Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


21.08.2025 | 09:30

img385

IJOBIY “YO‘QOTISHLAR” DAVOM ETADI…

Chegachi atalmish kasb egalari bo‘lganini bilasizmi? Katta avlod vakillari eslashar, ammo yoshlar “Bu qanaqa kasb?” deb yelka qisishlari aniq.

O‘tgan asrning 60-yillarida aksar idish-tovoqlar sopoldan yasalgani uchun ehtiyotsizlik oqibatida sinib qolishi odatiy hol edi. Uy bekasi siniqlarni tashlab yubormas, yakshanba kuni bo‘ladigan bozorga yo‘li tushganida chegachiga chegalatib olardi. Chegalatish – sopol idishni yamash degani. Bizning avlod chegalangan piyola, choynak, tovoq, kosalarda choy ichgan, ovqat yegan. Chunki o‘sha davrlarda chinni idishlar o‘ta noyob mol hisoblanib, do‘konlarda peshtaxta ostida ustiga ikki hissa narx qo‘yib sotilardi. Uyam tanish-bilishlarga.

80-yillarga kelib temir choynaklar paydo bo‘ldi. Ammo bu matoh ham sifatsiz ekanki, goh dastasi, goh aylanma yasalgan quyari sinardi. Shundayam tashlab yuborilmay, endi chegachiga emas, payvandchiga yumush topilardi.

Mustaqillikdan keyin tadbirkorlar chetdan turli chinni idishlar keltirib, bozorlarimizni to‘ldirdi. Chinni idishlarni o‘zimizda yasash ham yo‘lga qo‘yildi. Oqibatda “chegachi” kasbi kasodga uchradi, “chegachi”, “chega” so‘zlari arxaik so‘zlarga aylanib ketdi.

Qishlog‘imizda hunarmand ustalar ko‘p bo‘lardi. Hayitboy buva g‘oyat ishbilarmon usta bo‘lib, 50-yillarda 30 tonna yuk sig‘adigan yog‘och kema yasagan. Bu kemada hali vohaga temir yo‘l yotqizilmagan davrda Amudaryo orqali kolxozga kimyoviy o‘g‘itlar keltirilgan. Usta Hayitboyning o‘g‘li usta Sa’dullaga garchi kema yasash nasib qilmagan bo‘lsa-da, ot va eshakarava yasashning hadisini olgandi. Muqaddam aravalarning g‘ildiraklari tuproq yo‘llarda yurishga mo‘ljallanib yog‘ochdan yasalgan bo‘lsa, yo‘llarga tosh tashalishi, asfalt qilinishi barobarida g‘ildiraklarini temirdan yasash rusumga kirgandi. Qishloqdagi har ikki xonadonning birisida, albatta, arava bo‘lardi. Qishloq ahli uchun arava yuk tashish va hatto uzoq joylarga borish uchun ulov vositasi edi. Yurtimizda yengil mashinalar ishlab chiqarila boshlagach, aravalar odam tashish vazifasidan ayrilishdi va… Usta Sa’dulla buva chorak asr ilgari faoliyatidagi so‘nggi aravani yasagan.

Ko‘cha-ko‘yda aravalar ko‘rinmay qolganiga besh yillar bo‘ldi. Ularning o‘rnini turli yoqilg‘ida yuradigan, hatto ikki-uch tonnagacha yuk tashish quvvatiga ega aravali mototsikllar egalladi.

Endi esi kira boshlagan bolalar “O‘tkan kunlar” filmidagi Kumushning Marg‘ilondan Toshkentga kelin bo‘lib otaravada kelgani lavhasini ko‘rib go‘yo bular ertaklardagi ajoyibotlarmi, deb hayratlanishlari aniq.

Qishlog‘imizda “darg‘alar” laqabli katta qavm yashaydi. Bu qavmga laqab katta bobosi Ramat buva daryoda kema darg‘asi bo‘lgani uchun berilgan. Ayni shu davrdan meros: “salodovchilar”, “guzarchi” laqablari hali-hamon yashab kelmoqda. Daryo o‘zani tortilgan, kemalar suzmay qo‘ygan, yuklar yer-u osmon ulovlarida dunyoning turli burchaklariga tashilayotgan zamonda bu atamalar ham o‘z umrini yashab bo‘lgan.

