11.09.2024 | 17:34
587
HURRIYAT UCHQUNLARI
Toshkent shahri. 1938-yil 9-oktyabr.
Harbiy kollegiyaning shu kuni ertalab soat 9:20 da bo‘lib o‘tgan sayyor yig‘ilishida o‘limga hukm etilgan 42 nafar mahbus O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissarligi komendanti, davlat xavfsizlik xizmati katta leytenanti Shishkin, birinchi rangdagi bosh harbiy prokuror yordamchisi Shulsin va mayor Apressyan ishtirokida Toshkentdagi hukm ijro etiladigan maxsus joyda otib tashlanadi. Ular orasida bor-yo‘g‘i 29 bahorni ko‘rgan Inog‘om Mo‘minov ham bor edi.

Bundan oldinroq sobiq Ittifoq Oliy sudi harbiy kollegiyasining 1938-yil 4-oktyabrida qabul qilingan qarori bilan 52 nafar mahbus otuvga hukm etilgan. Mazkur ro‘yxatning 29-raqamida Muhammad Mo‘minov nomi bitilgan. Jazoni shu kuni tundayoq davlat xavfsizligi xizmati katta leytenanti Shishkin ijro etgan. Namangan shahridagi Oktyabrning 25 yilligi ko‘chasida bir oilada tug‘ilib o‘sgan aka-uka – Muhammad va Inog‘om Mo‘minov mudhish “Katta terror” qurboni bo‘lgan. Quyida mustabid sovet davrida Ichki ishlar vazirligi tizimida faoliyat ko‘rsatib, shu rejimning qatag‘oniga duchor bo‘lgan Inog‘om Mo‘minovning fojiali hayotidan ayrim lavhalarni keltiramiz.
Qo‘limizda qamoqqa olingan Inog‘om Mo‘minov haqidagi hujjat turibdi. Unda mahbus 1909-yili Namangan shahri, Oktyabrning 25 yilligi ko‘chasi 31-uyda tavallud topgani yozilgan. Shuningdek, uning eski Buxorodagi Guzarazot ko‘chasi 141-uyda yashashi, kasbi – xizmatchi, ish joyi va lavozimi – NKVD Buxoro sektori 3-bo‘limi boshlig‘i yordamchisi, ijtimoiy kelib chiqishi – hunarmand to‘quvchi ekanligi bitilgan. Ma’lumoti quyi o‘rta, partiyasiz. VLKSM a’zosi, O‘zbekiston SSR fuqarosi. Xotini Zinaida Ivanovna, o‘g‘li Tohir Inog‘omovich 6 oylik chaqaloq, qaynonasi Maria Ivanovna 55 yoshda. Inog‘om Mo‘minov maxsus vakolatli bo‘lim tomonidan 1937-yil 26-sentyabrda qamoqqa olingan.
Uning hayoti haqidagi ushbu anketa o‘sha yilning 29-sentyabrida imzolangan.
Qahramonimiz hibsga olingan vaqtda O‘zbekiston SSR Ichki Ishlar xalq komissarligi Buxoro sektori 3-bo‘linmasi boshlig‘i yordamchisi, davlat xavfsizligi serjanti lavozimida faoliyat ko‘rsatayotgan edi. Inog‘om Mo‘minov akasi Muhammad Mo‘minovning aksilinqilobiy tashkilot a’zosi ekanligini bilgani holda uni fosh qilishdan bosh tortgan. Aksincha, u bilan mustahkam aloqada bo‘lgan.
1937-yil 18-oktyabrida Leonov, Friman va Dosenkolar tomonidan tergov qilingan Inog‘om Mo‘minov o‘z javobida akasi Muhammad Mo‘minovning ukasiga qilgan nasihatidan mana bu parchani keltirgan: “Moskvaga o‘qishga bor, o‘zbek xalqiga yordam berishing uchun ko‘p o‘qishing kerak. Poytaxtga borib mustamlakachilar orasida bo‘lib, ulardan o‘rganasan, keyinchalik ularning o‘rnini egallaysan. Ular bizning dushmanimiz, butun Turkistonni o‘z qo‘llariga olmoqchilar. Lekin biz bunga yo‘l qo‘ya olmaymiz. Vaqt kelib hokimiyatni qo‘lga olamiz. Mustamlakachilarga qarshi kurashga, xalqimizni ozod qilishga tayyorgarlik ko‘r”.
