Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


07.03.2025 | 08:51

img1533

KETDIK, KINOGA TUSHAMIZ!

Yangi O‘zbekistonda ma’naviyat va ma’rifat, adabiyot, madaniyat va san’at sohalari rivojiga ulkan ahamiyat qaratilayotganini mamlakatimiz va jahon jamoatchiligi e’tirof etayotgani bor gap. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shaxsan e’tibori, tashabbus va tavsiyalari bilan yangi-yangi g‘oyalar amalga oshirilmoqda, soha vakillari tomonidan bildirilayotgan asosli takliflar faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. Shu bois, jamiyatimizda “Prezident – ma’naviyatning bosh homiysi” degan fikr shakllanib ulgurganiga ham barchamiz guvohmiz.

Mir Alisher Navoiy bobomiz: “Yolg‘uz ovuchdin kim eshitmish sado?” – deb yozganidek, qars ikki qo‘ldan chiqishi hammaga ayon. Mana shunday yuksak e’tiborga javoban joylarda ham jiddiy harakat, izlanish va intilish bo‘lsa, albatta, muddaoga yetmoq muammo bo‘lmas. Keling, ushbu nuqtayi nazar bilan san’atlar ichida eng qudratli ta’sir kuchiga ega bo‘lgan sohaga bir nazar tashlaylik, ya’nikim, birgalikda kinoga “tushib chiqaylik”.

Avvalo, keyingi yillarda davlat va hukumat tomonidan qabul qilingan milliy kino san’atimizni rivojlantirishga oid eng muhim hujjatlar bilan tanishib o‘taylik.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017-yil 7-avgustda “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, 2021-yil 7-aprelda “Kinematografiya sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish hamda soha vakillarining ijodiy faoliyati uchun munosib sharoit yaratish to‘g‘risida”, 2024-yil 5-iyunda “Kinematografiya sohasini yanada rivojlantirish hamda mamlakatimiz tarixiga bag‘ishlangan filmlar turkumini yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”, 2024-yil 7-iyulda “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlar; 2021-yil 7-aprelda “Kino san’ati va sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmon imzolangan. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining ham bu mavzuda bir qator qaror va farmoyishlari qabul qilingan.

Shu o‘rinda, ushbu muhim hujjatlar davlatimiz rahbarining yaxshi an’anaga aylangan xalq bilan muloqotlari doirasida, xususan, kino ijodkorlari bilan uchrashuvlarida bildirilgan fikr-mulohazalar, taklif va tashabbuslar asosida dunyoga kelganini alohida ta’kidlash zarur.

Avvalgi “O‘zbekkino” milliy agentligi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi sifatida tashkil etildi. Qariyb chorak asrlik tanaffusdan keyin Toshkent xalqaro kinofestivali qayta tiklandi. Endilikda jahonning 50 dan ortiq mamlakatidan yuzlab taniqli kino ijodkorlar ushbu festivalga tashrif buyurmoqda. “Oltin Humo” milliy filmlarni taqdirlash marosimi, taniqli kino namoyandalarining yubiley sanalari yuqori saviyada o‘tkazilmoqda.

Barchamiz yaxshi eslaymiz, yaqin yillarda ham “O‘zbekfilm” nomi bilan mashhur bo‘lgan maskan qanday xarob ahvolda qolgan edi. Bu joydagi ko‘plab bino va inshootlar, yer maydonlari azbaroyi jon saqlash ilinjida turli tashkilot va korxonalarga ijaraga berilgan, bu yerda mebeldan tortib mixgacha, kir sovundan tortib shpaklyovkagacha (o‘sha vaqtda “Shpaklyovkaning eng zo‘ri bizda. Manzil – “O‘zbekfilm” kinostudiyasi”, degan reklama radio orqali tinimsiz aylanardi) chiqar, ta’bir joiz bo‘lsa, kinodan boshqa hamma narsa bor edi.

Mashhur rejissyor va operator, O‘zbekiston san’at arbobi Hotam Fayziyev bir suhbatda kuyunib aytgandi: “Taksiga chiqib, “O‘zbekfilm”ga haydang”, desam, haydovchi “Shpaklyovka chiqadigan joygami?” – deydi. “Bu nima degan gap!”

Quvonarli tomoni, bugun “O‘zbekfilm” to‘liq o‘z egalari – kino ijodkorlari ixtiyorida. Katta hajmdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari bajarilganidan so‘ng, umumiy hududi qariyb 10 gektarni tashkil etadigan “O‘zbekfilm” kinostudiyasi butunlay yangi ko‘rinishga keldi. Davlat budjetidan 168 milliard so‘m ajratilib, uning barcha bino va inshootlari rekonstruksiya qilindi. Kinostudiya negizida “O‘zbekfilm” kinokonserni tashkil etilib, zamonaviy qurilma va jihozlar uchun qariyb 25 million yevrolik shartnoma imzolandi. Bugungi kunda ushbu kinokonsern o‘zining zamonaviy imkoniyatlari va kino texnologiyalari bo‘yicha Markaziy Osiyoda tengsiz hisoblanadi.

Toshkent shahridagi sobiq “Panorama” binosini hammamiz yaxshi bilamiz. Ayni paytda bu tarixiy bino Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kino san’ati saroyiga aylantirilgan. Saroyning
1 ming 800, 320, 70 va 50 kishilik namoyish zallari, 2 ta auditoriya xonasi va majlislar zali tubdan ta’mirlanib, bu yerda “O‘zbekiston kino san’ati muzeyi” tashkil etildi. Muhtasham majmua yaqin davrda Toshkent xalqaro kinofestivali, “Oltin Humo” milliy filmlarni taqdirlash marosimlariga, o‘nlab badiiy va hujjatli film premyeralari hamda namoyishlariga, madaniy-ma’rifiy tadbirlarga mezbonlik qildi.

2025-yilda davlat buyurtmasi asosida suratga olinadigan filmlar uchun 110 milliard, “Tirik tarix” dasturi doirasida 70 milliard, milliy teleseriallarni qo‘llab-quvvatlash uchun subsidiya shaklida 12 milliard – jami 192 milliard so‘m mablag‘ ajratilayotganining o‘ziyoq, o‘ylaymizki, mamlakatimizda soha rivojiga qaratilayotgan yuksak e’tibor darajasini ko‘rsatadi. 

Kinoloyihalarga xorijiy hamda mahalliy hamkorlar tomonidan investitsiya ajratilishi an’anaga aylanib borayotgani, xususan, 2024-yilda 10 ta badiiy, 13 ta hujjatli film mahalliy hamda xorijiy investorlar hamkorligida yaratilgani, ijodiy tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “do‘stlar klublari” tashkil etilgani ham muhim ahamiyatga ega.

Biror xalqni uyg‘otmoqchi bo‘lsangiz, unga tarixini o‘rgating.
Avreliy Avgustin

Shu o‘rinda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida milliy kino san’atimiz tarixida ilk bor “Tirik tarix” nomli megaloyiha amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlash zarur. Bu xususda Prezidentimizning “Kinematografiya sohasini yanada rivojlantirish hamda mamlakatimiz tarixiga bag‘ishlangan filmlar turkumini yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori nafaqat madaniy, balki ijtimoiy hayotimizda ham muhim ahamiyatga ega hujjat sifatida qabul qilingani kechagidek yodimizda.

Jami 54 ta kinoasar – badiiy, badiiy-publitsistik, qisqa metrajli, hujjatli, animatsion film va seriallarni o‘z ichiga olgan bu ulkan loyiha orqali bizning jahon miqyosida tan olingan uch ming yildan ziyod davlatchilik tariximiz, xalqimizning boy madaniyati, azaliy qadriyat va an’analari, ezgu orzu-intilishlari, Vatanimiz va dunyo sivilizatsiyasi ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ibratli faoliyati hamda ilmiy, madaniy va ma’naviy merosini to‘laqonli aks ettirish belgilangan.

“Tirik tarix” filmlar turkumini yaratishda “O‘zbekfilm” kinokonsernining moddiy-texnik bazasidan foydalanish ko‘zda tutilgan. Buning uchun kinokonsernda bir vaqtning o‘zida 3 ta filmga xizmat ko‘rsatuvchi zamonaviy kino qurilmalari va yoritish uskunalari hamda ular bilan ishlovchi texnik xodimlar guruhi shakllantirildi. Dekoratsiyalarni qurish uchun 10 ga yaqin dastgoh va qurilmalar, shuningdek, tarixiy liboslar, poyabzal va kiyim-boshlarni tikish uchun o‘nlab zamonaviy tikuv mashinalari ishga tushirildi. 20 dan ortiq avtotransport  shay holatga keltirildi.

