Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


22.01.2025 | 12:50

img1404

JADIDLIK MILLIY HARAKATI VA TIL-IMLO MASALASI

Til millatning eng katta boyligi, ma’naviy mulkidir. U millatni millat, xalqni xalq qilib turuvchi kuch hamdir. O‘zbek xalqi o‘z tilini saqlab qolish maqsadida butun tarixi ichra juda ko‘p marta bosqinchilar tilini qabul qilmaslik uchun kurashgan va jonini fido qilgan. XX asr boshlarida ham bu muammo bo‘lgan va Turkiston jadidlari turkiy tilni yot so‘zlardan asrash, uning sofligini saqlash, nufuzini oshirishga harakat qilganlar. Davriy matbuotda til-imlo masalalarini doimiy yoritib borganlar. Bunda “Sadoyi Turkiston”, “Mehnatkashlar tovushi”, “Ishtirokiyun”, “Zarafshon”, “Turkiston” gazetalari, “Oyina”, “Maorif va o‘qitg‘uchi” jurnallari asosiy minbar vazifasini bajargan.

Maqolalar va xabarlarda turkiy (o‘zbek) tilni begona so‘zlardan tozalash, nufuzini ko‘tarish, o‘rta turk tilini yaratish borasidagi bahslar, yangi imloni joriy qilish, bosqinchi hukumatning ikkiyuzlamachi til siyosatiga munosabat, til qoidalarini joriy qilish masalalari o‘rin olgan.

Jadidlarning nufuzli nashri bo‘lgan “Sadoyi Turkiston” gazetasining muxbiri Abdurauf Muzaffarzoda o‘zining “Til ham din” maqolasida turkiy tilni rivojlantirish, uni asrash, imlo, lahja va sheva masalasi, maktablarda ona tilini o‘qitishning dolzarbligini asoslab bergan. U tilshunos va adabiyotshunoslar til haqida maqolalar va risolalar chop etishi, maktab o‘qituvchilari maktabda til darslarini o‘qitish uchun darsliklar yozishi kerakligini ta’kidlagan.

Abdurauf Muzaffar yana bir maqolasida til va imlo masalalarini tahlil qilib, inson so‘zlashish uchun qanchalik tilga muhtojlik ehtiyoj sezsa, matbuot, adabiyot, imloga ham shunchalik ehtiyoj tuyishini, tili va imlosi isloh qilinmagan millatning matbuoti va adabiyotidan uning o‘quvchilarining ruhi buzilishi, havasi va rag‘bati susayib ketishini uqtirib o‘tgan. U jadid maktablarida ham ona tili darslari to‘g‘ri tashkil qilinmaganligi, darsliklar talab darajasida emasligini tanqid qiladi: “Hatto biz bu kunda sal yangi ruh o‘ralgan usuli jadida maktablarimizda o‘qiydurgon va endigina qo‘llariga qalam ushlab ona tilining xatini yozmakg‘a boshlag‘an ma’sum birodarlarimizni ham imlo va til buzuqligidan saqlay olmaduk”.

Muallif necha yuz yillardan beri fors va arab kitoblari asosiga qurilgan maktab va madrasalarda ona tilining o‘qitilmasligi uning qiymatini tushirib yuborganidan afsuslangan. Din darslari arabcha kitoblardan emas, o‘zbek tilida yozilgan kitoblardan o‘qitilishi, bu esa islomni chuqur va keng anglash imkonini berishini qayd qilgan. Shuningdek, arab tilidan turkiy tilga qo‘shilib ketgan so‘zlar salmog‘i haqida gapirib, tilsizlik xavfi haqida qayg‘urgan: “O‘qug‘anlarimiz til buzulmog‘iga xizmat etdilar. Arabiy va forsiy qancha lug‘at bilsalar, shuni bir fazilat sanab tillariga qabul etdilar. Ko‘p narsalarg‘a hech bir uzrsiz arabcha va forscha ismlar qo‘ydular. Shul tariqa tilimiz buzildi. Va iste’moldan mahrum bo‘lub, ko‘p so‘zlarimiz unutildi. Turkiston bolasi uyalmadi. O‘zining eng chiroylik so‘zlarini tilidan quvlab chiqardi. Bo‘sh qolg‘on joylarga o‘gay bolalar keturub o‘turdi. Endi hozirda biz tilsiz qolduk”. Shuningdek, muallif turkiy tilning bir qismigina xalq orasida saqlanib qolgani, faqat shu bir qism tildan foydalanilayotganini ta’kidlab, jadidlarning milliy tilni asrab qolish va uni rivojlantirish yo‘liga kirishganlarini qayd etgan. Diniy ulamolarga ham o‘z ona tillarini buzmasdan, arab va fors tilidagi so‘zlarni qo‘shmasdan gapirishni tavsiya qilgan va o‘z ona tilini sevishga da’vat qilgan: “Shul jihatlarni nazar diqqatga olib til masalasida juda ehtiyot ila harakat qilmak lozimdurki, yangidan o‘gay so‘zlar qabul qilish u yoqda tursin, hatto tilimizda o‘runlarig‘a turkiy so‘z topiladigan hamma yot lug‘atlarni bu kundan boshlab sekin-sekin quvlab chiqarmak, ona tillarin suyuvchi va oning qiymatin anglaguvchi zotlarning vazifasidir”.

