Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


06.08.2026 | 16:06

img1392

IMLO ESKIRMASIN

XX asrning boshlarida, jadid ma’rifatparvarlari faoliyat yuritgan davrda o‘lkamizda matbuot haqiqiy ma’nodagi milliy uyg‘onish minbariga aylangan edi. “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona”, “Inqilob quyoshi” kabi 50 dan ziyod gazeta va jurnallar o‘sha davr yozma madaniyatining asosi bo‘lgan eski arab alifbosida chop etilgan. Bu nashrlar millat tafakkurini uyg‘otish, ma’rifat tarqatish, til va madaniyatni saqlab qolish uchun kurash quroli edi.

Bugun biz jadidlarning publitsistik merosini o‘rganish, tahlil qilish va yosh avlodga yetkazish haqida ko‘p gapiramiz. Ammo savol tug‘iladi: o‘sha davr matbuotini asl nusxada, vositachisiz, tarjimon va transliterator ko‘zi bilan emas, bevosita o‘zi o‘qiy oladigan, tushuna oladigan jurnalist-tadqiqotchilarni qanday tayyorlayapmiz? Afsuski, bu savolga beradigan javobimiz ko‘ngildagidek emas.

Ma’lumki, Behbudiy, Munavvar qori, Avloniy, Fitrat kabi jadidlar o‘z davrining mohir publitsisti, jurnalisti ham edi. Ular gazeta va jurnal sahifalarida millat taqdiriga oid eng dolzarb masalalarni ko‘tarib chiqqan, ta’lim islohoti, ayollar huquqi, iqtisodiy taraqqiyot, milliy uyg‘onish haqida keskin va o‘tkir maqolalar e’lon qilgan. Bu meros nafaqat tarix yoki adabiyotshunoslik obyekti, u avvalo, jurnalistika fanining, milliy publitsistikaning bevosita tarixiy zaminidir.

Shu bois, XX asr boshidagi matbuotimizni chuqur o‘rganish masalasi jurnalistika sohasi vakillarining ham bevosita kasbiy vazifasidir. Zero, chin jurnalist o‘z kasbdoshlarining bir asr oldingi faoliyatini, ularning uslubi, mavzu tanlashi, jamiyat bilan muloqot usullarini to‘g‘ri tushunib, bugungi avlodga izohlab bera oladi.

Masalaning mohiyati oddiy: milliy jurnalistika tarixini, vaqtli matbuotning tarixdagi rolini chuqur va ilmiy asosda o‘rganmoqchi bo‘lgan har qanday tadqiqotchi, avvalo, o‘sha davr manbalari bilan bevosita ishlay olishi kerak. Biroq bugungi kunda jurnalistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarning mutlaq ko‘pchiligi mumtoz o‘zbek yozuvini, demak, XX asr boshidagi milliy matbuotimizning tilini o‘qiy olmaydi. Natijada nima yuz beryapti? Tadqiqotchi o‘z matbuoti tarixini yozish uchun ko‘pincha ikkinchi, uchinchi qo‘ldan – boshqa mualliflar tomonidan amalga oshirilgan transliteratsiyalar, tarjima va sharhlardan foydalanishga majbur bo‘ladi. Bu esa ilmiy tadqiqotning sifati va obyektivligiga jiddiy putur yetkazadi. Chunki har qanday vositachilik – xoh transliteratsiya, xoh tarjima bo‘lsin – ma’lum darajada talqin, ya’ni subyektiv yondashuvni o‘ziga singdiradi. Demak, muammo faqat “bir fan o‘qitilmayapti” degan texnik masalada emas. Bu – milliy jurnalistika tarixini o‘rganishning ilmiy asosiga, obyektivligi va teranligiga bevosita ta’sir qiluvchi tizimli muammodir.

Eski yozuvni bilish jurnalistning umumiy savodxonligi va kasbiy salohiyatini oshiradi. U ona tilining tarixiy taraqqiyot bosqichlarini, yozuv islohotlari jarayonini, millat boshidan kechirgan murakkab davrlarni chuqurroq anglaydi. Bunday jurnalist jamiyatda faqat xabar tarqatuvchi emas, balki milliy qadriyatlarning haqiqiy tashuvchisi va targ‘ibotchisiga aylanadi.