Inog‘om Mo‘minov 1928-1929-yillarda O‘rta Osiyo ishchilar fakultetida o‘qigan davrida mustamlaka hududlardan kelgan talabalar bilan do‘stlashib, ular bilan birgalikda yashirin guruh tuzgan. Mustamlakachilar ishonchiga kirishga muvaffaq bo‘lgan. 1929-yilda OGPU Sharq bo‘limi xodimi Rahimov uni ishga taklif qiladi. Bu taklif haqida Muhammad Mo‘minovga aytganida akasi Inog‘omning ishlashiga rozilik bildiradi. Qahramonimiz OGPUda ish boshlaydi. Shu bilan birga OGPU doimiy vakilligi huzuridagi O‘rta Osiyo kurslarida o‘qiydi. O‘qishni bitirgach, Zomin rayonida faoliyat boshlaydi.
1935-1936-yillarda Inog‘om Mo‘minov Samarqand okrugi militsiya sektori rahbari lavozimida ishlaydi. Uning davrida Samarqand shahridan bironta odam aksilinqilobiy jinoyatlarda ayblanib qamalmagan.
U aholi orasida ocharchilik to‘g‘risida uydirma ma’lumotlar tarqatganlikda, sovetlarning siyosatidan norozi bo‘lganlarning tarafini olganlikda ayblanib, Ichki ishlar xalq komissarligi tezkor vakili, davlat xavfsizligi katta leytenanti Freyman va tezkor xodim Rimskiy ishtirokida 1937-yil 29-sentyabrda hibsga olingan. Uning uyida tintuv o‘tkazilgan. Fuqarolik pasporti, harbiy guvohnomasi, 25 varaqdan iborat turli yozishmalar daftari, qoralamalar, turli manzillar yozilgan xatlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
1937-yil 8-oktyabrda Davlat xavfsizligi leytenanti Dosenko ayblov xulosasini taqdim etgan. Bunda Inog‘om Mo‘minov, katta akasi Ahmad Mo‘minov tomonidan aksilinqilobiy ruhda tarbiyalanganligi, Inog‘om GPU (Davlat siyosiy boshqarmasi)ga ishga kirayotgan vaqtda uning yana bir akasi Muhammad Mo‘minov 1927-yil 7-noyabrda Moskva ko‘chalarida aholining tinch namoyishida, trotskiychilarning aksilinqilobiy yig‘inlarida ishtirok etganligi, quloqlarni sinf sifatida tugatish, paxta hosildorligini oshirish haqida tuhmatona targ‘ibot olib borganligi uchun O‘zSSR Jinoyat kodeksining 60, 66-1, 68-moddalari bilan ayblangan.
Inog‘om Mo‘minovning qamoqdagi kamerasiga Shoberdi Tursunovni maxsus xufiya sifatida kiritishadi. Undan oziq-ovqat va sanoat tovarlarining yetishmovchiligi haqida so‘ralganda bunday holatning asosiy sababi joylarda olib borilayotgan mustamlakachilik siyosati tufayli paxta ko‘p ekilib, g‘alla kam ekilayotganligida ekanligini batafsil tushuntiradi.
1937-yil 6-dekabrda qo‘yilgan ayblov xulosasida Inog‘om Mo‘minovning 1925-yildan aksilinqilobiy tashkilot a’zosi ekanligi, 1929-yil ataylab OGPUga ishga kirganligi, mahalliy boylarni qatag‘ondan saqlab qolganligi, Afg‘oniston foydasi uchun josuslik qilganligi, aksilinqilobiy tashkilotlarga yangi a’zolarni jalb etganligi kabi ayblar qo‘yilib, O‘zSSR Jinoyat kodeksining 57-1, 64 va 67-moddalari bo‘yicha ayblanadi. Shuningdek, unga qarshi qo‘shimcha ayblovlar ham bildirilgan. Qahramonimizning akasi Muhammad Mo‘minov 1919-1922-yillarda jadidlarning “Milliy ittihod” aksilinqilobiy tashkiloti a’zosi sifatida ayblangani ta’kidlanib, aka-ukalar otuvga hukm etilgan. Aniqrog‘i, 1938-yil 4-oktyabrdagi SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining sayyor sessiyasida akasi Muhammad Mo‘minov, shu yilning 9-oktyabrida esa Inog‘om Mo‘minov sud qarori bilan otuvga hukm etilgan.
