20.04.2025 | 16:01
963
GʻIJDUVONIY KIM EDI?
Yangicha e’tirof
Bu yilgi Navro‘z umumxalq bayramini o‘tkazish yuzasidan ishlab chiqilgan konsepsiyada ushbu ayyomni xalqimizning ulug‘ namoyandalari tavallud ayyomlari bilan hamohang tarzda nishonlash katta ahamiyatga ega ekanligi alohida ta’kidlanib, bunday ulug‘ siymolar qatorida Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniyning tabarruk nomi ham qayd etilgan.

Ochig‘ini aytganda, biz har yili ommaviy axborot vositalarida, turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda dunyoviy ruhda ijod qilgan taniqli shaxslarning tug‘ilgan kunlarini nishonlaymiz. Lekin diniy-tasavvufiy yo‘nalishda faoliyat olib borgan buyuk zotlarning yubileylarini o‘tkazamiz-u, tavallud kunini bilmaymiz ham, eslamaymiz ham. Bu yil ana shu kemtiklikka barham berildi. Chunki Prezidentimizning tegishli qaroriga asosan Mahmud Zamaxshariy, Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy va Alixonto‘ra Sog‘uniy kabi diniy-tasavvufiy yo‘nalishda faoliyat olib borgan buyuklarning tavallud kunlarini Navro‘z bayramiga hamohang tarzda keng nishonlash belgilandi.
Bu – an’ananing boshlanishi. Ishonchimiz komilki, har yili shunday bo‘ladi.
Xojagon-naqshbandiya tariqati asoschisi
Xoja Abdulxoliq ibn Abduljamil Gʻijduvoniy – tasavvuf tarixidagi yirik nazariyotchilardan biri, xojagon tariqatining asoschisi. Keyinchalik u “Xojayi Jahon” (“Jahonning Xojasi”) laqabi bilan nom qozongan. Hozirgacha ham mahalliy aholi o‘rtasida Gʻijduvon shahrini ana shu ulug‘ shayx haqqi-hurmatidan “Xojayi Jahon” deb atash an’anasi mavjud. Ul zot 1103-yili Buxoroning Gʻijduvon qasabasida tug‘ilib, 1179-yili shu yerda vafot etgan. Xojagon-naqshbandiya tariqatidagi Buxorodan o‘tgan yetti pirning sarhalqasi, ya’ni birinchisi hisoblanadi.
“Zikri voqeoti Xojayi Jahon Abdulxoliq Gʻijduvoniy” asari (1717-yili ko‘chirilgan)da ma’lumot berilishicha, Abdulxoliq 9 yoshida Qur’oni Karimni yod olgan, 10 yoshidan boshlab darveshlar o‘tkazadigan zikr marosimlarida faol ishtirok etgan, buxorolik ustozi Imom Sadriddindan Qur’oni Karimni tafsir qilish ilmini o‘rgangan. 22 yoshida Abdulxoliq Eronning Hamadon shahridan Buxoroga qaytib kelib, tasavvuf targ‘iboti bilan shug‘ullana boshlagan Xoja Yusuf Hamadoniyga murid tushadi. Shundan so‘ng qolgan umrini tasavvuf xizmatiga bag‘ishlaydi. Bu ta’limot nazariyasi va amaliyotiga oid “Risolayi sahobiya”, “Maqsad as-solikin”, “Maslak ul-orifin”, “Maqomoti Yusuf Hamadoniy”, “Tariqat odobi” deb nomlangan besh asar bitgan. Shogirdlar tarbiyasi bilan shug‘ullangan. O‘z ruhini kamolga yetkazishda yuksak darajalarga yetishgan.
Abdulxoliq Gʻijduvoniy o‘z ustozi Yusuf Hamadoniy joriy etgan zikr mahali amal qilinadigan to‘rtta rashhani (“Hush dar dam”, “Nazar bar qadam”, “Safar dar vatan”, “Xilvat dar anjuman”) yana to‘rttaga (“Yodkard”, “Bozgasht”, “Nigohdosht”, “Yoddosht”) ko‘paytirib, bu qoidalarni 8 taga yetkazdi. Shu tariqa u amaliy jihatdan yangi xojagon tariqatini boshlab, uni nazariy jihatdan asoslab berdi.
