08.05.2024 | 20:38
1100
“JAMIYATI XAYRIYA”DAN “EL-YURT UMIDI”GACHA

O‘z davrining renessans beshiklari bo‘lgan Bag‘dod, Ma’mun akademiyasi kabi mashhur ma’rifat maskanlariga dunyoning turli burchaklaridan ziyo izlab tolibi ilmlar oqib kelishgani bugun barchamizga ayon. Ajdodlarimiz o‘z navbatida ilm-fan taraqqiy etgan markazlarga borib tahsil olishgan, tadqiqotlarni amalga oshirishgan. Yuz yil avvalgi gazetalarni varaqlaganda bobolar an’anasini davom ettirgan jadidlar ham yoshlarni chet ellarda o‘qitish, ayniqsa, Yevropa ilm-fani yutuqlari bilan tanishtirish masalasiga alohida e’tibor qaratganiga guvoh bo‘lamiz. Ular millatning taraqqiy yo‘lini yoshlarni ilmli qilish, texnika va ilm-fan taraqqiyoti, turli ixtirolardan xabardorlikda, deb bilishadi.
Shu maqsadda 1909-yilda Toshkentda tuzilgan Turkiston jadidlarining “Jamiyati xayriya” tashkiloti tomonidan talabalarni xorijga o‘qishga jo‘natish harakati boshlanadi. O‘sha yili Buxoro shahrida tuzilgan “Tarbiyai atfol” jamiyati ham Fitrat, Usmonxo‘ja Po‘latxo‘ja o‘g‘li, Ato Xo‘ja, Mazhar Burxonov kabi ko‘pgina yoshlarni Istanbulga o‘qishga yuborgan. 1922-yilga kelib Fitrat, Botu va Cho‘lponning g‘oyaviy boshchiligida talabalarning oliy ta’lim olishiga sharoit yaratish, ular chet ellarda duch kelishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklarni yengillatish maqsadida “Ko‘mak” uyushmasi tashkil qilinadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Germaniyaga o‘qishga jo‘natilgan mahalliy yoshlar uchun Buxoro hukumati tomonidan 125 ming dollar pul, Yevropada qiymati baland hisoblangan noyob qorako‘l terilari yuboriladi va bu “iona” talabalarning 1924-yilgacha bemalol o‘qishi uchun kifoya qilgan.
Shuningdek, ular Berlinda V.Geysbergstrit ko‘chasidagi 39-uyni ham sotib olib, turkistonlik talabalar uyiga – yotoqxonaga aylantirishadi.
Ushbu uyushma bir yilgina faoliyat yuritgan bo‘lsa-da, 200 nafardan ortiq yoshlarni xorijiy mamlakatlarga o‘qishga yuborishga muvaffaq bo‘ladi. O‘sha taloto‘p zamonlarda, ocharchilik va yo‘qchilik hukm surgan davrda yuzlab millat yoshlarini xorijga o‘qishga yuborish va ularga homiylik qilish nafaqat muvaffaqiyat, balki ulkan jasorat edi. Afsuski, Vatanga xizmat qilish orzusida bu tashkilotni tuzgan millat oydinlari hamda el-yurt umidi bo‘lgan tolibi ilmlarning aksariyati keyinchalik qatag‘onga uchragan.
Bugun ham yurtimizning dovrug‘ini dunyoga tanitish, uning iqtisodiy qudratini oshirib, islohotlar ko‘lamini yanada kengaytirishda ilm-fanning, sifatli ta’limning o‘rni beqiyos. Ayniqsa, respublikamizning chekka hududlarida istiqomat qiluvchi yosh iqtidor egalarini izlab topish va tanlash, ularning xorijdagi nufuzli muassasalarda ta’lim olishini ta’minlash maqsadida “El-yurt umidi” jamg‘armasi tashkil etilgan.
Jamg‘arma 1997–2003-yillarda “Umid”, keyinroq “Iste’dod”, “Ustoz” nomlari ostida faoliyat yuritgan. Bu tashkilotlar ham yoshlarning xorijda ta’lim olishiga ko‘maklashishga asosiy e’tibor qaratgan. Hozir ham islohotlar mohiyatini teran anglaydigan, mamlakatga yangicha ruh olib kiradigan, zamonaviy dunyo bilan muloqotga kirisha oladigan kreativ mutaxassislarga ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Shu bois ham Prezidentimiz tashabbusi bilan 2018-yili yuqorida tilga olingan muassasa “El-yurt umidi” jamg‘armasi sifatida qayta tashkil qilinib, vakolat va imkoniyatlari kengaytirildi.
