Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


26.03.2025 | 11:22

img378

HAMJIHATLIK BAYRAMI

Juda olis tarixga ega bo‘lgan qadimiy Sharq xalqlari Navro‘zi BMT tomonidan bundan o‘n besh yil muqaddam xalqaro bayram sifatida e’lon qilingan edi. Bu, albatta, Markaziy Osiyoning qardosh xalqlari qalbida iftixor tuyg‘usini jo‘sh urdirgani shubhasiz. Negaki, Navro‘z bayramining mohiyati azaldan umuminsoniylik g‘oyalariga yo‘g‘rilganligi bilan ajralib turadi. “Bu bayram xalqning poklik va xursandchilik kunidir”, deganida haq edi elshunos olim Mahmud Koshg‘ariy.

Darhaqiqat, Navro‘z sharqona yangi yilning birinchi kuni sifatida Eron, Turon zamini va hozirgi Ozarbayjon xalqlari orasida keng nishonlanadi. Bu bayramni hech ikkilanmasdan mehr-oqibat, shirinsuxanlik va eng asosiysi – birdamlik bayrami deyishimiz mumkin.

O‘rta Osiyo olimlari tomonidan bu qutlug‘ bayram qachon paydo bo‘lgani xususida turli mulohazalar bildirilgan. Atoqli olim Hodi Zarif Navro‘zi olamning yoshini uch ming yildan ko‘p deb hisoblagan. U “Avesto” zamoniga borib taqalishi ham alohida qayd etilgan. X asr olimi Narshaxiy buxoroliklarning Navro‘zi va ushbu kunlarda dehqonlar aytadigan qo‘shiqlar haqida yozarkan, bu gaplarning bo‘lib o‘tganiga 3000 yildan ko‘p vaqt o‘tdi, deya qayd etadi. Abu Rayhon Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida Eron, So‘g‘d va xorazmliklarning Navro‘zni qanday nishonlashlari borasida qimmatli ma’lumotlarni yozib qoldirgan. Rivoyatga ko‘ra, bu kunda Jamshid podsho taxtga o‘tirgan. Shu kuni quyosh har galgidan yorqinroq nur socha boshlagan. Oftobning zarrin nurlari Jamshidning toj-u taxtini munavvar qilgan.

Xorazmda esa Navro‘z Siyovush avlodlarining bu hududga ko‘chib kelib o‘rnasha boshlagan davridan beri nishonlab kelinadi. Xorazmliklarning udumiga ko‘ra, qadimda Navro‘z kiradigan kun arafasida yoshullilar meva va nozbo‘ygullar bilan xonning oldiga borib: “Ertaga Navro‘z kiradi, shuni xalqqa ma’lum qilishga ijozat bering”, deyishgan. Xon ijozat bergach, jarchilar “Navro‘z kirdi!” deb odamlarni bayramdan daraklaganlar. Janubiy Tojikistonda yashovchi laqaylarga o‘xshab xorazmliklar ham Navro‘z kunlari ko‘kda paydo bo‘lgan kamalakka qarata suv sepganlar.

Navro‘z shodiyonalariga hamohang tarzda necha ming yildirki, sumalak sayillari ham davom etib keladi. Biroq Sho‘rolar davrining 70–80-yillarida sumalak sayli eskilik sarqiti sifatida qoralandi, hatto Komfirqa yalovbardorining tazyiqi bilan mahallalarda sumalak tayyorlash, bayramni nishonlash qattiq taqiqlab qo‘yildi.

Orolbo‘yi mintaqasida turli millat vakillari azaldan do‘st-inoq yashab kelishmoqda. Ular Navro‘z bayramini mushtaraklikda nishonlashida ham bu hamjihatlik yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Zaruxan MATEKEYEVA, “Orolqum” Milliy tabiat bog‘ining ilmiy ishlar bo‘yicha mutaxassisi:

– Qoraqalpoqlar Navro‘zni yetti xil donli taom – Navro‘z go‘ja tayyorlash bilan kutib olishadi. Bunda bug‘doy, jo‘xori, tariq, arpa, javdar, loviya, mosh solib go‘ja tayyorlashadi. Har bir xonadonda ana shunday taom pishiriladi va qo‘ni-qo‘shnilarga, ovuldoshlarga tarqatiladi. Kishilar, ayniqsa, qariyalar Navro‘z go‘jasidan tatib, yilning barakotli bo‘lishini tilab, duo qilishadi.

Orolbo‘yida yashovchi xalqlar Navro‘z bayramini bahorgi tengkunlik, to‘kin-sochinlik, baxt-saodat, ezgu orzu-umidlar ramzi sifatida ardoqlab keladi. Navro‘z kirishi bilan dehqonlar yaxshi niyat bilan yerga urug‘ qadaydi, bog‘bonlar ko‘chat o‘tqazadi. Ko‘pkari, kurash singari xalq o‘yinlari har yilgi Navro‘z tantanalariga ayricha shukuh baxsh etadi. Araz va ginalar unutiladi, muhtoj kishilarga mehr-muruvvat ko‘rsatiladi. Baxshi-jirovlar do‘mbira chertib, barhayot dostonlar, o‘lan va laparlarni kuyga soladilar. Doshqozonlarda sumalaklar qaynaydi.

