga yo‘l ochadi. Y.Brusilovskiyning “Er Targ‘in” operasidagi Oqjunis obrazi Halima Nosirovaning opera san’atida kuylagan birinchi partiyasi edi. Ilk o‘zbek operalari hisob­langan “Bo‘ron”da (G.Vasilenko va M.Ashrafiy asari) Norgul, “Layli va Majnun”da (T.Sodiqov va R.Gliyer asari) Layli partiyalarida ham chiqadi. Shundan keyin qator jahon klassik va o‘zbek milliy operalarida bosh partiyalarni ijro etadi. Ular orasida S.Yudakovning Hamza asari asosida yozgan “Maysaraning ishi” operasidagi Maysara partiyasi alohida ajralib turadi. Bu rolni yuksak darajada ijro etib, o‘zbek opera san’atida ilk hajviy obrazni yaratdi. Maysaraga xos xatti-harakatlar, uddaburonlik, topqirlik, komik sa’y-harakatlarni Halima Nosirova yuksak darajada talqin qilgani mutaxassislar tomonidan e’tirof etilgan. Xonanda san’atidan nainki yurtimiz aholisi, Osiyo, Yevropa, Amerika qit’alari­ning ko‘plab mamlakatlari san’at muxlislari ham bahramand bo‘lgan.
Halima Nosirovaning o‘zbek teatr, qo‘shiqchilik, ayniqsa, opera san’ati rivojiga qo‘shgan ulkan xizmatlari yuksak baholangan, o‘z davrining eng oliy unvon va mukofotlari bilan taqdirlangan. 2000-yilda esa u kishi mustaqil O‘zbekistonning “Buyuk xizmatlari uchun” ordeniga sazovor bo‘lgan edi.
Bu ulug‘ san’atkor haqida ko‘plab tadqiqotlar yozilgan, yana yozilajak. Zero, Halima Nosirova ijodi – misli bir ummon. Ushbu san’at ummonidan hali ko‘p yillar xalqimiz, ayniqsa, yosh xonanda va opera ijrochilari bahramand bo‘ladi. Halima opaning boy ijodiy merosi yoshlar uchun mahorat maktabi vazifasini o‘tayveradi.
Buyuk shoirimiz Cho‘lponning “Muhabbat osmonida go‘zal Cho‘lpon edim, do‘stlar” satrli g‘azalini entikib kuylagan Halima opaning o‘zi ham san’at osmonida Zuhro yulduzi kabi porloq, nurli edi-da. O‘ylaymanki, o‘zbek millati bor ekan, bu yulduz sira so‘nmagay, uning jilosi xalqimiz, xususan, yoshlarimiz qalbini ezgulik, ma’rifat nuri ila munavvar etib turaveradi.

Mamatqul HAZRATQULOV


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605