11.07.2026 | 17:00
1206
KENGASHLI YURT
Ma’lumki, bundan ikki ming yillar oldin Rim imperiyasi davlat tizimida senat boshqaruvning oliy organi bo‘lib, u qonunlar ishlab chiqar, ijrosini nazorat qilar va yana ikki yil muddatga imperiya hududlarini idora qilish uchun konsullar saylardi. Keyinchalik ayrim Yevropa davlatlarida qirollar huzurida shunga o‘xshagan maslahat kengashlari tuzilgani ham bor gap. 1843-yilda Xiva taxtiga o‘tirgan Muhammad Aminxon muqaddam mavjud bo‘lgan urug‘ oqsoqollari kengashi o‘rniga (bu kengash ko‘proq nomiga tuzilgandi) Oliy kengash ta’sis qiladi. Bu kengashga otaliqlar, inoqlar, beklar, shuningdek, oqsoqollar ham kirgan. Unda xonlikdagi hududiy birlik – o‘n oltita viloyat, shuningdek, son jihatdan ozchilikni tashkil qilgan urug‘lar manfaatlari inobatga olingan.

Shu o‘rinda aynan Muhammad Aminxon soliq tizimida o‘tkazgan islohotlar samarador bo‘lgani, aholining barcha qatlamlari tomonidan mamnuniyat bilan qarshi olinganini eslash joiz. Soliq tizimi bo‘yicha xalqchil islohot o‘tkazish, mo‘tadil qaror chiqarishda xon aynan Oliy kengashning tavsiya va takliflariga suyangani aniq. Negaki, Oliy kengash a’zolari orasida xonlikning barcha hududlaridan oqsoqollar, urug‘ biylari bo‘lganki, ular yer, tuproq va suv taqsimoti sharoitidan kelib chiqib, soliq belgilash bo‘yicha o‘z takliflarini bildirgan, o‘zlari bosh bo‘lgan aholi qatlamlari manfaatlarini himoya qilgan.
Oliy kengash qanday vakolatlarga ega edi, qanday faoliyat yuritardi? Yaxshisi, bu o‘rinda xolislik uchun xorijlik guvohga quloq tutaylik. Xiva xonligiga sayyoh niqobida kelgan N.Muravyov “Xiva va Turkmaniyaga sayohat” kitobida shunday yozadi: “Bu kengash har haftada juma kuni ko‘rinish xonada to‘planadi. Muzokaralar boshlanishi oldidan xonning mulozimlari hozir bo‘lganlarga tovoqda osh tortadi. Hamma ovqat yeb, to‘yganlaridan keyin maslahat boshlanadi. Bayon etilgan Oliy kengash Xiva xonligida yagona grajdanlik va jinoiy ishlar sudi hisoblanadi. Yuqorida aytilganlardan qanchalik adolat borligini ko‘rish mumkin, chunki doimiy mustahkam qonunlar yo‘q edi, ishlar ba’zan shu kengashning xohishiga qarab, ba’zan esa xonning foydasiga hal qilinadi”.
Bundan anglashiladiki, belgilangan vaqtda Oliy kengash yig‘ilgan. Bu tushlikka yaqin bo‘lganki, taom tortilgan. Keyin kun tartibidagi masalalar muhokama qilingan. Lekin N.Muravyovning “doimiy mustahkam qonunlar yo‘q” degan so‘zlari ishonarsiz. Chunki, o‘lkadagi barcha xonlik va amirliklarda shar’iy va dunyoviy qonunlar amaliyotda bo‘lgan. Xiva xonligida joylardagi qozilar fuqarolik munosabatlari va boshqa jinoiy ishlar bo‘yicha hukm chiqarish vakolatlariga ega bo‘lgan. Faqatgina o‘lim jazosi xon ixtiyoriga qoldirilgan. Demak, Oliy kengashda ko‘pincha ayni shu o‘lim jazosi mahkumga to‘g‘ri berildimi-yo‘qmi, degan masala muhokama qilingan.
