02.07.2024 | 17:21
1339
KAMBAG‘AL BO‘LSANG… O‘LIB KO‘R!
…Tong saharda yarim ochiq derazamdan noxush xabar bostirib kirdi – mahalla chorlovchisi (Ismi Ollabergan bo‘lgan bu bandaga “Levitan” laqabi necha yilki chippa yopishgan – sabab u mahalla ahlini to‘y-u azalarga chorlaydi. Ovozi o‘sha mashhur suxandonga o‘xshash keladi) ovoz kuchaytirgichda janozaga aytardi: “Janoza! Soat o‘n ikkiga! Arab ovulidagi usta Jabborberdi qaytish bo‘ldi!”

O‘n yillar oldin avtohalokatda olgan og‘ir jarohati tufayli to‘shakka mixlanib qolgan ustaning ikki o‘g‘li bor – harqalay tayyorgarligini ko‘rib qo‘yishgandir… Noxush xabar yoyinlanganda ko‘nglimga ushbu so‘zlar keldi darrov. Sababi, necha yilki shu elda yashab, turli urf-odatlari, marosimlarida qatnashib, ularga bosh bo‘lib yurganimdan marhumni dafn qilishning o‘zi bo‘lmasligini yaxshi bilaman.
Bandasi to‘yga necha yillar tayyorgarlik ko‘radi – kerak-ketigini hozirlaydi. Yetmay qolsa, el-yurt odamlari beradigan to‘yona bor. Undayam yetmasa, qarz ko‘taradi. “Qarz uziladi, xotin yonga qoladi” otaso‘zi behudaga to‘qilmagan…
Ammo to‘satdan boshiga musibat tushsa – birodari omonatini topshirsa-chi? Ana unda yugur-yugurni ko‘ring. O‘likni qarz evaziga dafn qilib bo‘lmaydi – axir imom marhumning dunyoviy qarzlarini yaqinlaridan biri bo‘yniga qo‘ygachgina janoza namozini o‘qiydi.
…To‘rt yil oldin – yangi yil kiradigan kuni yon qo‘shnimizning 17 yashar qizi joniga qasd qildi. Kutilmagan mudhish fojia. O‘rtaholgina – ikki qariyaning pensiyasiga ro‘zg‘or tebratayotgan oilaning bayram dasturxoni yozig‘ligicha qoldi. Ota-onasi, bobo-buvisining musibatdan karaxt ahvolga tushgani bir yoq, mayitni dafn qilish uchun ketadigan mablag‘ni topish bir yoq…
Xorazmda yer osti suvlari tuproq yuzasiga yaqinligi sabab jasadni qo‘yish uchun qabr tiklanadi. Endi o‘zingiz hisoblab ko‘ring: o‘rtacha qabrga kamida sakkiz yuz dona xom va ikki yuz dona pishgan g‘isht ketadi. Yana qabr poydevorini beton qorishma bilan quyish kerak. Ustidan qo‘yiladigan ikki bog‘lam qoraqog‘oz, kamida uch qop sement… (Hozirda qabr uchun tayyor beton taglik ishlatilyapti. Ayrim qabristonlar qoshida shunday taglik quyadigan kichik sexlar bor. Buyam falon pul).
Qabr tagiga tashlash uchun bir mashina qum, yana g‘isht urish, suvog‘i uchun bir mashina yaxshi tuproq zarur. Bularni keltirgan haydovchini, yuklab bergan ekskavatorchini rozi qilish kerak.
Qabr tiklaydigan ustaning qo‘l haqi bir qop un narxiga teng.
Taqribiy hisob-kitobda bir qabr tiklash uchun kamida uch yarim-to‘rt million so‘m pul ketadi.