Sovet davrida eng mashhur so‘zlardan biri “defitsit” edi. Tilimizda “kamyob” mazmunini beradigan bu so‘z aynan aholi uchun zarur keng iste’mol mollariga nisbatan qo‘llanilardi. To‘y qilayotgan odamlar rayqo‘mga o‘sha vaqtda xotin-qizlar orasida rusum bo‘lgan, ko‘rpa-to‘shak tikiladigan matolar: baxmal yoki villur so‘rab bir quloch ariza yozib borar va navbatga yozilib, o‘n-o‘n besh metr mato olishardi. Yengil mashina u yoqda tursin, videomagnitofonlar ham rayqo‘m byurosi qarori bilan ajratilganini hozirgi avlod eshitsa, hayratdan og‘zi ochilib qoladi.

Hozir barcha turdagi elektron matohlarni uyingizga beminnat keltirib berishadi.

“Defitsit” so‘zi iste’moldan chiqqaniga o‘n yillardan oshdi.

Sinfdoshim usta Jumaboy ellik yildan oshdiki, temirchilik ustaxonasini yuritadi. Avvallar jamoa xo‘jaligi garajida ustaxonasi bo‘lardi, kolxozlar tugatilgach, uyi oldida ustaxona qurib, elatga xizmat ko‘rsata boshladi. U oldinlari tengqurlari to‘y-tomoshalarida bemalol o‘tira olmas, ishi boshidan oshib yotgani, odamlar kutayotgani uchun uzr bildirib vaqtliroq qo‘zg‘alardi. To‘rt-besh yil bo‘ldi nafaqaga chiqqan tengqurlari bilan, kerak bo‘lsa, erta tongdan qora xuftongacha bemalol gurunglashib o‘tiradi. Sababi…

Sababini o‘zi shunday ta’riflaydi: “Ustaxonam kasod bo‘lyapti. Kuniga bir-ikki odam bosh suqmasa, kun bo‘yi pashsha qo‘rib o‘tiraman. Yaqin-yaqinlargacha eshag-u otlarga taqa yasar va qoqardim. Endi qayda? Yoz boshlanishi bilan paxsa devordan imorat tiklamoqchi bo‘lganlar loy otadigan kapcha yasatishga navbat turishardi. Endi imoratlar pishgan g‘isht va yana boshqa zamonaviy g‘ishtlardan tiklanyapti. Yetti yil bo‘ldi bir dona kapcha buyurgan odam yo‘q. Ustaxonam elat odamlari yasatadigan bel, ketmon, o‘roq bilan aylanib turgandi. Endi esa… bir qarich yerniyam mini uskunalarda haydab, ekishyapti – bel-ketmonga ish qolmadi. O‘t-o‘lanni o‘radigan turli uskunalar chiqdi – o‘roqning davri o‘tdi. Bir vaqtlari erta bahordan kech kuzgacha kunlarim o‘roq charxlash bilan o‘tganini eslasam kulgim keladi. Zamon o‘zgarib ketdi, birodarlar”.

Jiyanimning katta o‘g‘li bolalikdan etikchiga shogird tushib, so‘ngra uyi yonida mo‘jazgina xona tiklab etikchilik qilayotgandi. O‘sha vaqtlari erta-kech ustaxonasidan odam arimas, yilaro kattayayotgan ro‘zg‘ori qozonini etikchiligi orqasidan qaynatardi. Uning ustaxonasi yopilib ketganiga ham besh yillar bo‘ldi.

Etikchilik hunari nega kasodga uchradi? Sababi oddiy – odamlar yamoq solingan oyoq kiyimi kiymay qo‘yishdi. Tufli, etigi poshnasi sal qiyshaysa yangisini olishadi. Qolaversa, hozirda tadbirkorlar tikayotgan oyoq kiyimlari ancha sifatli – besh-o‘n yilga chidam beradi.

