Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


19.08.2026 | 11:03

img955

ISTIQBOLLI YO‘NALISH

O‘zbekiston FA akademigi Qahramon DAVRONOV bilan suhbat

– Domla, hayotingizning oltmish yildan ziyodini mikroorganizmlar va fermentlarni tadqiq etishga bag‘ishlab kelmoqdasiz. O‘tgan davrda turli fanlar o‘z ustuvorligini boy berib, boshqa fanlar tarkibiga singib ketdi. Shunday sharoitda Siz mikrobiologiyaning istiqboliga qanday qaraysiz?

– Bugungi kunda mikrobiologiyani kelajak fani deyishga asos bor, nazarimda. Chunki biotexnologiyalarning jadal rivojini mikroorganizmlarsiz tasavvur qilish qiyin. Bugun agrobiotexnologiya, sanoat biotexnologiyasi, sintetik biologiya, bioremediatsiya, mikrobiom texnologiyalari, bioyoqilg‘i ishlab chiqarish, yangi antibiotiklar va shunga o‘xshash aksariyat innovatsion yo‘nalishlarning rivojlanishi mikroorganizmlar bilan bog‘liq. Fermentlar esa bu jarayonlarning eng muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Ular tabiatdagi eng samarali biologik katalizatorlar bo‘lib, jarayonlarni millionlab marta tezlashtirish qobiliyatiga ega. Eng muhimi, bu jarayonlar me’yordagi bosim, moʻtadil harorat va neytral muhit sharoitida kechadi. Bu esa fermentlar ishtirokidagi texnologiyalarni ekologik xavfsiz va energiya tejamkor tavsiflanishga olib keladi.

Fermentlarning yana bir muhim afzalligi – ularning yuqori darajada maxsusligi. Har bir ferment muayyan moddaga ta’sir qiladi.

Natijada mahsulot yuqori tozalikda olinadi, chiqindilar miqdori kamayadi va mahsulotni qo‘shimcha tozalash uchun sarflanadigan xarajatlar ham sezilarli darajada qisqaradi.

Butun dunyoda zamonaviy ilm-fan mazkur yo‘nalishdagi tadqiqotlarda salmoqli yutuqlarga erishmoqda. Bugun oqsil injeneriyasi, yo‘naltirilgan evolyutsiya, sun’iy intellekt va dasturiy o‘qitish texnologiyalari yordamida maqsadli xususiyatlarga ega yangi fermentlarni yaratish imkoniyati mavjud. Bu esa turli sohalar ehtiyojlariga mos yuqori samarali biokatalizatorlarni ishlab chiqishga xizmat qilmoqda.

Ayni paytda fermentlar oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, kir yuvish vositalari ishlab chiqarish, bioyoqilg‘i tayyorlash kabi ko‘plab sohalarda keng qo‘llanilmoqda. Shu jihatdan qaraganda, mikroorganizmlar va fermentlarni keng qamrovli tadqiq etish nafaqat ilm-fan rivoji, balki iqtisodiyotning turli sohalari uchun ham salmoqli amaliy ahamiyat kasb etadi.

– Keyingi yillarda ekstremal sharoitlarda yashovchi mikroorganizmlarni o‘rganishga jahon miqyosida alohida e’tibor qaratilayotganini kuzatdik. Mazkur tendensiya qaysi omillar bilan bog‘liq holda vujudga keldi?

– Ekstremal sharoitlarda yashaydigan mikroorganizmlar noqulay muhitga moslashish jarayonida o‘ziga xos biologik xususiyatlarga asoslangan mexanizmlarni ishga soladi. Har qanday tirik organizm kabi ular ham hayotini saqlab qolish uchun o‘zining ichki imkoniyatlaridan yuqori darajada foydalanadi. Masalan, ozuqa yetishmaganda yangi muhitga ko‘chadi, kislorod tanqisligida esa havo ko‘proq bo‘lgan qatlamlarga harakat qiladi. Ana shu moslashuv jarayonida kamyob biomolekulalar va fermentlar hosil bo‘ladi.

