17.04.2026 | 15:15
1140
HAYOT ZARRASI VA ZARRA HAYOTI
O‘zFA Mikrobiologiya instituti direktori, biologiya fanlari doktori Shahlo MIRALIMOVA bilan suhbat

– Shahlo opa, akademik Ilhom Sodiqov shunday degandi: “Ilm-fan olamida narsalar o‘z mohiyatini o‘zgartiradi, aniqrog‘i, asl mohiyatiga ko‘ra baholanadi. Yadro fizikasidan ajal quroli yasashda ham, hayotni saqlab qoluvchi dorilar yaratishda ham foydalansa bo‘ladi”. Xuddi shuningdek, “mikrob” deganda kasallik tarqatuvchilarni tushunadi omma. Ammo ilmda ularga nazar o‘ngdan tushgan ko‘rinadi…
– Domlamiz juda to‘g‘ri ta’rif beribdi. Inson hayoti uchun eng muhim mavjudotlar qaysi, deyilsa, ko‘pchilik hayvonlar yoki o‘simliklarni tasavvur qiladi. Aslida, javob – ko‘zga ko‘rinmas mikroorganizmlardir. Bolalikdan “qo‘lingni yuv, mikroblar bor, kasal bo‘lasan”, degan gaplarni eshitganmiz. Ongimizda mikroblar salbiy tasavvur qoldirgan. Tabiatdagi mikroorganizmlarning atigi 3 foizi kasallik chaqiradi, 97 foizi esa inson uchun foydali yoki zararsizdir.
Mikroorganizmlar ham bir-biriga qarshi kurashish xususiyatiga ega. Ya’ni, foydali mikroblar kasallik chaqiruvchilariga “urush ochadi”. Immunitetimizning qariyb 70 foizi ichak mikroflorasi bilan bog‘liq. Shunga asoslanib, oshqozon yarasining mikroblar sababli yuzaga kelishi aniqlangan. Xususan, “xelikobakter pilori” mikroorganizmi ushbu kasallikni keltirib chiqaradi. Shu bilan birga, sut achituvchi bakteriyalar – ya’ni, qatiq, yogurt va tvorog tayyorlashda ishlatiladigan foydali mikroorganizmlar sog‘lom oshqozonda mavjud bo‘lib, ular xelikobakter piloriga qarshi kurashadi.
Mening ilmiy ishim aynan shu yo‘nalishda. Bundan tashqari, asalari mahsuloti – propolis ham mikroblarga qarshi kurashuvchi, yara bitiruvchi xususiyatga ega.
Shu bois, biz sut achituvchi bakteriyalarni propolis bilan birlashtirib, oshqozon yarasini davolashga mo‘ljallangan preparat yaratdik. Bu loyiha keyinchalik yirik ilmiy ishga aylandi: biz milliy va xalqaro grantlarni qo‘lga kiritdik. Xususan, Islom taraqqiyot banki tomonidan loyiha yuqori baholanib, tadqiqotlarni davom ettirish uchun grant ajratildi. Shu asosda AQSH laboratoriyalarida izlanishlarni davom ettirdik. Keyinchalik kichik ishlab chiqarish korxonasi tashkil etildi. Bugun mahsulotimiz dorixonalarda sotilyapti.
Umuman olganda, olim uchun eng katta baxt ilmining amaliyotda foyda berishidir.
– Bir olimning kichik organizmlar borasidagi katta tadqiqotlari shunchalik natija beribdi. Buni butun boshli institut miqyosiga ko‘tarsak, yanada salmoqli natijalarni ko‘rishimiz shubhasiz. Bugun Mikrobiologiya instituti jamoasi qaysi sohalarda ilmiy ishlar olib bormoqda?
– Institutimizda mikroorganizmlarning bir nechta muhim yo‘nalishlarda qo‘llanilishi ustida izlanishlar olib boriladi.
Eng yirik yo‘nalishlardan biri – qishloq xo‘jaligi. Mikroorganizmlar o‘simliklarning o‘sishini rag‘batlantiruvchi fitogormonlar ishlab chiqaradi, urug‘larning unib chiqishini tezlashtiradi va tuproq unumdorligini oshiradi. Shu asosda turli ekinlar – g‘o‘za, bug‘doy va poliz mahsulotlari uchun biologik preparatlar yaratilmoqda. Shuningdek, ular zararli mikroorganizmlar va hasharotlarga qarshi kurashishda ham samarali vosita sifatida qo‘llanadi. Chorvachilikda esa foydali bakteriyalar yem tarkibini boyitib, hayvonlarning o‘sishini tezlashtirib, immunitetini mustahkamlaydi.
