28.05.2025 | 12:33
747
HERMAN VAMBERI VA IKKI O‘ZBEK SHOIRI
Dunyoga mashhur mojar sayyohi Herman Vamberi o‘z asarlarida Turkistonning tarixi, geografik muhiti, madaniyati, san’ati, tili va adabiyoti to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlar beradi. Bevosita o‘zi tanishib suhbatlashgan ayrim tarixiy shaxs va adiblarni eslab o‘tadi. Biroq Herman Vamberining Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati va adabiyoti, o‘zbek adiblari ijodiga oid qarashlari bugunga qadar adabiyotshunoslikda tugal tasavvur beradigan holda atroflicha o‘rganilgani yo‘q. Holbuki, olimning “turkiyzabon xalqlarning mashhur va yetakchi shoiri” Alisher Navoiy, “Boburnoma”dek betakror memuar egasi Zahiriddin Muhammad Bobur va “Shayboniynoma” sohibi Muhammad Solih kabi adabiy siymolar to‘g‘risidagi jiddiy fikrlari, xalq og‘zaki ijodi, o‘zbek mumtoz adabiyoti bo‘yicha tarjimalari, “Chig‘atoy tili saboqlari” kitobi tarkibida alohida “xrestomatiya”si va maxsus lug‘ati bor.

Diqqatga loyiq yana bir tomoni shuki, 1892-yili Venada nashr qilingan “Yaqin Sharq xabarnomasi” jurnalining 6-sonida Herman Vamberining o‘zbek adiblari haqida “Markaziy Osiyoning ikki zamonaviy shoiri – Munis va Amiriy” nomli maqolasi bosiladi. Olim ikki shoirni tavsiflashdan oldin Alisher Navoiyni turkiy tilda ijod etgan eng iste’dodli adib sifatida tilga oladi, uning zamonasidagi adabiy muhitga to‘xtaladi. Navoiyning ta’sirida bo‘lgan forsiy va turkiygo‘y shoirlarga Hiloliy bilan Ahliylarni misol qilib keltiradi. Aslida “poetik qobiliyat egalari, san’at va ilm-fan muhiblari Hirotdagi temuriylar saroyida ko‘p” bo‘lganini Vamberi yaxshi bilgan. Shu masalada “Boburnoma”dan quyidagi mashhur latifani keltiradi: “…Bir kun shatranj majlisida Alisherbek oyog‘ini uzatur. Binoiy (orqasi)ga tegar. Alisherbek mutoyiba bila derki, “ajab baloyest dar Hiriy agar poy daroz mekuni ba (pushti) shoir merasad” (Tarjimasi: “Ajab bir balodirki, Hirotda oyog‘ingni uzatsang, shoirning orqasiga tegadi”). Binoiy derkim, “agar jam’ mekuni ham ba (pushti) shoir merasad” (Tarjimasi: “Yig‘sang ham, shoirning orqasiga tegadi”). Asos-negizi haqiqatga yaqin ushbu hazilni Bobur memuarining 226-sahifasidan oladi. Bu dalil “Boburnoma”dan bir nusxa Vamberi qo‘lida borligini ham bildiradi.
Herman Vamberi Alisher Navoiydan keyingi adabiy hayotni tahlil etib, forsiyzabon shoirlar Abdurahmon Jomiydan ta’sirlanganiga, Muhammad Solih esa “Shayboniynoma”ni turkiy tilda yozganiga urg‘u beradi. Vamberi: “Bizga Navoiy va Muhammad Solihning vafotidan boshlab to yangi davrgacha keng qamrovli va juda muhim ahamiyat kasb etgan hech qanaqa chig‘atoycha (o‘zbekcha) adabiy asar ma’lum emas”, deb yozadi…
Mashhur sayyoh Vamberi XVIII asr oxiri va XIX asr boshlaridagi muhitni turkiy adabiyotning “yangi davri”, qayta ko‘tarilish zamoni, deb hisoblaydi. Adabiy jarayonga mos: “…turkiy tilli xalqlarning milliy ilhom parisi birmuncha harakatga” kela boshlaganini kuzatadi. Shu adabiy muhitning iste’dodli shoirlaridan xorazmlik Munis va qo‘qonlik Amir Umarxon sayyoh olimning nazariga tushadi.
