Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


31.07.2025 | 09:07

img537

“ILMNING AVVALI ISHTIYOQ”

Andijon davlat universiteti Fizika-matematika fakulteti professori, fizika-matematika fanlari doktori, akademik Sirojiddin Zaynobiddinov bilan suhbat

– Keling, suhbatimizni xotiralardan boshlab, talabalik yillaringizga nazar tashlasak. O‘sha paytda siz yarimo‘tkazgichlar va dielektriklar fizikasi sohasini tanlagan ekansiz. 

– Fizikaga bolalikdan qiziqqanman. Tabiiy fanlarga ishtiyoqim balandligi tufayli 1963-yili Toshkent davlat universitetining fizika fakultetiga hujjat topshirganman. U paytlarda o‘qishning ikkinchi bosqichidan so‘ng harbiy xizmatga chaqirishardi. Ko‘p qatori men ham askarlikka olinib, Vengriyaga jo‘nab ketganman. 

Uch yillik xizmat men uchun faqatgina harbiy tayyorgarlik emas, balki shaxsiy rivojlanish, irodaviy va ruhiy toblanish davrini ham o‘tadi. Bu tajriba menga hayotning turli sinovlariga tayyor turishni o‘rgatdi. Shundan so‘ng ta’lim va ilmiy izlanishlarga yondashuvimda sezilarli o‘zgarish kuzatildi: masalalarga yanada puxta, maqsadli va mas’uliyat bilan yondasha boshladim.

Universitetdagi o‘quv rejaga ko‘ra, talabalar ikkinchi kursdan so‘ng ixtisosliklar bo‘yicha yo‘naltirilardi. O‘sha yillarda dunyo bo‘ylab yarimo‘tkazgich texnologiyalari, mikroelektronika va nanofizika sohalari jadal rivojlanib borayotgan edi. Bu global jarayonlar mamlakatimizga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi, albatta. O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga qarashli tadqiqot institutlari va oliy ta’lim muassasalarida yarimo‘tkazgichlar fizikasi va texnikasi bo‘yicha ilmiy faoliyat keng yo‘lga qo‘yilib, yangi texnologiyalar ishlab chiqarishga tatbiq etila boshlagan, ilmiy-ta’limiy infratuzilma rivojlanayotgan davr edi.

Poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan elektron texnika yo‘nalishidagi ilmiy ishlab chiqarish birlashmalarida ko‘plab yetuk olimlar, muhandis-mutaxassislar mehnat qilardi. Ana shunday ilmiy muhitda ko‘plab yoshlar qatori men ham ushbu sohaga qiziqib qoldim va kelgusidagi ilmiy izlanishlarimni yarimo‘tkazgichlar fizikasiga bag‘ishlashga qaror qildim.

Bu yo‘lda menga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan inson – universitetdagi ustozim, professor Alisher Teshaboyev bo‘ldi. U kishi nafaqat bilimli mutaxassis, balki haqiqiy ilmiy tashabbuskor shaxs edi. Uning sa’y-harakatlari bilan fakultetda yarimo‘tkazgichlar va dielektriklar fizikasi kafedrasi tashkil etildi. Shu bilan birga, professor Teshaboyev xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, nufuzli xorijiy ilmiy markazlar va olimlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish borasida ham ulkan yutuqlarga erishdi. Uning ilmiy mehnati va inson sifatidagi fidoyiligi men uchun o‘ziga xos hayot maktabi vazifasini o‘tadi.

– Siz yoshlikdayoq o‘z sohasining yetakchi olimlari, professorlari bilan yelkadosh bo‘lib, kompensirlangan kremniy olish texnologiyasi, shuningdek, undagi kirishma atomlar va nuqsonlarning xususiyatlarini o‘rganish kabi dolzarb mavzularda ilmiy ishlar olib borgan ekansiz. Bunday murakkab tadqiqotlar jarayonida chet elda tajriba oshirish va amaliyot o‘tash tabiiy jarayon bo‘lgan, shundaymi?

– Albatta, xalqaro miqyosdagi amaliyot – olimning o‘z iqtidorini namoyon qilishi va muntazam o‘stirib borishida juda muhim bosqich. Chunki u tadqiqotchiga o‘zi mansub ilmiy muhitga va olib borayotgan izlanishlariga chetdan nazar solish va xolis baholash imkonini beradi.

Fizika nazariyalarini qizg‘in o‘rganayotgan navqiron yigitlik davrimda bir guruh yosh olimlar Sankt-Peterburgdagi A.F.Ioffe nomli Fizika-texnika institutiga amaliyot, stajirovka va aspiranturaga yuboriladigan bo‘ldi. Bu tashabbus soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida amalga oshirilmoqda edi. Quvonarlisi, men ham ana shu ro‘yxatdan joy oldim.