NATIJALAR – RAQAMLARDA
YUNESKOning statistika instituti ma’lumotlariga ko‘ra, xorijda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni yildan yilga oshib bormoqda. So‘nggi 6 yil ichida “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan 1900 nafarga yaqin stipendiatlar AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Kanada, Italiya, Ispaniya, Koreya va Xitoy kabi dunyoning qirqqa yaqin davlatiga yuborilgan.
Bugungi kunda ularning aksariyati xorijda egallagan ilg‘or bilim va ko‘nikmalarini mamlakatimiz iqtisodiyoti, ta’lim, fan, tibbiyot va davlat boshqaruvi yo‘nalishlarida qo‘llab kelmoqda.
Ayni vaqtda 623 nafar stipendiya sohiblari AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Kanada, Italiya, Ispaniya, Koreya, Xitoy, Rossiya kabi davlatlardagi Oksford, London, Kembrij, Kolumbiya, Kornell universitetlari, London imperial kolleji singari global akademik reytingda 300 talik ro‘yxatga kiruvchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlarda ta’lim olmoqda.
Jamg‘arma tomonidan xorijdagi 120 ga yaqin nufuzli universitet va ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, Buyuk Britaniyaning York, Riding, Birmengem, Ekzeter universitetlari, AQShning Missuri, Arizona, Minnesota, Kolarado universitetlari, Ispaniyaning SEPIE va Malayziyaning EMGS kabi obro‘li tashkilotlari bilan ikki tomonlama memorandumlar imzolanib, stipendiatlar o‘qish xarajatlarining 10-55 foizi miqdorida chegirma olishga erishilgan.
Yoshlarimizning xorijda bakalavriat, magistratura yoki doktoranturada o‘qishi, viza olishi, chet davlatga borish-kelish yo‘lkirasi, yashash, ovqatlanish va transport to‘lovlari, zarur o‘quv va ilmiy adabiyotlarni xarid qilishi, tibbiy sug‘urtasi bilan bog‘liq va boshqa sarf-xarajatlar jamg‘arma hisobidan qoplab berilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, ularni O‘zbekistondan kuzatib qo‘yishdan tortib, yurtimizga qaytib kelgunicha talab etiladigan har qanday chiqim davlat byudjetidan to‘lab berilyapti.
– Dunyoda kechayotgan notinch ijtimoiy-siyosiy vaziyatga qaramasdan, O‘zbekiston yoshlarining xorijda ta’lim olishi uchun davlat byudjetidan muntazam va barqaror mablag‘ ajratilayotgani xorijlik hamkorlarimiz tomonidan yuqori baholanmoqda, – deydi jamg‘arma direktori o‘rinbosari Javohir Ahmedov. – Ayniqsa, tanlov g‘oliblari va ularning ota-onalari hurmatli Prezidentimizning xalqchil va adolatli siyosatidan minnatdor bo‘lishmoqda.
TOG‘GA CHIQMASANG, DO‘LANA QAYDA!
Shu o‘rinda ayrimlarda sarflanayotgan shuncha mablag‘ hisobiga yurtimizda ham universitetlar ochsa bo‘ladi-ku, yigit-qizlarimizning aynan chet elda o‘qib kelishi shartmi, degan savol tug‘ilishi mumkin. To‘g‘ri, zamonaviy texnologiyalar rivojlangan bugungi davrda barcha bilimlarni kompyuter, internet yordamida ham o‘rganish mumkin. Lekin o‘zlashtirilgan bilimlarni amaliyotda qo‘llab, hayotga tatbiq etish masalasi ham borligini unutmaslik lozim. Masalan, har qanday yangi mahsulot dastlab tajriba laboratoriyalarida yaratiladi. Ya’ni innovatsiya mahsuli bo‘lgan texnologiyalarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, bevosita qo‘llab ko‘rish uchun yetarli malaka talab etiladi. Ana shu sifatga ega bo‘lgan izlanuvchi o‘z sohasida biror kashfiyot qila oladi.
