09.05.2024 | 15:26
342
GULXAN RANGLARI
Oxirgi marta qachon gulxan atrofida gurung qilgansiz? Eslay olasizmi? Agar yodingizda bo‘lsa, sizga havasim keladi. Sababi, mening esimda yo‘q, chunki o‘n yil, yigirma yil emas, juda ko‘p bo‘lgan bunday zavqni tuymaganimga. Ha, gulxan atrofida to‘planib, dildan suhbat qurish kishiga betakror zavq, huzur-halovat beradi.

Tasavvur qiling: tun, atrofni oy nuri yoritib turibdi, qayerdandir chigirtkaning chirillashi eshitildi, o‘rtada gulxan… Darvoqe, gulxanning rangiga, hidiga e’tibor berganmisiz? Gulxan necha xil rangda tovlanadi? Qizil deysizmi? Yo‘q, unda faqat qizil emas, sariq, ko‘kish, hatto oq va yana qanaqadir ranglar bor. Biz kamalak rangiga oshufta bo‘lamiz, ammo gulxan rangiga ahamiyat bermaymiz. Holbuki, gulxanning sonsiz ranglari, ularning tovlanishi, raqqosalar kabi o‘ynoqlab, jilvalanib yonishi naqadar go‘zal, naqadar fusunkor. Gulxanning isini aytmaysizmi! Biron marta bo‘lsin hidlaganmisiz? Bu hidni hech narsa bilan tenglashtirib bo‘lmaydi! Gulxanning chirs-chirs yonishi-chi? Qandaydir musiqani yodingizga solmaydimi?! Bular qalbga orom, dilga rohat, asabga malham beradi. Go‘zallik deganda beixtiyor gulni tasavvur qilamiz. Chunki gul – go‘zallik, nafosat ramzi. Biroq astoydil go‘zallik istagan odam hamma narsadan uni topa oladi, barcha mavjudotda ko‘radi go‘zallikni. Men yaqinda gulxan go‘zalligidan bahramand bo‘ldim, uning zavqiga oshno, maftun bo‘ldim. Uning jilva qilib, eshilib, to‘lg‘anib yonishiga termulib o‘tirarkanman, ozgina fursatga bo‘lsa-da, barcha g‘am-u tashvishlarni unutdim, vujudimdagi jamiki g‘uborlar ko‘tarildi, gulxanning ta’riflab bo‘lmas darajadagi tafti ruhimni tozaladi, juda yengil tortdim. Eng muhimi, oltmish yillar ortga qaytdim, yon-atrofimda o‘tirgan talaba yigit-qizlar yoshidagi davrimga tushdim go‘yo. Ishonasizmi, o‘zimni ulug‘ yoshdagi kishi emas, yigirmaga borib-bormagan, tog‘ni ursa talqon qiladigan, qadamidan o‘t chaqnaydigan yigit kabi seza boshladim. Go‘yo ko‘zlari yonib turgan yigit-qizlar o‘rtasida yoshi bir joyga borgan “yigit” o‘tirardi. Ular ham asta-sekin meni tengqurlari kabi ko‘ra boshladi. Va davramiz tengdoshlar gurungiga aylandi. Avvaliga sal tortinib, iymanib turgan talabalar erkin, ochiq va dadil gapirishga o‘tdi. Kutilmagan savollar, turli-tuman takliflar aytildi. Hatto bir talaba universitetning birinchi prorektoriga “dashnom” berib: “Domla, bu davrani tashkil etish haqida gap ketganda, emin-erkin o‘tiramiz, ochiqchasiga gurung qilamiz, rasmiy kiyimlarni yechib tashlaymiz, degan edingiz. Aytganingizga amal qilib, hamma oddiy kiyimda, hatto mehmonlar ham, siz esa loaqal bo‘yinbog‘ingizni yechmapsiz”, dedi. Hamma qarsak chaldi. Prorektor Alibek Gʻafforov zamonaviy, madaniyatli rahbar ekan, talabaning e’tirofidan ranjimadi, mamnun bo‘ldi. “To‘g‘ri aytasan, shunday deganman. Afsuski, uyim uzoq bo‘lgani uchun kiyimimni almashtirib kelishga ulgurmadim. Ammo sizlar bunga e’tibor bermanglar”, dedi. Ellik-oltmish atrofida talaba yig‘ilgan. Biri qo‘yib, ikkinchisi she’r o‘qiydi, savol beradi, raqsga tushadi. Kaminaning bir hikoyasi asosida sahna ko‘rinishi tayyorlashibdi. Bir necha talabalar o‘zlarining she’rlarini o‘qidi. Vaqt o‘tib boryapti. Lekin hech kimning ketgisi kelmaydi, aksincha she’rxonlik, bahs-munozara, fikr almashish, savol-javoblar avjiga chiqadi. O‘rtada gulxan lovullab yonadi. Havo ham g‘oyat moʻtadil. Prorektor qulog‘imga shivirladi: “Vaqt ancha mahal bo‘ldi, charchamadingizmi? Balki, tugatarmiz. Ertaga yana bir necha uchrashuvingiz