Gʻijduvoniy tasavvuf tarixida eng so‘nggi, shu bilan birga, eng mukammal tariqatni boshlab berdi. XIV asrda Bahouddin Naqshband bu tariqatni takomilga yetkazdi va u avval “xojagon-naqshbandiya”, кeyinchalik esa to‘g‘ridan to‘g‘ri “naqshbandiya” deb yuritiladigan bo‘ldi.
Gʻijduvon madrasasi kimning sharafiga qurilgan?
Abdulxoliq Gʻijduvoniyning qabri – Gʻijduvon shahrida. Mirzo Ulug‘bek bu ulug‘ zot haqqi-hurmati uchun 1433-yili uning qabri atrofida madrasa qurdirgan. Gʻijduvoniy tavalludining 915-yilligi munosabati bilan bu yerda qadimiy an’analarga muvofiq yangi majmua barpo etildi.
O‘ninchi halqa
Garchi Muhammad payg‘ambar (s.a.v.)dan boshlangan oltin silsilada Gʻijduvoniy o‘ninchi halqa hisoblansa ham, u kishi xojagon-naqshbandiya tariqatining asoschisi, ya’ni birinchi piri sifatida hurmat-ehtiromga ega bo‘ldi.
2002-yil 4-dekabrda Vazirlar Mahkamasining “Abdulxoliq Gʻijduvoniy tavalludining 900 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 2003-yil 27-noyabrda ushbu qutlug‘ sana YUNESKO ishtirokida yuksak tashkiliy saviyada o‘tkazildi. Gʻijduvoniy hazratlarining qadamjosi kengaytirilib, ajib ziyoratgohga aylantirildi. Majmua tarkibida yangi masjid ham bor. Maqbara yonidagi Mirzo Ulug‘bek madrasasi ta’mirlandi. Bugun bu yerga dunyoning turli burchaklaridan ziyoratga kelishadi.
Xufiya zikrni kim o‘rgatdi?
Abdulxoliq Gʻijduvoniy Hamadoniy ta’limotini har taraflama boyitib, tasavvuf amaliyotiga xufiya zikrni olib kirdi. Tasavvufda zikr tushish, ya’ni muayyan tartib-qoida asosida Xudoning nomlarini zikr qilish muhim amaliyot hisoblanadi. Ayrim tariqatlar, masalan, yassaviyada baland ovoz bilan ko‘pchilik bo‘lib zikr tushish bor, mavlaviyada esa raqs-u samo, ya’ni bir paytning o‘zida ham ovoz chiqarib zikr tushish, ham raqs qilish an’anasi kuchli edi. Xojagon tariqatida joriy etilgan xufiya zikr talabi bo‘yicha esa so‘fiy ovoz chiqarmasdan, birovga ko‘rsatmasdan, xufiya, ya’ni yashirincha tarzda zikr tushadi.
Manbalarda xufiya zikrni Gʻijduvoniyga Xojayi Xizr (a.s) o‘rgatgani qayd etiladi. Alisher Navoiyning dalolat berishicha, Xizr payg‘ambar (a.s) Gʻijduvoniyga hovuz suviga sho‘ng‘ib, ko‘ngilda: “Lo Iloha illallohu Muhammad ur-rasululloh”, deb zikr aytishni buyurgan. Umuman, avliyolik holatlarini xalqdan yashirib yurish, uni ommaga oshkor qilmaslik Gʻijduvoniyning kamtarona yo‘li edi. Holbuki, uning valiylik darajasi shu qadar yuksak ediki, Navoiyning dalolat qilib yozishicha: “Har vaqt namozda Ka’bag‘a borurlar edi”.
