Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


09.12.2025 | 11:00

img556

HO‘L-U QURUQ BAROBAR…

Mashhur tarixchi va adib Nikolay Karamzinning tarix haqida shunday gapi bor: “U kafanlarni yulqib, o‘liklarni uyg‘otuvchi, dillarga hayot qonini quyuvchi, tillarga so‘z baxsh etuvchi, kunpayakun saltanatlarni qayta yaratuvchi, o‘tib ketgan asrlar silsilasini butun hayajon-u atvori bilan ko‘z o‘ngimizda namoyon etib, hayotimiz sarhadlarini kengaytiruvchi mo‘jizadir. Uning ma’naviy qudrati ila biz barcha kechmish zamonlarning odamlariga hamdam-u hamnafas bo‘lamiz”.

Ha, biz ham har gal qatag‘on qurbonlari haqida so‘z yuritar ekanmiz, o‘sha davrning og‘ir nafasini yurakdan his qilamiz. Nohaq jabrlangan millatdoshlarimiz­ning taqdirini o‘ylab qayg‘uramiz. Bugungi qahramonimizning taqdiri ham shunday qayg‘ulidir.

Nabirxo‘ja Saidxo‘jayev 1879-yili Toshkent shahrida diniy xizmatchi oilasida tug‘iladi. Dastlab mahalliy madrasada xat-savod chiqarib, bilimga chanqoqligi bilan ustozlar e’tiborini qozonadi. Iqtidori va intilishi teng-to‘shlari qatori uni ham Buxoro sari boshlaydi. Bu davrda Buxoroda qadimchilar va jadidlar o‘rtasidagi qarashlar to‘qnashuvi ayni keskinlashgan mahal edi. Masalan, taraqqiyparvar va ma’ri­fatparvar muallim, noshir, xattot va shoir Abduvohid Munzim o‘sha paytlarda o‘z uyida tojik tilida dars beruvchi ilk usuli jadid maktabini ochadi. Biroq bu xayrli ish eski tartib tarafdori bo‘lgan qadimchilarning tazyiqiga uchraydi. Mulla Qamar, Mulla Xolmurod, Mulla Abdurasul Zakun, Mulla Abdurauf kabi mudarrislar ulamolar vakili sifatida qushbegidan maktabni yopishni qat’iy talab qiladi. Maktab yopib qo‘yilsa-da, jadidlarning g‘ayrati zarracha so‘nmaydi.

O‘sha yili iqtidorli yoshlarni aniqlash hamda ularni xorijda o‘qitishni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Tar­biyayi atfol” (“Bolalar tarbiyasi”) jamiyati tuziladi. Jamiyatning Ter­miz, Karki, Yangi Buxoro va G‘ijdu­vonda 28 ta bo‘linmasi bo‘lib, ular ­amir­lik hududidagi iqtidorli yosh­larni aniqlab, Istanbul, Orenburg, Ufa, Qozon, Bog‘chasaroy kabi shaharlarga o‘qishga yuborar edi. Jamiyat tarkibi Buxoro jadid­larining yorqin namoyanda­lari Sadriddin Ayniy, Ahmadjon Hamdiy, Hamidxo‘ja Mehriy, Hoji Rofe, Mukammal Burhonovdan iborat edi. Shuningdek, jamiyat Buxoroda ilk bor jadid maktablarini darslik va o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlovchi “Ma’rifat” shirkatini ochadi, qisqa fursat bo‘lsa-da, o‘zbek tilida “Turon”, “Buxoroyi sharif” gazetalarini chiqarishga muvaffaq bo‘ladi, nashrlar butun Turkiston o‘lkasida shuhrat va e’tibor qozonadi.

…1914-yili qadimchilarning urini­shi bilan Buxoroda ikkinchi marta jadid maktablari yopi­ladi. Hukumat va qadimchilar­ning doimiy qarshiligiga qaramay, Buxoro jadidlik harakati 1915-yilga kelib shiddat bilan rivojlanib, siyosiylasha boshlaydi. Jadidlar endi faqat madaniy islohotlar bilan emas, qonunchilik, savdo-sotiq, qishloq xo‘jaligi, soliqlarni tartibga solish bo‘yicha talablar bilan ham maydonga chiqadi.

Nabirxo‘ja Saidxo‘jayev shu muhitda Buxoroda olti yil tahsil oladi. Yosh ziyoli sifatida jadidlar harakatini shaxsan kuzatadi. Ilm qiymati, dunyoviy fanlarning ahamiyati, jamiyatni ta’lim bilan isloh qilish zarurligi haqidagi bahs-u munozaralarga guvoh bo‘ladi. Ta’qib­lar natijasida maktablar yopi­lib, gazeta nashrlari to‘xtatilgan bo‘lsa-da, jadidlarning ta’lim islohi­dan chekinmay, yanada olg‘a intilishi qahramonimizda maktab ochish istagini paydo qiladi. U Toshkentga qaytib, Qoryog‘di ma­hal­lasida maktab ochadi va 1916–1921-yillarda o‘qituvchilik qila­di. Bu paytda qahramonimiz momosi bilan yashar, ota-onasi vafot etgan edi.