Umumiy maydoni 1 ming 250 kv.metrlik virtual pavilon tashkil etilib, “Tirik tarix” dasturiga kiritilgan “Bahodir Yalangto‘sh” badiiy filmi ilk bor to‘liq ushbu pavilonda suratga olindi. Shuningdek, “Maxtumquli” badiiy filmining O‘zbekistonda suratga olingan barcha sahnalari kinokonsernning ochiq va yopiq pavilonlarida tasvirga tushirildi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Tirik tarix” dasturini amalga oshirish uchun barchamiz, birinchi navbatda, rahbarlar – hokim va vazirlar, ijodiy tashkilotlar yetakchilari, olim va ziyolilar, keng jamoatchilik bir yoqadan bosh chiqarib, birgalikda faol ish olib borishimiz, bu vazifani kundalik faoliyatimizning muhim bir qismi deb bilishimiz zarurligini alohida ta’kidlagan edi.

Darhaqiqat, tarixiy filmlar o‘tkir mafkuraviy qurolga aylanayotgan bugungi global zamonda milliy kinoni rivojlantirish masalasiga tomoshabin bo‘lib qarab turish hech birimizga yarashmaydi.

Bilasiz, “kino” – yunoncha “kineo” – “harakat qilaman” degan ma’noni bildiradi. Keling, biz ham kinochilarga faqat tosh otmasdan, birga “harakat qilaylik”, befarq bo‘lmaylik, yaratilayotgan har bir filmni o‘zimizniki deb qabul qilaylik, uning yaxshi bo‘lishi uchun do‘stona kuyunaylik, toki “Tirik tarix” deb nom olgan ulkan loyiha mamlakatimizda ijobiy va ijodiy ma’noda umummilliy dasturga aylansin!

Hayotda e’tibor qilmagan narsamizni kitobda qiziqish bilan o‘qiymiz.
Emil Krotkiy

Kinoda ham shunday. Har kuni o‘zimiz ko‘rib, guvoh bo‘lib yuradigan holatlarni tasvirga olib ko‘rsatishsa, bu biz uchun tomosha – qiziqarli voqeaga aylanishi mumkin.

Xo‘p, kino san’ati hayotimizdan chuqur o‘rin olgan bugungi kundagi jarayon shunday ekan, endi bundan 130 yil muqaddam – 1895-yili Parijda aka-uka Ogyust va Lui Lyumyerlar ixtirosi bilan ilk bor yuzaga kelgan dastlabki kino mahsulotining ommaga qanchalik kuchli ta’sir etganini o‘zingiz tasavvur qilavering.

Mana shu o‘tgan bir asrdan ziyod vaqt mobaynida ijod va ishlab chiqarishni o‘z ichiga oladigan kino san’ati insoniyatning badiiy madaniyati tarixidan mustahkam o‘rin egallaganini barchamiz yaxshi bilamiz. Xususan, Devid Griffit, Sergey Eyzenshteyn, Charli Chaplin, Erix Shtrogeym, Karl Dreyer, King Vidor, Rene Kler singari jahon kinosining yorqin namoyandalari tasmalarga muhrlangan tasvirlarga mazmun baxsh etishga alohida e’tibor qaratib, bu ishni yuqori cho‘qqilarga ko‘tarishga erishdilar.

Taraqqiyotning qadami tezkor, kino paydo bo‘lganidan so‘ng, oradan ikki yil o‘tib, bu moʻjizali san’atning ilk namunalari – fransuz va rus operatorlari suratga olgan, Sharq ekzotikasi tasvirlangan filmlar ilk bor Toshkentning “Eski Jo‘va” maydonida (aytgancha, mashhur “Shum bola” filmida Qoravoy do‘sti Omon bilan gavjum bozorda maxsus durbin bilan tasvirlarni tomosha qila turib aytgan gapini siz ham yaxshi eslaysiz: “Girmon podshosiga balo bormi, yalang‘och xotin-ku”. Nazarimizda, film ijodkorlari bir gap bilan tanganing orqa tomoniga – kinoning maishiy buzg‘unchilik kuchiga ham ishora qilib ketganga o‘xshaydi), so‘ngra Samarqand, Qo‘qon va boshqa shaharlarda namoyish etilgan.

Birinchi o‘zbek kinooperatori Xudoybergan Devonovning o‘zbek xalqi hayoti va urf-odatlarini, Xorazm manzaralarini aks ettirgan dastlabki hujjatli-xronikal filmlari bilan XX-asrning 20-yillarida milliy kino san’atiga tamal toshi qo‘yilgani tarixdan yaxshi ayon.

O‘z vaqtida o‘zbek kinosining shakllanishida muhim rol o‘ynagan mashhur rejissyor Sulaymon Xo‘jayev chorizmga qarshi kurash mavzusida yaratgan “Tong oldidan” filmi uchun millatchilikda ayblanib hibsga olingani va mash’um 1937-yilda otib tashlangani ham ayanchli fakt.

Keyinroq Nabi Gʻaniyev, Komil Yormatov, Yo‘ldosh A’zamov, Shuhrat Abbosov kabi iste’dodli rejissyorlar tomonidan “Tohir va Zuhra”, “Alisher Navoiy”, “Abu Rayhon Beruniy”, “Maftuningman”, “Yor-yor”, “Mahallada duv-duv gap”, “Sen yetim emassan”, “Toshkent – non shahri”, “O‘tkan kunlar” singari chinakam milliy xarakterdagi filmlar yaratildi.

Aytgancha, “Tong oldidan”, “Qasam”, “Nasriddin Buxoroda”, “Tohir va Zuhra”, “Alisher Navoiy”, “Sen yetim emassan”, “O‘tkan kunlar” (birinchi varianti), “Shijoat”, “Achchiq danak”, “Abu Rayhon Beruniy”, “Inson qushlar ortidan boradi”, “Shum bola”, “Dahoning yoshligi”, “Siz kim Siz?”, “Abdullajon” filmlari YUNESKOning Oltin fondiga kiritilgan.

Ayni paytda, jahonning eng yaxshi filmlarini o‘zbek tiliga yuksak mahorat bilan tarjima qilib, tomoshabinlarga taqdim etgan dublyaj san’ati ustalaridan minnatdor bo‘lishimiz kerak. 

Kishilarning ongi, fikr va qarashlari, estetik did va his-tuyg‘ulariga ta’sir o‘tkazishda kinoning ta’siri beqiyosligi va ayrim odamlarning kinoga o‘ta havasmandligini yana bir hayotiy dalil – oramizda milliy kino qahramonlarimiz bilan bir qatorda, hatto, Tangem, Zorro, Raj, Esmeralda singari xorijiy film va seriallardagi obrazlar, mashhur kinoyulduzlar nomi bilan atalgan yurtdoshlarimiz borligi ham yaqqol tasdiqlaydi.

O‘rtoq “O‘zbekfilm”, xalqing kutar so‘z!
Muhammad Yusuf

Ardoqli shoirimiz “O‘zbekfilm” sha’niga o‘tli tanqidiy satrlar bitganiga ham, mana, 36 yil bo‘libdi. Oradan davrlar o‘tdi, asr yangilandi, zamonlar, tuzumlar evrildi. Xo‘sh, “O‘zbekfilm” xalqimiz kutayotgan so‘zni ayta oldimi?

O‘zbekiston Kinematografiya agentligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, mustaqillik davrida, ya’ni 1991–2024-yillar oralig‘ida davlat buyurtmasi asosida jami 267 ta badiiy film suratga olingan. Ular orasida “Kulol va xurmacha”, “Abdullajon”, “Ko‘zlarim yo‘lingda”, “Tangalik bolalar”, “Sharif va Ma’rif”, “Masxaraboz”, “Bomba”, “Yulduzingni ber, osmon”, “Buyuk Amir Temur”, “Otamdan qolgan dalalar”, “Voiz”, “Kichkina tabib”, “Yolg‘iz yodgorim”, “Chimildiq”, “Alpomish”, “Oyijon”, “Osmondagi bolalar”, “Yodgor”, “Qor qo‘ynida lola”, “Dev bilan pakana”, “Tanka”, “Yo‘l bo‘lsin”, “Vatan”, “O‘rtoq Boykenjayev”, “18-kvadrat”, “O‘tov”, “Chavandoz”, “Kichkina odamlar”, “Suv yoqalab”, “Chol va nabira”, “Arosat”, “Qo‘rg‘oshin”, “Yozsiz yil”, “Aldangan ayol”, “Tubanlik”, “Sehrli qalpoqcha”, “Faridaning ikki ming qo‘shig‘i”, “Islomxo‘ja”, “Said bilan Saida”, “Elparvar”, “Qo‘qon shamoli”, “Avloniy”, “Ilhaq”, “Is’hoqxon Ibrat”, “Mahmudxo‘ja Behbudiy”, “Muqimiy”, “Muhabbat bahori”, “101”, “101-reys”, “O‘zbek qizi”, “Abdulla Oripov”, “Bahodir Yalangto‘sh”, “Maxtumquli”, “Uch qahramon” singari tomoshabinlarga tanish asarlar ko‘p.