“Sadoyi Turkiston” gazetasining 1914-yil 20-mart sonida “Muharrir Namangoniy” imzosi ostida Abdurauf Muzaffar maqolasiga munosabat tarzida yozilgan “Til masalasi” maqolasida ham milliy til, uni o‘qitish, o‘rgatish, o‘zbek tilini o‘rganishda maktablarning o‘rni ko‘rsatib berilgan. Jadidlar o‘zbek tilini turk tilining chig‘atoy lahjasi deb ataganlar. Bunga Alisher Navoiyning turkiy til borasidagi qarashlari va asarlarini asos qilib olganlar. Jumladan, Mahmudxo‘ja Behbudiy “Oyina” jurnalida nashr qilingan “Til masalasi” maqolasida “Turkistonning o‘zig‘a tegishli shevasi turk tilining chig‘atoy lahjasi bo‘lub, “Navoiy” kitobi bu lahjaning go‘yo muhim kitobidur” deb yozgan. Turkistonda madaniyat, saltanat va adabiyotning o‘zgarib borishi natijasida xalq bu lahjani buzgani, Turkistonning har bir shahari va hatto, ba’zi bir qasaba va qishloqlarining shevasi boshqa-boshqa ekanini ta’kidlagan. Turkiston so‘zi ham turkiy so‘z bo‘lmay, uni “Turk eli” yoki “Turk yeri”, “Sadoyi Turkiston” gazetasini “Turk eli tovushi” deb atashni tavsiya qilgan. Muallif turkiy so‘zlar lug‘ati tayyorlashning muhim ekanligini ta’kidlab, o‘shandagina turkiy tilni arab va fors lug‘atlaridan ajratib olish, boshqa tillar hujumidan asrash mumkin, deb hisoblaydi. Turkiy tilni rus va usmonli tillari bilan taqqoslar ekan, bu millatlar bir necha yuz sanadan beri ingliz, fransuz tilini o‘rganib kelayotgan bo‘lsa-da, o‘z tillariga begona til so‘zlari o‘zlashmagani, matbuoti, maktab darsliklari sof tillarida ekanini e’tirof etadi. Turkistondagi holatni esa quyidagicha izohlaydi: “Bu kun qozoqlarning buzilmagan ona tilisi bor. Ammo ona tilida maktab, madrasa, fanniy va ilmiy kitoblar ta’sis etolmaydurlar. Chunki so‘z yetishmaydur. Agarda alar taraqqiy etsa va madaniy bo‘lsa, hukman hozirgi tilni o‘zgartirib bo‘lur. Hamda ming yil avvalgi tilg‘a qaytmoq qonuni tabiatg‘a muxolifdur. Chunki moziyg‘a ruju’ mumkin yo‘q. Begona tildan so‘z olmoqdan qutulgan til yo‘qdur… Xulosa fikrimiz shuki, yolg‘uz turkcha so‘ylamak va yozmoq abadan mumkin yo‘q. Baqadri imkon arabiy va forsiyni oz yozayluq. Barcha ilm-u fan istiloh va lug‘atlarig‘a turkchadan muqobil axtarib vaqtni zoye etmayluk. Taraqqiy etgan turkiy shevadagi ilmiy va fanniy kitoblarni anglamoqg‘a sa’y va g‘ayrat etayluk. Kelar zamon uchun hozirlanayluk, o‘tgan zamon uchun emas”.