“Kelinlar qo‘zg‘oloni” komediyasida asar qahramoni kinoya bilan aytgan “Ho‘rozqand chet elniki desa, yotib olib yalashadi” iborasida tilga olingan nimarsa hozirgi bolachalarga umuman tushuniksiz. Hafta-o‘n kunda “Shisha olamiz!” deya ko‘chama-ko‘cha qichqirib yuradigan yumushbardorlar ko‘rinmay qolganiga ancha bo‘ldi. Odamlar tilida negadir “shara-bara”chi deyiladigan bu hojatbaror insonlar topshirilgan har bir bo‘sh aroq shishasi uchun bir dona xo‘rozqand berishardi. Kimlardir uyida yasagan xo‘rozqandlar o‘sha vaqtlarda yoymachi ayollarning asosiy mahsulotlaridan biri edi. Bola borki, xo‘rozqand yalamasa kuni o‘tmasdi-da…

Tadbirkorlarimiz tomonidan chiroyli qog‘ozlarga o‘ralgan turli shirinliklar ishlab chiqarilishi bilan “xo‘rozqand erasi” yakunlandi. Bu yoqda bo‘sh shisha sotib oladiganlar ham ko‘rinmay qolishdi. Sababi, hozirda shisha idishlar turli o‘lcham, sig‘imlarda ko‘plab ishlab chiqarilyapti. Oldingi zamonlardagidek bo‘sh shishalarni yuvib, unga qayta suyuqlik quyish iste’moldan qolgan. To‘g‘ri, turli o‘lchamdagi shishalarni butun holda emas, sindirilgan holatda xarid qiladigan tadbirkorlar paydo bo‘lishdi. Ular shisha siniqlarini qayta quyib, turli o‘lchamdagi shisha idishlar ishlab chiqarishyapti.

Bolalik vaqtimizda qish oylarida elatda kunora kigiz bosilardi. Kigizchi ustalar uy egasi to‘plab qo‘ygan qo‘y junini yaxshilab yuvib, suv bilan tinmasdan ho‘llab turar, to‘rt-besh bilagi baquvvat yigitlar uni dumaloq shaklda tinmay pishitib borishardi. Sal beli baquvvatroq xonadon egasi oddiy qora kigiz bilan kifoyalanmay, “takanavat” atalmish kigiz bostirardi. Takanavat kigizlarga turli bo‘yoqlarga bo‘yalgan junlardan naqsh tushirilardi. Tun bo‘yi kigiz bosib, bilaklarimiz shilinib ketardi.

Kigiz bosilmay qo‘yganiga chorak asrlar bo‘ldi. Uylarni to‘shashda kigiz o‘rnini gilam va paloslar egalladi. Yaqindagina takanavat kigizini avaylab-asrab, kuya yeyishidan saqlagan, faqat aziz mehmonlar tagiga solgan kishilarning avlodlari bugun eshik ostonasiga dovur gilam to‘shashgan.

Elatimizda nom qozongan Matyoqub kigizchi dunyodan ketganiga o‘n yillardan oshdi. Uning bobolaridan meros hunari o‘zi bilan ketdi.

Bularni nimaga esladik? Sababi bor: hozirda ayrim noshukur bandalar “Mustaqillik nima berdi?” deb piching qilishadi. Bashang kiyingan, tagida yap-yangi mashina, qo‘lida qimmatbaho telefon, imorati “yevropacha uslub”da tiklangan bu noshukurlar bilan tortishish ortiqcha. Davralarda o‘shanday kimsalar gap qo‘zg‘ab qolishsa bir-ikki savol beraman: “Sen chegalangan piyola-choynakda choy ichganmisan?”, “Uyingda nechta kigiz bor?” O‘sha noshukurlar savollarimga javob topolmay angrayib qolishadi.

Buyuk istiqlolga erishgach, o‘tgan qisqa fursatda erishgan, topganlarimizni aytib o‘tirmayman – bu haqda oynayi jahon har kuni bong urmoqda. Men mustaqillik tufayli tarixga aylanib ketgan ijobiy ma’nodagi “yo‘qotishlarimiz”ni yodga olaman, xolos.

Ha darvoqe, “degrezchilar” haqida eshitganmisiz? Bu nima yoki kim deyishingiz tayin. Dengizchilar emas har qalay.

Gapni ko‘paytirib o‘tirmaylik, bu kasb ham istiqlol tufayli yo‘qotganlarimizdan biri.

Ro‘zimboy HASAN,
jurnalist

“Jadid” gazetasining 2025-yil 15-avgustdagi 33-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img69

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img587

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img585