Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


21.02.2026 | 17:56

img1295

KOBUL AZIMATI

“Fazl va hunar ahlining maskani”

Har shaharki, inson bilan obod-u barbod bo‘lur. Temuriylar davrining durdona shaharlaridan biri bo‘lgan Hiriyda bir paytlar san’at, adabiyot, musiqa, xattotlik va ma’morlik gullab-yashnagan…

Qadamba-qadam kezib ko‘rdimki, faqat Mavlono Lutfiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, shoh va shoir Husayniy, Hofizi Abru, tarixchi Mirxond, musavvir Kamoliddin Behzod kabi sanoqli ijodkorlardan yodgorliklar qolgan… Ba’zan atrofga jonsarak alanglayman – “Majolis un-nafois” asarida qalamga olingan 450 nafar shoir qani? Har holda, hazratimiz shoir deb tan olgan bo‘lsa, demak, puxtagina yozganlar ko‘p o‘tgan. Ulardan nimalar qoldi? Nahot, tarix shuncha beshafqat?

Shularni o‘ylab, zamonaviy Hirot ko‘chalarini tun-u kun sarbast kezdim. Bu yerda mamlakatning shimoliy viloyatlarida bo‘lgani kabi o‘zbeklar ko‘p emas. Hamrohimning aytishicha, ulug‘ turkiy bobolarning hozirgi avlodlari forsiyga to‘la o‘tib ketgan. Ammo peshlavhalarning ayrimlari xursand qildi. Misol uchun bundog‘: “Temuriylar shifoxonasi”, “O‘zbeklar choyxonasi”, “Foryob mehmonxonasi”…

HIROT TA’RIFINDA

Hiriyning havosi g‘oyat latif, dag‘i ajibdur. Ammo fe’li tez. Bir lahzada changli quyun shaharni iskanjaga oladi. Shunday kezlarda ayollar ro‘molini mahkam changallaydir, erlar qadifasini boshga tortadir. Bu iqlim odamlari shuning uchun bu choyshabsifat matoni yelkadan qo‘ymas. Bir qarasang, dasturxon o‘rnida, bir qarasang, joynamoz… Boshga salla kabi o‘raganlari-da, bisyordur.

Ore rostkim, qiz-juvon bu yerda chandon xushro‘y… Garchi boshdan oyoq chimmatga chirmalgan, yuzlariga niqob tutib yurishgan esa-da… yolg‘iz ko‘zlari, mungli va ayni chog‘da allaqanday viqorli nigohlari kishini oniy lahzada maftun etishga qodir…   Ayollarga uzoq qarab turish mutlaqo mumkin emas! Ro‘parangizdan kelayotgan bo‘lsa, bir ko‘z tashlab qo‘yish, hay, mumkin. Ammo o‘tib ketgach, o‘girilib qarash – gunohi azim… Biroq nega bu yerning poshikastalari g‘arib ko‘ngilni allanechuk rom ayladi?

Hirotning girdo-girdiga bir ulug‘ tog‘ voqe bo‘lubdurkim, el ani Ko‘hi Safed ataydur. Voha shundin enuvchi Herirud daryosidan suvlaydur. Eli xotirjam va sertakalluf, forsiy, pushtuniy so‘zlamak rasmdur. Agarchi turkiylar-da topilurkim, tilini unutqon…  Mevasi farovon va bisyor xo‘bdur. Ko‘chalarda suvlig‘-suvlig‘ sabzi sharbati sotilur. Mayizi yirik va xushta’mdur, ammo urug‘i ulkan. Tag‘in anchadan beri ko‘rmaganim – shotut qoqisi ham ko‘p. Bosh barmoq uzunligicha kaboblari va ham Kobuliy o‘zbek palovi mazalig‘. Alardin o‘zgasi hindiy yo pushtuniy nimarsalar… Yumurtqaga pamildoru va ham so‘g‘on qo‘shib qovurmak odatdur. Nonlari turli-turli, biroq bizning lochira kabi bir turi borkim, bisyor totlig‘. Suvi mijozimga xo‘b o‘ltirdi. Choylari xo‘b sabz bo‘lur, qora choyi qizilga yaqin. Harchand Kobulda va yo Hiriyda bo‘lsinkim, el zinhor qalin kiyinmas. Qor-u yomg‘irda bir xil. Ayol-u er bir-biridan uzoq yuradir. Vale, qo‘lni qo‘lga berib, dilovarlik qilib yurg‘an erlarni xo‘p uchratdim. Yemak va ichmakda betakalluf bo‘lg‘an esam-da, eng ko‘p musiqiydan qiynaldim. Tarona va dilrabolarsiz har shaharki bor, jonsiz jismdur.