1918-yili bolsheviklar o‘zlarini Turkiston xalqiga go‘yoki bosqichma-bosqich erkinliklar berayotgandek ko‘rsatib, davlat idoralarida ish yuritishni o‘z tillarida olib borish “imkonini berdilar”. Milliy matbuot sahifalarida bu haqdagi huquqiy hujjatlar, xabarlar, majlislar bayoni chop etila boshladi. Ayniqsa, “Mehnatkashlar tovushi” gazetasida bu kabi xabarlar va ma’lumotlarni ko‘proq ko‘rish mumkin.

Bolsheviklar o‘zlarini Rossiya mustamlakalariga go‘yoki ozodlik berishga intilayotgan hukumat sifatida ko‘rsatishga harakat qilganlar va o‘tmishdoshlarini qoralash yo‘lidan borganlar. Buning uchun ularga eng yaxshi vosita matbuot bo‘lib, eski hukumatning ruslashtirish siyosatini qoralashni asosiy vazifa qilib belgilab olganlar. Milliy matbuotda ushbu targ‘ibot ta’siri ostida chor Rossiyasi davridagi til borasidagi siyosatini tanqid qilish yetakchilik qilganini ko‘rish mumkin. Jumladan, Samarqand jadidlarining yirik namoyandalaridan Hoji Muin “Til masalasi” maqolasida: “Eski hukumat zamoninda biz turkistonlilar hukumatning rasmiy idora va maktablari nari tursin, o‘z maktablarimizda ham ona tilimizda ilm va fan o‘qumoqqa komili ixtiyorli emas edik. Chunki ul mustabid hukumatning chin muddaosi bizlarni va ham g‘ayri ruslarni ruslashturmoq bo‘lg‘onlig‘i sababli bizlarni har jihatdan qisarg‘a, ezarga tirishib tura edi”, deb yozadi. Ammo Hoji Muin va uning safdoshlari imperiya davrida ochgan jadid maktablarida darslar rus tilida emas, milliy tilda olib borilganini ko‘rish mumkin.

Shu bilan birga, muallif maqolaning keyingi qismlarida bolsheviklarning til borasidagi kirdikorlarini ham tanqid ostiga olgan. Jumladan, davlat idoralarida o‘zbek tilida ish yuritish belgilangan bo‘lsa-da, amalda rus tilida davom etayotganini ochiqlaydi: “Hozirda Samarqand musulmon shahar dumaxonasi bilan musulmon sho‘rosi o‘z taraflarindan musulmon idoralarig‘a yuborilaturg‘on rasmiy qog‘ozlarini faqat ruscha yozib yubormakdadirlarki, bu ish o‘z tilimiz haqinda bir jinoyatdir. Shuning uchun muhtaram sho‘ro va baladiya idorasindan o‘tinamizkim, bu masalag‘a ahamiyat berib, bu to‘g‘rida tezroq tadbir ko‘rarg‘a kirishgaylar”.

Hoji Muin til masalasidagi ikkinchi muammo milliy mutaxassislarning o‘z tiliga e’tiborsizligi, unga rus tilidagi so‘zlarni qo‘shib yozishlarida deb biladi: “Hozirgi mirzolarimiz bo‘lsalar, o‘zlari turk o‘g‘li turk bo‘lib turkiy tilning qoidalarini va yoki imloni bilmaydirlarkim, bularning yozg‘an va yozaturg‘on narsalari umum va ko‘cha tilindan ozgina tafovutlidir. Munga ilova, bu so‘ng yillarda (boxusus Rusiya inqilobidan keyin) bizning mirzolar orasinda yomon bir odat joriy bo‘la boshladiki, bular turkiy tilimizga ruscha so‘zlar qo‘shib yozaturg‘on bo‘ldilar”.