Biz tomonimizdan olib borilayotgan tadqiqotlarda asosiy e’tibor galofil va galotolerant, ya’ni, tuzga chidamli mikroorganizmlarga qaratilgan. Ular amilaza, lipaza, proteaza, sellyuloza, ksilanaza, DNK-polimeraza kabi qator muhim fermentlarni sintez qiladi. Bularning eng muhim afzalligi shundaki, ular yuqori sho‘rlanish, ekstremal muhit, organik erituvchiga ega va yuqori harorat kabi og‘ir sharoitlarda ham o‘z faolligini saqlab qoladi. Shu bois, ular sanoatning turli tarmoqlari uchun katta amaliy ahamiyatga ega.

Ayniqsa, qishloq xo‘jaligida bunday mikroorganizmlarga bo‘lgan qiziqish yil sayin oshib bormoqda. Sho‘rlanish nafaqat O‘zbekiston, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yechimini kutayotgan, dolzarb muammolarni  vujudga keltirayotganligi sir emas. Rizosfera mikroorganizmlari ishlab chiqaradigan fermentlar o‘simliklarning tuz stressini yengillashtirishga, fosfor va azot kabi ozuqa elementlarini o‘zlashtirishini yaxshilashga, temir bilan ta’minlanishini kuchaytirishga hamda hujayralarni oksidlanish stressidan himoya qilishga xizmat qiladi. Ushbu mexanizmlar orqali o‘simliklarning sho‘rlangan tuproqlarda ham o‘sishi va rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratiladi.

– Bugun mamlakatimizda biotexnologiyaning rivojlanishini qanday baholaysiz?

– Menimcha, so‘nggi yillarda erishilgan yutuqlar O‘zbekistonda biotexnologiya faol shakllanish va jadal rivojlanish bosqichida turganligini asoslaydi. Sohaga davlat tomonidan berilayotgan e’tibor, ilmiy infratuzilmani takomillashtirish, xalqaro hamkorlikning kengayishi va yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash kabi omillar bu yo‘nalish taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, agrobiotexnologiya, mikrobiologiya, o‘simliklar genomikasi va biofarmatsevtika sohalarida salmoqli natijalar ko‘zga tashlanmoqda.

Bu borada, mamlakatimizda ushbu yo‘nalishlarda shakllangan ilmiy maktablar ham muhim o‘rin tutadi. Fanlar akademiyasi tizimidagi institutlar, ixtisoslashgan universitetlar va ilmiy markazlardagi mutaxassis olimlar tomonidan ekstremal muhit mikroorganizmlari, rizosfera bakteriyalari, mikrob fermentlari, o‘simliklar genetikasi va seleksiyasi bo‘yicha salmoqli tadqiqotlar amalga oshirilmoqda.

Ta’kidlab o‘tish lozimki, yuqoridagilar bilan bir qatorda, O‘zbekistonning tabiiy sharoiti ham biotexnologiya uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Sho‘rxoklar, cho‘l hududlari, baland tog‘lar va gipersho‘r ko‘llar kabi noyob ekotizimlar yangi mikroorganizmlar, fermentlar va biologik faol moddalarni izlash uchun bebaho tabiiy laboratoriya vazifasini bajaradi. Bu resurslardan samarali foydalanish kelajakda mamlakatimizning bu sohada raqobatdoshligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Albatta, yechimini kutayotgan masalalar ham bor. Avvalo, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish darajasini yanada oshirish zarur. Ko‘plab istiqbolli loyihalar laboratoriya bosqichidan ishlab chiqarishgacha yetib bormayapti. Shuningdek, biotexnologik startaplar, xususiy investitsiyalar va yuqori texnologiyali kompaniyalar sonini ko‘paytirish, zamonaviy ilmiy uskunalar bilan ta’minlash hamda bioinformatika, sintetik biologiya va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida malakali mutaxassislar tayyorlash bugungi kunning muhim vazifalaridan hisoblanadi.

