Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


02.05.2024 | 17:28

img229

O‘ZINI JAMLASA, HAR ODAMDA LASHKAR KUCHI BOR

Ko‘z ko‘ngil o‘rganib qolganlardan osongina voz kecholmaydi. “Qadr­don” so‘zining jozibasi, kuchi ham shunda. Shu ma’noda, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining faoliyati tugatilib, o‘rniga “Jadid” deb nomlangan yangi nashrning chop etila boshlagani munosabati bilan ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan ba’zi fikrlarni og‘riqli qabul qilish kerak emas, deb o‘ylayman. Nimalarnidir tushuntirib, nimalarnidir aytib ularga javob berib o‘tirish ham shart emas, nazarimda. Yaxshisi, bor kuchni ­yangi gazetani tom ma’noda o‘quvchilar uchun sevimli minbarga aylantirishga sarflagan ma’qul. Shuning o‘zi bildirilayotgan fikrlarga munosib javob bo‘ladi. “Jadid”ning uyimizga kelgan bir necha sonini o‘qib chiqib, men yuqoridagi gapni aytmasam ham, gazeta jamoasi xuddi shu yo‘lda – to‘g‘ri yo‘lda ekanligini angladim. So‘zliklarimizdagi barcha so‘zlarni o‘rni-o‘rnida ishlatsak, har biri olmosday yarqiraydi. Ammo “haqida” degan so‘z (aslida, bu so‘z ham emasku-ya!) mening g‘ashimni keltiradi. Nima uchun asarning o‘zi turganda, u “haqida” yozilgan narsa­larni o‘quvchiga taqdim qilishimiz kerak, deb jahllanardim ko‘pincha. Axir hech qaysi manba original bo‘lolmaydi-ku. Shu ma’noda, yangi nashrimizda Abdulla Avloniyning “Madaniyat to‘lqunlari”, Said Ahroriyning “Fikr tarbiyasi” kabi maqolalarining asli berilganidan xursand bo‘ldim. Chunki gazetxon uchun bunday maqolalar shunchaki axborot manbayi bo‘lmaydi. “Haqida”ni o‘qiganday kim­ningdir fikrini qabul qilib qo‘ya qolmaydi. Fikr maydoniga o‘zi kiradi. Xalqona aytganda, kallasini ishlatishi kerak bo‘ladi. Tushunish, anglash, xulosa chiqarish… Bu jarayonlarda tafakkur charxlanadi, o‘sadi. Biz bugun vatanparvarlik haqida ko‘p gapiryapmiz. Darhaqiqat, Vatanni chin vatanparvarlikkina buyuklik cho‘q­qisiga ko‘taradigan qudratdir. Lekin bu tuyg‘u “hech nima”ning ustida paydo bo‘lmaydi. Buning uchun Vatan sen joningni fido qilishga arziydigan muqad­daslik ekanini bilishing kerak. Bilishning eng ishonchli vositalaridan biri – o‘zlikni tanish. “Jadid” gazetasi sahifalaridagi “Muxtoriyat loyihasi”, “Jizzax qo‘zg‘oloni”, “Kurashxona qo‘zg‘oloni” kabi maqolalar ana shunday eng kerakli “bilish” uchun xizmat qiladi. Bunday maqolalar ko‘ngli­mizni “O‘zbek xalqi qullik bo‘yinturug‘ini bo‘y­niga osongina kiyib qo‘ya qolgan” de­gan tavqi la’natdan xalos etadi. O‘zimizni o‘zimizga yaxshi ko‘rsatadi. Bir necha jasoratli kitoblarni nashr qilib, xususiy nashrlardagi imkoniyat may­don­larini dadil namoyon qilayotgan San­jar Nazar, amal kursisi ko‘nglidagi go‘zal dunyoga soya tushirmagan ajoyib rassom Akmal Nur bilan suhbatlar ham soxtalikdan uzoqligi, samimiyati bilan ko‘nglimga o‘tirishdi. Yoshlarning