27.03.2025 | 16:18
492
HUMO BO‘LIB BOSHIMGA QO‘NGIN!
Turkiy elatlar taqvimida bahoriy tengkunlik qadim-qadimdan ulkan bayram sifatida nishonlab kelinadi. Bugungi kun o‘lchovlarida esa ota-bobolarimizning o‘sha an’analari yanada sayqallanib, yanada joziba kasb etib, dunyo xalqlarining e’tiborini o‘ziga tortayotgan bayramlar qatoriga kirmoqda.

Yaxshi narsa, yaxshi kunlar hech qachon xalq xotirasidan o‘chmaydi. Yaqin o‘tmishda qatag‘onga uchragan milliy bayramlarimizning mustaqillik sharofati bilan qaytadan qad rostlab, umumxalq bayramiga aylangani buning yaqqol isboti bo‘ldi. Hozirgi kunda barcha turkiy xalqlarda bo‘lgani kabi Turkmanistonda ham Navro‘z keng ko‘lamda nishonlanadi. O‘tgan yili Navro‘z xalqaro bayram deb e’lon qilinib, dunyo miqyosida bu bayramga katta e’tibor qaratilganidan xabaringiz bor, albatta.
Shubhasiz, to‘y-hashamlar, bayramlar xalqni yanada jipslashtirib, birdamlik uchun xizmat qiladi.
Dunyoning bir necha xalqlari birlashib bu bayramni nishonlashlari esa o‘sha davlatlarni bir-birlariga yaqinlashtirishi, o‘zaro izzat-hurmatini oshirishi tabiiy. Navro‘z sadolari bugun O‘zbekiston-u Turkmanistonni, Ashxobodning Kopettog‘i etaklaridan to Xorazm yerlari-yu Boysun, Olatov tog‘lariga qadar, Qozog‘iston yaylovlaridan to Kavkaz tog‘lariga qadar baralla yangramoqda.
Aslini olganda o‘zbek bilan turkman, va umuman, turkiy xalqlar bir ildizdan ungan ulkan daraxtning shoxlari hisoblanadi. Ularning yashash maydonlari, tog‘-u bog‘lari bir-biriga o‘xshash, joiz bo‘lsa, bir-birini to‘ldirib, bir butunlikni kasb etuvchi kenglik deb qaralmog‘i lozim. Xalqlarimiz ham tarjimonsiz o‘zaro bemalol muloqot qilishlari – bu juda oddiy holdir. Shunaqa: urf-odatlari o‘xshash, to‘ylarida goh turkmancha qo‘shiq jaranglasa, unga o‘zbekcha kuy-qo‘shiqlar ulanadi.
Men ikki el ichida yurgan bir ko‘ngil odami – shoir bo‘lganim uchun to‘y va bayramlarga ko‘p yillardan buyon qatnashib kelaman. Davralarda Navro‘z, bahor, o‘zbek-turkman do‘stligi haqida she’rlar o‘qiyman.
Navro‘z, eng avvalo, sog‘inch bayrami. Albatta, inson zoti borki, ko‘klamni, bahorni sog‘inadi. Bahorga yetganiga shukronalar aytadi. Bahoriy gullarning ifori dimog‘iga tekkanda ruhida masrurlik tuyadi.
Qish tunlari uzundir, ziyo izlab toliqdim,
Dil xastadir seningsiz, kela qolgin, Navro‘zim.
Tegramda qish qirovi, ne kulfatga yo‘liqdim,
Elagingdan yoz nurin elay qolgin, Navro‘zim.
Mudrab yotgan uyquli dala-tuzing uyg‘onsin,
Bog‘larni o‘t silkitib, bosgan izing uyg‘onsin.
Boychechag-u chuchmoma, lola – qizing uyg‘onsin,
Har novdaga gul chaman ila qolgin, Navro‘zim.
Xalqim rizq-u ro‘ziga eshik ochib ber o‘zing,
Dala-tuzni aylanib, urug‘ sochib ber o‘zing,
Ko‘k maysaning ko‘ksiga shudring – sadaf ter o‘zing,
Yer-osmonni charog‘on qila qolgin, Navro‘zim.
To‘lqinlarga shiddat ber daryolarning bo‘yida,
Nafasingni sezsinlar xalqim hasham-to‘yida.
Kamalakdan bino qur ona zamin ro‘yida,
Sen borliqni jonlantir, bo‘la qolgin, Navro‘zim.
Sog‘inganim shunchadir, quchoq ochib ko‘rishsak,
Yashnatmoqqa zaminni birga-birga erishsak.
Ko‘p ishlarga qodirmiz qo‘lni qo‘lga berishsak,
Humo bo‘lib boshimga qo‘na qolgin, Navro‘zim.
Do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga o‘zining ajoyib hissasini qo‘shib kelayotgan Navro‘z sog‘inchi barchaga muborak bo‘lsin.
Abdulvohid SAID MUHAMMAD,
shoir
Turkmaniston Respublikasi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 21-martdagi 12-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