O‘ylashimcha, kelgusi yillarda mamlakatimiz uchun eng istiqbolli yo‘nalishlar agrobiotexnologiya, o‘simliklar o‘sishini rag‘batlantiruvchi bakteriyalar, mikrob fermentlari, bioo‘g‘itlar, ekologik biotexnologiya, biofarmatsevtika hamda genomika va sun’iy intellekt bilan bog‘liq tadqiqotlar bo‘ladi.

Shubha yo‘qki, ushbu yo‘nalishlar genomika, bioinformatika va sun’iy intellekt texnologiyalari bilan uyg‘un rivojlantirilsa, yaqin o‘n yillikda O‘zbekiston agrobiotexnologiya sohasida xalqaro miqyosda munosib o‘rin egallaydi.

– Tushunishimcha, muammo ilmiy ishlanmalarning yo‘qligida emas, balki ularni katta hajmda ishlab chiqarib, iste’molchigacha yetkazish masalasida ekan. Shundaymi?

– Ha. Ilmiy ishlanmalarimiz bor, ularning dastlabki namunalari ham yaratilgan. Lekin ularni katta hajmda ishlab chiqarish va bozorga olib chiqish imkoniyatlarimiz hozircha cheklangan.

Bugungi kunda institutimizda qator preparatlar yaratilgan, ularga milliy va Yevropa patentlari olingan. Hozir ilm-fanda “aqlli o‘g‘itlar” degan tushuncha keng qo‘llanmoqda. Bunday o‘g‘itlar o‘simlikning ehtiyojiga qarab zarur miqdordagi azot, fosfor, kaliy va boshqa elementlarni yetkazib bera oladi. Ularning bir qismi mikroorganizmlar asosida yaratiladi. Bozorga chiqish, avvalo, ishlab chiqarish hajmi bilan bog‘liq. Qaysi mahsulotga ehtiyoj borligi va u qancha miqdorda kerak bo‘lishini aniq bilish muhim. Masalan, “aqlli o‘g‘itlar” misolida oladigan bo‘lsak, o‘simlikka qachon va qancha miqdorda azot kerakligini hisobga olish lozim. Xuddi shuningdek, aholi uchun qaysi dori vositalariga ehtiyoj borligi va ularning zaruriy hajmini ham to‘g‘ri belgilash zarur. Biroq asosiy muammo – ularni katta hajmda ishlab chiqarish va iste’molchigacha yetkazish masalasidir. Agar sifatli va ommaviy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilsa, mamlakatimizda mikrobiologiya sanoati hamda mikrob biotexnologiyasini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjud.

Farmatsevtika yo‘nalishida ham salmoqli natijalarga erishilgan. Jumladan, inson oshqozon-ichak tizimi faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi yangi avlod probiotik preparatlari yaratilgan. Biroq ularni dorixona tarmoqlariga olib chiqish uchun zamonaviy uskunalar va yirik ishlab chiqarish quvvatlari zarur.

Menimcha, mamlakatimizda biotexnologiyani rivojlantirishning asosiy ilmiy salohiyati Mikrobiologiya institutida jamlangan. Bu yerda yaratilayotgan ishlanmalarga ehtiyoj bor, ularning iste’molchilari ham kutib turibdi. Endi asosiy vazifa – ushbu mahsulotlarni zarur hajmda ishlab chiqarish va iste’molchiga yetkazishdan iborat. Hozir biz aynan shu yo‘nalishda ishlayapmiz.

– So‘nggi 50-55 yilda mikrobiologiya sohasidagi eng katta yutuqlar sifatida qanday yutuqlarni sanab o‘tishingiz mumkin?

– Eng muhim kashfiyotlardan biri molekulyar genetika va rekombinant DNK texnologiyalarining yaratilishi bo‘ldi. Bu genlarni bir organizmdan ikkinchisiga ko‘chirish, genetik modifikatsiyalangan mikroorganizmlar yaratish va rekombinant oqsillar olish imkonini berdi. Natijada inson insulini, o‘sish gormoni, interferonlar hamda bir qator vaksinalarni mikroorganizmlar yordamida ishlab chiqarish texnologiyalari amaliyotga joriy etildi.

