Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


26.11.2024 | 14:11

img1394

SIRKULYAR VA “YASHIL” IQTISODIYOT

Kuni kecha bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullashga bag‘ishlangan majlisida Yurtboshimiz tomonidan 2025-yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb nomlash taklifi bildirildi. Oxirgi yillarda tez-tez tilga olinayotgan yashil  iqtisodiyot yoki sirkulyar iqtisodiyot tushunchalarining mazmun-mohiyatini hozircha, afsuski, hamma ham to‘la anglab yetganicha yo‘q. Bu atamalar va ularning tub maqsadi haqida ma’lumot beruvchi materiallarni ommaviy axborot vositalari orqali tez-tez e’lon qilib turish, mas’ul tashkilotlar tomonidan olib borilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash, aholi orasida ekologik madaniyatni kengroq yoyish va barchani atrof-muhitni asrab-avaylashga undash bu borada ko‘zlangan maqsadlarimizga erishishga yordam berishi shubhasizdir. Buning  uchun, avvalo, sirkulyar iqtisodiyot o‘zi nimaligi va qanday ishlashi haqidagi ma’lumotlarni ko‘proq yoyinlash lozim.

Sirkulyar iqtisodiyot “yopiq sikl”ga egaligi bois sikllik iqtisodiyot ham deyiladi. U ishlab chiqarish va iste’mol modeli hisoblanib, an’anaviy, ya’ni “chiziqli” iqtisodiyotning muqobili sifatida maydonga chiqadi. O‘tgan asrning 70-yillaridan e’tiboran sirkulyar iqtisodiyot tamoyillariga e’tibor qaratila boshlandi va 80-yillarda u jadal rivojlandi. Sanoati taraqqiy etgan mamlakatlarda bu borada sezilarli natijalarga erishilgan. Masalan, Yaponiyaning mashhur Kamikasu qishlog‘ida chiqindi miqdori nolga tushirilgan, ular 43 yo‘nalishda saralanib, keyin ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.

Ekologiya muammosi jahon miqyosida tobora jiddiylashib bormoqda.

O‘zbekiston ham bundan mustasno emas. So‘nggi yillarda aholi soni ko‘payishi, shaharlarning kengayishi va sanoatning rivojlanishi bois chiqindi hajmi sezilarli darajada oshdi.

Chiqindilarni qayta ishlash infratuzilmasi ortib borayotgan yukni ko‘tara olmayotgan bir sharoitda atrof-muhit, aholi salomatligi va mamlakatning iqtisodiy barqarorligiga jiddiy xavf tug‘ilmoqda. Shu bois, sirkulyar iqtisodiyot tamoyillarini O‘zbekistonda ham joriy etish nafaqat maqsadga muvofiq, balki chiqindilarni barqaror boshqarishni ta’minlashning muhim shartidir.

Sirkulyar iqtisodiyot ishlab chiqarish va iste’mol qilish modeli bo‘lib, u mavjud materiallar va mahsulotlarni imkon qadar uzoq vaqt davomida taqsimlash, ijaraga berish, qayta foydalanish, ta’mirlash, qayta tiklash va qayta ishlashni o‘z ichiga oladi.

Bunda chiqindilar minimal darajada kamaytiriladi. Mahsulot muddati tugagach, qayta ishlash yo‘li bilan chiqindi materiallari iloji boricha iqtisod doirasida saqlanadi. Ulardan qayta-qayta samarali foydalanish mumkin.

Davlat darajasida harakatlarning yetarlicha muvofiqlashtirilmagani, qayta ishlash va utilizatsiya qilishning zamonaviy texnologiyalari yo‘qligi, saralash va qayta ishlash zaruratidan aholining xabardorligi pastligi tufayli O‘zbekistonda chiqindi muammosi dolzarbligicha qolmoqda. Ekologik vaziyat tezkor choralar ko‘rish va ahvol yanada yomonlashuvining oldini olishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqishni taqozo etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni bu muammoni hal qilish yo‘lidagi eng muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Ushbu hujjat mamlakatning resurslarni boshqarishning yanada barqaror modeliga o‘tishga bo‘lgan intilishini aks ettiradi. Bu model qayta foydalanish, qayta ishlash va chiqindilarni kamaytirish tamoyillariga asoslangan. Yangi idora Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi negizida tashkil etiladi va chiqindilar bilan bog‘liq masalalarda aholi, korxonalar hamda hokimiyat organlari o‘rtasida asosiy bog‘lovchi bo‘g‘in vazifasini bajaradi.