Hali kafanlik topish kerak, janoza o‘qilguncha azaxonada diniy rivoyatlar o‘qib o‘tiradigan xalfa ayolni rozi qilish lozim. Bu yoqda marhumning yaqinlari janoza namozidan so‘ng so‘yish uchun qo‘y-qo‘chqor izlab qolishadi. Ma’raka dasturxoniga qo‘yiladigan qand-qurs, noz-ne’matlar ham ozmunchamas – ayollarga bo‘lak, erkaklarga bo‘lak bir necha xonalarda dasturxon yozish kerak. Hali janoza namozi o‘qilguncha xotin-qizlar zudlik bilan bo‘g‘irsoq pishirishi va ta’ziyaga kelganlar oldiga qo‘yishlari shart. Bu yoqda azador ayollar jasad ustida fig‘oni ko‘kka o‘rlab, dod-voy solishyapti, uy orqasidagi tandirga esa o‘t qalangan. Uch-to‘rt ayol non yopish bilan band…
…Bir oycha oldin yon qo‘shnimiz olamdan o‘tdi. Bir yarim yildan buyon buyrak yetishmovchiligidan azob chekar, haftada uch marta qonini gemodializ orqali tozalashardi. O‘g‘li yo‘q, to‘ng‘ich qizini uzatgan, uyida yolg‘iz bo‘y yetgan qizi, nogiron ayoli bo‘lgan marhum oilasi ehtiyojmandligi tufayli “Temir daftar”ga kiritilgan, davlat tomonidan moddiy qo‘llab kelinardi. Bu moddiy qo‘llash ro‘zg‘or qozonini qaynatishdan ortmasdi.
…Tong sahardan chopa-chop boshlandi. Hali marhum jasadi kasalxonaning jonlantirish bo‘limidan keltirilguncha amaki og‘aynilari bilan dafn uchun ketadigan narsalarni hozirladik. Qishlog‘imizdagi qurilish ashyolari do‘koni egasiga qo‘ng‘iroq qilib vaziyatni aytdik: “Hozir imkoni yo‘q… Kuyovi chetda ishlaydi, o‘sha pul jo‘natgach hisoblashamiz…” (Shu o‘rinda oqibatli xalqimizning bunday paytda kerakli narsalarni hech ikkilanmay nasiyaga berish odati borligini alohida qayd qilish kerak. Kafanlik, dasturxonga tortiladigan qand-qursni ham do‘kondorlar shundoq berib yuborishadi).
Ammo masalaning boshqa tomoni bor. Qabr uchun olingan qurilish ashyolari haqini shu kuniyoq bermasa bo‘lmaydi. Marhum qabrga qo‘yilgach farishtalar kelib uni so‘roqqa tutadi, birinchi berajak savoli dunyoviy qarzlari haqida bo‘ladi, deyishadi. Buni bilgan marhumning yaqinlari kuyovdan keladigan pulni kutmay, o‘zlari cho‘ntak kovlashga majbur bo‘lishdi…
…Bir kuni saharda kimdir derazamni qoqdi. Chiqsam, qo‘shni elatlik tanishim. Salomlashishni unutib, bevaqt kelishi sababini aytdi: “Tuppa-tuzuk yurgan otam boyagina omonatini topshirdi. Kutilmaganda… qo‘lim quruq… O‘g‘lim chetda ishlayapti. Shunga… besh-o‘n so‘m berib tursangiz. O‘g‘limga qo‘ng‘iroq qilsam, aytdiki, maoshini keyingi hafta berarkan…”
Qora tortib, umid bilan kelgan tanishimga “bandalik”, deya naqd pulim yo‘qligi uchun plastik kartamni berib yubordim…
…Xiva shahridagi bir qabriston qorovuli oldindan qabr qurib, uni marhumlar yaqiniga qimmat narxda sotayotgani, tayyor qabrni sotib olmay o‘zi tiklagan bir fuqaro dahmasini “noqonuniy” deb yiqishga harakat qilgani, bu mojaro huquq organlari tomonidan o‘rganilgani, ammo hech kimga chora ko‘rilmagani haqidagi tanqidiy maqolamga ishonarli huquqiy munosabat bildiradigan mas’ul topilmadi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda bir necha marta yoyinlangan xabarlar ham imi-jimida o‘tkazib yuborildi…
Afsuski, barcha bandaning boshida bor qismat – o‘limdek fojiani yaxshigina biznesga aylantirgan nokaslar yo‘q emas…
Yaqin-yaqinlargacha bizda “mustiyoqqa o‘tirish” degan odat bo‘lardi. Ya’ni janoza namozidan oldin marhumning yaqinlaridan biri uning bu dunyoda qazo qilgan namozlari, ro‘zalarini o‘z bo‘yniga olardi. Bu shunchaki marosim emas edi. Uy egasi bir tog‘ora bug‘doy yoki sholi ustiga qimmatbaho mato qo‘yadi. (Bug‘doy yoki sholi tog‘oradan oshib, to‘kilib turishi kerak. Go‘yo shunda gunohlari to‘kilarmish). Imom qo‘liga tig‘li buyum – bolta yoki uzun pichoqni olib, marhumning yoshini hisoblab, ayol bo‘lsa to‘qqiz, erkak bo‘lsa o‘n ikki yoshidan buyon qazo qilgan namozlari oy-kunlarini hisoblab, shularni mustiyoqqa o‘tirgan banda bo‘yniga yuklardi. Keyin tog‘oradagi bug‘doy va qimmatbaho matoni olib ketardi.