Ayni vaqtda, mazkur ro‘yxatda unchalik ommalashmagan, boshqacha aytganda, bugun ekranlarda “yashamayotgan” filmlar ham borligini, albatta, ta’kidlab o‘tish zarur, deb o‘ylaymiz. Masalan, “Uran sayyorasining siri”, “Bir qadam so‘lga, bir qadam o‘ngga”, “Mahshar kuni”, “Kammi”, “Ketma”, “Yarim tungi blyuz”, “Dallol”, “Fellini”, “Dard”, “Afandi va Azroil”, “Qora yol”, “Ko‘rgilik”, “Tog‘da o‘tgan quvnoq yoz”, “Vasvasa”, “Mergan melisa”, “Go‘zallik siri”, “Chaqmoq chaqqan tunda”, “Muruvvat”, “Advokatlar”, “Afyun girdobi”, “Sirli sirtmoq”, “So‘nggi lahza”, “Abadiyat charxi”, “Uqubat”, “Dinozavr qoldirgan iz”, “Xiyonat”, “Haqiqat kuni”, “Soy qo‘shig‘i”, “Unutma meni”, “Onaginam orzusi”, “Xonadon egasi”, “Ziyoda”, “Men yoningdaman”, “Yer tafti”, “Hayotda”, “Toliqqan ko‘ngillar oyga talpinar”, “Sabot”, “Qora zarba”, “Immunoblot”, “Ota rozi…”, “Shod-u  xurramlik”, “Sumbul”, “Lola gulim”, “Millioner Jonibek”, “Puling bo‘lsa…”, “Parining sovg‘asi”, “Samuray”, “Yasha xotin”, “Odina”, “Ishq va anduh”, “Qari qiz” singari o‘nlab badiiy filmlarni yoshi ulug‘roq tomoshabinlar o‘z davrida ko‘rgan bo‘lishlari mumkin, lekin bu asarlarni yosh avlod bilarmikan?

Bu davrda Sh.Abbosov, Z.Musoqov, Sh.Boshbekov, R.Muhammadjonov, L.Fayziyev, X.Fayziyev, J.Isoqov, J.Qosimov, B.Odilov, I.Ergashev, Y.Roziqov, M.Abzalov, S.Nazarmuhamedov, H.Nasimov, Q.Kamolova, H.Hasanov, Y.To‘ychiyev, A.Shahobiddinov, T.Qalimbetov, M.Abduholiqov, M.Erkinov, J.Ahmedov, N.Abbosov, A.Gʻaniyev, B.Sodiqov, F.Jalolov, I.Rasulov, A.Shohnazarov, A.Bekturdiyev, Sh.Rasulov singari kinorejissyorlar faol mehnat qilganini ko‘rish mumkin.

Endi bevosita 2024-yilni tahlil qilib qaraydigan bo‘lsak, Kinematografiya agentligi tomonidan jami 123 ta kinomahsulot ishlab chiqarilgan. Jumladan, 18 ta badiiy va badiiy-publitsistik, 32 ta qisqa metrajli, 54 ta hujjatli, 8 ta animatsion filmlar va 9 ta serial hamda 2 ta  rolik suratga olingan. 

“O‘rtoq “O‘zbekfilm”, xalqing kutar so‘z!” – qanday keskin, xuddi aybnomaday jaranglaydigan so‘zlar, to‘g‘ri emasmi? Xo‘p, g‘oyat jiddiy bu savol hali Vatanimiz mustaqillikka erishmasdan oldin qo‘yilgan ekan, mustaqillik yillarida “O‘zbekfilm” xalqimiz kutayotgan so‘zni ayta oldimi? O‘ylaymizki, muhtaram o‘quvchilarimiz yuqorida keltirilgan ma’lumot va nomlar tahlili asosida bu borada xolis xulosaga keladilar.

Shu o‘rinda: “Bugun milliy kino maydonida nechta muassasa va studiya mavjud, kimlar kino olyapti, ya’ni o‘zbek kinosi kimlarning qo‘lida?” degan haqli savol tug‘ilishi tabiiy. Hozirgi vaqtda Kinematografiya agentligi tasarrufida “O‘zbekfilm” kinokonserni, “Qoraqalpoqfilm”, “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi”, “Yoshlik kinostudiyasi” davlat unitar korxonalari hamda  O‘zbekiston milliy kinofondi davlat muassasasi  va O‘zbekiston milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi faoliyat olib boradi.

Xat g‘alat, imlo g‘alat, insho g‘alat, ma’no g‘alat.
Abdurahmon Jomiy

Ayni paytda, yurtimizda xususiy kinostudiyalar 43 tani tashkil qiladi. Xossatan, “DILSHOH MEDIA”, “EZGU FILM”, “RAMZ-FILM”, “FAN ACTION”, “FAN ENTERTAINMENT”, “CINEMA OF CENTRAL ASIA”, “SINEMA SERVIS”, “YAGONA SINEMA”, “THE FIRST GROUP”, “BUXORIYLAR”, “NEW SIGHT MEDIA”, “IJOD STUDIYASI”, “VATAN KINOSTUDIYASI”, “EXCLUSIVE FILMS”, “SPECTRE STUDIO”, “PANDA PRODUCTION FILMS”, “SHAYXONTOHUR FILM”, “KO‘ZGU FILM”, “PLAY THIS”, “FOX MUSIC CINEMA”, “LAST-MEDIA”, “OLOV NUR MEDIA”, “ASTIR ANIMATION STUDIO”, “CG WHITELINE”, “GONGLOMERATE STUDIO”, “HASAN-FILMS”, “CROSS TRAVEL”, “CINEMA SERVICE AND PRODUCTION”, “INSON KINOSTUDIYASI”, “ISKANDAROV VISUAL”, “PROART CENTER OF PERFOMING ARTS”, “MEROS SINEMA”, “SINTEZ FILM”, “MEDIA ILLUSION”, “BAYRAM FILM”, “FIRST ART MEDIA”, “BRAND PRO MEDIA”, “CINERAMA ENTERTAINMENT”, “GMS-STUDIO”, “GULI NAVO REKORDS”, “MASTER MEDIA PRODUCTION AND BROADCAST”, “EDUMEDIA CORPORATION” hamda “FUTURIST MEDIA GROUP” studiyalari 2020–2024-yillarda kinofilmlar ishlab chiqarishda ishtirok etgan.

Albatta, xususiy kinostudiyalarning nomlari muhtaram o‘quvchilarimizning e’tiborlarini tortganiga shubhamiz yo‘q. “EZGU FILM”, “BUXORIYLAR”, “IJOD STUDIYASI”, “VATAN KINOSTUDIYASI”, “SHAYXONTOHUR FILM”, “KO‘ZGU FILM”, “INSON KINOSTUDIYASI”, “BAYRAM FILM” singari ayrim studiyalarni istisno qilganda, ularning aksariyati o‘zlarini ajnabiy nomlar bilan atashni ma’qul ko‘rgan.

Ayniqsa, “FAN ENTERTAINMENT”, “THE FIRST GROUP”, “NEW SIGHT MEDIA”, “SPECTRE STUDIO”, “PANDA PRODUCTION FILMS”, “PLAY THIS”, “FOX MUSIC CINEMA”, “CG WHITELINE”, “GONGLOMERATE STUDIO”, “CINEMA SERVICE AND PRODUCTION”, “PROART CENTER OF PERFOMING ARTS”, “MEDIA ILLUSION”, “FIRST ART MEDIA”, “BRAND PRO MEDIA”, “CINERAMA ENTERTAINMENT”, “MASTER MEDIA PRODUCTION AND BROADCAST”, “EDUMEDIA CORPORATION”, “FUTURIST MEDIA GROUP” kabi o‘nlab nomlarni o‘qigan odamning ko‘nglidan beixtiyor “Gollivud bo‘lib ket-e!” degan gap kechishi aniq va yana o‘ylaydiki, avvalo, nomida milliylik aks etmagan studiyadan qanday qilib milliy filmlar kutish mumkin? To‘g‘ri-da, kinoning joni – til, demak, jamiyatimizning ziyoli qatlami sanalmish kinochilarimizning avvalo o‘zlari ona tilimizga hurmat ko‘rsatishlari lozim emasmi?

