Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


18.04.2024 | 08:52

img366

ZAVOLSIZ ISHQ

Yoymachi ko‘klam ramazon oyi arafasida qut-barakotli qor-u yomg‘irlari bilan shitob kirib keldi. Ulug‘ ayyomlar arafasida ma’ruf odamlar bir-birlarini yo‘qlash, hol-ahvol so‘rashish, g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga moyil bo‘ladilar. Milliy udumlarimiz ham doim odamgarchilikni yodga soladi. Shak yomg‘irlari ushbu insoniy tuyg‘ularni yanada kuchaytiradi. Eshigimda shoir Mahmud Toirning gulduragan tovushi eshitildi.

 – Diydor g‘animat, deb kelaverdim, Ibrohim aka, aybga buyurmang, bezovta qilib vaqtingizni olgan bo‘lsam.

– Kelavering, kelavering, Mah­mudjon, qadamlaringizga hasanot! – deya eski do‘stlar quchoq ochib ko‘rishamiz. Shoirning xandon-hushon chehrasidan xona nurga to‘lganday bo‘ladi.

– Parkent tepalariga bu yil ko‘klam ayamay ko‘ksini tutdi, – deydi Mahmud fotiha o‘qilgach, ko‘tarinki ohangda. – Odamlar nazdida osmondan xuddi qut-­ez­gulik yog‘ilayotganday. Ertalab ishga otlanib, hovliga tushsam, yuzimga tog‘ tomondan bir ilohiy epkin urildi. Xoh ishoning, xoh ishonmang, tilimni shu zahoti bir she’r chuchita boshladi. Shu kayfiyatda huzuringizga keldim. Bugun ijozat bersangiz, she’r o‘qiy­digan kunga o‘xshaydi.

Mahmud qo‘ynidan qora mu­qo­vali daftarini olib stolga qo‘ydi. Daftar ko‘p tutilgani, egasiga sadoqat bilan xizmat qilayotgani muqovasidan ko‘rinib turardi. She’r o‘qish shoir Mahmud Toirga suv-havo kabi ehtiyojga aylangan. Ilgarilari she’r o‘qigisi kelsa, “Do‘rmon”ga – goh ustoz Said Ahmad dargohiga, goh donishmand Abdulla Oripov bog‘chasiga, goh “Huvaydo”dagi Erkin Vohidov hov­lisiga, goh bar urib, Muhammad Yusuf huzuriga yo‘l olardi. She’r o‘qiydigan chog‘lari uning chinakam masarrat onlari edi. Ustozi kabirlar uni chehrakushoy qarshi olishar, o‘zini, she’rlarini alqashar, yangi g‘oyalar beri­shardi. Mahmud bunday she’rxon davralardan qo‘yni-qo‘nji to‘lib, ilhomlanib qaytardi. O‘sha damlarni eslab so‘radim:

– Ustozlarga she’ringizni qanday o‘qirdingiz?

U dabdurustdan bunday savolni kutmagan ekan shekilli, biroz o‘ylanib qoldi. Sezganman: u doim shunday kutilmagan holat­larga duch kelib qolsa, ko‘pincha darhol sukutga cho‘madi, so‘ng, albatta, jilmayadi. Bu safar ham tabassum qilib dedi:

– Albatta, eshitilarli qilib o‘qiy­man. Meni hayajon bosadi, bil­may­man, bu she’r o‘qishda bo‘la­digan odatiy hayajonmi yo ustozlar salobatidanmi?

Shoir yana o‘ylanib qoldi, ke­yin: “Bir voqeani aytib beraymi? Vaqtingizni olmayapmanmi?” –dedi.

– Ayting, ayting.

– 2016-yilning aprelida Erkin aka Vohidovni ko‘rgani uylariga bordim. Yaqinda davolanishdan chiqqan, o‘zlarini biroz oldirib, siniqib turgan ekanlar. Ma’yus jilmayib, kutib oldilar. Biroz hol-ahvol so‘rashganimizdan keyin, “Mahmudjon, ikki og‘iz she’r o‘qing”, dedilar. She’r o‘qish va eshitishni sog‘inganlarini sezdim… “Qanday bo‘larkin?” – dedim vaziyatga qarab. “O‘qing, o‘qing”, dedilar. Men qo‘shiq qilib aytiladigan sakkiz qator she’rimni o‘qidim tasalli ma’nosida. Erkin aka ko‘zlarini horg‘in yumib yotdilar, boshlari baland qo‘yilgan katta yostiqqa chuqur botgan, majolsiz edilar. Keyin ko‘zlarini ochdilar, chehralariga chiroyli tabassum yoyildi. “Yashang, – dedilar, – ovozingiz menga darmon bo‘ldi”. Erkin akani oxirgi ko‘rishim shu bo‘ldi.

Mahmud Toir el-yurtning dav­ra­lari, anjumanlarida ko‘p she’r aytadi, xuddi ovozini soz­lab olmoqchiday o‘z she’rlarini o‘qishdan oldin Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Omon Matjon she’r­larini qiroat bilan zalga taqdim etadi. Uning tovush torlari doim tarang holatda, andak yelpindidan jo‘shadi. Oxirgi yillar ayoli Gulchehraxon vafot etib, Mah­mudning ovozi picha anduh tortdi. Lekin shoir hamon hozirjavob, ovozidagi biroz shikastalik hatto yoshiga yarashganday.