Bolalik vaqtimizda bu odatni kasb qilib olgan Samandar buva degan inson bo‘lardi. Hech kimi yo‘q bu banda qishlog‘imizdagi barcha marhumlarning diniy qarzlarini bo‘yniga olish evaziga… tirikchiligini o‘tkazardi, ya’ni o‘sha bug‘doy va matoni haq sifatida olardi. O‘sha bandaning laqabi ham “mustiyoqchi” edi.
Samandar buva olamdan o‘tgach, bu ishni hech kim zimmasiga olmadi, endi marhumning diniy qarzlari yaqinlaridan biriga yuklanadigan bo‘ldi.
Har bir banda bu dunyoda qilgan yaxshiliklariga ajr, bilib-bilmay qilgan xatolariga yarasha jazo olishi haqida imomlar ko‘p bora amr-u ma’ruf qiladilar. Birovning xato yoki kamchiligini boshqa birov o‘z bo‘yniga olishi… na mantiqqa, na dinimizga to‘g‘ri keladi.
Garchi to‘rt-besh yil oldin mahalla mas’ullari targ‘ibotlari o‘laroq bema’ni marosimni o‘tkazish taqiqlangan bo‘lsa-da, hali hamon yashirincha o‘tkazayotganlar bor.
Yaqingacha “darvana” degan odat ham bo‘lardi. Marhumning yaqinlari janoza namozi o‘qilishi arafasida bir dasta pulni qariyalarga tarqatishardi. Shu bid’at odatni o‘zlarini ko‘z-ko‘z qilish uchun o‘tkazadiganlar, “Falonchi otasi o‘lganida ellik kishining har biriga o‘n ming so‘mdan tarqatdi. Men yuz kishining har biriga ellik ming so‘mdan berdim”, deb maqtanib yurganlarni bilaman.
…Janoza o‘qildi, mayit qabristonga olib ketildi. Azador xonadon egalari endi bo‘lajak marosimlarga tayyorgarlikni boshlashadi. Ma’raka uchun boyagina so‘yilgan jonliqdan ovqat tayyorlashga kirishishadi.
Bir kundan so‘ng “uch” ma’rakasi bo‘lib o‘tadi. Ma’raka dasturxonining to‘y dasturxonidan farqi spirtli ichimliklar yo‘qligi, xolos. Keyin “yetti”si. “Qirq” ma’rakasigacha har payshanba kuni marhum o‘tgan xonadonda dasturxon yozilib, taom pishirilib, “jumalik” deb ataluvchi marosimga kelganlarga tarqatiladi.
Aynan besh “jumalik”dan so‘ng “qirq” ma’raka beriladi. Bu orada Ramazon yoki Qurbon hayitlari kelib, musibat tushgan barcha xonadonlarda “hayitoshi” ma’rakasi tongdan boshlanadi. “Hayitoshi” o‘z nomi bilan hayit oshi. Kelganlar oldiga ovqat tortilmasa bo‘lmaydi.
“Yil” ma’rakasini esa “endi u yog‘i to‘y bo‘lsin!” degan yaxshi niyatda misli to‘ydek o‘tkazishadi, ya’ni dasturxon bezaladi, albatta, bir qozon suzma palov pishiriladi…
Hukumatimizning dafn qilish xarajatlari uchun deb belgilab bergan moddiy yordami – marhumning ikki oylik maoshi yoki pensiyasini ba’zi dimog‘ini qurt bosgan manglayi qoralar “kafanlik” deb kulib ham qo‘yishadi.
…Ahmad Yassaviy hikmatlarini yod olgan onam rahmatli kimdir vafot etgani haqidagi xabarni eshitganlarida hamisha aytguvchi edilar: “Qish o‘ldirma – yoz o‘ldir, och o‘ldirma – to‘q o‘ldir!” Onam nidomat-la aytmish bu otaso‘zlar zamirida qachonlardir, kimlardir tomonidan o‘ylab topilgan, marhum xonadonini ship-shiydam qiladigan bid’atlardan norozilik bor, bezish bor.
