Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 13°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


13.02.2025 | 12:05

img765

INSONNI ULUG‘LAGAN ULUG‘ IJODKOR

Turkiy adabiy tilining asoschisi, turkiy xalqlar adabiyotida yangi maktab yaratgan ulug‘ shoir va insonparvar mutafakkir Alisher Navoiy ijodi hamma zamonlarda adabiyotni o‘z ideali deb biladigan xoslar davrasi uchun o‘qishli va qiziq bo‘lgan.

Dunyoda Alisher Navoiy kabi asarlari keng tarqalgan, jahonning deyarli har bir chekkasida kitoblarining nusxalari saqlanayotgan boshqa bir ijodkorni topish qiyin. Navoiy hayotining so‘nggi yillaridayoq uning asarlari uchun lug‘at ishlab chiqilganligi navoiyshunoslik sohasining ancha qadimiy ekanligini ko‘rsatadi. Abdurazzoq Samarqandiyning “Matla’i sa’dayn va majmai bahrayn” (“Ikki baxtli sayyoralarning kelib chiqishi va daryolarning qo‘shilishi”) asari shoir haqida ma’lumot beruvchi ilk manba bo‘lib, o‘sha davrning yana bir tarixchisi Muhammad ibn Xovandshoh Mirxondning “Ravzat us-safo” (“Soflik bog‘i”) asarida ham Alisher Navoiy hayoti va faoliyatiga doir qimmatli ma’lumotlar keltirilgan.

Tarixchi Xondamir yaratgan “Makorim ul-axloq” kitobi u kishi haqida mukammal ma’lumot beruvchi dastlabki to‘liq monografik tadqiqot hisoblanadi. Asarda ulug‘ shoir tarjimai holi, ijodiy-ilmiy asarlari, shaxsiyati, ijtimoiy faoliyati va bunyodkorlik ishlariga doir noyob ma’lumotlar keltirilgan. Chunki ulug‘ mutafakkirning kichik zamondoshi Xondamir bevosita Alisher Navoiy tarbiyasida voyaga yetgan va uning shaxsiy kutubxonasida faoliyat yuritgan allomalardan bo‘lib, Navoiyni yaqindan bilgan shogirdlari qatorida edi.

Ulug‘ shoir faoliyatini o‘rganish, ijodiga qiziqish keyingi to‘rt asrda ham susaymadi. Shayboniylar, Ashtarxoniylar davrida yozilgan tazkira va bayozlarga uning asarlari kiritildi. Ijodi haqida ma’lumotlar berildi. Bunday asarlar sirasiga, Lutf Alibek Ozarning “Otashkadai Ozariy”, Som Mirzo Safaviyning “Tuhfai Somiy”, Rizoqulixon Hidoyatning “Majmu’a ul-fusaho”, Faxriy Hirotiyning “Latoifnoma”, Mirzo Haydarning “Tarixi Rashidiy”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” kabi asarlarini kiritish mumkin. O‘tgan asrning 20–30-yillaridan boshlab Navoiy ijodini chinakam ilmiy mezonlar asosida o‘rganish boshlandi.

Biz Alisher Navoiyni turkiy xalqlarning “Shams ul-millati” deymiz. Albatta, buning sababi bor. Alisher Navoiy Husayn Boyqaro ta’rifi bilan aytganda, “Turk tilning o‘lgan jasadig‘a Masih anfosi birla ruh kiyurdi”. Shu til bilan ilk mukammal “Xamsa”ni yaratdi, o‘n olti janrdan iborat lirik she’rlarini jamlab olti mukammal devon tartib berdi. Ulug‘ fors mutafakkiri va shoiri Fariddidin Attorning “Mantiq ut-tayr” dostoniga javoban “Lison ut-tayr” deb nomlangan ramziy-falsafiy doston yaratdi. Turkiy tilni o‘sha zamondagi hukmron fors tilidan kam emasligini, hatto bir qancha o‘rinlarda – fe’l so‘z turkumi, omonimiya, sinonimiya hodisalari borasida ustun ekanligini “Muhokamat ul-lug‘atayn” asari bilan isbotlab berdi. Ulug‘ ijodkorning fors tilidagi merosi ham kam emas. “Devoni Foniy” deb nomlangan yirik devon, “Mufradot” deb nomlangan ilmiy asarlar Navoiyning fors tilida ham barakali ijod qilganligini tasdiqlaydi.

O‘z ijodiy merosida 26 mingdan ortiq lug‘at boyligidan foydalangan bu buyuk daho mana salkam olti asrdirki, asarlaridagi chuqur falsafiy mushohadakorlik, ma’no-mohiyatning keng ko‘lamligi va fasohat dengizining bepoyonligi bilan jahon ahlini hayratga solib keladi. Bunday bebaho boylikning tag zaminida esa millatparvarlik va insonparvarlik, iymon va ma’rifatga da’vat kabi ezgu g‘oyalar mujassam. Shuning uchun nafaqat biz, balki butun jahon ahli Navoiyni o‘rganadi. Hali-hanuz undan yangi ma’nolar topadi.