Qo‘limizda Oliy sud harbiy kollegiyasining 1938-yil 9-oktyabrdagi sud yig‘ilishi qarori. Uni harbiy sud raisi Alekseyev boshqargan. Sudda harbiy huquqshunos Zaytsev va 1-rangdagi harbiy yurist Bolderev, kotib harbiy yurist Batner qatnashgan. Sudda Inog‘om Mo‘minov O‘zSSR Jinoyat kodeksining 51-1, 64 va 67-moddalari bilan ayblanayotgani ma’lum qilinadi. Sud zaliga sudlanuvchi Inog‘om Mo‘minov taklif qilingan. Sudlanuvchiga ayblov xulosasi o‘qib eshittiriladi. Uning suddagi huquqi va sud tarkibi tanishtiriladi.
Shundan so‘ng O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissarligi Buxoro sektori 3-bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari davlat xavfsizligi serjanti Inog‘om Mo‘minovga u Jinoyat kodeksining 57-1, 64 va 67-moddalari bo‘yicha ayblanayotgani e’lon qilinadi. Sudda Mo‘minov 1925-yildan buyon sovetlarga qarshi bo‘lgan millatchilik, qo‘zg‘olonchilik, keyinchalik terrorchilik tashkiloti safida yashirincha faoliyat ko‘rsatganlikda ayblangan. Unga o‘z oldiga amaldagi hokimiyatni ag‘darib, O‘zbekistonda burjua davlatini tuzish, unga yangi shaxslarni safarbar qilish, kurashning terrorchilik uslublarini VKP(b) va Sovet hukumatiga nisbatan qo‘llashni maqsad qilgan ushbu tuzilmalarni qo‘llab-quvvatlash aybi ham taqalgan. Buning ustiga, Inog‘om Mo‘minovning millatchilarni fosh etishdan bosh tortgani, keyinchalik chet el konsullari xodimlari bilan aloqada bo‘lganligi, ularga davlat sirlari haqida ma’lumotlar berib turganligi da’vo qilingan.
Mo‘minov Jinoyat kodeksining yuqorida zikr etilgan moddalari bo‘yicha aybdor deb topilib, SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi tomonidan oliy jazo – otuvga buyurish va unga tegishli buyumlarni musodara etishga qaror qilinadi.
Ana shu mash’um voqeadan 20 yil o‘tib, aka-uka Muhammad va Inog‘omning mushtipar onasi 1957-yil 27-mayda sobiq Ittifoq Ministrlar Soveti raisi G.M.Malenkovga xat bilan murojaat qiladi. Unda shunday yozilgan: “Men, Tojixon Inomxo‘jayeva hozirgi vaqtda 75 yoshdaman. 8 nafar farzandli bo‘lganman. Ulardan 5 nafari o‘g‘il, 3 nafari qiz edi. Turmush o‘rtog‘im 47 yil hunarmandchilik bilan shug‘ullangan. Katta o‘g‘lim Muhammad Mo‘minov Moskvadagi yuridik universitetni bitirgan. 1937-yilning martida qamoqqa olingan, undan keyin boshqa o‘g‘lim Inog‘om ham qamoqqa olingan. Natijada oilamiz og‘ir ahvolga tushib qoldi va ikki nafar qizim vafot etdi. Ikki nafar o‘g‘lim urushga ketdi. Ulardan biri – Muxtorjon Mo‘minov Volokolamsk shahri yaqinidagi janglarda halok bo‘ldi. Yana bir askar o‘g‘lim urushdan nogiron bo‘lib qaytdi.
1938-yili o‘g‘lim Muhammad Mo‘minovdan xat oldim. U xatida uni qiynashayotganini, nogiron holatda ekanligini, uyga qaytishdan umidini uzganligini, insoniylik qiyofasini yo‘qotganlar orasida qolganini bildirgan. Ikkinchi o‘g‘lim Inog‘om Mo‘minovdan hech qanday xabar yo‘q.
