20.10.2025 | 17:00
662
ILOHIY NE’MAT
Til millatning qalbi, qadim ajdodlardan meros buyuk xazina, avlodlarni avlodlarga bog‘lovchi ma’naviy ko‘prik hisoblanadi. Har qanday tilda u mansub xalqning ma’naviy-axloqiy olami, insoniy fazilatlari, urf-odatlari-yu orzu-umidlari o‘z ifodasini topadi. Tilini yo‘qotgan xalq o‘zligini ham yo‘qotadi. Milliy xotirani saqlab qolishda tilga teng keladigan boshqa qudratli vosita yo‘q. Tilning moʻjizaviyligi shundaki, kishi o‘zi uchun mutlaqo begona tildagi so‘zlashuv yoki musiqani tinglar ekan, shu millat haqida ma’lum tasavvurga ega bo‘ladi.

Samarqandda o‘tkazilayotgan “Sharq taronalari” musiqa festivalida bir holatni ko‘p bor kuzatganman. Festival mehmonlari turli millatga mansub san’atkorlarning chiqishlarini jon quloqlari bilan eshitadilar va… bir olam zavq oladilar. Ular, deylik, o‘zbek tilini bilmaydi, ammo bizning asrlar va ming yilliklar sinoviga dosh berib kelayotgan o‘tmish tariximiz sahifalariga guvoh ohanglarimizdan, “Munojot” yoki suvoralardan “axborot oladi”. Mezumi ismli yaponiyalik sayyoh ayol Registon maydonida o‘zbek milliy qo‘shiqlarini tinglar ekan, “Sizlarning musiqangizda ohang bilan birga til ham bor, u bilan so‘zlashish, dardlashish mumkin”, degani yodimda.
Mumtoz qo‘shiqlarimizda xalqimiz bosib o‘tgan shonli tarixiy yo‘l, jang-u jadallar, qonli bosqinlar, zulm va istibdod azobi, yorug‘ va adolatli kunlarga umid, kelajakka ishonch mavjud. Chunki til o‘zlikni anglashda milliy ong va tafakkur ifodasi bo‘lib, avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlikni namoyon etadi. Ezgu fazilatlar inson qalbiga ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. “Til – millatning ruhi”, degan gap bejiz aytilmagan.
Tilshunos olimlar tirik jonning hayoti uchun suv va havo qanchalik zarur bo‘lsa, jozibali so‘z ham inson uchun xuddi shunday maqomga egaligini ta’kidlashadi.
Ravon nutq, ta’sirchan talaffuz – insonning hech narsaga qiyoslab bo‘lmaydigan ma’naviy boyligi. O‘z tilida, shu bilan birga, boshqa tillarda mukammal so‘zlay oladigan, fikrini tiniq ifoda etishga qodir kishilar fazilat bobida komillikka yaqin turadilar. Ulug‘ ajdodlarimiz bir emas, bir necha tillarni mukammal egallab, shu tillarda ham barakali ijod qilgan, dunyo ilmiy taraqqiyoti va ma’naviy rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan. Amerikalik olim Draber o‘zining “Yevropada aqliy taraqqiyot tarixi” kitobida: “Yevropaning bugungi ulug‘ ziyosi musulmonlar yoqqan sham va chiroqlarning yog‘dusidan maydonga kelgandir”, deya bu sharafli ishni g‘oyat yuksak baholaydi.
Ilm chiroqlarining yog‘dusi yanada yorqin bo‘lishi uchun har kishi avvalo o‘z ona tilini mukammal bilishi, shu tilda fikrlashi zarur. Bugun xorijiy tillarni o‘rganishga alohida e’tibor berilayotgan ekan, bu jarayon ona tiliga bo‘lgan e’tiborni susaytirmasligi kerak. Xorijiy o‘quv yurtlarida o‘qishni orzu qilayotgan yoshlar bilishlari kerakki, u yerdagi tengdoshlari O‘zbekistondan kelgan yigit-qizlarning ingliz yoki fransuz tilida qanday so‘zlashlariga emas, o‘z ona tillarini, milliy urf-odatlar-u mamlakat tarixini nechog‘li bilishlariga ko‘proq qiziqadi.