Hozirgi kunda respublikamizda jurnalistika yo‘nalishida ta’lim beruvchi 20 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari mavjud. Ularning o‘quv rejalarini ko‘zdan kechirsak, birortasida eski o‘zbek yozuvi mustaqil, to‘liq hajmdagi fan sifatida o‘qitilmaydi. Ayrim joylarda bu mavzu umuman yo‘q, ayrim joylarda esa u boshqa bir fanning tarkibida, atigi bir-ikki ma’ruza hajmida, yuzaki tarzda “tegib o‘tiladi”, xolos.

Ba’zi muassasalarda eski yozuv tanlov fani sifatida taklif etiladi. Ya’ni, uni talaba xohlasa tanlaydi, xohlamasa – yo‘q. Ammo milliy matbuot tarixi, jadidlar merosi, XX asr boshidagi publitsistikamiz ildizlari – bular tanlash mumkin bo‘lgan, ixtiyoriy mavzular emas. Bular har bir jurnalist uchun kasbiy zaruriyatdir. Tanlov fani sifatidagi yondashuvning o‘zi muammoning qanchalik jiddiy ekanini tushunmaslik, uni ikkinchi darajali deb baholashning natijasidir. Oqibatda jurnalistika fakultetini bitirgan aksariyat mutaxassislar na XX asr boshidagi milliy matbuotimizning asl manbalarini o‘qiy oladi, na tahlil qila oladi. Ular uchun “Sadoyi Turkiston”ning sahifalari begona, tushunarsiz belgilar majmuasidan boshqa narsa emas.

Amaliyotda kuzatilishicha, ayrim magistratura va ilmiy izlanish bosqichidagi tadqiqotchilar ham jadid matbuoti mavzusida dissertatsiya yoki ilmiy maqola yozayotganda, eski yozuvdagi asl manbalar o‘rniga kirill yozuviga o‘girilgan to‘plamlardan foydalanish bilan cheklanadilar. Bu to‘plamlar, shubhasiz, qimmatli, ammo ular ham ma’lum darajada tahrir, tanlov va talqindan o‘tgan ikkilamchi manba hisoblanadi. Asl nusxa bilan tanishish salohiyati bo‘lmagani sababli, tadqiqotchi uni chetlab o‘tishga majbur bo‘ladi.

Bu muammoga yetarlicha e’tibor berilmasligi oqibatida milliy yozuv madaniyatining bir qatlami – deyarli bir asr davomida yaratilgan boy meros – amalda “mavhum meros”ga aylanib qolmoqda. U bor, ammo ko‘pchilik uchun yopiq, o‘qilmaydigan holatda saqlanmoqda. Bu esa milliy xotiraning uzilishiga olib keladi. Agar masalaga bugun e’tibor qaratilmasa, ertaga sohada malakali mutaxassis tayyorlaydigan ustozlar soni ham kamayib boraveradi. Chunki hozirgi kunda eski yozuvni biladigan va uni o‘qita oladigan pedagog kadrlar soni ham cheklangan va ular keksaymoqda.

Vaqt o‘tgan sayin asl manbalar bilan bevosita ishlay oladigan mutaxassislar soni yanada kamaya boradi, bu esa milliy matbuot tarixi bo‘yicha tadqiqotlarning sifat jihatdan pasayib ketish xavfini kuchaytiradi. Agar bugun bu zanjirni uzmasak, ertaga biz o‘z tariximizni o‘rganish uchun yana chetga – xorijlik sharqshunoslar yoki transliteratorlar tayyorlagan materiallarga tayanib qolishimiz mumkin.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 23-dekabr kuni ma’naviyat vakillari bilan uchrashuvda “Xalqimiz jadid bobolarimiz ko‘rsatib bergan yo‘ldan og‘ishmay borishi kerak. Chunki ularning g‘oya va dasturlari Yangi O‘zbekistonni barpo etish strategiyasi bilan har tomonlama uyg‘un va hamohangdir”, deya ta’kidlagani yodimizda. Shuning uchun ham bu masalaga beparvolik istiqbolimizga befarqlikdir.