Asqar UMBETAYEV, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qozoq milliy madaniy markazi raisi:

– Orolbo‘yi mintaqasida qoraqalpoqlar qatori qozoqlar ham asrlar davomida ahil yashab keladi. Qozoqlarda ham Navro‘z bilan bog‘liq an’analar, urf-odatlar ko‘p. Masalan, hamal oyini qozoqlar “Navro‘z oyi” deb atagan. Bu oyda birinchi bo‘lib uchib keladigan qushni qozoqlar “navro‘zko‘k”, birinchi bo‘lib ochiladigan gulni esa “navro‘zchechak” deb nomlashgan.

Qadim zamonlarda qozoqlarda Navro‘z tantanalari to‘qqiz kunlab davom etgan. Bunda bo‘y yetgan qizlar yigitlarga atab “uyqiochar” degan lazzatli taom pishirishgan. Yigitlar esa qizlarga bayram sovg‘alari tortiq qiladilar. Navro‘z bayrami tantanalarida ham turli-tuman xalq o‘yinlari, sport musobaqalar tashkil etishadi. “Olti baqan”, “Qiz quvlash” kabi musobaqalari, ayniqsa, katta-yu kichikda birdek zavq uyg‘otadi. Shu kuni doshqozonlarda beshbarmoq, sumalak, palovxonto‘ralar pishirilib, dasturxonlarga tortiladi. Kattalar kichkintoylarni ot va tuyalarda sayr qildirishadi.

Gʻoyibnazar SULTONOV, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turkman milliy madaniy markazi bosh mutaxassisi:

– Qoraqalpog‘istonda 200 ming nafarga yaqin etnik turkmanlar yashaydi. Navro‘z turkman xalqining ham eng qadimiy, go‘zal va betakror bayramlaridan biridir. Turkmanlar azaldan Navro‘zni tabiat qo‘ynida, xushmanzara go‘shalarda, qir-adirlarda nishonlab kelgan. Ular keng maydonlarga o‘tovlar tikib, o‘yin-kulgi qilganlar. Ayollar tarvuz suvini bir kecha-kunduz qaynatib, shirasi tilni yoradigan ajoyib shinni tayyorlashadi. Shuningdek, semeni – sumalak, dog‘rama, pishme, palov singari lazzatli milliy taomlar bayram dasturxonining ko‘rkiga aylanadi.

Keng dala va sayhonliklarda yigit va qizlar tarafma-taraf bo‘lib “ot chopqi” qilishadi. Bunda chavandoz yigit va qizlar ot yeldirib, kuch sinashadi. Kimning oti marraga birinchi yetib kelsa, tuya, ho‘kiz yoki qo‘chqor bilan mukofotlanadi. Navro‘zda avj oladigan bunday musobaqalarda yuzlab chavandozlar, polvonlar o‘z kuch va mahoratlarini namoyish etadilar. Sayilgohlar baxshilarning navro‘z, bahor, tinchlik, totuvlik, hamjihatlikni tarannum etuvchi doston, aytim, lapar kabi kuy-qo‘shiqlariga to‘lib ketadi. Ayniqsa, tantanalarda katta-yu kichik “Qush tepdi” va “Hilloma” kabi turkman milliy raqslarini birgalikda ijro qiladilar. Daraxt shoxlariga osilgan arg‘imchoqlar xotirjamlik, farovonlik, baxt-saodat timsoli hisoblanadi.

* * *

Qardoshlarimizning fikrlariga qo‘shimcha qilib aytish mumkinki, zamonlar o‘tgan sayin qadimiy Navro‘z shodiyonasi an’anasi yangicha ruhda sayqal topib boraveradi. Endilikda bu bayram yangi sharqona yilning birinchi kuni, yangi fasl va dehqonchilikning debochasi hamda mehr-oqibat, xayr-saxovat tadbiri sifatida keng nishonlanmoqda. Bu kunlarda odamlar bir-biri bilan diydorlashadilar, sovg‘alar hadya qiladilar, qariyalar, kasalmand, mehrga muhtoj kishilar holidan xabar oladilar. Zero, Navro‘z kishilarni bir-birini avaylashga, hurmat qilishga undar ekan, mohiyatan u faqatgina Eron va Turon xalqlari bayrami emas, balki ezgulikka talpinuvchi butun bashariyat shodiyonasidir.

Erpo‘lat BAXT,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

“Jadid” gazetasining 2025-yil 21-martdagi 12-sonida


“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“

Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]

16.11.2026 | 16:15

img104

MILLIY YUKSALIŞ SARI

Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]

16.11.2026 | 09:00

img139

KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT

O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]

13.11.2026 | 14:43

img331