Agentlik bu boradagi ishlarni amalga oshirishda yagona me’yor va standartlarni ishlab chiqish hamda joriy etish, jarayonning barcha ishtirokchilari faoliyatini muvofiqlashtirish va chiqindilar bilan bog‘liq davlat mulkini boshqarish mas’uliyatini o‘z zimmasiga oladi. Samaradorlikni sezilarli darajada yaxshilaydigan innovatsion yechimlarni sinovdan o‘tkazish yangi idora ishining asosiy yo‘nalishi hisoblanadi. Bunday tarkibiy o‘zgarish chiqindilarni boshqarishga yondashuvlarda yagonalikni ta’minlash va sohaga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish imkonini beradi.

Farmonda Sanitar tozalash korxonalari faoliyatini kuzatish va baholash tizimini yaratishga alohida e’tibor qaratilgan. Kelgusi yil 1-martdan boshlab chiqindilarni yig‘ish, tashish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlarini (KRI) baholash mezonlarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, mazkur kompaniyalar faoliyatining ochiq va shaffofligini oshirish va ishini doimiy ravishda takomillashtirishdan iboratdir.

Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizda chiqindilarni boshqarish tizimini mintaqaviy darajada takomillashtirishning aniq chora-tadbirlari belgilandi.

2026-yil 1-yanvardan e’tiboran bir qator innovatsion yechimlarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Jumladan, chiqindilar bilan ishlash xizmatlari bo‘yicha tenderlarni onlayn kuzatish va sanitar tozalash korxonalari faoliyatini nazorat qilish maqsadida chiqindi yig‘ish punktlariga videokameralar o‘rnatiladi. Bu kabi choralar tizimdagi shaffoflikni, shu bilan birga, jamoatchilik va tadbirkorlik doiralari bilan yaqin hamkorlikni ta’minlaydi. O‘zbekistonda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining tashkil etilishi jiddiy ekologik muammolarni hal qilish yo‘lidagi muhim institutsional qadamdir. Sirkulyar iqtisodiyot atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishga, chiqindi poligonlari hajmini qisqartirishga hamda resurslarni qayta ishlash va “yashil” texnologiyalarni rivojlantirish orqali iqtisodiy o‘sishning yangi imkoniyatlarini yaratishga xizmat qiladi.

Mamlakatdagi asosiy chiqindi manbalarini shartli ravishda to‘rt toifaga ajratish mumkin – sanoat, qishloq xo‘jaligi, maishiy va tijorat chiqindilari.

Sanoat chiqindilari zaharli moddalar, ishlab chiqarish chiqindilari va kimyoviy moddalar, metallar hamda plastmassalar kabi qayta ishlanmaydigan materiallardan iborat. Mamlakatimizda sanoat chiqindilari hajmi yil sayin ortib bormoqda, bu esa ularni xavfsiz utilizatsiya qilish va qayta ishlash infratuzilmasini yaratishni taqozo etadi.

Qishloq xo‘jaligi O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim tarmog‘i bo‘lib, bu sohada o‘simlik qoldiqlari, o‘g‘itlar va oqova suvlar kabi organik chiqindilarning katta hajmi to‘planmoqda. Ushbu chiqindilar kompost shaklida ikkilamchi qayta ishlash uchun foydali bo‘lishi mumkin, biroq ular noto‘g‘ri utilizatsiya qilinsa, tuproq va suv havzalarining ifloslanishiga olib keladi.

Maishiy chiqindilarning asosiy qismi organik chiqindilar, plastik, shisha, metall va qog‘ozdan iborat. Shaharlar aholisining demografik o‘sishi va iste’mol darajasining oshishi sababli bu turdagi chiqindilar hajmi sezilarli darajada ko‘paygani sanitariya tozalash va utilizatsiya tizimida jiddiy muammolarni yuzaga keltirmoqda.