Toshkentdagi faoliyati uni din arbobi va ma’rifiy shaxs sifatida elga tanitadi. 1921–1928-yillar­da Qoryog‘di masjidida imomlik qiladi, Markaziy diniy madrasalar boshqarmasiga qarashli Xo‘ja Ahror va Eshonqul madrasalarida dars beradi. Bilim doirasi kengligi, o‘zbek, arab va fors tillarini mukammal bilishi bois, ta’lim sohasida obro‘si oshib boradi. 1928–1931-yillarda Valihoji va Shayx Zaynuddin ota masjidlarida imomlik qiladi. Shu bilan birga, bo‘sh vaqtini turli jamoat ishlariga bag‘ishlab, “Turkiston ipagi” tashkiloti bog‘ida xizmat qiladi.

Sovetlar zamonida diniy ulamo­larga ayniqsa qiyin bo‘lgani tarixdan yaxshi ma’lum. Bu haqda tarixchi olimlardan biri shunday yozadi: “1928-yildan mamlakat bo‘ylab “xudosizlar” jamiyatlari tashkil topib, barcha diniy muassasalarga ayov­siz hujum boshlandi. Din peshvo­lari – muftilar, imom xatiblar, qorilar, boshqa ulug‘ zotlar, shuningdek, shajarali sayyidlar avlodlari fuqarolik huquqidan mahrum etildi va qattiq ta’qib ostiga olindi. Mol-mulki tortib olinib, o‘zlari uzoq o‘lkalarga badarg‘a qilindi”.

O‘sha davrda imomlik ko‘p jihatdan jamoat qo‘llab-quvvat­loviga suyangan bo‘lsa-da, tergov­lar­ning birida Saidxo‘jayev “aholi tomonidan hech qanday mod­diy yordam ko‘rsatilmasdan ham, Abnazir mahallasidagi masjidda xatiblik qilgani” haqida bildiradi. Ko‘rinib turibdiki, qahramonimiz bu vazifani ma’naviy mas’uliyat sifatida qabul qilgan. Shu bois, uning xalq orasida hurmati oshib, e’tibori kuchayib borgan. Aholining unga ishonchi baland bo‘lgan bir paytda, 1936-yilning yozida uning “aholi kun-u tun ishlasa ham o‘zini non bilan ta’minlay olmayapti”, degan so‘zi rasmiy idoralar tomo­nidan iqtisodiy vaziyat tangligi borasidagi mulohaza emas, davlat siyosatiga qarshi chiqish sifatida talqin qilinadi. Shundan so‘ng, uning faoliyati jiddiy kuzatuv ostiga olinadi.

1937-yil 7-avgustda O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissarligining Davlat xavfsizligi boshqarmasi 4-bo‘lim vakili Musin tomonidan tuzilgan ayblov hujjatlarida unga “yirik eshonning o‘g‘li”, “imom-xatib sifatida keng ta’sirga ega”, shuningdek, “Xitoyning G‘ulja shahridagi Shayx Zaynuddin ota qabristonida minglab kishi qatnashgan ommaviy yig‘inlar o‘tkazgan” degan ayblar qo‘yilgan. Shu tariqa tazyiq va bosimlar kuchayib, Saidxo‘jayev 1937-yil 9-avgust kuni hibsga olinadi. Shu bilan uning “ish”i “siyosiy xavfli shaxs” sifatida tergov ixtiyoriga o‘tadi.

Aslida, Saidxo‘jayevning boshiga tushgan bu kulfat o‘sha yillarda butun mamlakat bo‘yicha yoyilib ketgan qatag‘on to‘lqinining bir qismi edi. “Qatag‘on qurbonlari” kitobida (“Sharq” nashriyoti, 2-jild, 2007-yil) keltirilgan quyidagi ma’lumotlar ham o‘sha davrning qattol siyosati, xalq boshiga tushgan fojiali jarayon­larni yaqqol ochib beradi: 1937-yil 14-oktyabrda Davlat xavfsizligi leytenanti Yakovlev imzolagan 24-sonli bayonnoma asosida 182 kishi otuvga, yetti kishi 8–10 yillik mehnat-tuzatuv lagerlariga hukm qilingan, faqatgina 1 nafar kishini qamoqdan ozod etishga qaror qilingan. Qatag‘onga uchraganlar tarkibiga nazar tashlaymiz: 101 sobiq “kulak”, 3 nafar o‘rtahol aholi vakili, 30 nafar imom, eshon, qori va domla, 3 nafar ishchi hamda 33 nafar xizmatchi va rahbar xodim…

Mana shu 182 nafar shaxs orasida 4574-sonli ish bo‘yicha otuvga hukm qilingan Nabirxo‘ja Saidxo‘jayevning ham nomi bor ediki, bu hol uning taqdirini umumiy fojia bilan bog‘laydi. Afsuski, Nabirxo‘ja Saidxo‘jayev haqidagi ma’lumotlar yillar davomida maxfiy arxivlarda saqlanib kelgani bois keng ilmiy muhokamalarga kiritilmay qoldi.

Qadimgi yunon tarixchisi Polibiy: “O‘tmishni bilish boshqa har qanday fanlardan ko‘ra kishilarga tezroq foyda keltirishi mumkin, tarixdan olingan saboqlar ma’rifatga boradigan eng to‘g‘ri yo‘ldir”, deb bejiz ta’kidlamagan. Nabirxo‘ja Saidxo‘jayev singari fidoyi insonlar o‘z hayot yo‘li bilan bizga mudom saboq beradi. Binobarin, tarixga nazar tashlash orqali o‘zimizni, o‘zligimizni teran anglay boshlaymiz.

Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2025-yil 28-noyabrdagi 48-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596