Vaqt o‘tishi bilan bu tashabbus o‘z samarasini ko‘rsata boshladi. O‘sha yoshlar orasidan keyinchalik yuqori malakali mutaxassis olimlar, jumladan, akademiklar Muhammad Kabir Bahodirxonov, Abdug‘afur Mamadaliyev va boshqa ko‘plab ko‘zga ko‘ringan fan arboblari yetishib chiqdi. Ular qatorida davlat mukofoti laureatlari, fan va ishlab chiqarish sohasi rahbarlari ham bor edi.

Bunday ilmiy izlanishlar mamlakatimizda fan va ta’lim sohasida jiddiy ilgarilashga turtki berdi. Xususan, O‘zbekistonda yirik ilm-fan markazlari va ixtisoslashgan maktablar tashkil etildi. Toshkent davlat universitetida amalga oshirilgan yarimo‘tkazgichli kremniyni kompensatsiyalash bo‘yicha tadqiqotlar xalqaro ilmiy jamoatchilik tomonidan yuksak baholandi.

Bu ilmiy yutuqlar asosida Toshkentda “Yarimo‘tkazgichlarda chuqur holatli kirishma atomlari holatlari” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Ushbu anjuman yosh olimlarning chet ellik hamkasblari bilan hamkorligini mustahkamlab, fan va ta’lim jarayonlariga yangi sur’at bag‘ishladi. Natijada ko‘plab tadqiqotchilar fan nomzodi va fan doktori ilmiy darajalarini muvaffaqiyatli himoya qilishdi. O‘nga yaqin olimlar qatorida men ham Abu Rayhon Beruniy nomidagi davlat mukofotiga munosib ko‘rildim. Shuningdek, soha bo‘yicha monografiyalar, darsliklar va yuzlab ilmiy maqolalarimiz chop etildi.

– Domla, yuqorida ilmiy nashrlar masalasiga to‘xtaldingiz. Sizni sohaga oid ko‘plab darslik va qo‘llanmalar muallifi sifatida ham yaxshi bilamiz. “Nanotexnologiyalar va mikroelektronikadan inglizcha-ruscha-o‘zbekcha lug‘at” ham tuzgansiz. Bunday sohaviy lug‘atlarni tuzishning ilm-fan rivojidagi ahamiyati haqida to‘xtalsangiz.

– Kitoblar yozish, ayniqsa, o‘zbek tilidagi o‘quv adabiyotlarini yaratish ilm-fan rivojida va fikr almashuvida beqiyos ahamiyatga ega. Ayniqsa, lug‘atlar fanning til orqali ommalashishi, anglashilishi va o‘zlashtirilishiga xizmat qiladigan muhim vosita. Masalan, inglizcha yoki ruscha ilmiy adabiyotlarni o‘zlashtirish jarayonida ko‘pchilik talabalar aynan sohaviy atamalarga tushunishda qiynaladi.

Shu nuqtayi nazardan, biz tayyorlagan lug‘at-manbalar talabalar, muhandislar, tadqiqotchilar, hatto murabbiylar uchun ham ishonchli qo‘llanma vazifasini o‘taydi. Bu kabi lug‘atlar orqali atamalar tarjimasi, ularning konteksti, ifoda tarzi va ilmiy mohiyati ham o‘zbek tilida aks etadi.

Bu faqat til masalasi emas, bu ilmni xalqqa yaqinlashtirish, o‘zbek tilini fan tili sifatida shakllantirish, yosh avlodga mustahkam bilim asosini berish demakdir. Shu bois, fizika va texnik fanlari yo‘nalishida shunday lug‘atlar yaratishga jiddiy e’tibor berilmoqda.

Umuman, bugungi kunda o‘zbek tilida o‘quv adabiyotlarini yaratish masalasi  o‘ta ahamiyatli, dolzarb vazifalardan biridir. Aniq fanlar kesimida, xususan, fizika sohasida ham ruscha – o‘zbekcha, inglizcha – o‘zbekcha lug‘atlar va izohli atamalar to‘plamlariga ehtiyoj ortib borayotir. Bu hayotiy zaruratga aylangan.

Shu bois fiziklarimiz, akademiklarimiz bu masalaga jiddiy e’tibor qaratmoqda. O‘z sohalaridagi muhim tushuncha va atamalarni ona tilimizga mos ravishda tarjima qilish, tizimli lug‘atlar yaratish orqali ular til rivojiga, fanning ommalashuviga xizmat qilyapti. Yaratilgan lug‘atlar ilmiy jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Bugungi kunda mazkur manbalar asosida qator darslik, qo‘llanma, ilmiy maqolalar tayyorlandi.