Ikkinchi muhim qadam 1983-yilda polimeraza zanjir reaksiyasi (PZR) usulining yaratilishi bo‘ldi. Bugun ushbu texnologiyasiz mikrobiologiyani tasavvur qilish qiyin. U infeksiyalarni tez va to‘g‘ri aniqlash, sud-tibbiy ekspertizasi, genomlarni o‘rganish hamda ekologik tadqiqotlarni yangi bosqichga olib chiqdi.

Shu bilan birga, mikroorganizmlar genomlarining to‘liq o‘qilishi va metagenomika usullarining rivojlanishi fanda yangi imkoniyatlarni ochdi. Ilgari laboratoriyada o‘stirish mumkin bo‘lgan mikroorganizmlargina o‘rganilar edi. Metagenomika esa tuproq, suv, okeanlar, inson va hayvon organizmi kabi muhitlardan DNKni bevosita tahlil qilish imkonini berdi.

XXI asrning eng yirik kashfiyotlaridan yana biri – CRISPR-Cas genomni tahrirlash texnologiyasidir. U bakteriyalarning tabiiy himoya mexanizmi asosida yaratilgan bo‘lib, bugungi kunda irsiy kasalliklarni davolash, yangi o‘simlik navlarini yaratish va yuqori samarali mikroorganizmlarni konstruksiyalashda keng qo‘llanilmoqda.

So‘nggi yillarda inson mikrobiomini o‘rganish ham mikrobiologiyada yangi sahifa ochdi. Inson organizmida yashovchi minglab mikroorganizmlar immunitet, moddalar almashinuvi va ko‘plab kasalliklarning rivojlanishi bilan bevosita bog‘liq ekani ilmiy jihatdan isbotlandi. Shu bois, bugun mikrobiomni ayrim olimlar insonning o‘ziga xos “virtual organi” sifatida baholamoqda.

Ekstremal muhitlarda yashovchi mikroorganizmlarning kashf etilishi ham katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Ular yuqori harorat, kuchli sho‘rlanish, yuqori bosim yoki ekstremal kislotalik sharoitlarida ham yashay oladi. Masalan, “Thermus aquaticus” bakteriyasidan olingan Taq-polimeraza fermenti PZR texnologiyasining asosiy tarkibiy qismiga aylandi. Bu kashfiyot butun molekulyar biologiya taraqqiyotiga kuchli turtki berdi.

Shu bilan birga, mikroorganizmlardan atrof-muhitni neft, og‘ir metallar va boshqa zararli moddalardan tozalashda, qishloq xo‘jaligida esa o‘simlik o‘sishini rag‘batlantiruvchi biopreparatlar yaratishda keng foydalanilmoqda. Ayniqsa, rizosfera mikroorganizmlari asosida ishlab chiqilayotgan bioo‘g‘itlar tuproq unumdorligini oshirish va sho‘rlanishga qarshi kurashishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

– Ustoz, Siz uzoq yillardan buyon shu sohada faoliyat yuritib kelyapsiz. Bugun mikrobiologiya va, umuman, ilm-fanning rivojlanishi Sizni qoniqtiradimi?

– Men ko‘pincha “oxirgi yillarda” degan iborani ishlatishni yoqtirmayman. Lekin haqiqatni tan olish kerak. Mana, hozir biz suhbatlashib turgan institut korpusi yetti yil oldin deyarli foydalanishga yaroqsiz holatda edi. Prezidentimiz maxsus qaror asosida institutni rivojlantirish uchun 1 million 200 ming dollar mablag‘ ajratdi va zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlash ishlari boshlandi.