bor”. Soat necha bo‘lganini ham so‘ramadim. “Yana biroz o‘tiraylik. Bunday davra har doim bo‘lavermaydi”, dedim. Ko‘pincha bunday tadbirlar nomigagina, rasmiyatchilik uchun o‘tkaziladi. Shunaqa holatlarda Abdulla Oripovning “Ko‘lmak davra ko‘rsam ezilar ko‘nglim”, degan misrasi yodga keladi. Bugungi davra nihoyatda jo‘shqin, toshqin. Ishtirokchilarning tuyg‘ulari, hissiyotlari, hayajonlari ichiga sig‘mayapti. Ularni to‘xtatish uvol edi… Bu davra – Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida o‘tgan tadbirlardan biri. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur loyiha ijrosini ta’minlash uchun Yozuvchilar uyushmasi tomonidan shoir va yozuvchilar ellik ikki guruhga (har bir guruhda uch nafar shoir va yozuvchi) bo‘linib, mamlakatimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalariga yo‘l oldi. Ular avval muayyan universitet yoki institutda, so‘ngra o‘sha oliy ta’lim muassasasiga biriktirilgan maktablarda uchrashuvlar o‘tkazayotir. Biz – “Jamiyat” gazetasi bosh muharriri, taniqli jurnalist Maqsud Jonixonov, shoira Zuhra Eshonqulova Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti, Samarqand davlat tibbiyot universiteti talabalari hamda ularga biriktirilgan oltita maktabda uchrashuvlar o‘tkazdik, talabalar, o‘quvchilar bilan ochiq muloqot qildik, “Yashil makon” tadbiri doirasida talaba va o‘quvchilar bilan birgalikda daraxt ko‘chatlari ekdik. Avvalo shuni alohida ta’kidlash kerakki, ushbu loyiha zamirida teran ma’no-mazmun mujassam. Bugun dunyo dengiz to‘lqinlariday chayqalib turibdi. Qaysi to‘lqin qay tomonga yo‘naladi, qaysi to‘lqinlar o‘zaro to‘qnashib ketadi? Bu to‘lqinlar qachon tinadi? Umuman, tinadimi? Prezidentimiz Jizzax viloyati faollari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda shu haqda gapirib bunday dedi: “Xalqaro maydonda balans buzildi. Qonun-qoidalari mutlaqo o‘zgarib ketdi… Ertaga dunyoda bu notinchlik ko‘lami qayergacha kengayishini hech kim bilmaydi”. Ana shunday murakkab, qaltis davrda vatanparvarlik, el-u yurtni sevish, ardoqlash, asrab-avaylash, himoya qilish, ulug‘lash har qachongidan-da dolzarb ahamiyat kasb etayotir. Shu bois uchrashuvlarda mustaqilligimiz, uning xalqimiz hayoti, farzandlarimiz kelajagida tutgan o‘rni, ahamiyati haqida suhbatlar qildik. Dunyoda inson uchun birovga bo‘yin egmay, erkin, ozod va farovon yashashdan ko‘ra muhim, qadrli narsa yo‘q. Demak, istiqlolimizni mustahkamlash, uni turli yovuz kuchlardan, xususan, g‘arazli axborot xurujlaridan himoya qilish mamlakatimizda yashovchi har bir fuqaroning muqaddas burchi hisoblanadi. Xalqimizning ozod yashashini orzu qilib, shu ezgu niyat yo‘lida kurashib qancha-qancha jadid bobolarimiz jonlarini qurbon qildi. Ular xalqimizni ro‘shnolikka olib chiqish uchun turli vositalardan foydalandi: gazetalar, jurnallar chiqardi, maktablar ochdi, teatrlar tashkil etdi. O‘sha fidoyi bobolarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, tahlil qilish, ulardan o‘rnak olish bugun nihoyatda muhim va zarur. Bunga davlatimiz rahbari katta yo‘l ochib berdi, keng imkoniyatlar yaratdi. U kishining tashabbusi bilan “Jadid” nomi bilan maxsus gazeta nashr qilina boshladi. Biz uzoq-yaqin tarixda o‘tgan buyuk ajdodlarimiz, jumladan, jadid bobolarimiz bilan faxrlanamiz, g‘ururlanamiz. Ammo faxrlanishning o‘zi yetmaydi. Har birimiz ularga munosib bo‘lmog‘imiz kerak. Biron ishga qo‘l urar ekanmiz, tepamizda o‘sha bobolarimiz kuzatib turganday his etaylik. Masalan, shifokor bemor bilan muloqot qilayotganda, uni davolashga