Aytish joiz, shu paytgacha o‘zbek tilidagi adabiyotlar bilan ta’minlanganlik darajasi bo‘yicha yarimo‘tkazgichlar va qattiq jismlar fizikasi yo‘nalishi respublikada yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda. Bu milliy yutuq bo‘lish barobarida, xalqaro e’tirofning ham asosidir. Bugun o‘zbekistonlik olimlar xalqaro ilmiy tadqiqotlarda faol ishtirok etmoqda, ularning yutuqlari turli nufuzli akademik tashkilotlar tomonidan tan olinayotir.

Men ham bir qator xalqaro akademiyalar, jumladan, AQShning Fan, ta’lim, texnika va texnologiya akademiyasi, Angliyaning Umumjahon biografik markazi, Gruziyaning Ta’lim va turizm akademiyasi, Moskvadagi Oliy ta’lim bo‘yicha xalqaro akademiyaning a’zosi sifatida faoliyat yuritib kelyapman. Bu kabi e’tiroflar zamirida, albatta, yurtimizda ilmga qaratilayotgan yuksak e’tibor va ustozlarimizning ta’lim-tarbiyasi yotadi. Yuzlab maqolalarim dunyo miqyosidagi nufuzli jurnallarda chop etilganida doim mana shu yurt farzandi ekanimdan faxr tuyaman.

– Siz uzoq yillar davomida O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Andijon–Namangan ilmiy markazi rahbari sifatida faoliyat yuritgansiz. Ma’lumki, hududlardagi ilmiy muhit va salohiyat bevosita shu kabi markazlar orqali shakllanadi. Ayting-chi, viloyatlardagi bunday markazlar faoliyatini yanada samarali qilish, ularning ta’sir doirasini kengaytirish uchun ko‘proq nimalarga e’tibor qaratish kerak?

– 1992-yilda akademik Po‘lat Habibullayev tashabbusi va rahbarligi ostida O‘zbekiston fizika jamiyatini tashkil etgan edik. Bu – fizika fani va ta’limi rivojida muhim voqea bo‘ldi. Jamiyatning asosiy maqsadi sohada erishilayotgan ilmiy yutuqlarni keng targ‘ib qilish, yetakchi olimlarimizni ommaga tanitish, shuningdek, ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlar va ishlab chiqarish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislar faoliyatini ilmiy markazlar bilan integratsiyalashdan iborat edi. Shuningdek, xalqaro aloqalarni kuchaytirish, ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ham muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan. Jamiyat o‘z faoliyatining dastlabki o‘n yilida aynan shu yo‘nalishlarda sezilarli yutuqlarga erishdi.

Adashmasam, bundan chorak asr oldin professor hammaslaklarim Mo‘ydinjon Mo‘minov va Rustamjon Rasulov bilan Farg‘ona vodiysidagi dolzarb muammolarga olimlarning e’tiborini qaratish masalasida o‘zaro kengashdik. Keyinchalik Fanlar akademiyasining Andijon, Namangan va Farg‘ona filiallari tashkil etilishiga turtki bo‘lgan o‘sha suhbatlarimiz, sa’y-harakatlarimiz xayrli natijalarga asos bo‘ldi. Bu markazlarda hududlarda yuzaga kelgan masalalar, jumladan, energiya tanqisligi, tut parvonasi, qishloq xo‘jaligiga zarar yetkazuvchi hasharot va kalamushlarga qarshi kurash kabi ko‘plab muammolar ilmiy asosda o‘rganilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.

Mazkur filiallarda faqatgina ilmiy tadqiqot bilan cheklanib qolmasdan, bir necha bor ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazildi, iqtidorli talabalar va yosh izlanuvchilar yirik markazlarga, taniqli olimlar qo‘lida o‘qish va stajirovka uchun yuborildi. Bu ishlar hududda ilmiy muhitni shakllantirishga xizmat qildi.

Shu jihatdan qaralsa, hududlarda bunday ilmiy markazlarning bo‘lishi, bo‘lganda ham poytaxt darajasida zarur texnik vositalar bilan ta’minlanishi nihoyatda muhim, deb o‘ylayman.

Ayni paytda viloyatlardagi filiallar faoliyatini tubdan kuchaytirish, ularga zamonaviy laboratoriyalar va uskunalar ajratish hamda markazda faoliyat yuritayotgan malakali olim va mutaxassislarni rotatsiya asosida o‘sha maskanlarga yuborish amaliyotini takomillashtirish kerak.