San’atning asl mohiyati yuksaklikka tinimsiz intilishdir.
Fransua Tryuffo

Hozirgi kunda yurtimizda yaratilayotgan keng imkoniyatlar samarasi o‘laroq, kino sohasida xalqaro aloqalar jadal rivojlanib borayotganini ta’kidlash lozim. Buning natijasida o‘zbek kino san’ati ustalari xorijlik hamkasblari bilan hamkorlikda yangi-yangi asarlar yaratmoqda. Xususan, birgina 2024-yilda Qirg‘iz Respublikasi san’atkorlari ishtirokida “Bir kuni Samarqandda”, turkmanistonlik kinochilar bilan “Maxtumquli Firog‘iy”, yaponiyalik mutaxassislar bilan “Yengilmas: Tokioga yo‘l”, Xitoy kino namoyandalari bilan “Meni kut” filmlari suratga olindi.

Ayni paytda, “Tirik tarix” dasturi doirasida Tojikiston bilan “Yulduzlar shu’lasi: Jomiy va Navoiy”, Tatariston Respublikasi bilan “Shahobiddin Marjoniy”, Koreya Respublikasi bilan “Taqdir ufqlari”, Rossiya Federatsiyasi bilan “Sehrli ko‘za”, “O‘zbekiston arxeologik yodgorliklari durdonalari”, “Buxoro marvaridi”, Xitoy bilan “Farhod va Shirin”, Ispaniya bilan “Klavixo”, Yaponiya bilan “Sakura ifori”, Ozarbayjon bilan “Mulla Nasriddin”, “Maqsud Shayxzoda”, Hindiston bilan “Xiva langari”, Belarus bilan “O‘zbek arsloni”, Vengriya bilan “Xerman Vamberi va Mulla Is’hoq”, Turkiya bilan “Turkistonlik bahodirlar”, Qozog‘iston bilan “Pomir tog‘lariday yuksak” filmlari suratga olinishi rejalashtirilgan. 

Yaqin tariximizda ham o‘zbek kinosining xalqaro kinobozorga chiqishi va nufuzli festivallarda ishtirok etishini tasavvur qilishimiz mushkul edi. Bugun vaziyat ijobiy tomonga o‘zgargan. Buni birgina 2024-yilning o‘zida jahonning 13 ta nufuzli xalqaro kinofestivallarida milliy filmlarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etgani, ular jahon ekranlarida raqobatbardosh bo‘lib borayotgani ham tasdiqlaydi. Xususan, Ispaniya, Eron, Turkiya, Gruziya, Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Xitoy, Hindiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikistonda bo‘lib o‘tgan festivallar va o‘zbek kinosi kunlarida ijodkorlarimiz xorijiy tomoshabinlarga milliy kino san’atimizni taqdim etishga va bir qator maxsus mukofotlarni qo‘lga kiritishga musharraf bo‘ldi. Hatto, Fransiyada an’anaviy o‘tkaziladigan mashhur Kann festivaliga ham kino ustalarimizning qadami yetgani quvonarli, albatta. O‘z navbatida, o‘tgan yili yurtimizda “Yevropa kinolari”, “Xitoy kino kunlari”, “Qozog‘iston kino kunlari”, “Turk kinosi haftaligi”, “Hind kinosi kunlari” tadbirlari yuqori saviyada o‘tkazildi. 

2025-yilda AQSh, Germaniya, Fransiya, Italiya singari davlatlarda o‘tadigan mashhur kinofestivallarda ishtirok etish, Vengriya, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistonda “O‘zbek kinosi kunlari”ni, shu bilan birga, O‘zbekistonda fransuz, venger, rus, tatar, belarus, turk, ozarbayjon, xitoy, qozoq, qirg‘iz, tojik kinosi kunlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Kino bizning orzularimiz va xayollarimizni voqelikka aylantiradi.
Stiven Spilberg

Dunyoning katta aholisi qatorida juda ko‘pchilik yurtdoshlarimiz ham sevib tomosha qiladigan, hayotimizdan muhim o‘rin egallab ulgurgan hind kinofilmlari nima uchun uzoq vaqt – 3 soatlab davom etadi? Chunki hind kino ustalari bu asarlarni avvalo o‘z xalqi uchun ishlab chiqaradi. Bilasiz, Hindiston bugungi kunda jahonda eng ko‘p aholiga ega mamlakat sanaladi. Tabiiyki, qariyb bir yarim milliardlik nufusga ega aholi o‘rtasida boyi bilan birga kambag‘ali ham bisyor. Hozirgi vaqtda gullab-yashnayotgan hind kinosining “tegirmoniga suv quyayotgan” asosiy tomoshabin ayni mana shu odamlar, desak, xato bo‘lmaydi.

Hayotda nihoyatda oz narsaga qanoatlanib yashashga majbur bo‘lgan insonlar o‘zlarining ushalmas orzu-xayollariga kino orqali yetishadi. U tomosha davomida filmdagi o‘zi singari qashshoq sharoitdan yetishib chiqqan bosh qahramon bilan birga yovuzlarga qarshi kurashadi, haqiqat o‘rnatishga intiladi va bunga erishadi ham. Go‘zal sevgilisi bilan qo‘shiq aytib, raqsga tushadi (har bir hind filmida kamida 7 ta qo‘shiq berilishi ham – tomoshabin talabi). Film barcha sharq ertaklari singari yaxshilik bilan tugaydi. U mana shu tomoshaga sarflangan uch soatlik umrini baxtiyorlik bilan yashab o‘tadi. Tomosha qancha uzoq davom etsa, shuncha yaxshi.

Har yili yuzlab filmlarni ekranga chiqaradigan AQShdagi Gollivuddan ulgu olib yaratilgan Hindistondagi Bollivud kinoindustriyasini hamma yaxshi biladi. Ayni vaqtda, kino sanoati nihoyatda rivojlangan Hindistonda Bollivudning Tollivud, Kollivud, Mollivud, Sandalvud, Ollivud singari analoglari ham faol ish olib borishi shundan – kinoga talabning yuqoriligidandir.

Hind kino ixlosmandi, kerak bo‘lsa, o‘zining so‘nggi chaqasini sarflab bo‘lsa ham kinoga kirar ekan, xo‘sh, bizda bu borada ahvol qanday? Odamlar kino tomosha qilish uchun kinoteatrga tushyaptimi?

Aksariyat mutaxassislarning fikriga ko‘ra, kino televideniye uchun yaratilmaydi, uni albatta katta ekranda tomosha qilish kerak, shunda uning butun jozibasi – ijodkorlarning maqsadi, mahorati yaqqol namoyon bo‘ladi.

Kuzatuvlarga ko‘ra, bugun shahar kinoteatrlaridagi premyeralarga ko‘proq o‘smir va o‘rta yoshdagi yurtdoshlarimiz tashrif buyurmoqda. Viloyatlardagi sayyor namoyishlarda ham yosh va o‘rta yoshdagi fuqarolar salmoqli, biroq hududlarda katta yoshli tomoshabinlarni shahar hududiga qaraganda ko‘proq uchratish mumkin. 

Tahlillar 2024-yilda ishlab chiqarilgan tarixiy janrdagi “Bahodir Yalangto‘sh” va o‘tkir syujetli “Uch qahramon” filmlari namoyishlariga odatdagidan ko‘proq tomoshabin tashrifi kuzatilganini ko‘rsatmoqda. Bundan xulosa sifatida, tarixiy va o‘tkir syujetli filmlar tomoshabinlarni ko‘proq qiziqtirmoqda, deyish mumkin.

Shuningdek, ma’lum sohaning atoqli namoyandalari haqida yaratilgan filmlar premyeralari soha vakillari va shu yo‘nalishlarda ta’lim olayotgan talabalar bilan gavjum bo‘lishi aytiladi. Lekin bundan unchalik ham quvonmaslik kerak, chunki bu jarayonda tomoshabinlarni “ixtiyoriy-majburiy” holda uyushtirib kelish mumkinligini istisno qilib bo‘lmaydi.