Tijorat chiqindilari – bu do‘konlar, restoranlar, bozorlar, ofislar, mehmonxonalar, bosmaxonalar, texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash ustaxonalari faoliyati natijasida hosil bo‘ladigan qattiq va yarim qattiq chiqindilardan iborat.

Bugungi kunda O‘zbekistonda chiqindilarni utilizatsiya qilish tizimi an’anaviy usulga asoslangan bo‘lib, ular asosan maxsus poligonlarga ko‘miladi. Qayta ishlashni joriy etish bo‘yicha ba’zi harakatlar mavjud bo‘lsa-da, bu chora-tadbirlar hali yetarli darajada rivojlanmagan, tarqoq holatda. Maishiy va sanoat chiqindilarning oz qismi qayta ishlanadi. Asosan metall, qog‘oz va plastik kabi materiallar ikkilamchi qayta ishlashga yo‘naltiriladi. Chiqindilarni alohida yig‘ish tizimining yo‘qligi vaziyatni yanada murakkablashtiradi. Natijada aholi ham, korxonalar ham qayta ishlash jarayoniga kam jalb qilinadi.

Chiqindilarni yoqish inshootlarining yo‘qligi bois O‘zbekistonda bu usul deyarli qo‘llanilmaydi. Biroq agar kam chiqindili zamonaviy texnologiyalardan foydalanilsa, mazkur usulni joriy etish orqali to‘lib-toshgan poligonlar muammosini qisman hal qilish mumkin.

Chiqindilar bilan ishlash tizimidagi kamchiliklar atrof-muhitga ham, mamlakat iqtisodiyotiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatishi sir emas. Ekologik ta’sir shundan iboratki, zararli chiqindilar poligonlarga ko‘milganda zaharli moddalar tuproq va yer osti suvlariga sizib, atrof-muhitning ifloslanishiga sabab bo‘ladi. Ulardan ajralib chiqadigan metan va boshqa issiqxona gazlari ham iqlim holatiga ta’sir qiladi. Qayta ishlanmagan maishiy va sanoat chiqindilari ekotizimlarning buzillishi, tuproq va suv resurslarining yemirilishidek uzoq muddatli ekologik xavflarni keltirib chiqaradi. Havo, suv va tuproqning ifloslanishi esa aholining umumiy sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va tibbiy xizmatlarga sarflanadigan xarajatlarni oshiradi.

Iqtisodiy oqibatlar chiqindilarni samarasiz boshqarish bilan bog‘liq ekologik ifloslanishlarni bartaraf etish xarajatlarini, shuningdek, ikkilamchi materiallarni qayta ishlash imkonini boy berishni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, eskirgan infratuzilmani saqlash xarajatlari o‘sishda davom etmoqda, bu esa sanitariya tozalash va chiqindilarni boshqarish uchun davlat xarajatlarini oshirishni taqozo etadi.

Xullas, O‘zbekistondagi mavjud chiqindilar bilan bog‘liq vaziyat sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish va qayta ishlash hamda utilizatsiya qilishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan islohotlarni zudlik bilan o‘tkazishni talab qiladi. Ushbu muammoni hal qilish orqali nafaqat ekologik vaziyatni yaxshilash, balki chiqindilarni ikkilamchi qayta ishlash va resurs sifatida foydalanish yordamida yangi iqtisodiy imkoniyatlarga ega bo‘lish mumkin.

Chiqindilarni boshqarish bilan bog‘liq jiddiy ekologik va iqtisodiy muammolarga duch kelayotgan O‘zbekiston uchun sirkulyar iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish yangi istiqbollarni ochmoqda. Sirkulyar iqtisodiyotning asosiy afzalliklaridan biri resurs xarajatlarini qisqartirishdir. An’anaviy iqtisodiyotda materiallar ishlatilgandan so‘ng chiqindixonalarga tashlanadi yoki yo‘q qilinadi, bu esa qimmatbaho resurslarning boy berilishiga olib keladi.