Ikkinchisi – inson salomatligi bilan bog‘liq tadqiqotlar. Hozirgi kunda mikroorganizmlarning inson organizmidagi o‘rni nihoyatda katta ekani aniqlangan. Ular nafaqat ovqat hazm qilish, balki immunitet, kayfiyat va boshqa fiziologik jarayonlarga ham ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, ichak mikroflorasini o‘rganish va uni boshqarish bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda. Bu yo‘nalishda dorivor o‘simliklar bilan bog‘liq tadqiqotlar ham mavjud: olimlar o‘simliklar bilan simbiozda yashovchi mikroorganizmlar orqali dorivor moddalarni tez va samarali olish ustida ishlamoqda.
Uchinchi yo‘nalish – ekologiya. Mikroorganizmlar tuproq va suvni tozalashda muhim rol o‘ynaydi: ular pestitsidlar, og‘ir metallar va naft (neft) qoldiqlarini parchalashga yordam beradi, oqova suvlarni tozalashda ham qo‘llaniladi.
To‘rtinchi yo‘nalish – sanoatda mikroorganizmlardan foydalanish. Masalan, ayrim kimyoviy moddalarni, jumladan, akrilamidni mikroorganizmlar yordamida olish ekologik jihatdan xavfsiz va samaraliroq hisoblanadi. Bu borada sanoat korxonalari bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, naft qazib olishda mikroorganizmlar yordamida samaradorlikni oshirish yo‘nalishida ham tadqiqotlar mavjud.
Bundan tashqari, institutimizning markaziy yo‘nalishlaridan biri – mikroorganizmlar kolleksiyasini shakllantirish va saqlashdir. Ko‘p yillik ilmiy faoliyat davomida to‘plangan bu baza keyingi tadqiqotlar uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Kelgusidagi asosiy maqsadimiz institutni innovatsion markazga aylantirishdan iborat. Ya’ni, ilmiy ishlanmalarni faqat laboratoriya darajasida qoldirmasdan, amaliyotga joriy etish va tijoratlashtirishni kengaytirishdir. Bugungi kunda dunyoda mikroorganizmlar “biologik fabrika” sifatida qo‘llanilmoqda – ular yordamida vaksinalar, insulin, oqsillar, bo‘yoqlar va boshqa ko‘plab mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Biz ham shu yo‘nalishni rivojlantirib, zamonaviy biotexnologiyalarni keng joriy etishni rejalashtirganmiz.
– Ilmiy ishlanmalar sanoat, farmatsevtika va qishloq xo‘jaligiga qanday tatbiq etilmoqda?
– Mikrobiologiya instituti o‘z ilmiy ishlanmalarini amaliyotga joriy etish borasida katta tajribaga ega va bu yo‘nalishda erishilgan natijalar bilan faxrlanishimiz mumkin. Bugungi kunda institut tomonidan yaratilgan ko‘plab preparatlar turli sohalarda muvaffaqiyatli qo‘llanmoqda.
Avvalo, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida bir qator samarali biologik preparatlar ishlab chiqilgan. Jumladan, “Fitobiosol” tuproq unumdorligini oshirishga xizmat qiladi. “Mikroo‘stirgich” va “Mikrozim” preparatlari o‘simliklarning o‘sishini rag‘batlantiradi, xususan, urug‘larga ishlov berish orqali ularning unuvchanligini sezilarli darajada oshiradi. Ushbu preparat ayni paytda xorijiy davlatlarga ham eksport qilinmoqda.
Chorvachilik sohasida ham muhim natijalarga erishilgan. Masalan, “Trixostin” va “Probiokorm” preparatlari hayvonlar uchun yemni boyitadi, ularning o‘sishi va immunitetini mustahkamlaydi. Shuningdek, ozuqa sifatini saqlash uchun siloslash jarayonida qo‘llaniladigan preparatlar ishlab chiqilgan bo‘lib, ular ozuqa mog‘orlanishining oldini olib, ozuqaviy qiymatini oshiradi.
O‘simliklarni zararkunandalardan himoya qilishda ham mikrobiologik yechimlar joriy etilgan. Xususan, paxtachilikda katta muammo hisoblangan ko‘sak qurtiga qarshi “Ekobak” preparati ishlab chiqilgan. Ushbu mahsulot sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, amaliy qo‘llash uchun tavsiya etilgan.