Afsuski, hududlarimizdagi kinoteatrlarni tahlil qilib ko‘rgan odam tashvishli holatga duch keladi. Kinematografiya agentligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunda yurtimizda jami 40 ta kinoteatr faoliyat yuritmoqda. Ular 109 ta zal va 14 ming 245 ta o‘rindiqqa ega. Eski odatimizga ko‘ra, bu raqamlarni aholi soniga taqsimlasak, bu – mamlakatimiz bo‘ylab kinoteatrga borish imkoni bo‘lgan 850 ming odamga bitta kinoteatr yoki salkam 312 ming kishiga bitta zal, qariyb 2 ming 400 nafar tomoshabinga kinoteatrdagi 1 dona o‘rindiq to‘g‘ri keladi, degani. 

Afsuslanarli jihati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent viloyatida birorta (!) kinoteatr mavjud emas. Bu hududlarda odamlar kinoga tushmaydimi? Navoiy va Jizzax viloyatlarida esa atigi bittadan, Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida 2 tadan, Samarqand va Andijon viloyatlarida 3 tadan, Namangan viloyatida 6 ta kinoteatr ishlab turibdi. Bu boradagi eng yaxshi ko‘rsatkich Toshkent shahrida – 14 ta kinoteatr.

Mavjud kinoteatrlarning 5 tasi, jumladan, Toshkent shahrida 2 ta, Farg‘ona, Samarqand va Xorazm viloyatlarida bittadan kinoteatr davlat qaramog‘ida.

Ayni paytda Toshkent shahridagi O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyi, “Sharq yulduzi”, “Compass Cinema”, “Sergeli Cinema”, “Next Cinema”, “Riviera Cinema”, “Parus Cinema”, “Yulduz cinema”, “Asia Cinema”, “Magic Cinema”, “Cinematica”, “Cinemaplex”, Samarqand shahridagi “Family Cinema”, Buxoro shahridagi “Minor Cinema”, “Buxoro kinoteatri”, Andijon shahridagi “O‘zbegim Cinema” ko‘proq tomoshabinlarni o‘ziga chorlamoqda.

Tomoshabinlar uchun foydali manba: yurtimiz kinoteatrlari haqidagi ma’lumotlarni “https://www.afisha.uz/ru/cinema” saytidan olish mumkin.

Kino tomoshasi bilan bog‘liq yana ayrim muhim ma’lumotlar.

2024-yilda Kinematografiya agentligi tomonidan ishlab chiqarilgan filmlar namoyishiga 44 ming 448 ta tomoshabin tushgan va 1 milliard 667 million 65 ming 321 so‘m daromad qilingan.

Toshkent shahridagi davlat kinoteatrlaridagi chiptalar narxi o‘rtacha 40 ming so‘mni tashkil etadi.

Yorni oynakdin qarang, noz uyquda yotganmikan?
Gʻiyos Soatiy

Hammamizga ma’lumki, bugun – internet zamoni. Kimki, internetdan unumli foydalana olsa, tezda mashhurlikka erishishi mumkinligini birgina zamondosh “vayner”larimizning o‘ziyoq isbotlab turibdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina o‘tayotgan fevral oyining o‘zida 2 milliard 700 million kishi “You Tube” platformasidan foydalangan. Bemalol aytish mumkinki, bu raqamning salmoqli qismini kino ko‘ruvchilar tashkil etadi.

Xo‘sh, kinochilarimiz bugun internet makoni va imkonidan samarali foydalana olyaptimi?

Bu borada ayrim raqamlarga ko‘z tashlasak – masalan, hozirgi kunda sohadagi eng yirik ishlab chiqaruvchi hisoblangan “O‘zbekfilm” kinokonserni telegram kanali atigi 360 ta, “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” 347 ta, “Yoshlik” kinostudiyasi 403 ta, “O‘zbekiston Milliy kinofondi” esa bor-yo‘g‘i 13 ta obunachiga egaligini inobatga oladigan bo‘lsak – bu borada ahvol quvonarli emasligi ayon bo‘ladi.

Agentlik tomonidan ishlab chiqarilgan filmlarning “You Tube”dagi ko‘rishlar soni bir muncha yuqori. Masalan, 2023-yilda ishlab chiqarilgan “O‘zbek qizi” filmi 645 ming, “Alvido, bolalik” filmi 308 ming, “Osmondagi bolalar–3” filmi 247 ming marta tomosha qilingan.

Bilamizki, kino ham, internet ham faqat EKRAN bilan “tirik”. Aslida, kino sohasi vakillari aynan mana shu ekranning asosiy egalari, mutaxassislari emasmi!

Demak, aholimizning 60 foizdan ortig‘ini tashkil etadigan yoshlarning nazari mixlangan bu nuqtani kinochilarimiz aslo e’tibordan chetda qoldirmasliklari, undan o‘z asarlarining muhim targ‘ibot vositasi sifatida samarali foydalana bilishlari zarur bo‘ladi.

Sen o‘zingni tonimas ermishsan,
O‘z so‘zingni tonimas ermishsan.
Alisher Navoiy

Xo‘p, kinoteatr yetishmas, internetdagi holat ham quvonarli emas ekan, kinoni targ‘ib va namoyish etadigan qanday imkoniyat qolyapti? Albatta, televideniye.

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 20-noyabrda “O‘zbekfilm” kinostudiyasida kino ijodkorlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvida eng sara o‘zbek filmlari yuztaligi ro‘yxatini tuzib, mamlakatimizdagi barcha davlat va nodavlat telekanallarda tizimli ravishda namoyish etish vazifalari belgilab berilgan edi. Shundan kelib chiqqan holda, har yili yuztadan badiiy va hujjatli filmlar, milliy seriallar, shuningdek, muhim sanalar va bayram kunlarida Agentlik buyurtmasi asosida ishlab chiqarilayotgan yangi badiiy filmlar ham “Kinematografiya agentligi tuhfasi” yozuvi ostida respublikadagi davlat va nodavlat telekanallariga beg‘araz taqdim etib kelinmoqda.

Bu noyob tuhfaga O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining aynan shu yo‘nalishga ixtisoslashgan “Kinoteatr” telekanali qanday munosabatda bo‘lmoqda? Mazkur maqolani tayyorlash jarayonida telekanalning o‘tgan bir haftalik – 2025-yil 17–23-fevral kunlariga oid dasturi bilan tanishdik.

Telekanalning dushanba-juma kunlariga mo‘ljallangan dasturlari bitta qolipda:

dasturlar soat 6.05 da “Bebaho yoshlik” seriali bilan boshlangan (soat 12.00 da serialning navbatdagi qismi namoyish qilinadi) va “Janob Bin” seriali bilan davom etgan (faqat juma kuni Binning eski sarguzashtlari o‘rnini “Sehrgarlar maktabi” badiiy filmi egallagan);

ikkita xorijiy filmdan so‘ng (besh kun davomida “Paddington”, “Politsiyachi xonimlar”, “Paddington–2”, “Oqsoch xonim”, “Sohibjamol va maxluq”, “Sirli sayohat”, “O‘rmon bolasi”, “Hammasi ertaga boshlanadi”, “Olovuddin” singari internet orqali reklamasiz ko‘rish mumkin bo‘lgan filmlar berilgan) “Maryam” seriali ko‘rsatildi;

kun yarmida yana 2 ta xorijiy kinodan keyingina  (bu davrda “Cheksizlik sari”, “Tangri yaratgan juftlik”, “Ishq masofasi”, “Bajrangi og‘a”, “Karib dengizi qaroqchilari–3”, “Hech qachon “Alvido” dema”, “Gudzon moʻjizasi”, “Gʻolib”, “Xotira kundaligi”, “Hayot jo‘shqin” kinolari berildi) bitta milliy badiiy film  (“Yondiradi, kuydiradi”, “Bomba”, “Azart oqibati”, “Millioner kelin”, “Omonat”) va 2 ta milliy serial (“Sen uchun” va “Sudya”) efir yuzini ko‘rdi;

kechki dasturlardan ketma-ket beriladigan 5 ta xorij badiiy filmi o‘rin olgan va o‘rganilgan davrda quyidagi filmlar efirga uzatilgan: “Qarol”, “Uddaburon yigitlar hamisha birga”, “Chapaqay”, “Ekspat”, “Barchasini o‘zgartirgan odam”, “Jinoyat izidan”, “O‘qchi”, “Ekstrasenslar”, “Xitch uslubi”, “Tanho jangchi”, “Qochish rejasi–2”, “Sahro shahzodasi”, “Vaqt”, “Kichik Tokiodagi to‘qnashuv”, “Betmen: Afsonaning qaytishi”, “Adolat tarafdori”, “Yo‘qolgan o‘q”, “Talonchilik”, “Lyusi”, “Qora oltin”, “Javohir politsiyachi”, “Jon Uik–3”, “Poyga”, “Dorboz”, “Gʻaroyib juftlik”.