Xorijda o‘qib kelgan yoshlar vaqti kelib yurtimizga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda ham faollik ko‘rsatishi mumkin. Misol uchun, Birmengemda iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha saboq olib kelgan bir stipendiat kelgusida chet davlatlardagi obro‘li kompaniya va firmalarda ishlayotgan sobiq kursdoshlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga intilishi tabiiy hol.
Zamonaviy dunyoda taraqqiyot sur’ati shu darajada tezlashib ketdiki, bugungi ta’limning sifati ertaga eskirib, zamon talabidan ortda qolishi hech gap emas. Mana shunday sharoitda xorijda o‘qib kelgan yoshlar vositasida jahondagi ilg‘or yangilik va tajribalarni ta’lim tizimiga joriy qilish mumkin. Bunday ezgu maqsad yo‘lida sarflangan har qanday mablag‘ izsiz ketmasligini anglash qiyin emas.
O‘ZBEKISTON “ELCHILARI”
Ta’bir joiz bo‘lsa, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari o‘zlari o‘qiyotgan xorijiy ta’lim muassasalarida yurtimizning “elchilari” hisoblanadi. Demak, ular o‘sha yerdagi talabalar, professor va o‘qituvchilar hamda mahalliy xalq vakillariga Vatanimizning shonli tarixi, qadriyat va an’analari hamda bugungi zamonaviy yutuqlarini taqdim qilish ko‘nikmasiga ham ega bo‘lishi kerak. Bir so‘z bilan aytganda, ular O‘zbekistonning xorijdagi imiji targ‘ibotchilaridir. Shu bois jamg‘arma stipendiatlari chet davlatlardagi elchixonalarimiz ko‘magida “O‘zbekiston kunlari”, Navro‘z, Mustaqillik singari umumxalq bayramlarini muntazam o‘tkazib kelishmoqda. Muhimi, bu hol chet elga o‘qishga otlangan yoshlarimizda milliy qadriyat va an’analarimizni chuqurroq o‘rganish va ularni o‘zgalarga taqdim qila olish ko‘nikmasini shakllantirishga xizmat qilmoqda. “Bunday tadbirlar vositasida o‘zga mamlakatlar vakillari bizning diyorimiz o‘tmishda buyuk Renessanslarga beshik bo‘lganidan, bugun odamlarning eng yaqin ko‘makchisiga aylangan mobil telefonining yaratilishiga sabab bo‘lgan algoritmni ham bizning ajdodimiz Muhammad Xorazmiy kashf qilganidan xabardor bo‘lishmoqda”, – deydi Javohir Ahmedov.
Stipendiya g‘oliblariga chet elga jo‘nab ketishi arafasida maxsus kurs o‘tiladi. Ushbu mashg‘ulotlarda Oliy Majlis Senati raisi, deputatlar, turli vazirlik va idoralar rahbarlari bunday yigit-qizlarga mamlakatimizning tarixi, iqtisodiy imkoniyatlari, turizm salohiyati, milliy an’analarimiz haqida batafsil ma’lumot va tushunchalar berishadi. Bu kabi loyihalar ularning bilimi va ma’naviyatini yanada boyitish, milliy g‘ururini kuchaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
TANLOV QANDAY O‘TKAZILADI?
Bugungi kunda nafaqat jamg‘armaning nomi o‘zgargan, balki uning zimmasiga qo‘yilgan vazifalar, bu boradagi tanlov shartlari ham tubdan takomillashtirilmoqda. Avvalo, tanlov tashkil etilayotgan paytda barcha vazirlik va tashkilotlarning malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoji o‘rganiladi. Shundan kelib chiqib, sohalar kesimida to‘rt yuzga yaqin mutaxassislik doirasida kvotalar e’lon qilinadi. O‘tgan yili 500 o‘rinli kvota e’lon qilingan bo‘lsa, da’vogarlardan atigi 274 nafari saralab olingan. Hozirgi paytda ularning 223 nafari xorijda o‘qishni boshlagan. Yana bir guruh yigit-qizlar shu yilning kuzida chet ellarga jo‘nab ketishadi.