Muallif ona tilimizni mukammal o‘rgatuvchi ixtisoslashgan ta’lim muassasalari ochilmaganini uchinchi muammo sifatida qayd etadi. Muammolarning yechimi sifatida til kurslarini ochish, unda birinchi navbatda davlat idoralari xodimlari o‘qishlari lozimligi, ikkinchi navbatda aholiga o‘zbek va rus tillari, ularni tarjima qilish usullari o‘rgatilishi kerakligini ko‘rsatadi. “Mehnatkashlar tovushi” gazetasining 1918-yil 3-sentyabr sonida “Davlat lisoni haqinda dekret” chop qilingan. Unga ko‘ra, qonunlarning o‘zbek tilida nashr qilinishi, davlat idoralariga o‘zbek va rus tilini mukammal biluvchi kishilar olinishi majburiyligi va hokazolar belgilangan. Dekretdagi “Ushbu sana 1-maydan Turkiston o‘lkasi aftonumiyali o‘lka e’lon qilinuv munosabatiyla o‘lkada yashovchi xalqlar bilan iliq munosabat saqlov uchun Turkiston jumhuriyatining hukumati, rus tili ilan barobar mahalliy xalqning tili bo‘lg‘an turk tilining hukumat tili deb tasdiq qiling‘anlig‘ini hammaga e’lon qiladir” “mehribonchiligi” esa faqat qog‘ozda bo‘lib, aslida hech qanday o‘zgarish bo‘lgan emas.

Gazetaning shu sonida “Turkiston jumhuriyati doirasida hukumat tili kirituv haqinda qonun” ham chop qilingan bo‘lib, uning birinchi bandida turk tili (o‘zbek tili nazarda tutilmoqda) Turkistonning qonuniy tili deb e’lon qilingan: “Turk tili, rus tili ilan barobar, mahalliy xalqning o‘lka hokimiyat bilan bo‘lg‘an rasmiy munosabatlar hukumat tili hisoblanadir. Shu ondanoq o‘lkaning zakonodatilniy tili hisoblanadir”. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, qonunda garchi o‘zbek tilining huquqiy maqomi belgilangan bo‘lsa-da, amalda unga rioya etilgan emas.

Turkiston musulmonlar byurosi matbuot organi – “Ishtirokiyun” gazetasida ham Turkistondagi til masalasi bilan bog‘liq xabarlar, kengash majlisi bayonlari, maqolalar berib borilgan. Jumladan, gazetaning 1918-yil 4-dekabr sonida Milliy ishlar komissari Hoji Safo Jo‘raboyev tomonidan 1918-yil 1-dekabrda o‘tkazilgan “davlat tili haqidagi kengashi” tafsilotlari o‘rin olgan. Kengashda lug‘at nashr qilish, Turkiston adabiyotini yo‘lga qo‘yish, alifbo kitoblarini isloh qilish, imlo masalasi ko‘rib chiqilgan. Ammo Turkistonda na qonun, na dekret va na ushbu yig‘ilish bayonida ko‘zda tutilgan bandlar ijrosi ta’minlanmagan.

1918-yili til masalasida sodir bo‘layotgan holatlar Turkiston jadidlarini faqat maqolalar yozish, munosabat bildirishlari bilan cheklanib qolmadi. Ular til va imloni isloh qilish borasida amaliy harakatlarini boshladilar. 1918-yili Buxoro jadidlik harakatining yirik namoyandasi Abdurauf Fitrat tashabbusi bilan “Chig‘atoy gurungi” tashkiloti tuzilgan. “Ishtirokiyun” gazetasida “Toshkentda “Yosh buxoroliklar”ning faol a’zolaridan – Fitrat afandi ila o‘zbek yoshlari tarafindan “Chig‘atoy gurungi” nomli yangi bir jamiyat tuzilgan. Milliy ishlar komissariyati tarafindan tasdiq etilib, ishga kirishgan. Bu jamiyatning maqsadi: Turkistondagi eski va yangi turkiy asarlarni jam qilib, turkiy tilini ihyo qiluv (jonlantiruv) haqinda material hozirlamak, lug‘at va adabiyot dunyosini boyitmoqdir. Biz vaqtli ham o‘rinli ta’sis etilgan bu jamiyatni samimiy qalbdan tabrik qilamiz…” deb xabar berilgan.