Telekanal shanba va yakshanba – dam olish kunlari serial bermaydi, ko‘proq mashhur filmlar va milliy kinolarga e’tibor qaratadi. Xususan, 22-23-fevral kunlari “Taklif”, “Nofelet qayerda?”, “Eng jozibali va latofatli qiz”, “Disko raqqosi”, “O‘rdakko‘l voqeasi”, “Jinoyatchilar shahri”, “Tezlik asiri”, “Uyg‘onish”, “Jangovar ot”, “Ko‘ngil rishtasi”, “Odam amfibiya”, “Ishdagi ishq”, “Qasos o‘ti”, “Benzokolonka malikasi”, “21-ko‘prik”, “Largo Vinch–2”, “So‘nggi samuray”, “Yomg‘ir odami” kabi chet el kinolari va “Kechikkan hayot”, “Sariq devni minib”, “Namaste, muhabbat”, “Sarvqomat dilbarim”, “Bevalar”, “Masxaraboz”, “Dada”, “Qarzdor” singari milliy badiiy filmlar namoyish qilingan.

Mana, “Kinoteatr” telekanalining bir haftalik to‘liq dasturi bilan tanishdik. Ushbu uzun ro‘yxatga tahliliy nazar tashlagan o‘quvchilarimiz: “Kino va teatr namoyishiga ixtisoslashgan o‘zi bitta telekanalimiz bo‘lsa, u xuddi shu yo‘nalishda faoliyat olib boradigan, yurtdoshlarimiz ko‘rish imkoniga ega bo‘lgan o‘nlab xorijiy telekanallarga raqobat qila olyaptimi, o‘z tomoshabinini boshqalarga qo‘shqo‘llab topshirib qo‘ymayaptimi?” degan o‘rinli savolga o‘zlari munosib javob topadilar, deb o‘ylaymiz.

Yana bir mulohaza. Mutaxassislar aytadiki, “kinoda hamma gapni tushuntirib berish shart emas, tomoshabinni ham hurmat qilish lozim – unga mustaqil xulosa chiqarish zavqini qoldirish zarur”. Mana shunday xulosa chiqarish va uni boshqalarning xulosalari bilan chog‘ishtirib ko‘rishda kinoga bag‘ishlangan teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarning ahamiyati katta. Ilgari televideniye orqali Hamidulla Akbarov, Saodat Xo‘jayeva, Farhod Musajonov, Rixsivoy Muhammadjonov, Murod Muhammad Do‘st singari taniqli ijodkorlar muallifligida berilgan kino san’atiga oid tahliliy ko‘rsatuvlarni ko‘pchilik miriqib tomosha qilgan. Bugun mana shunday ko‘rsatuvlar bormi? Xususan, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining asosiy telekanallarida bu mavzuda qanday ko‘rsatuvlar berilmoqda?

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda “Madaniyat va ma’rifat” telekanalida “Kinotalqin”,  “Yoshlar” telekanalida “Eski televizor”, “O‘zbekiston tarixi”da “Kino tarixidan”, “Toshkent” telekanalida “Kinotaqdim” ko‘rsatuvlari mavjud. Bu ko‘rsatuvlarning barchasi haftada bir marta, 20–60 daqiqa vaqt davomida efirga beriladi.

Afsuski, bu ro‘yxatda ayni shu yo‘nalishga ixtisoslashgan “Kinoteatr” telekanalining nomi ko‘rinmaydi. Kino haqida qiziqarli ko‘rsatuvlar tayyorlamasa, milliy kino va spektakllarni namoyish etib bormasa, unda bu telekanal nimalarni efirga beradi, degan savol tug‘iladi va bu savolga yuqorida javob oldingiz. 

Kino – bu barcha san’at turlarini o‘z ichiga oluvchi san’atdir.
Stenli Kubrik

Bugungi tezkor zamon barcha sohalar qatori kino san’atining oldiga ham muhim savollarni qo‘ymoqda. Bu savollar kinoning kelajagi haqida: Kinoning kelajagi bormi? U yashab qolishi uchun nimalar qilish kerak? Sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalar hayotimizga shiddat bilan kirib kelayotgan davrda kino bundan buyon ham inson tafakkuri va iste’dodining mahsuli bo‘lib qoladimi?

Biz bu kabi savollarga kino namoyandalaridan emas, “Jadid” gazetasi an’anasiga ko‘ra, sun’iy intellektning o‘zidan qisqacha javob oldik. Bu javoblar barchamizni – kino san’atiga bee’tibor bo‘lmagan har bir insonni o‘ylab ko‘rishga, mushohada yuritishga undaydi:

“Kelajakda kino sanoati texnologik inqilob va sun’iy intellekt rivojlanishi bilan tubdan o‘zgarishi kutilmoqda. Sun’iy intellekt algoritmlari allaqachon ssenariy yozishda, syujet strukturasini tahlil qilish va variantlarni tavsiya etishda yordam bera boshladi. Kelajakda bu jarayonlar yanada takomillashib, yangi g‘oyalarni tezroq shakllantirish imkonini berishi mumkin. Kompyuter grafikasi va sun’iy intellekt yordamida vizual effektlar yaratish jarayoni soddalashishi va tezlashishi kutilmoqda. Sun’iy intellekt auditoriya xohish-istaklariga mos keladigan interaktiv yoki shaxsiylashtirilgan filmlarni yaratish imkonini ham beradi.

Garchi sun’iy intellekt texnik jihatdan film yaratishda yordamchi vosita sifatida keng qo‘llanilsa-da, rejissyorlar san’at asarining yuragi bo‘lib qoladi. Ular hikoya, vizual til va dramaturgiya sohasida insonga xos intuitsiya va ijodkorlikka ega. Kelajakda rejissyorlar sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda yangi tajribalar yaratadilar. Shuningdek, kadrlarni tanlash, yorug‘lik va kompozitsiya kabi jihatlar insonning sezgirligi va hissiyotini talab qiladi. Sun’iy intellekt yordamida texnik jihatlarni avtomatlashtirish mumkin, ammo operatorning ijodiy qarorlari va tajribasi, his-tuyg‘ulari o‘rnini bosmaydi. Kelajakda operatorlar yangi texnologiyalar bilan ishlashni o‘rganib, o‘z kasblarini modernizatsiya qiladilar.

Texnologik rivojlanish bilan birga, “texno-san’at” sohasidagi yangi mutaxassislar, masalan, sun’iy intellekt bilan hamkorlikda ijodiy kontent yaratuvchilar, virtual prodyuserlar, algoritmik rejissyorlar paydo bo‘lishi mumkin. Ular an’anaviy kino yaratish jarayonini yangi texnologiyalar bilan uyg‘unlashtiradi. Sun’iy intellekt ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va kichik byudjetli loyiha uchun ham yuqori sifatli natijalarga erishish imkonini yaratadi.

Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan kontent mualliflik huquqlari, asl ijodkorlik va madaniy o‘ziga xoslik kabi masalalarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu borada sanoat va qonun chiqaruvchi organlar yangi me’yorlar va me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqishi talab etiladi”.

Kino sohasida zamonaviy texnologiyalarning qo‘llanishi haqida so‘z borar ekan, hayotimizga kirib kelgan yana bir yangilik – internetdagi virtual reallik (VR) platformalari haqida ham to‘xtalib o‘tmasak bo‘lmaydi. Hozirda ayrim ijtimoiy tarmoqlar, jumladan, o‘quvchilarimizga yaxshi tanish bo‘lgan Facebook  – Meta, Googlening shunday platformalari mavjud.

VR imkoniyatlarini ta’minlaydigan qo‘shimcha qurilmalar yordamida ularga a’zo bo‘lganlar real olamning (ayrim shaharlar, masalan, Nyu-York, London, Tokio va boshqalar) multi versiyalarida “yashaydi”, dunyoning turli hududlaridagi insonlar bilan tanishadi, munosabatga kirishadi. Bu hozircha ijtimoiy tarmoqning yangi bosqichi hisoblanadi.