Qo‘rg‘oni baland yerda voqe bo‘libdurki, “Qal’ai Ixtiyoriddin” atalur. Miloddan burung‘i 330-yilda Iskandari Maqduniy davrida barpo bo‘lgan. Qariyb ikki ming yil davomida bir necha daf’a vayron etilgan esa-da, g‘aznaviy, saljuqiy, g‘uriy, temuriy, safaviy sultonlarga qo‘rg‘onlik qilgan.

Zamonkim, Amir Temur Ko‘ragoniy Haq taolo dargohiga rixlat aylagan yillarda Shohrux Mirzo poytaxtni Samarqanddan Hirotga ko‘chirib, qal’ani harbiy istehkom etdi. Ayni chog‘da xazinaxona, qorovulxona, xos xonalar va ham bir necha zindon ushbu qo‘rg‘onda ko‘rilur.

Tarix 1469–1506-yillarda, Sulton Husayn davrida Xuroson mamlakati ayni shu saroydan tushadurg‘on har farmonga bo‘yin sungan. Davlatni idora etmakka doir har hujjatga shu joyda sultonning muhri bahaybatlari bosilgan. Mundin tashqari, qal’a Mir Alisher Navoiy boshchiligidagi nazmiy bazmlarga manzil bo‘lgan. Bu yerda teatrmonand bir joy borkim, unda qizg‘in-qizg‘in mushoiralar o‘tkazilgan, ilmi aruz, ilmi ohang, ilmi tasvir va ham tasavvuf bahslari avjlangan.

Kamina qulingiz ham shu yerning sahnasini beijozat va ham bexijolat zabt etib, muborak hazratlarni tasavvur aylagancha, bir juft g‘azal o‘qimak baxtiga muyassar bo‘ldi.

“Husni ortar yuzda zulfin anbarafshon aylagach,
Sham’ ravshanrak bo‘lur, torin parishon aylagach”.

“TURKIYDA SHUHRATI  KO‘PRAK ERDI…”

Mavlono Lutfiyga yetmak ko‘p mushkuldurur. O‘zbekistondagi navoiyshunos, boburshunoslardan so‘radim. Muborak turbatlari Dehikanor qishlog‘ida, dedilar. Hozir u yer Nangobod deb atalur, deganlar ham bo‘ldi. Ammo hech bir haydovchi u yerni topa bilmadi.

Ancha avval, Bobur nomidagi xalqaro fond mas’ullari mavlononi ko‘p yo‘qlagani, yangi qabrtosh qo‘ygani va hatto, bir yili ustidagi koshinkor ayvoni o‘g‘irlab ketilgani haqida eshitgandim.

Muborak qabr qaydaligini bilmak ilinjida Hirotdagi madaniy obidalarga javobgar idoraga bordik. Bu yerning rahbari uzun soqolli, oppoq dastorli, ko‘zoynak taqqan nuroniy bir olim ekan. U kishi bizni xushmuomalalik bilan qarshi oldi. Devorda turli tarixiy binolar, naqshinkor ustunlar, tabarruk qadamjolarning suratlari osilgan. Xona kitob-u jurnal-u gazetga to‘la. Ham barq (elektr), ham gaz yordamida isitadigan pech vazmin va o‘ychan ustodga qaratilgan. Eshik oldida yana bir ustol-u ustul. Unda kompyuter va printer. Ammo ijozatnomani qo‘lda yozib, printerda nusxa oldilar…

Maqsadga ko‘chdik. U kishi mavlono Lutfiy haqida hech qachon eshitmagani haqida aytgandek bo‘ldi, chamamda. Tarjimonimga qayta-qayta murojaat qilib, mendan Lutfiy haqida nimalar bilishimni so‘radi. Gaplarimni ming taassuf va yuz hayrat bilan yon daftarchasiga yozib olarkan, bosh chayqab qo‘yaverdi… Keyin Navoiy haqida so‘radi: “U kishi sizlarga kim bo‘ladi? O‘zbekistondan kelganmi?”