…Turon jadidlarining otasi Mahmudxo‘ja Behbudiydan o‘qiymiz: “To‘y va ta’ziyaga sarf qilinaturg‘on oqchalarimizni biz, turoniylar, ilm va din yo‘lida sarf etsak, anqarib ovrupoviylardek taraqqiy etarmiz va o‘zimiz-da, dinimiz-da obro‘y va rivoj topar. Yo‘q, hozirgi holimizda davom etsak, din va dunyoda zillat va miskinatdan boshqa nasibamiz bo‘lmaydir!”
Abdulla Avloniy bobomiz kuyinib yozmish: “…Imomlarimiz xaloyiqg‘a va’z va nasihat o‘rniga, to‘y va janozalarda yurub, joma kiyishni yaxshi ko‘rurlar”.
Bu so‘zlar yuz yillar oldin aytilgan. Bu yuz yilda siyosatlar o‘zgardi, tuzumlar yangilandi, kamida to‘rt-besh avlod almashdi, ammo o‘sha udumlar, keraksiz, mantiqsiz odatlar, bid’atlar hali hamon bor – yashovchan.
…Besh yillar oldin Oliy Majlis Senati qarorida to‘y marosimlarini ixchamlashtirish, ma’rakalarni tartibga solish, islom dinida yo‘q “uch”, “yetti”, “jumalik”, “yigirma”, “qirq”, “yil” kabi ma’rakalarni o‘tkazmaslik belgilab berilgandi. Xo‘sh, ijro nima bo‘ldi?
Ayni qaror chiqqanidan biror haftalar o‘tgach elatimizning eng yoshi ulug‘ insoni – Jamila momo 90 yoshida bandalikni bajo keltirdi. Imom janoza namozini o‘qigach ko‘chaboshi odatdagidek “Indinga “uch”i, keyingi haftaning falon kuni “yetti” ma’rakasi bo‘ladi”, deb e’lon qilish o‘rniga “Senatning qarori bor – hech qanday ma’raka bo‘lmaydi!” dedi. Tobutni ko‘tarib borayotgan yigitlardan biri: “Nima, biz itni ko‘tarib ketyapmizmi?” deb luqma tashladi. Bu gapga birovlar kuldi, birovlar bosh chayqadi…
Haqiqatan, Jamila momoga birorta ma’raka berilmadi. Bo‘lmasa farzandlari elning old odamlari edi.
O‘sha vaqtda Senat a’zolari viloyatlarda bo‘lib, keng jamoatchilik vakillari bilan yig‘ilishlar o‘tkazishdi, “oynayi jahon” va ommaviy axborot vositalarida qaror keng targ‘ib qilindi. Bu jarayonda aynan imomlar jonbozlik ko‘rsatishdi.
Keyin… navbatdagi janozadan so‘ng hammasi eski o‘zanga qaytdi. Eng ajablanarlisi, ko‘chaboshi bor ovozi bilan marhumning “uch” va “yetti” ma’rakalari sanasini e’lon qildi. Farqi: “Ma’rakalar soat o‘n ikkiga sovuladi”.
Bu orada aksiga olganday muqaddam bizlarda bo‘lmagan, daryo ortida o‘tkazilarmish deb eshitganimiz “ellik ikki” degan ma’raka-rusum bo‘la boshladi. O‘sha qaror bekor qilindimi yoki ijrosi vaqtincha to‘xtatildimi, deb mahalla mas’ullarining biridan so‘radim. U yelka qisdi: “Elni o‘rgangan odatidan bir qaror bilan qaytarib bo‘lmas ekan. Asta-sekinlik bilan bunga erishamiz”.
Qachon? Yana yuz yildan keyinmi?
Davlatimiz rahbari, hukumatimiz yoki qonun chiqaruvchi organlar qarorlari ijrosini ta’minlaydigan mahalla mas’ullarining parvoyi falak. Kun sayin avj olib borayotgan shu kabi marosimlarga aynan mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan el roziligi bilan saylangan ayrim ko‘chaboshilar bosh bo‘lishayotgani achinarli…
…Biz hozircha jadid bobolarimiz qayg‘ulariga hamdard bo‘lib, ularni qiynagan illatlardan voz kechish kerak deb bong uramiz va oxirida… qo‘shimcha qilamiz: “Kambag‘al bo‘lsang – o‘lma!”
Ro‘zimboy HASAN,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
78
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
595
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
593