Yoqimli nutq, odobli mushohada, vazmin mulohaza, har qanday holatda aql-zakovat bilan ish tutish, suhbatdoshlarni e’tibor bilan tinglash madaniyatli insonlarga xos fazilatlardir. Inson bu yorug‘ olamda umrguzaronlik qilar ekan, hayoti davomida kutilmagan holatlarga duch kelishi, muammolar girdobiga tushib qolishi mumkin. Bunday paytda til najotkor kuchga aylanadi. Chuqur o‘ylanmay, hissiyotga berilib aytilgan birgina gap ham xalqlar, mamlakatlar o‘rtasiga sovuqlik solishi, mojarolarga sababchi bo‘lishi mumkin.
Hayotda goho bir-birini mutlaqo tanimagan, o‘zaro muloqotda bo‘lmagan ikki kishi go‘zal bir lutf, samimiy tabassum ta’sirida do‘st-qadrdon bo‘lib ketishi mumkin. So‘zning qudrati, tilning jozibasi bois shunday bo‘ladi. Xalq ertaklaridagi ochko‘z devlarning “Assalomu alaykum, devbuva” qabilidagi yoqimli lutf bois yomon niyatidan qaytishi (“Saloming bo‘lmaganida, yetti yamlab bir yutardim” deyishi) ham so‘zning noyob kuch-qudratini ko‘rsatadi.
So‘zlash odobi oiladan, maktabdan, mahalladan boshlanadi. Inson nechog‘li uzoq umr ko‘rmasin, bu odob sabog‘ining adog‘iga yetolmaydi. Kichiklik chog‘idan so‘z va iboralarni to‘g‘ri talaffuz qilishga, ismlar, joylar, turfa nomlarni aniq ifoda qilishga o‘rgatilgan, kitob bilan do‘st tutingan, xalq ertaklarini ko‘p va xo‘b o‘qigan, sarguzasht dostonlarni miriqib tinglagan bolalarning nutqi boshqa tengdoshlariga nisbatan mukammal bo‘ladi. Bu farqni nainki nutqda, bolaning shakllanayotgan xarakterida, tengdoshlari bilan muomalasida, atrofida kechayotgan voqea-hodisalarga munosabati va hatto, orzu-xayollarida ham ko‘rish mumkin. Yoshligida ko‘p ertak tinglagan, kattalar ovoz chiqarib kitob o‘qiganida diqqat bilan eshitgan bolalar voyaga yetgach, faqat o‘zlarining emas, boshqalarning ham fikrini eshitadigan bo‘ladi. Yaxshini yomondan, odobni odobsizlikdan farqlay oladi.
Bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi murabbiylarning kuzatuvicha, bola nutqining qanday bo‘lishi oila a’zolariga, xususan, ota-onaga, so‘ng bog‘cha tarbiyachilari va maktab muallimlariga bog‘liq. Bolalarni erkalab, ismlarini qisqartirib aytish ko‘p hollarda bola voyaga yetganida ham davom etadi. Bugun uyda, ko‘chada bolalari bilan sayr qilayotganida boshqa tilda so‘zlashadigan oilalar ko‘payib bormoqda. Bolaning tili shu holatda qotgach, uni o‘zgartirib bo‘lmaydi.
Yana bir holat: ota-ona ko‘pincha farzandlari ulg‘ayib, yaxshi-yomon, rost-yolg‘onning farqiga borib qolganini sezmay qoladi yoki sezsa-da, bunga e’tibor bermaydi. Bola bo‘lgandan keyin kattalarning oldida jim turishi, nima deyilsa xo‘p deyishi, betgachoparlik qilmasligi lozim, deymiz. Ulug‘ ajdodlarimiz: “Aqlli, fahm-farosatli yoshlar kattalar oldida o‘rinsiz bilimdonlik qilmasliklari, birov bir nimani so‘ramaguncha odob bilan sukut saqlab turishlari kerak”, deb ta’lim berishgan. “Sukut goho kalomdan ulug‘” degan hikmat ham bor. Bir qarashda, bu o‘git sharqona odobga mos, e’tiroz bildirish qiyin. Ammo hamma narsada bo‘lganidek, sukutda ham me’yor bo‘lishi zarur. Chunonchi, bolaga ham gapirish, suhbatga qo‘shilish, fikrini bildirish imkonini berish zarur.
Bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislarning yillar sinovidan o‘tgan fikri bu. Bola noto‘g‘ri tarbiya ta’sirida og‘zini ochmay, faqat boshqalarni tinglab, kim nima desa xo‘p deyishdan boshqaga o‘tmay ulg‘aysa, keyinchalik hayotda o‘zini shaxs sifatida namoyon qilishga qiynaladi, fikrini aniq ifodalab berolmaydi, boz ustiga befarq va labbaychi bo‘lib qoladi. Bolani fikrlashga, mulohaza yuritishga o‘rgatish oson emas, bu murakkab jarayon uni e’tibor bilan tinglash, gap-so‘zlari, xatti-harakatlariga e’tibor berish, nimalarga qiziqayotganini anglashdan boshlanadi. Shunday qilinsa, bola bunday munosabatni mukofotday qabul qiladi, ko‘nglida o‘ziga nisbatan dastlabki ishonch kurtaklari paydo bo‘ladi. Har bir rag‘bat, har bir e’tibor bu ishonchni mustahkamlaydi. Aksincha, bolani bo‘lar-bo‘lmasga jerkiyverish, tengdoshlari oldida izza qilish uning murg‘ak qalbini jarohatlaydi. “Gapirmasligim kerak, nari turishim kerak, xo‘p deyishim kerak, bunday qilmasam yaxshi odam bo‘la olmayman”, degan tushuncha ongiga singadi.
Nutq o‘z-o‘zidan ravon, ohangdor bo‘lib qolmaydi. Cholg‘uchi biror kuyni o‘rganmoqchi bo‘lsa, uni yuz bor, ming bor ijro qilibgina muddaosiga erishadi. Musavvir bir asar yaratguncha qancha zahmat chekadi. Nutq mahoratini egallash uchun ham yillar davomida mashq qilish kerak. Qadimgi yunon notig‘i Demosfen o‘zining past, hazin ovozini yaxshilashga jazm qilib yerto‘laga tushar ekan-da, to‘la shiftiga o‘tkir tig‘li xanjarni osib qo‘yib (boshini dimog‘dorona baland ko‘tarmaslik uchun), uzluksiz mashq qilar ekan.
Bugun bog‘chalarda turli bayramlar, tanlovlar o‘tkazilayotgani yosh tarbiyalanuvchilarni asta-sekin fikr olamiga yetaklashi, shubhasiz. Bunda tarbiyachilarning ibratli nutqi, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining mahorati muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Negaki, tarbiyachi nutqidagi kamchilik, qusur u tarbiyalayotgan bolalarga ham o‘tadi. Demak, nutqimizdagi norasoliklar ertaga farzandlarimizga ko‘chishini bilib turib, bu muammoga befarq bo‘lsak, o‘nglab bo‘lmas xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lamiz. Keyingi paytlarda maktab o‘quvchilariga insho, bayon yozdirishdek muhim talabga qaytilmoqda, ammo o‘qituvchilar, o‘quvchilar orasida nutq mahorati, to‘g‘ri talaffuz, urg‘uni to‘g‘ri qo‘yish tanlovlari hozircha ko‘zga tashlanayotgani yo‘q.
Xorijiy mamlakatlarda texnika, fizika, matematika, biologiya yoki kimyo sohasida ishga kirmoqchi bo‘lib, tegishli tashkilotga murojaat etgan kishiga: “Agar biz sizni ishga qabul qilsak, mahsulot ishlab chiqarish unumdorligini oshirish bilan bog‘liq qanday yangi takliflar kiritasiz – shuni yozib bering”, deyishadi. Gap shundaki, yozuv ham xuddi nutqdek, ko‘p narsani oydinlashtiradi.
