Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


12.04.2024 | 21:58

img884

ISHQ O‘TINING DOG‘INI AHLI VAFODA ISTANGIZ

G‘AZALLAR

Oshiq o‘ldum, bilmadim yor o‘zgalarga yor emish,

Olloh-olloh, ishq aro mundoq balolar bor emish.

Qaddig‘a el mayli bo‘lg‘ondin ko‘ngul ozurdadur,

Ul alifdin zorlarning hosili ozor emish.

Elga novak urdi, men o‘ldum, erur bas turfakim,

Jonim etgan resh el bag‘rig‘a kirgan xor emish.

Rishtakim, muhlik yaram og‘zig‘a tikti, angladim,

Kim kafan jinsi qirog‘idin suvurg‘an tor emish.

Ko‘yi devoridin og‘riq tang‘a tushgan soyadek,

Seli g‘amdin emdi soya o‘rnig‘a devor emish.

Jong‘a tahvif ayladim tig‘i halokidin aning,

Bilmadim bu ishdin ul o‘lguncha minnatdor emish.

Ey Navoiy, xo‘blarni ko‘rma osonlig‘ bila,

Kim biravkim soldi ko‘z, uzmak ko‘ngul dushvor emish.

                         * * *

Qon yutub umri jahon ahlida bir yor istadim, 

Lekin ul kamrak topildi, garchi bisyor istadim. 

Kimgakim jonim fido aylab sog‘indim, yor erur, 

Ermas erdi yorlig‘da chun vafodor istadim. 

Bilmadim olam elida yo‘qturur mutlaq vafo, 

Vahki, umri ulcha yo‘qtur sog‘inib bor istadim. 

Ulki topilmas bashar jinsida, vah, g‘aflat ko‘rung, 

Kim pari xaylida men devonai zor istadim. 

Sirri ishqimni ko‘ngul ko‘z birla fosh etmak ne tong, 

Qalb-u tardomanni chun men sohib asror istadim. 

Shayx birla xonaqahdin chun yorug‘luq topmadim, 

Dayr piri xizmatig‘a ko‘yi xammor istadim. 

Ey Navoiy, chun rafiqe topmadim bu g‘ussadin, 

O‘zni bekaslik balosig‘a giriftor istadim.

                            * * *

Jong‘a chun dermen: “Ne erdi o‘lmakim kayfiyati?”

Derki: “Bois bo‘ldi jism ichra marazning shiddati”.

Jismdin so‘rsamki: “Bu za’fingg‘a ne erdi sabab?”

Der: “Anga bo‘ldi sabab o‘tluq bag‘irning hirqati”.

Chun bag‘irdin so‘rdum, aytur: “Andin o‘t tushti manga

Kim, ko‘ngulga shu’la soldi ishq barqi ofati”.

Ko‘ngluma qilsam g‘azab, ayturki: “Ko‘zdindur gunah,

Ko‘rmayin ul tushmadi bizga bu ishning tuhmati”.

Ko‘zga chun dermenki: “Ey, tardomani yuzi qaro,

Sendin o‘lmish telba ko‘nglumning balo-yu vahshati”.

Yig‘lab aytur ko‘zki: “Yo‘q erdi manga ham ixtiyor

Ki, ko‘rundi nogahon ul sho‘xi mahvash tal’ati”.

Ey Navoiy, barcha o‘z uzrin dedi, o‘lguncha kuy,

Kim, sanga ishq o‘ti – o‘q ermish azalning qismati.

                          * * *

Xil’atin to aylamish jonon qizil, sorig‘, yashil,

Shu’layi ohim chiqar har yon qizil, sorig‘, yashil.

Gulshan ettim ishq sahrosin samumi ohdin

Kim, esar ul dasht aro har yon qizil, sorig‘, yashil.

Shishadek ko‘nglumdadur gulzori husnung yodidin,

Tobadonning aksidek alvon qizil, sorig‘, yashil.

Oraz-u xoling bila xatting xayolidin erur

Ko‘zlarimning ollida davron qizil, sorig‘, yashil.

La’lgun may tutqil oltun jom birla sabzada

Kim, bulardin yaxshi yo‘q imkon qizil, sorig‘, yashil.

Faqr aro berangliq dushvor erur behad, valek

Xirqada tikmak erur oson qizil, sorig‘, yashil.