Farmatsevtika yo‘nalishida ham muhim ishlanmalar mavjud. Masalan, oshqozon yarasiga qarshi “Lactopropolis” yaratganmiz. Bundan tashqari, foydali bakteriyalar asosida tayyorlangan “Probiomiks” qondagi shakar miqdorini kamaytirishga yordam beradi. “Probioker” esa oshqozon-ichak faoliyatini yaxshilash, immunitetni mustahkamlash va umumiy sog‘liqni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Sanoat yo‘nalishida esa mikroorganizmlar kimyo sanoatida qo‘llanilmoqda. Xususan, akrilamid ishlab chiqarishda nitrilgidrataz fermentini hosil qiluvchi mikroorganizmlar – “Rhodococcus” avlodiga mansub bakteriyalar – samarali foydalanilmoqda. Bu usul kimyoviy jarayonlarga nisbatan ekologik jihatdan toza va iqtisodiy jihatdan samaraliroq hisoblanadi.
Umuman olganda, institutimiz ilmiy ishlanmalarni real sektor – qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va sanoatga tatbiq etish orqali ilm-fan va amaliyot o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ta’minlab kelmoqda.
– Siz uzoq yillar Sut achituvchi bakteriyalar genetikasi laboratoriyasida faoliyat yuritgansiz. Ushbu yo‘nalishda so‘nggi yillarda qanday muhim natijalarga erishildi?
– Ma’lumki, inson organizmi mikroorganizmlar bilan uzviy bog‘liq holda faoliyat yuritadi va bu holat og‘iz bo‘shlig‘i hamda tomoq mikroflorasiga ham tegishli. Odatda, tomoq og‘riganda antibiotiklar yoki antiseptik vositalardan foydalanamiz, ammo bu jarayon foydali mikroflorani ham zararlaydi. Aslida, normal mikroflora organizmni kasallik qo‘zg‘atuvchilardan himoya qilib turadi.
Shu asosda biz tomoqdagi sog‘lom mikroflora tarkibidagi laktobakteriyalarni o‘rganib, ularning patogenlarga qarshi kurashish xususiyatlarini tadqiq qildik. Sog‘lom insonlardan ajratib olingan bakteriyalar asosida tomoq og‘rig‘ining oldini olishga mo‘ljallangan ashyo yaratish ustida ishladik va hozirda uning tarkibi shakllantirilgan, amaliy sinov bosqichida. Dastlabki natijalar bu vosita kasallikning boshlanishida samarali ekanini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, ichak mikroflorasining qondagi shakar miqdoriga ta’siri o‘rganilib, shu asosda maxsus probiotik preparat ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi.
Yana bir muhim yo‘nalish – baliqchilik uchun probiotik ashyo yaratishdir. Hozirgi kunda ushbu soha jadal rivojlanyapti, ammo kasalliklar turi ham ko‘payib boryapti. Shu bois, baliqlarning immunitetini oshirish va kasalliklarining oldini olishga xizmat qiluvchi preparat ishlab chiqildi.
Laboratoriyamizdagi eng istiqbolli yo‘nalishlardan biri “ichak–miya o‘qi”ni o‘rganishdir. Tadqiqotlar davomida gamma-aminomoy kislotasi ishlab chiqaruvchi sut achituvchi bakteriyalar ajratib olindi. Bu modda asab tizimini tinchlantiruvchi neyromediator hisoblanadi. Aynan shu yo‘nalishda autizm spektridagi bolalar mikrobiomi o‘rganilib, ularda foydali bakteriyalar kamayishi aniqlangan.
Kelgusida ushbu bakteriyalar asosida psixobiotik, ya’ni insonning ruhiy holatiga ta’sir qiluvchi yangi turdagi preparatlar yaratish rejalashtirilgan. Shuningdek, serotonin va dofamin ishlab chiqaruvchi bakteriyalarni o‘rganish orqali kayfiyatni yaxshilovchi vositalar ishlab chiqish ustida ham ish olib borilmoqda.
Mikroorganizmlarning imkoniyatlari nihoyatda keng. Bizning asosiy vazifamiz ularning salohiyatini ochib berish va inson salomatligi hamda iqtisodiyot rivoji yo‘lida samarali foydalanishdir.
– Sizlarning faoliyatingizni chinakamiga ignada quduq qazishga o‘xshatsa bo‘lar ekan. Ushbu sharafli va el-yurtga manfaatli ishlaringizda Siz va jamoangizga g‘ayrat-shijoat va unum tilaymiz!
Suhbatdosh: Vasila HABIBULLAYEVA
“Jadid” gazetasining 2026-yil 10-apreldagi 15-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
102
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
613
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
610