Alisher Navoiy “Lison ut-tayr” asarida insonning ulug‘ligi sababini izohlab, qalbida Yaratganning ma’rifati yashiringan xazinadir, deydi. Ulug‘ shoirning bu fikrlarini “Lison ut tayr”ning hamd qismida ham ko‘rishimiz mumkin:

Ofarishdan qilib inson g‘araz,
Oning aylab xalq ichida beevaz.
Ko‘nglin oning maxzani irfon qilib,
Ul tilsim ichra o‘zin pinhon qilib…

Ya’ni: (Olamlarni) yaratishdan maqsad asli insonni yaratish edi. Uni yaralganlar ichida tengsiz qilib ijod etdi. Uning ko‘nglini ma’rifat xazinasi qildi va unga O‘zini tilsim kabi yashirdi.

Muallif Alloh madhini kuylar ekan, istiora san’atiga murojaat qilib, inson qalbini xazinaga, unda yashiringan Alloh aksini xazinadagi pinhon boylikka qiyos qiladi. Bu o‘rinda shoir “Biz inson zotini sharafli qilib yaratdik” mazmunidagi oyati kalimadan ham foydalanib, iqtibos san’ati yaratgan.

Shu o‘rinda “Hayrat ul-abror” dostonining muqaddimasida Navoiy inson qalbini Ka’batullohdan ham ulug‘ deb tasvirlaydi:

Ka’baki, olamning o‘lub qiblasi,
Qadri yo‘q andoqki ko‘ngul ka’basi.
Kim bu xaloyiqqa erur sajdagoh,
Ul biri xoliqqa erur jilvagoh.

Ya’ni: Ka’abatulloh olamning qiblasi bo‘lsa ham, ko‘ngilchalik qadri yo‘qdir, sababi Ka’batuloh xaloyiqqa sajdagoh bo‘lgani holda, ko‘ngil Yaratganning jilva qiladigan, akslanadigan joyidir. Bu borada insonparvar shoirning bir g‘azalidagi matla’ni tilga olish ham o‘rinlidir:

Kimki bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay.

Insonlikdan maqsad asli kamolotdir deb hisoblagan ulug‘ mutafakkirning komil inson martabasi haqidagi qarashlari uning ijodida bir butun tizim sifatida aks etgan. Bunday tizimning nihoyasi va cho‘qqisi “Lison ut-tayr” dostonining “Faqru fano vodiysining adosida” bobida aks etadi:

To‘rt unsur, yetti ko‘k, olti jihot –
Nodiru oliy asosi koinot.
Barchadin ashrafki ul inson erur,
Kim kamolida xirad hayron erur.

Ya’ni: To‘rt unsur, yetti osmon va to‘rt taraf koinotning nodir va oliy asoslari hisoblanadi. Lekin barchasidan inson sharafli bo‘lib, kamolotiga aql hayron qoladi.

Navoiy insonni ulug‘lar ekan, ayni paytda uni insoniylikka munosib bo‘lishga chaqiradi. Buning uchun riyozatlar chekib, ma’rifat egallash kerak, deydi. Insonni faoliyatga, bunyodkorlikka, aytish mumkinki Vatan va xalq yo‘lida fidoyilikka undaydi:

Tuxum yerga kirib chechak bo‘ldi,
Qurt jondin kechib ipak bo‘ldi.
Lola tuxmicha g‘ayrating yo‘qmu?!
Pilla qurticha himmating yo‘qmu?!

Bunday faoliyat qo‘limdan kelmaydi, imkoniyatim yo‘q, iste’dodim yetishmaydi, qobiliyatim past degan kishilarga ham Navoiyda javob topiladi:

Kim sen – o‘q sen har nekim maqsud erur,
Sendin o‘zga yo‘q nekim mavjud erur.
O‘z vujudingg‘a tafakkur aylagil,
Har ne istarsen o‘zungdin istagil.

Ya’ni: O‘zingda hamma maqsadlar koni bor, umuman hamma narsa sening o‘zingda mavjum. Shunday ekan, o‘z borlig‘ingga tafakkur qilib, nimani, qanday maqsadni izlasang ham, o‘zingdan izlagin!

Shunday ekan, kamolot ilmi asli o‘zimizda pinhon ekan va uni o‘zligimizdan, qalbimizda pinhon bo‘lgan Yaratganning xazinasi atalmish ma’rifatdan izlamog‘imiz darkor. Mana shuning uchun ham ulug‘ mutafakkir shoir Alisher Navoiyning merosini o‘rganish, anglash har bir millat vakilining, kamolotga intilgan har bir insonning ma’naviy burchi bo‘lmog‘i kerak.

Zuhra MAMADALIYEVA,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img68

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img587

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img584