Hazratim haqida nima bilsam, barini aytdim: “Qaydaki, temuriy bo‘lsa, bizga bobo. O‘zbekistonda hech kim Alisher Navoiychalik ko‘klarga ko‘tarilmagan”. Ishxonamiz joylashgan bino – muzey, ko‘chalar, teatrlar, kino uylari, metro bekatlari, hatto, eng yirik viloyat ham Navoiy nomida atalishi u kishini hayratga soldi. Ehtiyot shart, hazratga haykallar tiklangani, suratlar chizilgani haqida lom-mim demadim… Tag‘in savol berdi: “Qay chog‘din o‘ldung ishq aro mast?” (Navoiy haqida necha yoshdan beri bilasan?) Tag‘in javob ayladim: “Ruh ermas erdi tang‘a payvast!” (Tug‘ilishimdan avval ham “Navoiy-Navoiy!” deyishardi!)

Shu tariqa, bizda maktab-u oliy ta’lim darsliklari Alisher Navoiydan boshlanib, Alisher Navoiy bilan tugashini tushuntirgan bo‘ldim. G‘oyat mutaassir bo‘lib, ko‘zga yosh olishning nari-berisida qoldi… Erinmagan banda ekan, yana so‘radi: “Bu yerlarga Navoiy deb kelibsan, Lutfiyda ne ishing bor?” Bu sersavol janob har qancha zerikkan, ilmga tashna, buning ustiga vaqti ko‘p bo‘lmasin, meni tushunishi kerak edi. Chunki har soniyam g‘animat. Ammo “eshagim suvdan o‘tguncha, tog‘a deb turish”ga majbur bo‘ldim: “Mavlono Lutfiy, bilsangiz, hazrat Navoiyga ustoz hisoblangan. Shu yerga kelib, u kishini ziyorat etmay ketsam, hurmatsizlik bo‘ladi…” Soqolini changallagancha miriqib bosh chayqadi. O‘rnidan turib, hurmatli mehmonlari uchun asrab qo‘ygan xurmolarini javondan olib, bizga tutqazdi. Ochig‘i, tezroq boray deb, nonushta qilmay chiquvdim – o‘ziyam moyday ketdi.

Keyin “tanish-bilish”ni ishga solib, biz so‘ragan manzilni aniqlab, qog‘ozga yozib berdi. Nihoyat, yo‘lga tushdik.

Safarda har bir chaqa laziz-u aziz bo‘lgani uchun chog‘roq ulov – “reksha” tutdik. Baland-u past, qing‘ir-qiyshiq, o‘ydim-chuqur yo‘llar oralab, tuprog‘-u loy kechib, ko‘rgan-bilgandan so‘ray-so‘ray, oxiri, bir qabristonga yetdik. Shahzoda Qosim turbati asosiy mo‘ljal bo‘ldi. Ikki yonda paxsa devorlar, tor yo‘laklar o‘rtasidan o‘tgan shildiroq ariq, ahyon-ahyonda uchrab turuvchi qadimiy tutlar, tomsuvoq uylar, yuz yillik vayronalar, uzoqdan ko‘rinib turuvchi mo‘ysafid tog‘lar, biyday dala, orombaxsh ko‘chalar, echki-yu uloqlar, qishloqi bolalar… bularning barchasi kishini maroqlantiradi, moziyga boshlaydi. Nahotki, shu ko‘chalarda Lutfiy bobomiz yurgan, latif g‘azallar shu kabi uylarda yozilgan?