Qalbni “o‘qiy” olgan avliyo
Navoiy Abdurahmon Jomiyga suyangan holda bu avliyoning boshqa ba’zi karomatlarini ham bayon qiladi. Xususan, shayx bir jamoaga ma’rifatdan ma’ruza qilib o‘tirgan edi. Shu mahal bir yigit zohidlar kiyimida, ya’ni egnida xirqa kiygan, yelkasiga joynamoz tashlagan holda kelib, bir chekkaga o‘tiribdi. Hazrat negadir unga qiziqish bilan qaraydi. Shunda haligi yigit Shayxdan: “Mo‘minning farosatidan qo‘rqing, chunki u ulug‘ va qudratli Alloh nuri bilan boqadi”, degan hadisning siri nimada?” deb so‘raydi.
U zamonlarda musulmon dinida bo‘lmagan kishilar o‘zining boshqa din vakili ekanini bildirish uchun beliga zunnor (ip) bog‘lab yurar edi. Haligi notanish yigitning savoliga Gʻijduvoniy farosat bilan shunday deb javob qaytardi: “Bu hadisning sirri budurki, xirqang ostidag‘i zunnoringni kesib, iymon kelturgaysen”. Shunda yigit bu karomatdan hayratga tushib, darhol zunnorini kesadi, iymon keltirib, musulmonchilikni qabul qiladi.
Kimning duosi qabul bo‘ladi?
Bir umidvor kishi Gʻijduvoniydan: “Bizni shunday duo qilingki, Shayton domidan eson-omon jon saqlaylik”, deb iltimos qildi. Oddiy bir duoxon bo‘lsa: “Kel, mendan nima ketdi, bir duo qilsam, qilibman-da” deb, duo berib yuboraverar edi. Ammo Gʻijduvoniy unga: “Kishi farzlarni ado etsagina uning duosi ijobat bo‘ladi. Sen farz adosi bilan mashg‘ul bo‘l va bizni yaxshi duolar bilan esga ol. Biz ham farzlar adosidan keyin seni duo qilaylik. Shunda ham sening, ham bizning duomiz ijobat bo‘lg‘ay”, dedi.
Mansur Halloj nega dorga osilmas edi?
Alisher Navoiy bu ulug‘ shayx haqida: “Alarning ravishi tariqatda hujjatdur. Barcha foruq (haqni botildan ajratuvchilar)ning maqbulidurlar”, deb yozadi.Chunki Gʻijduvoniy muridlar va darveshlar uchun axloq-odob qoidalari majmuasini ishlab chiqadi. Tasavvufni moʻtadillashtirib, siyosatga va rasmiy dinga yaqinlashtiradi, uning hayotiy mohiyatini ochib beradi. Xoja Ali Romitaniy: “Agar Yer yuzida Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy farzandlaridan (ya’ni shogirdlaridan) biri bo‘lsa edi, Mansur Halloj hech qachon dor ostiga bormas edi”, deganida ham aynan bu shayxning tasavvufni moʻtadillashtirganini ko‘zda tutgan. Chunki Halloj: “Ana-l-Haq”, ya’ni: “Men Xudoman” degani uchun jazolangan. Lekin u buni xalqqa ochiq-oydin so‘zlagan, naqshbandiya shayxlari ham shu fikrda, ammo ular buni, birinchidan, hammaga aytmagan, ikkinchidan, silliq qilib ifodalagan.
Vobkent minorasini kim qurdirgan?
Vobkent tumani markazidagi 1198-yili qad rostlagan, ya’ni 822-yildan buyon o‘zbek milliy me’morchiligini dunyoga ko‘z-ko‘z qilib kelayotgan go‘zal minora ham aynan Abdulxoliq Gʻijduvoniyning shaxsiy mablag‘i hisobiga barpo etilgan.
“Kam gapir, kam ye, oz uxla!..”