Ey Navoiy, oltin-u shingarfu zangor istama,

Bo‘ldi nazming rangidin devon qizil, sorig‘, yashil.

                         * * *

Istaganlar, bizni sahroi baloda istangiz,

Vodiyi hijron ila dashti fanoda istangiz.

Vomiq-u, Farhod-u Majnundeklar ul vodiy aro

Bo‘lsalar paydo, meni ham ul aroda istangiz.

Yuz alarning ishqicha dard-u, balo-u g‘ussag‘a

Tolib el boshiga qolgan mojaroda istangiz.

Eyki, istarsiz savodul vajh fid-dorayndin,

Boxabar bo‘lmoq meni yuzi qaroda istangiz.

Ko‘nglum ul zulf ichradur, zinhor ishqim sharhini

Istamang men telbada, ul mubtaloda istangiz.

Nuqta yanglig‘kim, vafo uzra qilur kotib raqam,

Ishq o‘tining dog‘ini ahli vafoda istangiz.

Og‘zi shavqidin Navoiy itti, oni istar el

Yo adam dashtida, yo mulki fanoda istangiz.

RUBOIYLAR

Ko‘zum uchadur, magarki yorim keladur,

Es har dam ozar, magar nigorim keladur.

Yo bodiyayi firoq sayrida qilib

Yuz marhala qat’, shahsuvorim keladur.

                     * * *

La’lingni qilib nuktasaro, ey qorako‘z,

Ishq ahli hayotig‘a yaro, ey qorako‘z.

Chekma yana surma ko‘z aro, ey qorako‘z,

El jonig‘a qilma ko‘z qaro, ey qorako‘z.

                     * * *

Gar oshiq esang, mehr-u vafo qilma havas,

Dard istavu daf’ig‘a davo qilma havas,

Hijron-u visol mutlaqo qilma havas,

Dildoringdin g‘ayri rizo qilma havas.

                     * * *

Kim istasa saltanat, saxodur anga shart,

Har va’daki aylasa, vafodur anga shart.

Kim faqr talab qilsa, fanodur anga shart,

Ollig‘a nekim kelsa, rizodur anga shart.

                       * * *

Ko‘nglumni g‘am-u dard ila qon ayladi ishq,

Ko‘z yo‘lidin ul qonni ravon ayladi ishq,

Har qatrani bilmadim, qayon ayladi ishq,

Bedil ekanim bo‘yla ayon ayladi ishq.

                         * * *

Ko‘nglum gul-u sarv mayli qilmas, netayin?

Sarv-u gul ila dame ochilmas, netayin?

Gar sho‘x ko‘runsa, ko‘zga ilmas, netayin?

Bir sho‘xkim, ul tilar – topilmas, netayin?

                            * * *

O‘lsam, yasamang munda mazorimni mening,

Yuklab eliting jismi figorimni mening.

O‘truchi qarib ahli diyorimni mening,

Ko‘yida qo‘yung tani nizorimni mening.

                     * * *

Ey ulki, zamona ahlidin ayrilding,

Ishq ahli tariqi xo‘b ekanni bilding.

Xush qilding, alar tavrini-yu qotilding,

Rahmat sanga, yaxshi aylading, xush qilding.

                      * * *

Sadbarg, binafsha, yo‘qsa nargis, yo gul,

Ichmak bo‘lmas bular havosi bila mul.

To hajr yelidin o‘ldi oshuftadimog‘,

Yuz noxuna ko‘z ichravu yuz pora ko‘ngul.

                      * * *

G‘urbatqa tushub zaif-u bemor o‘ldum,

Dard-u g‘am-u mehnat ilgida zor o‘ldum.

Sartosar ajal toshidin afgor o‘ldum,

Sensiz ne balolarg‘a giriftor o‘ldum.

                     * * *

Ey bodi sabo, agar havo aylagasen,

Gulshang‘a yetarni muddao aylagasen.

Sarv ollida yer o‘pub duo aylagasen,

Gul qoshida qullug‘um ado aylagasen.

                     * * *

Men menmu visol umididin shod o‘lg‘an,

Bir-bir g‘am-u anduhdin ozod o‘lg‘an.

Oz-ozg‘ina bergan soyi gul atri nasim,

Bulbuldek ishim nolavu faryod o‘lg‘an.

Alisher NAVOIY 

«Jadid» gazetasi 2024-yil 9-fevral 7-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596