Qishloq hozir “Shodijon” deb nomlanarkan. Qabristonga kirib, hayajondan o‘zimni tiya olmadim. Qani, hozir mavlono hayot bo‘lsa-yu, bobosini sog‘ingan nabiradek quchog‘iga talpinsam! To‘g‘risi, hazrat Alisher Navoiy ziyoratida ko‘nglimda ko‘p va xo‘b iymanish-u tortinish bor erdi. Lekin bu yerda go‘dakdek yayradim va ham allanechuk xursand, allanechuk erkalikka moyil bo‘lib qoldim…

Mavlononing ruhi poklariga Qur’on tilovat qilgach, g‘oyibona suhbat qurib, ul zoti muborak yozgan latif g‘azallardan o‘qidim…

“Ayog‘ingga tushar har lahza gisu,
Masaldurkim: charog‘ tubi qarong‘u…”

IKKI MING BIRINCHI KO‘CHAT

Ertasi kuni to‘qqizinchi fevral bo‘ldi. Butun dunyo turkiylari Nizomiddin Mir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligini tantanavor ruhda, bayramona shukuhda nishonlayapti. Barcha bir-biridan chiroyli guldastalar tuzib, ulug‘ mutafakkirning muazzam haykallari poyiga shoshadigan kunda mazkur safarim hisobida yettinchi daf’a “Musallo”ga yo‘l oldim. Aytgancha, bu yerlarda tug‘ilgan kunni nishonlash rasm emas. Chapak chalish, qabr boshiga gul qo‘yish, qo‘shiq aytish, o‘yin-kulgi rasman taqiqlangan.

Avval bir tujjordan ikki enlik suv shimadigan mato xarid qildim. Keyin supurgi izlashga tushdim. Qurg‘ur hech topilavermagach, bir do‘kon eshigi yonida yotgan supurgiga chang solib, “o‘laman Sattor, shuni menga sotasan”ga tushdim. Do‘kondor yigitcha bu matohni nima qilishimga qiziqsindi. Hazrat Navoiy maqbarasiga jorubkashlik qilaman, deganimda ikki qo‘lini ko‘tarib, “Supurgi senga tekin, qarindosh! Men maymanalik o‘zbekman”, dedi. Undan chiqib, ko‘chat izladim. Baxtimdan o‘rgilay, shundog‘ “Gavharshodbegim bog‘i” biqinida ko‘chat bozori bor ekan. Bog‘ qo‘riqchisi turqi-tarovatim, iljayib turishim va qo‘limdagi ashyolarga shubhali qarab qo‘ygach, yettinchi marta hujjatimni so‘radi. Ko‘rsatdim. Kirdim. G‘udranib-g‘udranib, belkurak topib berdi. Shu tariqa, Amudaryoning u tomoni-yu bu tomoni bosh qo‘shib, ushbu bog‘ga ekkan ikki ming tup ko‘chatlar yana bittaga ko‘paydi… Yetkazganiga shukur!

Majmuaga kirish juda qiyin. Mahalliy o‘zbeklar uchun ham ruxsatnoma kerak. Endi buni kim sug‘orarkin, deb o‘yga tolib turganimda, yomg‘ir sharros quyib yubordi. Xudo mehribon!

Tez orada yetib kelgan boshqa o‘zbeklar bilan maqbarani supurib-sidirib, shift-u burchak-burchaklarga o‘rnashgan chang-u g‘ubordan forig‘ etib, o‘rgimchak to‘rlaridan tozalab, muborak marmar toshni yaltiratib qo‘ydik. Tag‘in Qur’on tilovat qilib, ohista ortga qaytdik…

QAYDASAN, KOBUL?

Hirotdagi tayyoragoh sori yuzlandim. Yomg‘ir hamon avjida. Uchish yo‘lagi misli ko‘l. “Bir-bir ne deyin boshdin ayog‘i”m jiqqa ho‘l. Parvoz qariyb uch soatga kechikdi. Ustimdagi ustimda quridi.