Haqiqatan ham Amir Umarxon zamonida Qo‘qon adabiy muhitidan juda ko‘p shoir yetishib chiqqan edi. Fazliy Namangoniyning “Majmuayi shoiron” tazkirasida ularning oltmishdan ko‘prog‘i zikr etiladi. Amiriyning shaxsan o‘zi Qo‘qon adabiy muhitiga homiylik qildi, adabiy bahs, suhbat va mushoiralar uyushtirdi. Ayni choqda Vamberi Amiriyning shajarasi temuriylarga borib taqalishini, Norbo‘tabiyning uchinchi o‘g‘li bo‘lgani, taxtga o‘tirgach, xonlik hududini kengaytirganini yozadi: “U butun O‘rta Osiyoda yuksak hurmat qozondi va hatto “Amir al-muslimin” (Musulmonlar amiri) unvoniga sazovor bo‘ldi. 1821-yil xalqini azobga qoldirib va yig‘latib vafot etdi. Shu taniqli fotih xon bo‘sh vaqtini badiiy ijodga bag‘ishladi va she’rlarini jamlab “Devon” tuzdi”. Bu ma’lumotlarni Herman Vamberi shoir “Devon”ining muqaddimasidan oladi. Mamlakatni adolat bilan boshqargani, xalq hayotini obod etgani, bor kuch-g‘ayratini istibdod va o‘zaro nizolarni bartaraf qilish uchun sarflagani va ilm-fan rivojiga, madrasalar qurilishiga jiddiy qaragani kabi bir qancha ijtimoiy faktorlarni sanaydi. Shuningdek, Amiriyning ko‘ngil odami ekaniga, “Umarxon huzur-halovatni ilhom parilaridan izlagani”ga urg‘u berdi. “U g‘azallarini ko‘ngil xazinasidan olib saroyda to‘plangan mushoira ahliga ko‘rsatdi; she’riyat bilimdonlari ularni gavhar deb baholashdi. Agar ana shu gavharlar darhol bir shodaga terilmasa edi, oqibat shafqatsiz kuz shamolida qolgan atirgullar kabi titilib xazon bo‘lar edi”. She’rlarga berilayotgan bunday ta’rifda qaysidir ma’noda muallifning shoirona nuqtayi nazari, ifodasi ham seziladi.
Herman Vamberi bugun bizga ma’lum ko‘plab ma’lumotlarni Yevropa ilm ahliga Amiriydek ulkan bir adabiy shaxsiyatni tanitish niyatida bir sidra takrorlaydi. Ularning ayrimlari o‘zbek adabiyoti tarixida yozilganidan farqli. Masalan, o‘zbek adabiyotshunoslari yozishicha, Umarxon 1787-yili Qo‘qonda tug‘iladi, 1810-yilda taxtga o‘tiradi, 1822-yili vafot etadi. Barcha ilmiy-adabiy manbalarda bular aynan qayd qilinadi (Po‘latxon Qayumiy. “Tazkirayi Qayumiy”. 1-jild). Biroq Herman Vamberi o‘z maqolasida Amiriyning taxtga o‘tirgan yilini 1812 va vafotini 1821-yil tarzida ko‘rsatgan. Sanalardagi bunday juz’iy farqlar ham yo‘q emas.
Herman Vamberi o‘z tadqiqoti va tarjimasi uchun qaysi manbalarni asos qilib olgani ham muhim, albatta. Masalan, g‘azallari tarjimasi uchun u shoirning 1883-yili Istanbulda bosilgan “Devon”idan foydalanadi. Bu kitob esa buxorolik shayx Sulaymon ismli kishining sa’y-harakati bilan nashr qilingan ekan.