Bugun laboratoriyalarimizda mikrobiologiyaning dastlabki bosqichlaridan tortib,  murakkab tadqiqotlargacha bo‘lgan ishlarni Xitoy, Rossiya, Belarus va dunyoning boshqa rivojlangan  davlatlar darajasida olib borish imkoniyatiga egamiz.

Shuningdek, antibiotiklarga chidamlilik – rezistentlik bugungi kunda global muammolardan biriga aylanib bormoqda. Mutaxassislarning ayrim prognozlariga ko‘ra, agar bu jarayon shu tarzda davom etsa, kelajakda oddiy infeksiyalarni davolash ham murakkablashishi mumkin. Shu sababli, yangi antimikrob moddalarni yaratish va mikroorganizmlarning imkoniyatlarini chuqur o‘rganish dolzarb vazifaga aylanmoqda.

– Hozir ayrim shifokorlar, xususan, pediatrlar antibiotiklarni imkon qadar kam qo‘llash tarafdori. Jamiyatda esa antibiotiklarga nisbatan salbiy munosabat shakllanmoqda. Siz bunga qanday qaraysiz?

– Antibiotiklar deganda, bir mikroorganizm, o‘simlik yoki boshqa biologik manbalarda hosil bo‘lib, boshqa mikroorganizmlar faoliyatini to‘xtatish xususiyatiga ega biologik faol moddalarni tushunamiz. “Antibiotik” atamasi 1942-yilda amerikalik mikrobiolog Selman Vaksman tomonidan ilm-fanga kiritilgan. Antibiotiklarni sanoat miqyosida ishlab chiqarish texnologiyalarini yaratgan olimlar esa Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Qiziq tomoni shundaki, o‘sha davrning o‘zidayoq olimlar antibiotiklardan noto‘g‘ri foydalanish kelajakda jiddiy muammolarga olib kelishi mumkinligini ta’kidlagan. Aslida, antibiotikni qo‘llashdan oldin kasallikni qo‘zg‘atayotgan mikroorganizm aynan qaysi preparatga sezgir ekanini mikrobiologik tahlillar orqali aniqlash kerak. Shifokor bemorning tarixini, avval qaysi antibiotiklarni qabul qilganini va organizmining xususiyatlarini bilishi shart.

Mikroorganizmlar moslashuvchan, bir antibiotik ta’sirida ularning bir qismi nobud bo‘lsa, ayrimlari vaqtincha faolligini yo‘qotadi, yana bir qismi esa chidamlilik hosil qilib qolishi mumkin. Antibiotiklardan noto‘g‘ri foydalanish aynan ana shu chidamli shtammlarning ko‘payishiga olib keladi.

Shuning uchun antibiotiklarga nisbatan salbiy munosabatning shakllanishiga ma’lum ma’noda o‘zimiz ham sababchimiz. Ko‘pincha odamlar shifokorga murojaat qilmasdan dorixonadan antibiotik sotib oladi. Bola isitmasi tushishi bilan davolashni muddatidan oldin to‘xtatib qo‘yadi. Natijada kasallik qo‘zg‘atuvchi bakteriyalar antibiotikka moslashib, rezistentlik rivojlanadi.

Bugun ayrim pediatrlarning antibiotiklarni imkon qadar kam qo‘llashga chaqirayotgani ham bejiz emas. Chunki ko‘plab infeksiyalarda organizmning o‘zi, immun tizimi va tabiiy himoya mexanizmlari muhim rol o‘ynaydi. Har bir isitmada yoki shamollashda darhol antibiotik qo‘llash shart emas, deb o‘ylayman.

– Rahmat, ustoz, o‘ylaymanki, suhbatingizdan mushtariylarimiz ko‘plab zarur ma’lumotlar bilan birga, o‘zlarini qiziqtirgan dolzarb savollarga ham javob olishdi. Sizga ularning nomidan ham minnatdorlik bildirib, ilm-fan yo‘lidagi sharafli ishlaringizda yanada zalvorli zafarlar tilab qolamiz!

Vasila HABIBULLAYEVA suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2026-yil 14-avgustdagi 33-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600