kirishganda yelkam osha Ibn Sino bobomiz qarab turibdi, deb o‘ylasin. Qilayotgan ishimni ko‘rib, barakalla, o‘g‘lim, baraka top, qizim, deydimi yoki “Oq xalatingni yech-da, boshqa ish qil”, deydimi, degan hadik va mas’uliyatni unutmasligi lozim. Shifokor bo‘lish niyatida tibbiyot universitetiga kelgan har bir yigit-qiz ilk qadamidan ana shu mas’uliyatni zimmasiga olmog‘i kerak. Bunday mas’uliyat barcha sohaga tegishli. Samarqand davlat tibbiyot universiteti faoliyati bilan tanishib, professor va o‘qituvchilar, talabalar bilan suhbatlashib, bu maskanda ana shu mas’uliyatni unutmaslik zarur, degan tushuncha hukmron ekaniga amin bo‘ldik. Universitet tarixi muzeyi yaratilibdi. Birinchi prorektor Eldor Tangirov muzey bilan batafsil tanishtirdi. Ochig‘i, bu muzeyni ko‘rib hayratda qoldik. Nihoyatda katta ish qilingan: universitet tarixi yilma-yil xronologik tarzda aks ettirilgan, juda noyob suratlar, ashyolar topib qo‘yilgan. Bir so‘z bilan aytganda, muzey – universitet tarixining ko‘zgusi. Ushbu dargohdan o‘nlab akademiklar, professorlar, viloyat va respublika darajasidagi rahbarlar yetishib chiqqan. Talabalar uchun muzey tarbiyaviy ahamiyatga ega. Ikkala universitetda o‘tgan uchrashuv va muloqotlarimiz bir-biridan zavqli, qiziqarli bo‘ldi. Bizni quvontirgan jihatlar ko‘p. Ulardan eng asosiysi – Veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida ham, Tibbiyot universitetida ham ma’naviyat va ma’rifatga katta e’tibor berilar ekan. Birinchi universitetda “Besh tashabbus markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Markazning asosiy maqsadi – ta’lim-tarbiya jarayonini har tomonlama rivojlantirish, besh muhim tashabbus asosida talabalarni ilg‘or g‘oyalarga yo‘naltirish, milliy qadriyat, urf-odat va an’analarni mujassam etgan dasturlar ishlab chiqish va amalga oshirishdir. Shu asosda markazda “Quvnoqlar va zukkolar”, “Talabalar teatr studiyasi” klubi, “Sozanda yoshlar”, “Ranglar sehri” to‘garaklari tashkil etilgan. Ularda yetti yuzga yaqin talaba ishtirok etadi. Sportning bir necha turi bo‘yicha faoliyat olib borayotgan to‘garaklar talabalarning sevimli maskaniga aylanibdi. “Kompyuter bilimdonlari”, “Zakovat”, “Mutolaa zavqi”, “Notiqlik san’ati” klub va to‘garaklar ham doimo talabalar bilan gavjum. Beshinchi tashabbus bo‘yicha tashkil etilgan “Dilbar qizlar” klubi, “Mohir qo‘llar”, “Pazandalik” va “Tikuvchilik” to‘garaklariga 380 nafar talaba qiz jalb qilingan. Muxtasar aytganda, universitetda yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga alohida ahamiyat berilishi diqqatga molik. Tibbiyot universitetida “Feruza” ashula va raqs ansambli to‘garagi, “Ibn Sino izdoshlari” teatr-studiyasi tashkil etilgan. Ushbu studiya qatnashchilari “Ona – hayot beshigi”, “Qush tili”, “Urush, noming o‘chsin jahonda” kabi spektakllar va ko‘plab etyudlarni sahnaga olib chiqqan. “Renessans”, “Ko‘chki” spektakllari va “Bir jadid tarixi” nomli sahna ko‘rinishi bir qancha tanlovlarda faxrli o‘rinlarni egallagan. Universitetda jamoatchilik asosida rassomlik to‘garagi ishlab turibdi. Unga rassom Asror Turdiyev rahbarlik qiladi. To‘garakka oltmishdan ziyod talaba qatnar ekan. Ular ishlagan kartinalarni tomosha qilib, havasimiz keldi. Har ikkala oliy ta’lim muassasasi talabalari orasida adabiyotga, san’atga qiziquvchi yoshlar ko‘p ekan. Bu ularning savollar berishidan ham ko‘rinib turibdi. Boz ustiga, o‘zlarining she’rlaridan o‘qib berishdi. Atoqli shoirlarimizning she’rlaridan bir misra o‘qilishi bilan talabalar jo‘r bo‘lib davom