Faxruddin Ali Safiy (XIV asr)ning “Rashahot ayn-ul-hayot” risolasida yozilishicha, Gʻijduvoniy o‘g‘liga qarata shunday deydi: “…Ilm-ma’rifat, axloq-odob, taqvo uchun hamisha sa’y-harakat qil; vaqtida namozingni o‘qi, lekin imomlik va muazzinlik qilma; o‘zingdan keyin qimmatbaho asar va ta’lifot yozib qoldir; sunnat va jamoat ahli mulozamati uchun intil; fiqh va hadis ilmlarini to‘xtovsiz o‘rganib bor; hargiz shuhrattalab bo‘lma, chunki shuhrattalablikdan doimo ofat keladi; mansabga muqayyad bo‘lib qolma (mansabparast bo‘lma), doimo kamtar bo‘lishga harakat qil; xonaqoh qurma va xonaqohlarda yashama; kam gapir, kam ye, oz uxla; o‘z xilvatingda bo‘lib, hamisha halol va pok yasha, halol ye; hadeb xandon tashlab kulaverma, qah-qah otib kulish dilni vayron etadi; har bir kishiga mehr-shafqat ko‘zi bilan boq, hech kimni o‘zingdan past hisoblab, uni tahqir etma; zohiring (tashqi ko‘rinishing) oroyishiga ko‘p ahamiyat berma, chunki bunday a’moldan botining (ichki ko‘rinishing) rasvo bo‘ladi; xaloyiq ila mujodala (tortishuv, bahs-munozara)ga borma; birovdan aslo biror narsa ta’ma qilma; birovni xizmatga buyurma (xizmatkor tutma); mashoyixlarga mol-u joning bilan sidqidildan xizmat qil; mol-dunyoga mag‘rur bo‘lma, o‘shanda diling orom oladi”.
Shayxning bu kabi axloq-odobga oid pand-nasihatlari, ibratli so‘zlari, hayot tarziga aylangan qonun-qoidalari keyinchalik naqshbandiylik sulukiga kirgan darveshlar uchun asosiy mezon bo‘lib qoldi. Chunki bular xojagon-naqshbandiya ta’limotining mazmun-mohiyatini tashkil etar edi.
Gʻijduvoniydan meros bo‘lib qolgan she’riy asarlarda ham mohiyatan tariqat qat’iyatlari ilgari surilgan. Ulardan birida:
Dari xilvat band-u bari suhbatro kushoy,
Dari shayxӣro band-u dari yorӣro kushoy, –
ya’ni: “Xilvat eshigini yopib, suhbat eshigini och, shayxlik eshigini yopib, yorlik, ya’ni do‘stlik eshigini och”, deyiladi.
Ikki olam saodati
Xojagon-naqshbandiya tariqatining bosh yo‘liga aylangan “Dil – ba yor-u, dast – ba kor”, ya’ni “Ko‘ngling – Allohda, qo‘ling – ishda bo‘lsin!” degan mohiyatan teran ma’noga ega buyuk shiorni ham ilk bor aynan Gʻijduvoniy hazratlari o‘rtaga tashlagan. Tariqatning qolgan barcha shior (rashha)lari, ya’ni hayotiy qoidalari ham mantiqan ana shu bosh g‘oyaning zamirida paydo bo‘ldi. Shu tariqa xojagon tariqatidan boshlab tasavvuf tarixida keskin burilish yuz berdi. Endi so‘fiylikda, inson Haqqa yetish darajasida komillikka erishishi mumkin va buning uchun Yaratgan halol etgan hayot, tiriklik lazzatlaridan voz kechish, tarkidunyochilik qilish shart emas, aksincha, odamzod umr bo‘yi ezgulikka intilishi, tinimsiz bunyodkorlik faoliyati bilan mashg‘ul bo‘lishi, o‘zidan bu dunyoda munosib iz qoldirishi, shu tariqa umriboqiylikka daxldor bo‘lishi lozim, degan xulosa hukmron bo‘la boshladi.
Sultonmurod OLIM,
“Naqshbandiya” jurnali bosh muharriri
“Jadid” gazetasining 2025-yil 11-apreldagi 15-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