1919–1921-yillari faoliyat ko‘rsatgan ushbu madaniy-ma’rifiy va ilmiy-adabiy tuzilma turkiy xalqlar madaniyati, san’ati, adabiyoti, tarixi, tili va imlosi kabi sohalarni jiddiy o‘rganishga kirishgan. Uning “Til va imlo to‘dasi”, “Adabiyot to‘dasi”, “San’at va teatr to‘dasi” va boshqa bo‘limlari bo‘lgan. “Til va imlo to‘dasi”ga dastlab Cho‘lpon, so‘ngra Elbek rahbarlik qilgan. “Chig‘atoy gurungi” faoliyatida Abdurauf Fitratdan tashqari Qayum Ramazon, Cho‘lpon, Elbek, Gʻozi Olim Yunusov, Mannon Uyg‘ur, Ashurali Zohiriy, Shokirjon Rahimiy, Shorasul Zunnun, Akmal Ikromov kabilar muhim o‘rin tutganlar. Ular adabiy til, uning nazariy-amaliy masalalari bilan shug‘ullanganlar.

Chig‘atoy gurungining “Imlo” to‘dasi tomonidan “Ishtirokiyun” gazetasining 1919-yil 24-may sonida “Imlo masalasi” maqolasi chop qilingan bo‘lib, unda yozuvni isloh qilish masalasi muhim ekanligi qayd qilingan. “Imlo” to‘dasining til va imloni isloh qilish borasidagi harakatlariga qarshi chiquvchilar ham bo‘lib, eski imloda qolish kerakligini uqtirganlar. Ammo to‘da a’zolari bu sohadagi islohotlarni keng targ‘ib etishga harakat qilganlar va uning qabul qilinishiga ishonganlar. Yangi imlochilar boshida turgan Abdurauf Fitrat milliy tilimiz, uning tanazzulining boshlanishi tarixi va uning bugungi holatini matbuot sahifalarida maqolalari orqali ko‘rsatib bergan. U “Tilimiz” maqolasida o‘zbek tilining og‘riqli nuqtalarini ochib beradi: “Turk tili dunyoning eng baxtsiz tilidir. Turkchaning baxtsizlig‘i arab bosqini bilan boshlanmishdir. Arablar bosdiqlari o‘lkaga yolg‘uz hukumatlarini emas, dinlarini, yo‘sunlarinida tanitg‘an edilar”.

Abdurauf Fitrat faqat arab tili emas, fors tili ham turkiy tilga juda katta zarar keltirganini ta’kidlab, turkiy tilni boy til, deb e’tirof etadi va uni oldingi holatiga qaytarish kerakligini uqtirgan: “Dunyoning eng boy tili bo‘lg‘an turkchamiz yolg‘uz arabcha yumroqlari bilan emas, forsiycha tepkilari bilan daxi ezilmishdir. Ko‘zlarimizni to‘rt ochib qarayliq: dunyoning eng buyuk hakimi bo‘lg‘an “Ibn Sino” turkdir. Ikkinchi “Arastu” atalg‘an Farobiy turkdir. Arab tilini mangulik turguzub ketgan Javhariy turkdir. “Vahidat vujud”, degan, Asqoning imomlarindan bo‘lg‘an Jaloliddin Rumiy turkdir. Forsiy adabiyotining payg‘ambarlarindan bo‘lgan “Nizomiy”da daxi turkdir.

Muallif turkiy tilning baxtsizligini qayta-qayta takrorlab, uni arab va fors tilidan qutqarib qolsa bo‘ladimi, savolini qo‘yadi. Turkiy tilni arab va fors tilidan qutulolmaydi, deb aytganlarga qarata, bu tildagi so‘zlarning tarjimasi turkiyda borligi, bu so‘zlarni bilish uchun tilni yaxshi bilish kerakligini uqtirgan.

Milliy matbuot sahifalarida bir muddat til va imloga oid maqolalar, xabarlar chop qilinishi to‘xtab qolgan. Bunga, birinchidan, ocharchilikning avj olishi, ikkinchidan, bosqinchi hukumatning milliy qo‘rboshilar qurolli harakatini bostirish uchun olib borgan harakatlari, uchinchidan, Buxoro amirligi va Xiva xonligi tugatilib, Turkistonning to‘liq sovetlashtirilishi, to‘rtinchidan, bolsheviklarning qog‘ozda boshqa, amalda boshqa til siyosati, beshinchidan, kommunistik mafkuraning kundan-kun kuchayishi sabab bo‘lishi mumkin.

Dilnoza JAMOLOVA,
tarix fanlari doktori

“O‘zbekiston tarixi jurnali”, 2024-yil, 2-sonidan


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img77

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img593

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img591