– Mahmud, ko‘p she’r yozayot­ganingiz o‘zingizga sezilmaydimi? – deb so‘radim. – Mavzular, tizimlar, ohang-ritmlar, shakllar takrorlanib qolganday tuyulmaydimi?

U yana sukutga botdi. Sami­miy chehrasiga tag‘in tabassum shu’la soldi.

– Qarang, Ibrohim aka, – dedi chiroyi ochilib, – bugun ertalab tushimga kirgan ekanmi, kutil­maganda bir-ikki satr tilimda aylana boshladi. To ko‘chaga chiqqunimcha, u to‘rt qator rosmana she’rga aylandi. Men nima qilay? Bu ne’mat… o‘zi keladi… Men shunda na’matak orasida o‘tirgan bulbulning holini tushunaman. Ba’zi do‘stlarimni, xususan, Sirojiddin Sayyid, Muhammad Yusuf­larni ham bilaman: doim shun­day holatda bo‘lgan. She’r qan­day bo‘lmasin, alohida holat, ko‘k­dan, yerdan, yurakning qa’ridan paydo bo‘ladi. Yana bir qancha ikkiliklar, to‘rtliklar, yangi she’rlar yozdim. Ular, albatta, oldin­gi she’r­­larimning davomi… Qay bir tarzda davom ettiradi. Hozir ayrim yoshlar yangicha shakllar topib, mavzularni yangilab yozishyapti. Zero, nima demang, har bir odam ham yangilik, ham eskilik ayni bir paytning o‘zida…

Mahmud andak she’r falsafasi tomonga o‘tarkan, buyuk Maxtumqulining:

“Tumanga burkanib tog‘lar bosh egar,

Yellar qo‘zg‘alolmay yerda  sud­ralar”, –

degan she’rining go‘zal manzarasi ko‘z o‘ngimda gavdalandi. Bu favqulodda obrazlarni beixtiyor ayni chog‘da Mahmud zamondoshim o‘qiyotgan ikkiliklar va to‘rtlik­lar yonida tasavvur qildim.

“Bir arpaga arzimas bu jahon xayolimga,

Bilmam, olam ne ko‘yda

men hayron o‘z holimga”, – degan Maxtumquli bilan Mahmudning mana hozir o‘qiyotgan:

“Nafsim nadomatin har kun ohi bor,

Va lekin bu ohning tubsiz chohi bor”, –

degan she’ri o‘rtasida qandaydir qarindoshlik borligini sezaman. Va bizning Mahmud shoir ham chakki emas aslo, deb qanoat tuyaman. Shoirlar haqiqatni aytishga tug‘ilganlar-da, deyman inkishof yuzasidan.

Ha, Mahmud Toir – quyulib kelguvchi tizimlar shoiri. Tizimli tizma shoir. Katta shalola, kichik shalola, ularning zarralari yang­lig‘ she’rlar. U hech qachon umum qabul qilingan axloq-ma’rifiy aqidalardan chetlab ketmaydi. Doim shu umummilliy aqoid ichida. She’riy, hayotiy mezonlar ichida. Ammo she’rlarini, boya o‘zi ayt­moqchi, ilhom parvozlari ichida yozadi. Yangi zamona uni o‘zgartira oldimi? Vaqt sochlari­ning bir paytlardagi qo‘ng‘iroqlarini ayovsiz yulib ketdi. Balki qadamlarining shiddati sal pasaygandir. Jur’atlari sal susaygandir. Ammo bir narsa ravshan: unda she’r zav­qi, qofiya shavqi hamon tarang!

Parkentning shukuhli tepalik­lari uzra yonboshlaganda, shoir­ning qalbidan hamon ma’rifiy she’r quyulib otilib chiqadi. Tepalar tagida azal yog‘duli buloqlar mildiraydi. Mahmud Toir yoshi yetmishdan oshganda she’rni xuddi Habibiy, Sobir Abdulla,Chus­tiy, Uyg‘un, Char­xiy domlalardek “va’dayi ishq” deb biladi. Tizmalari xuddi Bahouddin naqshlaridek odamiy­lik muhabbatining sharora­larini sochadi. Yetmish yosh­ning cho‘q­qilaridan oshganda, qarang, “Bo­la­lik bahorini sog‘indim juda”, deb hapriqadi uning yuragi. Va orqasiga qaray-qaray, entiksa-da, aslida kelajak bahorlarini ko‘zlayotgani bilinib turadi.

U hamisha harakatda; hara­katda esa hayotning poyonsiz mujdasi bor. Shu mujda nafs, nadomat, tubsiz choh bilan cheksiz shoir ohini bog‘layapti. Bu og‘ir falsafiy tushunchalar she’rdan havas uchun joy olyaptimi? Yo‘-o‘q, ular odam umrining mazmunini ifodalayapti va uni yuragimizga, shuurimizga olib kiryapti.

Ibrohim GʻAFUROV, O‘zbekiston Qahramoni

“Jadid” gazetasi 2024-yil 22-mart 13-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600