– Ilmiy faoliyatingiz jahon miqyosida e’tirof etilgan. Shogirdlaringiz orasida ham izingizdan borib, xalqaro yutuqlarga erishganlari bor, albatta. Ular haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

– Ha, ular juda ko‘p. Har birining o‘z o‘rni, o‘z yutug‘i bor. Shuning uchun faqat bir-ikkisini eslab, qolganlarining ismini keltirib o‘tmasam, o‘ylaymanki,  mendan ranjishmaydi. Muhimi, faxr bilan ayta olamanki, har bir shogirdim yuksak natijalarga erishib, fan va jamiyat rivojiga beminnat hissa qo‘shib kelmoqda.

Ular orasida fizika-matematika fanlari doktorlari, professorlar yetishib chiqqan. Shulardan biri – Odiljon Mamatkarimov. U nafaqat yirik olim, balki O‘zbekiston Milliy universiteti va Namangan texnologiya universitetiga uzoq yillar rahbarlik qilgan, hozir Oliy Majlis Senatida faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot instituti direktori, professor Sharifa O‘tamurodova, Moskva energetika institutining Toshkent filiali rahbari, professor Hojiakbar Daliyev ham yetuk shogirdlarimdan.

Yosh, salohiyatli olimlarimizdan Ibrohimjon Karimov, Shahriyor Yo‘lchiyev, Nozimjon Turg‘unov, Akromjon Boboyev kabi fan doktorlari ta’lim sohasida sidqidildan xizmat qilib kelyapti. Shuningdek, Jahongir Usmonov, Xushroy Mahmudov, Hotamjon Mansurov, Xurshidjon Madaminov, Nuriddin Yunusaliyev, Biloliddin Ergashev, Baxtiyor Gʻulomov ham yangi ixtiro va innovatsion loyihalar ustida samarali ishlamoqda.

Men ishonaman, ularning har biri fanimizning ilmiy an’analarini munosib davom ettirib, yarimo‘tkazgichlar fizikasining sir-asrorlarini yanada chuqur o‘rganadi va kelajakda yanada salmoqli natijalarga erishadi.

Albatta, bu soha oson emas. Yarimo‘tkazgichlar fizikasi sohasi bilan shug‘ullanish yuqori texnologik uskunalar, aniq tajribalar, keng nazariy bilim va malakani talab etadi. Bunday sharoitlar poytaxtimizdagi yirik ilmiy markazlarda mavjud.

Yaxshi tomoni shundaki, so‘nggi yillarda yurtimizda ham bu borada sezilarli qadamlar tashlandi. Davlatimiz rahbarining tegishli qarorlariga binoan viloyatlardagi universitetlarga zamonaviy laboratoriya uskunalari xarid qilindi. Andijon davlat universitetining fizika fakulteti ham bu jarayondan chetda qolmadi. Bugungi kunda bizning laboratoriyamizda atomkuch mikroskopi, rentgenstrukturaviy spektrometr, metallooksid modda olish qurilmalari va zamonaviy kompyuterlar mavjud. Ular orqali davlat buyurtmalari asosida bir necha loyihalar ustida tadqiqot olib boryapmiz.

– Poytaxtdan yiroqda yashab, ilm bilan shug‘ullanishning o‘ziga yarasha zahmati bo‘lsa kerak?

– To‘g‘ri, yaqin vaqtlargacha imkoniyat va sharoit borasida Markaz hamisha oldinda bo‘lgan. Biroq bugun hududlarda ham poytaxtimizdagidan kam bo‘lmagan darajada sharoitlar hozirlanganki, bularni ko‘rib amalga oshirilayotgan islohotlar uchun tahsin aytging keladi. Shukr, viloyat ilmiy markazlarida ham tadqiqot ishlari samarali davom etayotir. Savolingizga javoban bir hayotiy haqiqatni aytay: aslida imkoniyat va sharoitning cheklangani olimni yanada kuchli qiladi. Shu ma’noda, poytaxtdan uzoqda yashab, ilm qilishning o‘ziga yarasha mashaqqati bilan birga zavqli, sharafli tomonlari ham bor. Ilm – fidoyilik degani. Ilmning avvali – ishtiyoq. Fanni o‘rganish uchun sharoitdan ko‘ra ko‘proq shunisi zarur. Negaki, qiziqish va ishtiyoq fidoyilikka aylanmaguncha siz to‘la ma’noda ilm odami bo‘lolmaysiz. Men yoshlar bilan suhbatlashganimda ularda ana shu ishtiyoqning bor yoki yo‘qligiga qiziqaman.

Fursatdan foydalanib, mamlakatimiz yoshlariga qarata, ilm-fanga bo‘lgan ishtiyoqni aslo so‘ndirmang, demoqchiman. Chunki yurt ravnaqi ilmga qanchalik bog‘liq bo‘lsa, fan rivoji ham olimlarning iqtidor-u ishtiyoqiga shunchalar bog‘liq.

Dilmurod DO‘STBEKOV suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 25-iyuldagi 30-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599