Sirkulyar iqtisodiyot boshqacha yondashuvni taklif qiladi: bunda chiqindilarga qayta ishlanishi va qayta foydalanilishi mumkin bo‘lgan resurs sifatida qaraladi. Bu nafaqat yangi materiallarni xarid qilish xarajatlarini balki chiqindilarni yo‘q qilish xarajatlarini ham kamaytiradi. Sirkulyar iqtisodiyot mamlakat ichida qayta ishlangan resurslardan foydalanish orqali import qilinadigan materiallar hajmini qisqartirish imkonini ham beradi.

Bundan tashqari, aylanma iqtisodiyot yangi ish o‘rinlarini yaratishga yordam beradi. Aylanma modelga o‘tish jarayoni chiqindilarni qayta ishlash, uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash, shuningdek, innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish kabi yangi soha va tarmoqlarni vujudga keltirib, katta miqdordagi qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga yo‘l ochadi.

Texnologik innovatsiyalar sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim o‘ringa ega. O‘zbekistonda chiqindilar miqdorini kamaytirish va ularning atrof-muhitga ta’sirini minimallashtirish uchun materiallarni qayta ishlash va qayta foydalanishning ilg‘or texnologiyalarini joriy etishda katta imkoniyatlar mavjud.

Chiqindilarni qayta ishlashning zamonaviy texnologiyalari nafaqat kamaytirish, balki keyinchalik foydalanish uchun qimmatli materiallarni ajratib olish imkonini beradi. Masalan, plastik chiqindilarni qayta ishlash qurilish, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda qo‘llaniladigan yangi polimer materiallarning yaratilishiga olib keladi.

Organik chiqindilarni qayta ishlash orqali biogaz ishlab chiqarish mumkin va bu mamlakatning qishloq hududlari uchun muqobil energiya manbayiga aylanadi.

Chiqindilarni alohida yig‘ish va qayta ishlash tizimlarini joriy etish O‘zbekiston uchun istiqbolli yo‘nalishlardan biri sanaladi. Bu qayta ishlanadigan xomashyo sifatini sezilarli darajada yaxshilaydi va uni tashish hamda saralash xarajatlarini kamaytiradi.

Aylanma iqtisodiyotga o‘tishda kichik va o‘rta biznes hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Resurslardan qayta foydalanish va chiqindilarni kamaytirish tamoyillariga asoslangan “yashil” biznes modellarini joriy etish tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. O‘zbekiston o‘zining faol tadbirkorlar hamjamiyati bilan aylanma iqtisodiyot sohasida barqaror biznes-modellar va startaplarni rivojlantirish bo‘yicha mintaqada yetakchiga aylanishi mumkin.

“Yashil” startaplar chiqindilarni qayta ishlashdan tortib, qayta ishlangan materiallardan mahsulotlar yaratishgacha bo‘lgan turli sohalarda faoliyat yuritadi. Masalan, kompaniyalar mebel mahsulotlari, kiyim-kechak yoki qurilish materiallari kabi ikkilamchi materiallardan ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashadi. Ijara, tovar ayirboshlash xizmatlari, ikkilamchi savdo uchun raqamli platformalar hamda texnikani ta’mirlash va tiklash xizmatlari kabi resurslar sarfini kamaytirishga qaratilgan loyihalar ham istiqbolli hisoblanadi.

Sirkulyar tamoyillarning joriy etilishi davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishga yo‘l ochadi. “Yashil” startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat dasturlari va materiallarni qayta ishlash va qayta foydalanish bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga imtiyozlar berishning ham ahamiyati katta.

Ta’kidlash joizki, chiqindi muammosi faqatgina infratuzilma va qayta ishlash korxonalarining yetishmasligidan iborat emas, bu – an’analar, tarbiya va madaniyat bilan bog‘liq yirik ijtimoiy muammodir.

Nurislom TO‘XLIYEV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori, O‘zFA akademegi

“Jadid” gazetasining 2024-yil 22-noyabrdagi 48-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img107

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img618

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img614