Stipendiyaga da’vogarlar bir qator mezonlar asosida saralanadi. Birinchi navbatda da’vogarlar dunyo bo‘yicha eng nufuzli 300 talik ro‘yxatga kiradigan oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirganligi haqidagi ma’lumotnomaga ega bo‘lishi lozim. Shundan so‘ng ular “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyasini olish uchun onlayn shaklda hujjat topshirishi mumkin. Dastlabki bosqichda xalqaro standartlar asosida o‘zbek tilida o‘tkaziladigan test sinovlarida yoshlarning o‘zi tanlagan soha bo‘yicha bilimlari, fikrlash, tahlil qilish qobiliyati va boshqa bir qator masalalarga oydinlik kiritiladi. Asosiy bosqich hisoblangan suhbat davomida talabaning xorijga chiqishdan ko‘zlagan maqsadi, o‘zi tanlagan sohaning mamlakatimiz taraqqiyoti uchun qay darajada muhim ekanligi, hamda u tanlagan xorijiy universitetning nufuzi va imkoniyatlariga e’tibor qaratiladi.
Yana bir e’tiborli jihati, malakali mutaxassislar tomonidan o‘tkaziladigan suhbat davomida nomzodning ma’naviy qiyofasi, dunyoqarashi, O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy hayotidan qay darajada xabardorligi ham aniqlanadi.
SIZNI VATAN KUTADI!
Ma’lumki, Prezidentimiz bundan bir necha yil burun AQShga amaliy tashrifi chog‘ida ushbu mamlakatda yashayotgan va ishlayotgan bir guruh vatandoshlarimiz, xususan, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari bilan ham uchrashgan edi. Ana shu muloqot chog‘ida davlatimiz rahbari: “Bugun bu yerda yashayotgan yurtdoshlarimiz kuchli vatanparvarlik tuyg‘usi va O‘zbekistonning rivojiga munosib hissa qo‘shish ishtiyoqi bilan yashayotganini ko‘rib juda xursand bo‘ldim. Barchangizni O‘zbekistonda kutib qolamiz”, degan edi.
Biz “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyati bilan tanishish jarayonida “O‘qishni tamomlagan yoshlarimiz xorijiy yurtlarda qolib ketmayaptimikin?” degan savolga ham javob qidirdik. Axir, hamma joyda ham salohiyatli kadrlarga ehtiyoj yuqori. Ayniqsa, rivojlangan mamlakatlarda bunday mutaxassislarga mo‘may maosh va qulay sharoitlar taklif qilinishidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Javohir Ahmedovning aytishicha, avvallari bunday holatlar tez-tez kuzatilgan bo‘lsa-da, biroq oxirgi yillarda chetda ta’lim olgan barcha yoshlar yurtimizga qaytib kelib, o‘z sohalari bo‘yicha faoliyat ko‘rsatmoqda. Qolaversa, jamg‘arma bilan ular o‘rtasida tuziladigan shartnomaga ham ana shunday talab kiritilgan.
Manbalarda keltirilishicha, bundan bir asr burun jadidlar tashabbusi bilan chet elga o‘qishga jo‘nab ketayotgan mahalliy yoshlar Samarqand shahridagi Sohibqiron Amir Temur maqbarasi poyida kelgusida albatta Vatanga qaytib kelib, uning taraqqiyoti yo‘lida sidqidildan xizmat qilishga ont ichishgan. Afsuski, mash’um qatag‘onlar tufayli ularning bu maqsadi sarobga aylandi. Bugun istiqlolimiz sharofati bilan dunyodagi mashhur oliy o‘quv yurtlarida tahsil olish uchun yo‘lga otlanayotgan zukko va shijoatli farzandlarimiz ana shu fidoyi insonlarning ham ezgu orzularini ro‘yobga chiqarish uchun mas’ul ekanligini unutmasligi lozim. Atoqli shoirimiz Gʻafur Gʻulomning “Bilib qo‘yki, seni Vatan kutadi!” degan da’vatkor satri aynan ularga qarata aytilgandek. Yuragida bir olam orzu va maqsadlar bilan katta yo‘lga chog‘lanib turgan bunday yoshlar Prezidentimiz yaratib bergan imkoniyatni qadrlab, el-yurt umidini oqlashiga ishonamiz.
Muyassar IBROHIMOVA
“Jadid” gazetasi 2024-yil 3-may 19-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