Albatta, tomoshabinning to‘la ma’nodagi virtual ishtiroki ta’minlanadigan kino haqida gapirishga hali biroz erta. Lekin har qanday texnologik inqilob san’at turlarining o‘zgarishiga olib kelishi muqarrar. Tarix bunga ko‘p bora guvoh bo‘lgan. Ehtimol, bugungi texnologik yangiliklar tufayli kino san’ati aynan shu yo‘nalishda transformatsiyaga uchrar, tomoshabinlar kinoning ichida ishtirok etib, unda kechayotgan voqealarga aralashish, ta’sir ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lar – buni endi vaqt ko‘rsatadi.  

Hozir eski filmlarni zamonaviy texnologiyalar yordamida 3D, 5D versiyalarga aylantirish mumkin. Albatta, bu jarayonning sifati hali mukammal emas. Lekin shiddat bilan o‘zgarayotgan zamonda ertaga nimalar yuz berishini bashorat qilish qiyin.

Bundan tashqari, bugun vafot etib ketgan sevimli aktyorlarni sun’iy intellekt yordamida “tiriltirish”, ular bilan yangi filmlar olish mumkin. Yaqinda o‘zbek kino ixlosmandlari o‘rtasida ijtimoiy tarmoqlarda dublyaj san’ati bo‘yicha muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Ko‘pchilik vafot etib ketgan dublyaj ustalarining ovozlaridan yangi filmlar tarjimasida foydalanishga ruxsat beruvchi qonun ishlab chiqish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi. Bunga ular kabi original ovozlar, ijrochilarni topish qiyin bo‘layotgani sabab qilib ko‘rsatildi.

Albatta, bu texnik jihatdan nisbatan oson yumush bo‘lsa-da, hali uning qonuniy asoslari yo‘q. Bugun dunyoda yuz berayotgan texnologik taraqqiyot ijodiy sohalarda yangi mezonlar va huquqiy-me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqishni taqozo etmoqda.

Tobakay mundog‘ malomat kunjida doim Muqim…
Muqimiy

Bugun aksariyat ommaviy axborot vositalarida, xususan, gazeta va jurnallarda, teleradiokanallar va ijtimoiy tarmoqlarda bir holat urf bo‘lgan – bu uzoq o‘tmishdan meros bo‘lib kelayotgan, xuddi ertakdagi “O‘lmas Koshey” singari hamisha barhayot “olomonchilik” kayfiyati. Bu kayfiyat shunday “jozibali”ki, siz biror mavzu haqida so‘z ketsa, boshingizni og‘ritib o‘ylab o‘tirmaysiz, kim nima desa, qo‘shilib ketaverasiz. Avval mavzuni anglash, so‘ngra mustaqil bir fikrga kelishdek mashaqqatli yumush sizga begona.

Afsuski, mana shunday “yuqumli kayfiyat” so‘nggi vaqtda milliy kino san’atiga qarshi shaylangan. Hozir hamma kino bo‘yicha “mutaxassis”. Gazetada ham, ijtimoiy tarmoqda ham bir gap: “milliy kino san’atimiz zamondan orqada qolib ketgan”, “bugungi o‘zbek kinolari muvaffaqiyatsiz”, “bu kinolarni hech kim ko‘rmaydi” va hokazo, va hokazo… Va yana taassufki, bu gaplarni aytayotgan odamlarning o‘zlari milliy kino san’atining bugungi holati, yaratilayotgan yangi filmlar haqida tushunchaga ega emas, ya’ni kinoni ko‘rmasdan turib, kino haqida gapiradi. Va yana eng qizig‘i, shunga o‘zini to‘la haqli sanaydi.

To‘g‘ri, bugun suratga olinayotgan ayrim filmlarda ijodkorlarining o‘zi qo‘l urayotgan mavzuni yaxshi bilmasligi, qahramonlarning to‘g‘ri tanlanmasligi, asar voqealarining ishonarsiz va bachkanaligi, dialoglarning sun’iy va hayotdan uzoqligi, mutaxassis bo‘lmagan odamlarning rol o‘ynashi, kino sohasi vakillarining boshqa ijodiy muassasalar bilan hamkorlik aloqalari yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani kabi muammolar seziladi. Lekin ayni vaqtda yaxshi filmlar ham suratga olinayotganini e’tirof etish ham kerak-ku. Agar qaysidir filmda kamchiliklar bo‘lsa, uni aniq misollar bilan aytgan ma’qul, toki bu film ijodkorlari uchun ham foydali bo‘lsin.

Ko‘klamning oldingi suvlari loylanib oqadilar.
Hamid Olimjon

Bilib-bilmay, tushunib-tushunmay “o‘rmonga o‘t qo‘yib”, ho‘l-u quruqni baravar “yoqib yuborish”ga odatlangan ayrim “kino tanqidchilar”ning eng jiddiy xatosi kinoni serialdan ajrata olmaslikda ko‘rinadi. Ular nima uchundir xususiy telekanallarda berilayotgan seriallarni ham Kinematografiya agentligi suratga olgan, deb o‘ylaydi.

Hammamiz kuzatib, ko‘pchiligimiz ko‘rib ham yuribmiz. Bugun televideniye, ayniqsa, xususiy telekanallar tomoshabinni ushlab turish uchun juda ko‘p o‘tkir syujetli seriallarni namoyish qilib kelyapti. Keling, avval bugungi kunda ko‘proq tomoshabin ko‘rayotgan va ayni paytda ko‘proq tanqidga ham uchrayotgan xususiy telekanallardan olingan ma’lumotlarga nazar tashlaylik.

2023-2024-yillarda:

“Mening yurtim” (My5) telekanalida “Jurnalist”, “Olovli yurak”, “Qodirxon” (4-, 5-, 6-, 7- va 8-mavsumlar), “Nomus”, “Afsona”, “Begona”, “Bag‘ritosh”, “Zaynab bilan qoling, begim–2”, “Piramida”, “Asal va Shodiya”, “Umid”, “Sodda kuyov”, “Nomus–2”, “Sarvinoz”, “Hojar”, “Azart”, “Tikan”, “O‘gay ona”, “Qadar va o‘yin”, “Sudya”, “O‘jar homilador”, “So‘nggi zarba”, “Aka”, “Fotima va Zuhra”, “Piramida–2”, “Botqoq guli”;

“Milliy” telekanalida “Zaynab bilan qoling, begim–1”, “Ming bir kecha”, “Yolg‘iz qo‘ying–2”, “Parixona”, “Boy xonim–1”, “Baxt ovchisi–3: Alfons”, “Qaqnus”, “Badavlat gadoylar”, “Nafs balosi”, “Dushman oila”, “Ayol kuchi”, “Ikkinchi ota–1”, “Ikkinchi ota–2”, “Yig‘lagan qizlar–1”, “Yig‘lagan qizlar–2”, “Yig‘lagan qizlar–3”, “Boy xonim–2”, “Sensiz–3”, “Baxt ovchisi–4: Alfons”;

“ZO‘R TV” telekanalida “Hijron”, “Hayot-mamot”, “Hayot, ayt”, “Ofitser–55”, “Oydin”, “Psixolog”, “Mavsum”, “Makkora”, “Labirint”, “Ikkinchi turmush”, “Mendirman, Jaloliddin”, “Qora beva”, “Saboq”, “Qadam–2”, “Oq qushlar”, “Taqdirlar iskanjasi”, “Tazarru”, “Zulmatdan qaytib”, “Nastarin”, “Boj badal”;

“Sevimli” telekanali orqali “Intiqom alangasi”, “Yongan yuraklar”, “Singlim”, “Qizim”, “Men uchun yasha”, “Gunohlar soyasi” nomlarida milliy seriallar namoyish etilgan. Tabiiyki, seriallarning nomidan ham ular asosan tomoshabinni jalb qilish uchun ishlangani ko‘rinib turibdi.

Birgina “ZO‘R TV” telekanalida efirga berilgan seriallarning 2023-yildagi auditoriya jamlanmasi o‘rtacha 51 million 400 ming va 2024-yildagi qamrovi o‘rtacha 44 million 750 ming tomoshabinni tashkil etgan. Milliy seriallar telekanallar reytingida muhim o‘rin tutganligi bois, asosan praym vaqtlarda namoyish etiladi.