Farzandlar dog‘i, ayriliq azobi, tuhmatlar ta’siriga chidagan erim o‘g‘illarining pok nomi oqlanishiga ko‘p harakat qilib, oxiri yuragi chidamay vafot etdi. Uning vafoti oldidan yozgan xatini sizlarga yuborganman. Menga o‘g‘illarim haqidagi ma’lumotlarni bersanglar. Tojixon Inomxo‘jayeva, Namangan shahri, 25-oktyabr ko‘chasi, 26-uy.”
Ma’lumki, Stalin vafotidan so‘ng qatag‘on qilinganlarni reabilitatsiya qilish jarayoni boshlangan. Mazkur masala 1956-yil fevralida bo‘lib o‘tgan KPSS XX s’yezdida ko‘tarilgan. Ittifoq miqyosidagi reabilitatsiyani o‘tkazish hay’ati tarkibida O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti birinchi kotibi Nuriddin Muhitdinov va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Xadicha Sulaymonova ham bo‘lgan. Tarkibda ularning bo‘lishi o‘zbekistonlik qatag‘on qurbonlarining reabilitatsiya jarayoni sobiq Ittifoqning boshqa mustamlaka hududlariga nisbatan ertaroq va tezroq yuz berishida muhim ahamiyat kasb etgan. Ana shu insonlarning sa’y-harakatlari bilan O‘zbekistonda 40 mingga yaqin “xalq dushmani” sifatida otuvga hukm etilgan yoki uzoq muddatlarga surgun qilingan yurtdoshlarimiz reabilitatsiya qilingan va oqlangan.
Nuriddin Muhitdinov o‘z esdaliklarida reabilitatsiya qilish komissiyasi a’zosi, akademik Xadicha Sulaymonovaning fidoyiligi haqida shunday yozgan edi:
“Qatag‘on qilinganlar hujjatlarining har birini huquqshunoslar ishtirokida ko‘rardik. Ba’zan tergov, sud materiallari, ayblov xulosasi, sud hukmini asoslash va boshqalarni o‘rganishda Jinoyat kodeksi moddalari, ayrim terminlarni yaxshi tushunmasdik. Ana shunda menga, butun guruh a’zolariga Xadicha katta yordam ko‘rsatdi, chunki u shu guruhning doimiy maslahatchisi edi…
Ushbu voqealarni eslar ekanman, ular atrofida Xadicha haqida ham shularni aytmoqchiman: Akmal Ikromov va Fayzulla Xo‘jayevning butun hujjatlarini yig‘ib Moskvaga borib, bosh prokuror Roman Rudenkoning kabinetida o‘tirganimizda, uning o‘rinbosari va ikki xodim papkalarni ko‘tarib kirishdi va muhokama boshlandi.
Meni zavqlantirgan va faxrlantirgan narsa shu bo‘ldiki, ularning har bir savoliga javob qaytarishda, hujjatlarga baho berishda yoki ularning gumon qilgan joylarini tushuntirishda Xadicha o‘zining olimligi, donoligi, qonunlarni yaxshi bilishi va mustahkam irodasini ko‘rsatdi. Uzoq Andijondan chiqqan bir o‘zbek qizi shunday mashhur prokurorni ham, uning mas’ul xodimlarini ham qoyil qoldirdi.
O‘sha yillari O‘zbekistonda “xalq dushmani” deb otilgan yoki uzoq muddatga surgun qilingan kishilarni oqlash kerak edi. Bu tarixiy ishga Xadicha Sulaymonova ham o‘ziga xos hissa qo‘shdi”.
Ana shu reabilitatsiya qilinganlardan biri Inog‘om Mo‘minov bo‘lgan. U 1958-yil 22-fevralda O‘zSSR Oliy sudi tomonidan reabilitatsiya qilindi.
1937-1938-yillardagi “Katta terror”da qatag‘on qilingan aka-uka Muhammad va Inog‘om Mo‘minovning hayoti va taqdiri haqidagi bor haqiqatni keng va batafsilroq ochib berishga qaratilgan izlanishlarimiz davom etayotir. Kelgusida ayni izlanishlarimiz davomida aniqlangan ma’lumotlarni yana e’tiboringizga havola etamiz, degan umiddamiz.
Rustambek SHAMSUTDINOV,
Dilshod HOMIDOV,
Andijon davlat universiteti tuzilmasidagi
Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi xodimlari
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596

