Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


08.10.2024 | 16:17

img519

“HUKM SOATI YETDI…” yoxud Mixail Lermontov “Demon”i

Olamda iztirob ko‘p. Har birining o‘z yuki-zalvori bor. Iztirob ichidagi odam hasrat chekayotgan boshqa birovga “Mening dardim senikidan yengilroq”, demaydi. Baxtsizlik qay yo‘sinda kelmasin, o‘z nomi bilan baxtsizlik. Biroq olamda bir qayg‘u borki, unda zamin zulmati mujassamdir. Bu – Iblis qayg‘usi. Mag‘lubiyatlar ichida eng mash’umi kibrning mag‘lubiyati bo‘lsa ajab emas. Kibr nima? O‘z bo‘yidan baland yuksaklikni qabul qila olmaslik.

“Men hammadan a’loman”, degan dardga mubtalolik. Hamma balo shundaki, mutakabbir Iblis odamni Hazrati insonga aylantirishga qodir oliy hislarni, shuurni, poklikni bittada ilg‘aydi. Va chertib-cher­tib toptaydi. Ko‘p o‘ylayman, odamlarni ortidan ergashtirishga qodir yoki tuyg‘usi-fikri bilan ajralib turgan xoslarning fe’li-xo‘yi va hayotidagi noodatiy qirralarni mamarayimchasiga qarichlash to‘g‘rimikan? Shundog‘am ularning umri beomon to‘lqinlar girdobida kechadi-ku. Kim bilsin, alamzada Iblis ularni qurol qilib Haqqa “haq”ligini isbotla­moq­chi bo‘lar, “Xalifa deb yaratganing – odamning ahvolini ko‘r”, deya. Mangu la’natga duchor bu quvg‘indi ruh nayranglaridan har qancha ogoh etilmasin, baribir uning muqomlariga aldanish, alamiga giriftor bo‘lish Odam bolalarining yozug‘i ekan.

Mixail Lermontovning “Demon” poemasi mutolaasiga sho‘ng‘igan o‘quvchi qora qayg‘u – Iblis qayg‘usining mahobatini idrok etadi.

Ne ajabki, “jahon dashti ichra bevatan” tentirab yurgan Iblisning ko‘zi tong pokligi – Tamaraga tushib qoladi?!

Yohu! Iblis qizni payqadi,
O‘sha zamon sezdi hayajon:
Shirin bir kuy go‘yo biyobon –
Dashtday ko‘ngli ichra tarqadi.

Go‘zal xilqat oliy dargohdan quvilgan iblisga mas’ud onlarini, kim edi-yu, kim bo‘lib qolganini eslatdi. Huvillagan ko‘ngliga oniy hayrat – nurni soladi. “Eslab ketib o‘tmishni, yolg‘iz Bir oh tortib, nafas olardi”. O‘tmishini unutmaydi. Unuta olmaydi!

Shunda Iblis eng birinchi bor
Muhabbatning dardini tuydi…
Nola chekib dili zor-u zor,
Ishq o‘tida lovillab kuydi.
Qo‘rqib, jilmoq bo‘ldi bu yerdan…
Qanotini ko‘tarolmadi!
Ajab! Quruq ko‘zidan birdan
Yoshi oqdi… Hech chidolmadi…
O‘sha joyda haliga qadar

Odam yoshi emas, o‘sha yosh,

O‘sha o‘tdek yosh kuydirgan tosh,

Yakka, qora, kuygan tosh yotar…

Garchi ko‘zidan oqqan sho‘r yosh toshni kuydirsa-da, muhabbat – Iblis emas, u Tamara! Chunki muhabbat adashar, xato qilar, gunoh qilar, lekin zulm qilmaydi. Qilsa ham, faqat o‘ziga qiladi, o‘zgaga emas. Muhabbat tugagan joyda shayton muqomi – makr boshlanadi.

Poemada alam, yolg‘izlik, hasad, haddini bilmas g‘urur, beor, darbadar, sarkash ruhning butun dramasi Iblis iztirobida namoyon bo‘lsa, mudom shafqatga muhtoj muhabbatning fojiaviy mohiyati, rang-u raftori Tamara qismatida ko‘rinadi. Tamara, Sonya Marmeladova, Nastasya Filippovna, Karenina, Lara Antipova va Margarita, hatto jinoyatchi Katya Maslovaning ko‘rguligi barkamollikka-soflikka toqati yo‘q Iblisning tantanasidir! Bu mal’un ularni o‘zi uchun zarracha qimmatsiz bo‘lgan cho‘chqaboqar dulseniyalarning oyog‘i ostiga tashlamaguncha tinchimaydi. Yuksaklikning badalini badnomlik bilan to‘latadi. Axir, Pasternak Larani tabiatning eng toza xilqati bo‘lishga munosib ayol deb bekorga kuyunmaydi. Yoki Tols­toy o‘zi yaratgan qahramonga o‘zi mahliyo bo‘lib, Annaga shafqatsiz munosabatda bo‘lganini tan oladi. Lekin bir taskin bor. Yigirma besh yoshli yigitcha idrok etgan buyuk bir shafqat – har holda, falakda o‘lchovlar boshqacha bo‘lsa kerak degan xayolga undaydi. Balki, adabiyot – yer yuzida chumoli kabi g‘imirlab yurgan qadrsiz insonning musibatlariga ko‘kning ko‘zi bilan, ilohiy hamdardlik bilan qarashga da’vatdir.

…Farishta gunohkor jon – Tamarani bag‘riga bosgancha bu dunyodan olib ketardi. Shu on do‘zaxiy ruh paydo bo‘lib, azaliy beorlik bilan “Qiz meniki! Yo‘qol sen!”, deydi. Bu gal osmon elchisi qat’iyat bilan javob beradi:

Yetar shuncha tantana qurding,
Yetar shuncha sen yo‘ldan urding;
Endi hukm soati yetdi,
Parvardigor qat’iy amr etdi!
O‘tdi unga sinov kunlari,
O‘tdi unga azob tunlari,
Yerning foniy kiyimi bilan
Zulm zanjiri yechildi undan.

Nega? Nega zulm zanjiri yechiladi? Axir, u gunoh qildi-ku. Bilaturib shaytonni sevdi. Nega jannatga ketar ekan? Chunki “U qiynaldi, sevdi”. Neki o‘tsa o‘zidan, jonidan o‘tdi. Shuning uchun jannat eshiklari unga ochiq. Bo‘ldi, bas! Sevgan ko‘ngilga, mazlum qalbga hukm o‘qishga shoshmang! Bu tuyg‘uning mudhish oqibatini hech kim ayolning o‘zichalik anglamagan. U bekorga so‘nggi najotni farishtadan izlamaydi, Parvardigor elchisi bag‘riga talpinmaydi. Biroq ayol muhabbati, qurbonligi ham Iblisni mangu tamg‘adan – tavqi la’natdan ozod eta olmadi. U hamon beadoq savollar iskanjasida o‘sha kibr, o‘sha ta’na bilan ­zamin uzra tentirab yuribdi.

Iqbol QO‘SHSHAYEVA,
Facebook

“Jadid” gazetasining 2024-yil 4-oktyabrdagi 41-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596