Kobulga qo‘nganimizda qosh qoraygandi. Guppa-guppa qor tashlab turibdi. Bu yerda o‘zbek tilidan dars beruvchi ustozlardan biri qo‘yarda-qo‘ymay uyiga boshladi. O‘rkach-o‘rkach adirlar qamal qurgan qishloqning keskin balandlab ketadigan va xuddi shunday pastlab qoladigan ko‘chalari bo‘ylab yayov ketyapmiz… Laylakqor, sovuq va qorong‘u yo‘llar, qo‘rqinch jarliklar… Havo nihoyatda sifatsiz, tutunmi, ko‘mir hidimi suzib yuribdi. Ko‘z-u burun-u dumog‘ aralash achishib ketadi. Tuf desangiz, tomoqdan qora chang oppoq qorga tushadi…

Beixtiyor “Boburnoma”dagi tasvirlar-u voqealar yodimga qo‘nadi. Butun boshli qo‘shin bilan sarson-sargardonlikda, yomg‘ir-u qor demay, osoyishta manzil-u makon izlab tentirash azobini tanamda his etgan bo‘laman…

“Yuz javr-u sitam ko‘rgan, ming mehnat-u g‘am ko‘rgan,
Osoyishi kam ko‘rgan mendek yana bir bormu?”

Cho‘qqidagi chog‘roq uyda kelishim sharafiga pech yoqibdilar. To‘rda turgan onaxon kirishim bilan ro‘molini yuziga tortib, teskari o‘girilib oldi. Bu yerda ayollar notanish erkaklarga hatto ovozini ham eshittirmasligi shart ekan. Mezbon volidasiga meni tanishtirdi. Aytishicha, onaxon ko‘plab laparlar, xalq qo‘shiqlari va hech qayerda uchramaydigan o‘zbekcha iboralarni yaxshi bilarkan. Bu yerlarda har qancha mushkul bo‘lmasin, o‘zbek tilini farzandlariga o‘rgatib, tilni saqlab qolayotgan bu kabi onaxonlar kamdan kam topilarkan. Xullas, o‘zbek tilining ko‘zga ko‘rinmas jonkuyarlaridan biri bilan tanishdim. Ammo gaplashish qayoqda deysiz.

Har qancha o‘tin yoqilmasin, uy men uchun sovuq tuyulaverdi. Yetti qavat o‘ranib olganman. Mezbonlar esa yupqa kiyimda bemalol o‘tirishibdi. Shu paytga davur sovuqqa chidamli shaxs sifatiga elga ma’lum-u mashhur edim. Shuhratimga qurum qo‘ndi.

“UNUTMOG‘IL YANA BU NOMUROD BOBURNI…”

Ertasi kuni “Bog‘i Bobur” sori qadam urdim. Yo‘l bo‘yi qoyalarga tirmashgan uylarga ko‘zim tushdi. Nihoyat, manzilga yetdim. Kirish badalini berdim. Har kelganning ismi-sharifi, tazkira raqami yozilarkan. Andijonda ko‘rganim – “Bobur bog‘i”dagi kabi zinalar boshlandi. Uch yil avval borganimda, ramziy qabrni ko‘rib, asliy qabrni ziyorat qilishni orzu etgandim.

“Xush ulki, yona muborak yuzungni ko‘rgaymen,
Yuzum bila qadaming gardini supurgaymen…”

Ushbu ko‘rkam bog‘ “Shir darvoza” tog‘i etagida voqe bo‘libdur. Bu yerda Bobur zamonida tiklangan “Ark” qal’asi ham bor. U hozir “Bolohisor” deyilarkan. Hazratimiz ham bu qal’ani rosa kiftini keltirib maqtagan. Yillar o‘tib, u Boburning o‘g‘li Komron Mirzo tomonidan qayta qurilgan. Bu yer Bobur hazratlari dafn etilguniga qadar “Qadamgohi Hazrati Rasul” deb atalgan.

Kiraverishda qadimiy karvonsaroy qad rostlagan. Hozir uning bir qismi qo‘riqchilar qarorgohiga aylantirilgan.

Ma’lumki, Zahiriddin Muhammad Bobur 1530-yilda o‘zi asos solgan ulug‘ saltanatning poytaxti bo‘lgan Agra shahri (hozirgi Hindiston)da olamdan o‘tgan va dastlab o‘sha yerda dafn etilgan.