Yuqorida ko‘tarilgan muammoning yechimi tizimli yondashuvni talab qiladi. Birinchidan, eski o‘zbek yozuvi jurnalistika yo‘nalishida tahsil olayotgan barcha guruhlar uchun mustaqil, alohida fan sifatida o‘quv rejasiga kiritilishi lozim. Ikkinchidan, mazkur fan faqat yozuvni o‘rgatish bilan cheklanmasligi, balki XX asr boshidagi milliy matbuot tarixi, jadid publitsistikasi, vaqtli matbuotning ijtimoiy-siyosiy roli bilan uzviy bog‘liq holda o‘qitilishi kerak. Ushbu fanni o‘qitish uchun malakali pedagog kadrlar tayyorlash borasida alohida dastur ishlab chiqilishi, tegishli metodik qo‘llanmalar, o‘quv-uslubiy majmualar yaratilishi zarur.

Umuman olganda, eski arab yozuvini mustaqil va majburiy fan sifatida joriy etish keng qamrovli masala bo‘lib, nafaqat jadid matbuotini o‘rganish, balki mumtoz adabiyotimizdan bahramand bo‘lish imkoniyatini ham beradi.

MAVZUGA DOIR ESLATMA:

Tarix fani ma’lumotlariga ko‘ra, XX asr boshlari – taxminan 1905–1918-yillarda, jadid ma’rifatparvarlari davrida eski arab alifbosida quyidagi asosiy vaqtli matbuot nashrlari chop etilgan.

Toshkentda:

“Taraqqiy” – 1906-yil, muharriri Ismoil Obidiy

“Xurshid” – 1906-yil, muharriri Munavvar qori Abdurashidxonov

“Shuhrat” – 1907-yil, muharriri Abdulla Avloniy

“Osiyo” – 1908-yil, muharriri Ahmadjon Bektemirov

“Najot” – 1917-18-yillar, muharriri Munavvar qori

“Kengash” – 1917-18-yillar, muharrirlari Ahmad Zaki Validiy, Munavvar qori

“Turon” – 1917-18-yillar, muharrirlari M.Afandizoda, Abdulla Avloniy

“Ulug‘ Turkiston” – 1917-18-yillar, muharriri Kabir Bakirov

“Sho‘roi Islom” – 1917-18-yillar, muharriri Abdulla Battol

“Turk so‘zi” – 1917-18-yillar, muharriri Temirbek Xudoyorxonov

“Turk eli” – 1917-18-yillar.

Samarqandda:

“Samarqand” – 1913-yil, muharriri Mahmudxo‘ja Behbudiy

“Oyina” (jurnal) – 1913–1915-yillar, muharriri Behbudiy

“Hurriyat” – 1917-yil, muharrirlari Mardonqul Shohmuhammadzoda, Akobir Shomansurov, Abdurauf Fitrat

Farg‘ona vodiysida (Qo‘qon, Marg‘ilon):

“Sadoyi Farg‘ona” – 1914-yil, muharriri Obidjon Mahmudov

“Tirik so‘z” – muharriri Obidjon Mahmudov

“El bayrog‘i” – muharriri Bo‘lat Soliyev

Toshkent / umum Turkiston miqyosida:

“Sadoyi Turkiston” – 1914-yil, muharriri Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘ja o‘g‘li

“Al-isloh” (jurnal) – 1915–1918-yillar.

Xorazmda:

“Inqilob quyoshi” – 1920-yil.

Tadqiqotchi professor Hamidullo Boltaboyev ma’lumotlariga ko‘ra, 1910–1920-yillarda Turkiston matbuotida umuman 300 dan ortiq vaqtli nashr faoliyat yuritgan, ammo barchasi uzoq umr ko‘rmagan – ko‘pchiligi bir necha oydan bir-ikki yilgacha chiqqan, chunki chor va keyinroq sovet senzurasi ularni tez-tez ta’qiqlab turgan. Har bir nashrning aniq necha soni chiqqani bo‘yicha to‘liq jamlangan rasmiy statistika hozircha keng ommaga ochiq manbalarda mavjud emas – bu ma’lumotlar ko‘proq Ziyo Saidning “O‘zbek vaqtli matbuoti tarixiga materiallar (1870–1927)” asari va O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondidagi arxiv kataloglarida saqlangan.

Rahimboy JUMANIYOZOV,
professor

“Jadid” gazetasining 2026-yil 31-iyuldagi 31-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596