Amiriyning joriy yozuvimizga o‘girilib, turli yillarda o‘quvchilarga taqdim etilgan ikkita kitobidan xabarim bor. Ular bilan Herman Vamberi foydalangan nusxa matnlari taqqoslanganida ayrim tovush, so‘z va so‘z birikmalarida farqlar borligi kuzatildi. Bir misol. Bizdagi nashrlarda shoirning bir bayti:
“Jilva ber gulshan aro, qaddingkim, u mumtoz erur,
Bir niholin qomating birla barobar ko‘rmadim”,
– shaklida berilsa, ayni misralar Vamberi foydalangan nusxada:
“Jilvai sarv qading gulshan aro mumtoz erur.
Bir niholi qomating birla barobar ko‘rmadim”
– tarzida berilgan.
Amiriy g‘azallarining qayta nashrlarida zarurat bo‘lganida Istanbul nusxasidan ham foydalanish matnlar mukammalligi uchun yordam bersa kerak.
Ikkinchi jihatdan, Herman Vamberi Shermuhammad Munisning tarjimayi holiga oid ma’lumotlarni o‘sha mahalda topa olmaydi. Shuning uchun ham u: “Xiva xonligining qayerida va qachon tug‘ilgani haqida mavjud devonda hech qanday ma’lumot yo‘q. Ammo uni Xivada asosan Mirob deb atashgan. O‘z ijodiy faoliyati davomida bitilgan she’rlari davrning bir qator shoirlariniki bilan birga sanab o‘tiladi”, deb umumiy tarzda yozadi. Vamberi fikricha, Munisning “Aynan Umarxon bilan bir qatorda ko‘rilishi “Devoni Munis” asariga bog‘liqdir. Sababi “Devoni Amir”da Umarxon va “Devoni Munis”da Munis asosan Navoiy she’riyatiga xos tamoyillarga sodiq qolgan holda turkiy til so‘z boyligidan foydalanadi. Faqat Umarxon qo‘qoncha va Munis xorazmcha dialektdagi so‘zlarni qo‘llashadi”. Bu ham Vamberining har ikki geografik hudud badiiy asarlari tiliga xos individual xususiyatlarni yaxshi bilgani va ularni farqlay olganini ko‘rsatadi.
Albatta, Vamberi Amiriy va Munis ijodiy merosini nuktadon adabiyotshunos sifatida badiiy jihatdan chuqur talqin etmaydi. Olim bu vazifani ko‘zlagan ham emas. U adabiy davrni tafsillaydi va har ikki shoir hamda asarlari to‘g‘risida umumiy fikr beradi.
Bugungi adabiy jamoatchilik, amiriyshunos va munisshunos olimlar uchun muhim bir gap shuki, Herman Vamberi o‘z maqolasi matni davomida Amiriyning o‘n uchta, Munisning bir nechta g‘azali va yirik hajmli “Xorazm”, “Muhammad Rahimxon”, “Xiva”ga bag‘ishlangan qasidalarining nemis tiliga tarjimasini o‘zbek mumtoz yozuvidagi asliyati bilan birga e’lon etadi.
Herman Vamberi erkin o‘girgan bu she’rlar mazmuni olmon tilida qay darajada o‘z ifodasini topgani, tarjimon retsepsiyasi, anglami va mahorati alohida qiyosiy o‘rganiladigan masala sanaladi.
Muhimi, Herman Vamberining ikki mumtoz o‘zbek shoiri – Munis va Amiriy to‘g‘risida muxtasar ma’lumotlar yozgani, asarlaridan namunalar tarjima qilib, o‘z zamonida Yevropa ma’rifat ahliga yetkazgani tahsinga loyiq. Kelajakda o‘zbek adabiyoti, o‘zbek-mojar adabiy aloqalari, deylik, Amiriy va Munis kabi mumtoz adiblar asarlarini dunyoga tanitishga kirishadigan mutaxassislar bu soha debochasida turgan mojar sayyohi Herman Vamberining ilmiy-amaliy xizmatlarini inobatga olishlari kerak bo‘ladi, albatta.
Bahodir KARIM,
professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 23-maydagi 21-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