she’riyati, nasriga sahifalar ajratilganligi bizga tanishish maqsadida yaxshi bo‘lsa, o‘zlari uchun shunday nufuzli nashrda chop etilganligi quvonchli. Iste’dodiga ishonchlari ortadi. “Shoirman, adibman”, degan da’volari yuqorilaydi. Bu – yaxshi tuyg‘u. Gazetaning tili haqida boshqacha bir mehr bilan gapirish mumkin. “Ishonchni tiriltirish kerak!”, “Uyg‘on, bolam!” sarlavhalarining o‘ziyoq o‘quvchini sergak torttiradi. Birodarlarimiz Xurshid Do‘stmuhammad, Erkin A’zam, Nazar Eshonqul kabi qarashlarida sobit insonlarning nashr davrasiga yig‘ilgani ham ma’qul ish. Kimgadir yoqish uchun emas, o‘ziga yoqadigan gaplarni ayta oladigan bunday shaxslarga ko‘proq minbar berilsa, gazetaga ham, gazetxonga ham foyda. “Qachon yo‘limizni munavvar qiladigan ilmli yo‘lboshchilarga quloq tutamiz?”, “Yerning uvolidan qo‘rqdi”, “Darsni buzishga hech kimning, hatto, hokimning ham haqqi yo‘q” … Maqolalarga jon berib turgan bunday gaplar gazetalardagi o‘quvchini o‘zidan itaradigan siyqalikdan uzoqroqqa – boshqacha bir havolarga olib ketadi.   O‘qish jarayonidagi qoniqish bilan birga menda bir necha takliflar ham paydo bo‘ldi. Balki, bu takliflarim nashr uchun yangilik emasdir, agar shunday bo‘lsa, uzr. (Menda ayni chog‘da yugurib ko‘chaga chiqib gazeta olib kelish imkoniyati yo‘qligi, chop etilgan barcha sonlarni o‘qiy olmaganimni hisobga olib uzrimni qabul qilarsizlar, degan umiddaman). Tariximizning oq dog‘laridan yana biri – “bosmachilik” deb noto‘g‘ri atalgan milliy ozodlik harakati… Albatta, bu butunlay ochilmagan qo‘riq emas. Lekin harakatning yirik rahbarlarini bor eni-bo‘yi bilan ko‘rsatish kerak. Shermat qo‘rboshi, Ibrohimbek, Madamin­bek, Ergash qo‘rboshi, Xurram qo‘rboshi… Xatolari, jasorati… Mag‘lublik sabab­lari… Har bir davrning, har bir sohaning o‘z jadidlari bo‘lgan… Masalan, men Cho‘lpon Ergash, Asqar Qosimov kabi yetmishinchi yillar adabiyotida o‘ziga xos o‘rni bo‘lgan, uncha-munchalar yurak­sinib aytmagan gaplarni ayta olgan shoir­larni bilaman. Ular ijodiga ham joy berilsa, yomon bo‘lmasdi. Humoyun Akbarovning “Bizni qiy­nayot­gan savollar” sarlavhali maqola­sini o‘qidim. Bunday savollar bugunning to‘l­qinlarida yuzaga chiqib turibdi. Nimaga xalq ta’limiga shu qadar e’tibor berilayot­gan davrda ham maktablarda (ayrim maktablarda emas, men yoppa­siga maktablarimizni nazarda tutyapman) sifat o‘zgarishi baland emas, nega bitiruvchilar ota-onasining puli bilan repetitorga qat­nagandan so‘nggina oliy o‘quv yurtlariga kira olishyapti? Maktab kuchsizmi? Qanday monelik bor? Nimaga o‘zimizda ba’zi murakkab operatsiya­lar amalga oshirilayotganiga qaramay, ba’zi fuqarolari­miz pulxaltasini ko‘tarib Hindiston, Ros­siya, yana allaqayerlarga chopyapti… Ishonch­­sizlik nima­dan? Nima­ga mamlakatimiz rahbarining o‘zi “Menga devor­ning yuzasi­ni ko‘rsatib ovora bo‘lmanglar, nari­gi yog‘ida nima