N.Muravyovning “ishlar ba’zan kengashning xohishiga qarab” hal qilinishi haqidagi e’tirofi ahamiyatli. Bu holat (mayli, hamisha emas, ba’zida deb taxmin qilganimizda ham) kengashning “o‘lik organ” emas, xon huzurida erkin fikr aytish imkoni mavjudligini ko‘rsatadi. Xonlikda tuzilgan Oliy kengashning ko‘pchilik fikri asosida ishlaganini boshqa davlatlardan kelgan elchilar ham e’tirof etgan. Masalan, tashqi siyosat masalasida Oliy kengash vakolati naqadar muhimligini 1852-yili Xivaga kelgan Eron elchisi Rizoqulixon Hidoyat yo‘lnomalarida ham uchratamiz. U xon oldiga kirishdan oldin o‘z istak va takliflarini mehtarga yetkazgan. Mehtar elchi takliflarini xonga yetkazganidan so‘ng, albatta, kengash chaqirilgan.
Manbalarning bildirishicha, kengash mustaqil qarorlar chiqarmagan. Garchi, kengash davlatning turli-tuman ichki va tashqi ishlarini muhokama qila olsa-da, biroq muhokama qilingan masalalar va kengashning fikri, dastavval, xonning xohish va irodasiga bog‘liq bo‘lgan. Bu hozirda dunyoning aksar davlatlarida amaliyotda bo‘lgan huquqiy ustqurmani eslatadi. Qonun chiqaruvchi palata ishlab chiqqan qonun yoki qonunosti hujjatlarini prezident yoki bosh vazir tasdiqlagach, kuchga kiradi. Bu – insoniyat ming yillarki intilgan demokratiya atalmish boshqaruv tizimining tub negizi-ku!
Xiva xonligi taxtiga o‘tirgan qo‘ng‘irot sulolasi vakillari ilk bor davlat boshqaruvida kengashdan foydalanish tartibini joriy etadi. Avvalida sanoqli a’yonlar a’zo bo‘lgan kengash vaqt o‘tib, hatto xonga ta’sir ko‘rsatish darajasiga yetadi. Xiva xonligida amalda bo‘lgan Oliy kengash faqat nomiga – qog‘ozda emas, foydali ta’sir kuchiga ega bo‘lganini sovet olimlari qisman tan olishga majbur bo‘lgan. Ammo, undan kamchilik topish “kasalligi” ko‘pgina tarixiy risolalarda baribir ustunlik qiladi.
Turli urushlarda asir olingan, turkman qabilalari bosqinlarida keltirilib, qul qilib sotilgan fuqarolarni ozod qilish ilinjida 1852-yili Xivaga kelib, shu masalada bir necha marta Muhammad Aminxon bilan muzokara olib borgan Rizoqulixon Hidoyat yo‘lnomalarida qayd etilishicha, xon unga qullarni ozod qilish bo‘yicha Oliy kengash bilan maslahatlashganidan so‘ng bir qarorga kelishi haqida aytadi. Maslahatdan so‘ng esa elchiga rad javobi berilgan. Rad javobiga asos qilib xon: “Bizdagi eroniylarning ko‘pchiligi raiyat qo‘lida. Ular qullarni 40-50 tilloga sotib olishgan va ularning mulki hisoblanadi. Ularni ozod qilish uchun o‘sha tillolarni davlat g‘aznasidan to‘lab bermoq kerak bo‘ladi. Raiyatning shaxsiy mulkini kuch bilan olib bo‘lmaydi. Xazinada hozir bu qadar mablag‘ yo‘qdir. Eron podshohi o‘z ilkida ushlab turgan fuqarolarimizni boshga-bosh almashishni istasa, bizlar rozimiz”, deydi. Demak, elchi o‘rtaga tashlagan masala Oliy kengashda muhokama qilingan, xon ko‘pchilik fikriga qo‘shilgan.
Bizga o‘qitilgan tarix kitoblarida “mustabid”, “yakka hukmdorlik”, “bir kishining xohish-irodasiga bog‘liq” kabi qora bo‘yoqli sifatlarga to‘lib ketgan xonlik tuzumi, xususan, uning so‘ngi davrida Oliy kengash tuzilgani va faoliyat yuritgani e’tiborga loyiq. Zero, “Maslahatli to‘y tarqamas” mazmunli otaso‘zimiz paydo bo‘lgan o‘zanlar xiyla uzoqlardan suv olgandir.
Ro‘zimboy HASAN
“Jadid” gazetasining 2026-yil 3-iyuldagi 27-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