“O‘lum uyqusig‘a borib jahondin bo‘ldum osuda,
Meni istasangiz, ey do‘stlar, ko‘rgasiz uyquda…”

Keyinchalik, vasiyatiga ko‘ra, Kobuldagi mazkur bog‘ga ko‘chirilgan. U o‘z qabrini ortiqcha hashamdan xoli, ochiq osmon ostida bo‘lishini istagani uchun hozirgacha maqbara qurilmagan. Shunga qaramay, vorislari Jahongir va Shoh Jahon qabr atrofini qimmatbaho marmar devor bilan o‘rab, yodgorlik o‘rnatganlar.

Bog‘ sokin, daraxtlari bisyor, terskay-terskayda qor uyumlari… Yuqorilaganim sari havo sovib borgandek bo‘ladi. Qarshimdagi ulug‘vor tog‘larga havas bilan termulaman. “Yoz fasli, yor vasli, do‘stlarning suhbati” bilan bu yerlar qanday jannatmonand go‘shaga aylanishini xayol qilaman. Biroz yuqorilayman, to‘xtayman, satr aytaman:

“Sog‘inmas jannat ul-ma’voni Bobur,
Aning ko‘nglida to ma’vo qilibsen”.

Nihoyat, buyuk shoh va shoir, dilbar shaxs, jahon e’tirof etgan sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur mangu qo‘nim topgan joyga yetdim…

Bu manzilda ulug‘ sarkardaning yaqin qarindoshlari – opasi Xonzodabegim, birinchi qizi Faxr-un-Nisso, kichik o‘g‘li Hindol Mirzo, nabirasi Ruqiya Sulton begim, barchaga mashhur “Humoyunnoma” asari muallifi Gulbadanbegim, Humoyun Mirzoning o‘g‘li – Mirzo Muhammad Hakim, shuningdek, Shoh Abdul Maalilar mangu qo‘nim topgan…

Tarixiy hujjatlarga ko‘ra, 1543–1606-yillarda Boburning nabirasi Jaloliddin Muhammad Akbar mazkur bog‘ni o‘rab, yangi ko‘chatlar ekish va yanada ko‘rkam qilishni buyurgan. Keyinchalik bu xayrli ishni uning o‘g‘li Nuriddin Jahongir Salim davom ettirib, yanada go‘zal bog‘ bo‘lishi uchun o‘z hissasini qo‘shgan.

XX asr oxirida bog‘ jamoat xiyoboniga aylantirilgan va turli tashkilotlar tomonidan obodonlashtirilgan. Bu yerdagi xodimlar ancha xushmuomalalik bilan munosabatda bo‘lishdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qariyb ellik yil davom etgan urushlar natijasida bog‘ butunlay vayron etilgan. Nihoyat, 2001-yili Homid Karzayning vaqtinchalik hukumati sharofati bilan atigi besh yil ichida Bobur bog‘i Tiklash va parvarishlash instituti tomonidan tarixiy hujjatlar, jahon muzeylarida saqlanayotgan suratlar va video tasvirlarga tayanib qayta tiklangan.  “Boburnoma”da keltirilgan ma’lumotlarga tayanib, daraxt va gul ko‘chatlari aslicha ekilgan.

“Xating bila yuzungu kokulung sening, ey jon,
Biri – binafsha, biri – yosuman, biri – rayhon”.

Bu ishlar uchun o‘sha payt 80,5 million AQSH dollari sarflangan. Qayta tiklash ishlari 2017-yilda nihoyasiga yetgan.

Ziyorat so‘nggida Zahiriddin Muhammad Bobur qabri yonida Qur’on tilovat qilib, benazir g‘azallaridan o‘qidik.

“G‘urbatg‘a soldi charx meni yuz jafo bila,
Yod ayla men g‘aribni gahi duo bila”.

Bu yerga kelishimdan xabar topgan o‘zbeklar aniq vaqtni belgilab, yig‘ilishib, qo‘llarida supurgi va ko‘chatlar bilan kelishdi. Buyuk bobomiz qo‘r bergan bog‘ga barchamiz bir el-u bir dil bo‘lib, ko‘chat ekish baxtiga muyassar bo‘ldik…

Shahriyor SHAVKAT.
Hirot – Kobul

“Jadid” gazetasining 2026-yil 6-fevraldagi 6-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596