borligi­ni bilaman”, deb ta­lab qilib turgan bo‘lsa-da, xo‘jako‘rsinlik, yasamalikka butunlay chek qo‘yilmayapti? Aholimizning aksariyat qismida nega xo‘jako‘rsinlikka mayl bor? Bunday savollar oz emas… Menim­cha, soha mutasaddilari, hatto eng katta rahbarlarigacha yuzma-yuz muloqot qilish ayni muddao bo‘lardi. Niyat – birovni qora­lash, nimalarnidir fosh qilish emas, balki jamiyatning yurak zarblarini bildirish, rostlikka yanayam yaqinlashish. O‘sha rahbarlarning ham ehtimol dil-dilidan bo‘ladigan suhbatlarga ehtiyoji bordir? Bir xildagi odatiy savollardan bezgandir? Oydin Yo‘ldo­sheva, Muhayyo Pirnafasova kabi (barcha mualliflar ham xuddi ulardek alohida ajratib ko‘rsatishga arziydi) odamlarning yuraklari qulfini ocha oladigan mualliflarni yuborish kerak­dir ular huzuriga? Bunday savollarni o‘rtaga qo‘yishga nashr rahbarining ham ma’naviy huquqi bor, deb o‘ylayman: depu­tat, xalq shoiri… Boz ustiga, gazeta sahifalaridan sezilib turgan bosh muharrirning o‘tkir didi, dadilligi ham bunday fikrni aytishga asos beradi. Turkiy dunyo birligi, o‘zimizni shu dunyo­ning bir qismi deb tasavvur etishi­miz, bu dunyoning yana ham jips­lashishiga xizmat qilish (bu jadid bobolarimizning ham orzusi bo‘lgan, bilasiz) masalasiga ham ko‘proq e’tibor qilinsa… Yana o‘zimizda bo‘layotgan ilmiy kash­fiyotlardan aholining bu boradagi xabar­dorligini oshirishga harakat ko‘proq bo‘l­sa… Axir, butun umr bobolari­miz­ning kashfiyotlari bilangina faxrlanib yurolmaymiz-ku… Bugun ham dunyoga ko‘rsatsa bo‘ladigan ixtirolarimiz bordir. Modomiki, “Jadid” gazetasi jadid bobolarimizning fikrni ma’rifat bilan o‘zgartirish orqali jamiyatni yangilashdek vazifani zimmasiga olgan ekan, unga begona mavzu, begona maydon yo‘q. Yurtga tegishli og‘riq – uning og‘rig‘i, quvonch – uning quvonchi. Barcha zamonlarda, shu bugun ham shaxs darajasiga ko‘tarilgan insonlarning faoliyatiga alohida e’tibor qaratilsa, ayniqsa, qiyinchiliklarni yengib o‘tishdagi sabr-matonatiga urg‘u berilsa, gazeta yutadi. Chunki baland ovozda gapirsa bo‘ladigan ezgulik eng qiyin mashaqqatlardan so‘ng o‘rtaga keladi. Odamlar ozod yashashning oson ­yashash emasligini bilishlari kerak. Men sakson sakkiz yoshning ­qariyb oltmish besh yildan oshiqrog‘ini millat ozodligi, shaxs mustaqilligi, haqiqat ustuvorligi yo‘lida baholi qudrat xizmat qilib kelayotgan bir ziyoli sifatida ishini sevib, chinakam sadoqat bilan mehnat qilayotgan jamoaga salomatlik tilayman. Qalamingizga quvvat yor bo‘lsin. Haqiqat mezoningiz, Vatan mehri qudra­tingiz, buyuk millat bo‘lish orzusi maqsa­dingiz bo‘lishini istayman.

Sizlarga mehr bilan

Miraziz A’ZAM

 “Jadid” gazetasining 2024-yil 26-apreldagi 18-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img107

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img618

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img614