Mazkur telekanallardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, seriallarni yaratishda asosan tomoshabin talabidan kelib chiqqan holda ish tutiladi. Monitoring tahlillari esa, bugungi o‘zbek tomoshabinida milliy mentalitetga asoslangan hayot tarzi, oilaviy qadriyatlar, mojarolar, oilaviy kelishmovchiliklar, sevgi-muhabbat iztiroblari aks etgan dramatik janrdagi milliy seriallar katta qiziqish uyg‘otayotganini ko‘rsatmoqda.

Bugun barcha seriallar xususiy telekanallarning o‘zlari tomonidan ishlab chiqarilayotganini ta’kidlash zarur. Milliy seriallarni yaratish va tayyor serialni qabul qilish ushbu telekanallar qoshida tashkil etilgan badiiy kengashlarning xulosalariga ko‘ra amalga oshiriladi. Demak, har bir serialning saviyasiga uning ijodkorlari bilan bir qatorda mana shu badiiy kengash a’zolari ham bevosita mas’uldir.

O‘z serialini (“Taqiqlangan sevgi”)  ilk bor 1981-yili Fransiyaga sotganiga bor-yo‘g‘i 40 yildan oshgan Turkiya hozirga kelib AQShdan keyingi eng ko‘p serial sotuvchi ikkinchi mamlakatga aylanganidan xabaringiz bor. Hozirgi vaqtda turk seriallarini 146 mamlakatda 700 milliondan ziyod inson tomosha qiladi va Turkiya seriallar sotuvidan milliardlab dollar daromad qiladi. “Sevgi iztirobi”, “Muhtasham yuz yil”, “Ko‘sem”, “Chuqur”, “Ichkarida”, “Istanbullik kelin”, “Gullar iztirobi”, “Malikam, endi qara”, “Abdulhamid”, “Hovli”, “Osiyo”, “Arg‘uvonlar ostida”, “Achchiq yolg‘on”, “Zerda”, “Ishkomli uy”, “Kumush”, “Qashqirlar makoni”, “Xinali qor”… bu nomlar deyarli har bir o‘zbek teletomoshabiniga yaxshi tanishligi O‘zbekistondan ham salmoqli mablag‘ ushbu seriallar uchun sarflangani va sarflanayotganidan dalolat beradi.

“You Tube”, “Netflix” (bugun “Netflix” shunday darajaga ko‘tarilganki, undan joy olganining o‘ziyoq kinoning saviyasini, obro‘sini belgilaydi. Tomoshabin uni sotib olib ko‘radi. Qaniydi, o‘zbek tilida ham xuddi shunday internet platformalar yaratilsa. Unda o‘zimizda va xorijda yaratilgan eng yaxshi yangi filmlar bilan birga, kino san’atining “oltin fondi”dan o‘rin olgan durdona filmlar ham qo‘yilishi mumkin. Odamlar san’atdan pul to‘lab bahramand bo‘lishni o‘rganishi kerak) kabi mashhur internet kanallarida namoyish qilinishi ham turk seriallarining yanada ommalashishiga xizmat qilayotganini ta’kidlash zarur.

Bu o‘rinda ayrim seriallar hatto Turkiyaning o‘zida ham jiddiy e’tiroz uyg‘otayotgani, bir qator seriallar milliy va diniy qadriyatlarga zid deb topilgani uchun jarimaga tortilganini ham aytib o‘tish joiz.

Mamlakatimizdagi xususiy telekanallar mas’ullarining fikriga ko‘ra, mazmunan pishiq, saviya jihatidan yuqori va sifatli seriallar ishlab chiqarish uchun birinchi navbatda yaxshi ssenarist va rejissyorlarga talab mavjud. Shuningdek, dunyo standartlari darajasidagi seriallar ishlab chiqarish katta mablag‘ va pavilonlarni talab qiladi. Ayni paytda, xususiy telekanallarning bunday loyihalarni amalga oshirishga kuchi yetmaydi. Agar mana shu muammolar yechim topsa, dunyoga chiqadigan, har taraflama sifatli seriallar ishlab chiqarish mumkin.  

Eslasangiz, yaqin paytlargacha o‘zbek kinosida “xontaxta film” degan pisanda bor edi. Vaqt o‘tishi bilan – yaxshi gumonda bo‘laylik, balki tomoshabinning didi o‘sib, bu filmlarni qabul qilmayotgandir, balki rejissyorlarimizning o‘zlariga talablari oshgandir, balki aktyorlar bunday filmlarda rol o‘ynashni xohlashmayotgandir – hozir bunday filmlarni suratga olish kamayganday. Ehtimolki, vaqti kelib teleseriallar ham o‘zining to‘g‘ri o‘zaniga tushib olsa, hozirgi ko‘rsatayotgan tomoshalari bir tajriba o‘laroq tarixda qolsa, degan umidimiz bor.

Va’da vaqti ham yaqin, ey Chustiy, soatga qara.
Chustiy

Ma’lumki, jahon kino san’atida har yili yangi-yangi filmlar suratga olinadi. Eng mashhur, kutilgan filmlar yurtimizga olib kelinib, aksar hollarda katta shaharlarimizdagi yirik savdo markazlarida qurilgan kinoteatrlarda namoyish qilinadi. Bu yaxshi, albatta. Faqat, bir afsuslanarli jihati bor: yangi xorijiy filmlarning deyarli barchasi rus tilida yoki ingliz tilida ruscha subtitr bilan ekranga qo‘yiladi.

Ayrim filmlar o‘zbek tiliga tarjima qilib berilganida, milliy tomoshabinlar oqimining sezilarli oshgani kuzatilgan. Masalan, qardosh qirg‘iz kinochilari yaratgan “Jannat onalar oyog‘i ostida” badiiy filmi tomoshabinlarimiz o‘rtasida yaxshigina shov-shuv ko‘targaniga sabab mazkur kartinaning katta ekranlarda o‘zbek tilida namoyish etilgani bilan ham bog‘liq, bilishimizcha, bu kinofilm ijodkorlarining o‘zlari tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilgan.

Balki, o‘zbek tiliga dublyaj qilish ortiqcha harakat va xarajatlarni talab qilar (filmni suratga olgan kinostudiyaning roziligini olish kerak, dublyaj aktyoriga, studiyaga mablag‘ topish kerak), juda bo‘lmaganda, o‘zbek tilida subtitr berish mumkindir (garchi subtitr tomoshabinni kinodan chalg‘itsa ham).

Eng yaxshi xorijiy filmlarning o‘zbek tilida namoyish etilishi aholining ularni ko‘proq ko‘rishi, ayni paytda, jahon kinosi bilan yaqindan tanishuvi, uni milliy filmlar bilan solishtirib ko‘rishi, shu asosda badiiy didi va talabi yuksalishiga xizmat qilgan bo‘lar edi. Kino sanoati bilan shug‘ullanadigan mutasaddilar shu jihatlarni ham hisobga olgan holda ish tutsalar, maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.

Bugun biz Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni o‘zimizga ulug‘vor maqsad sifatida belgilab, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” qadam qo‘yayotgan ekanmiz, albatta, bu jarayonda kino san’atining ham zamon shiddatiga mos ravishda rivojlanib borishi (ayniqsa, odamlar ongi va dunyoqarashini boshqarishga qaratilgan kurashlar, milliy ma’naviyatga bo‘layotgan xatarli xuruj va tahdidlar soha egalaridan nihoyatda ogoh va hushyor ish tutishni, aslo befarq va loqayd bo‘lmaslikni talab qilayotgan bir vaziyatda) muhim ahamiyatga ega.

Albert Eynshteyn aytgan: “Hayot – misoli o‘yin. Qoidalarni o‘zlashtiring va hammadan yaxshi o‘ynang”. Bugun ekran qarshisida turgan har bir yurtdoshimizning chet el kinolari va shu orqali begona mafkura ta’siriga tushib qolmasligi uchun ham eng avvalo kinochilarimiz o‘zlarini mas’ul va javobgar his qilib, milliy tomoshabin ongini milliy o‘zligimiz bilan to‘yintirishga intilsalar, ayni muddao bo‘lardi.

Darvoqe, bugun 28-fevralmi, O‘zbekiston milliy kino san’ati saroyida kechki soat oltida yangi kino qo‘yilyapti – “Uch qahramon”. Balki, “shap-shap degandan shaftoli yaxshi”dir? Ketdik, kinoga tushamiz!

Ikrom BO‘RIBOYEV

“Jadid” gazetasining 2025-yil 28-fevraldagi 9-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600