O‘quvchilik yillarim deyarli har hafta insho yoki bayon yozardik, yangi kitoblarni ovoz chiqarib, qiroatini joyiga qo‘yib, navbatma-navbat o‘qirdik. Urg‘uni to‘g‘ri qo‘ya olmaydigan, tortinchoq, tili chuchuk bolalarga ancha qiyin bo‘lardi. Ta’til kunlari o‘qigan kitoblarimizni bir-birimizga oshirib-toshirib, his-hayajon bilan hikoya qilib berish yaxshi odat bo‘lgan. Bugun oliy o‘quv yurtlari talabalari oraliq nazorat ishlarini asosan yozma ravishda topshiradi. Bu ayni muddao, deb o‘ylayman. Ularni o‘qib, talabaning fanni nechog‘li o‘zlashtirgani va yana dunyoqarashi, xarakteri, fikrlash saviyasi, axborotni qabul qila olish va o‘zlashtirish darajasi haqida ma’lum xulosaga kelish mumkin. Chunki yozuv fikrning qog‘ozga ko‘chgan yozma ifodasidir.
Nutq mahorati to‘g‘risida bunday mulohaza yuritayotganimning boisi bor, albatta. Bugun kundalik hayotimizni teleko‘rsatuvlar, radio eshittirishlar, turli yig‘inlar, mashvaratlar, bahs-munozaralarsiz tasavvur qilish qiyin. Har kuni turfa darajadagi notiqlarning, jamiyat hayotida ijtimoiy faollik ko‘rsatayotgan kishilarning fikrlarini eshitishga to‘g‘ri keladi. Hurmatli deputatlarimizning intervyularini tinglaymiz. Taassufki, ularning hammasida ham nutq mahorati talab darajasida emas, talaffuz qoidalariga to‘la rioya qilinmaydi. Ba’zi ma’ruzalarda ona tilimizga xos bo‘lgan nozik, betakror iboralar, xalq donishmandligi ifodasi bo‘lmish maqol va matallar, ta’sirchan tashbehlar buzib ishlatiladi.
Ustoz Erkin Vohidov “Gap ko‘p-u ko‘mir oz”, deb aytiladigan maqol asliyatga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligi to‘g‘risida kuyunib yozgan edi. Maqolning asli: “Gap ko‘p-ku, umr oz”. Tez aytishda “ku” “umr”ga qo‘shilib, “ko‘mir”ga aylanib ketgan. “Kampirning dardi g‘o‘zada”, deyishadi. Bunday maqol yo‘q, “Kampirning dardi – g‘ozada” degani bor. G‘oza – atir-upa, elik. Bunday chalkashliklarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Qish yaqin, ko‘mir yetarli, ammo umr oz.
Ayrim notiqlar o‘zbekcha so‘zlayotgan bo‘lsalar-da, boshqa bir tilda fikrlayotganlarini sezish qiyin emas. Teleseriallarda har kuni necha o‘n martalab quloqqa chalinadigan “Gaplashib olishimiz kerak”, “Sen meni tushun, axir”, “Sen nima, tushunmaysanmi?”, “Ana, yashavor” kabi iboralar aslida rus tilidagi “Нам надо поговорит”, “Ты пойми меня, конце-концов”, “Ты что, не понимаёшь”, “Вот молодец” kabi jumlalarning so‘zma-so‘z tarjimasi. Hech bir o‘zbek ota-ona o‘g‘li yoki qiziga “gaplashib olaylik”, demaydi, “O‘g‘lim, qani o‘tir-chi, ishlaring yaxshimi, nima gap, xomush ko‘rinasan?” deydi. Ona ham shunday nafis gap boshlaydi.
Ulug‘ allomalar: “Ta’sirli so‘z hayotning jon bulog‘idir. Fikrlayotgan odam yashashda davom etadi. Fikrlashdan to‘xtagan odamning ma’naviy umri to‘xtaydi, endi u faqat mavjud bo‘lib qoladi”, deb bejiz aytmagan. Buning boisi, fikr insonni harakatda, jamiyatni rivojlanish holatida ushlab turadi. Fikrlar xilma-xilligi, bahs-munozara hayotni taraqqiyot sari yo‘naltiradi. Buning uchun tilimiz ravon, nutqimiz mukammal, ifoda mahoratimiz yuksak bo‘lish kerak.
Ahmadjon MELIBOYEV
“Jadid” gazetasining 2025-yil 17-oktyabrdagi 42-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596