ettiradi. “Zakovat” intellektual o‘yinlari bugun yoshlar, xususan, talabalar orasida ommalashgani ma’lum. Ikki universitet talabalari ham ushbu yo‘nalishda faol ekan. “Zakovat”da qatnashuvchilar safi kengayib borayotganini aytishdi. Veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori Xudoynazar Yunusov ham, Tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev ham ma’naviyat va ma’rifatga oshno, adabiyot va san’atni xush ko‘radigan rahbar ekanligi e’tiborimizni tortdi. Ular talabalarining yutug‘idan quvonib, yayrab gapiradi. Bugungi zamon yoshlari hamma sohani bilishi, ma’rifatli bo‘lishi, adabiyot, san’at va sportni sevishi lozimligini ta’kidlaydi. Veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetiga biriktirilgan Jomboy tumanidagi uchta, Tibbiyot universitetiga biriktirilgan Samarqand tumanidagi uchta maktabda ham uchrashuvlar o‘tkazdik. Bu jarayonda “Bog‘cha – maktab – oliy ta’lim muassasasi” konsepsiyasi bo‘yicha olib borilayotgan tizimli ishlar o‘z samarasini berayotganiga amin bo‘ldik. Chunki maktab o‘quvchilarining bilim doirasi, fikrlash tarzi kishini mamnun etadi. Ularning savollar berishi, she’rlar o‘qishi havasimizni keltirdi. Eng muhimi, yoshlarning aksariyati o‘zini erkin tutadi, tortinmay savol beradi, she’rlarni jaranglatib o‘qiydi. Xususan, kamina Jomboy tumanidagi 17-maktab o‘quvchilari bilan ochiq muloqotda bunga guvoh bo‘ldim. O‘quvchilar pianino chalyapti, ashula aytyapti, raqsga tushyapti, she’rlar o‘qiyapti. Shu tumandagi 12-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Nargiza Muhammadiyeva “Yosh kitobxon” tanlovining mamlakat bosqichida o‘n-o‘n to‘rt yosh toifasida birinchi o‘ringa sazovor bo‘lib, Prezidentimiz sovg‘asi – “Cobalt” avtomobili bilan taqdirlangani bejiz emasligiga amin bo‘ldim. Shoir va yozuvchilarning maktablarga borib, o‘quvchilar bilan ochiq suhbatlar qilishi katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Ular shu uchrashuvlarni keyin ham eslab yuradi, o‘quvchilar uchun nihoyatda muhim rag‘bat – motivatsiya bu. Biz maktabda o‘n bir yil o‘qib, biron marta shoir va yozuvchi yoxud boshqa taniqli kishilar bilan uchrashmaganmiz. Adiblarning asarlarini o‘qirdik, ammo ularning o‘zlari bilan bevosita muloqotda bo‘lish, dastxati bitilgan kitoblarini olish xayolimizga ham kelmagan. Bugungi o‘quvchilarda shunday imkoniyatlar bor. Bunday imkoniyatlardan samarali foydalanish har ikki taraf, ya’ni o‘quvchilar uchun ham, adiblar uchun ham foydali. Bu kabi tadbirlar boshqa sohalardagi taniqli kishilar bilan ham tashkil etilsa, nur ustiga nur bo‘ladi… …Sokin tun. Osmonga qarayman. Yaqindagina tepamizda turgan oy daraxtlar ortiga o‘tibdi. “Kecha oqshom falakda oy bo‘zarib botganda, Zuhro yulduz miltirab, xira xanda otganda…”, deya Abdulla Oripov misralarini shivirladim. Gulxan tovlanib, jilvalanib yonardi, go‘yo sira o‘chgisi kelmasdi. Uning atrofidagi yigit-qizlarning ham jilgisi yo‘q, davra endigina boshlanganday sho‘x-shodon qiyqirib she’r o‘qir, ashula aytar edi. Bunga sari ularning ko‘zlari gulxan yog‘dusida charaqlab ko‘rinardi. Nazarimda, har birining qalbi gulxan kabi qaynoq, tuyg‘ulari rang-barang, hissiyotlari tizginsiz edi. Bu olovqalb yoshlarga havas va hayrat ila qaragancha istak-xohishimizga qarshi bo‘lsa-da, vaqt hukmiga bo‘ysungan holda xayrlashdik. Uzoqlashganimiz sari ularning sho‘x-sha’n ovozlari yanada balandroq, yanada tiniqroq eshitilar edi….
Mamatqul HAZRATQULOV, yozuvchi
“Jadid” gazetasi 2024-yil 3-may 19-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596
