16.04.2025 | 12:31
657
KOINOTDAGI QORA TUYNUKLARNI O‘RGANAYOTGAN O‘ZBEK OLIMI
Jadid ma’rifatparvarlari orasida nafaqat shoir-u adiblar, muallim-u tarixchilar, balki aniq fan va kasb vakillari – irrigatorlar, kimyogarlar, veterinarlar, shifokorlar, mohir me’morlar, hatto astronomiya va qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari bo‘lganidan xabardorsiz, albatta. Ularning aksariyati “Ko‘mak” xayriya jamiyati orqali xorijda bilim va tajribasini oshirishgan. Taassufki, qatag‘on qilichi ularga dunyoviy tajribalarini yurtida qo‘llash imkonini bermadi. Biroq jadidlar ilmiy merosining o‘chmas uchqunlari kelgusi avlodlar yuragida alangalanib, ilmga bo‘lgan ishtiyoq kuchayib boraverdi…
Bugungi suhbatdoshimiz ham jadid bobolar singari borlig‘ini ilmga safarbar etgan, butun fikrati va fitratini cheksiz koinot sirlarini kashf etishga bag‘ishlagan yosh olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti bosh ilmiy xodimi, fizika-matematika fanlari doktori, “Shuhrat” medali sohibi Ahmadjon Abdujabborovdir.

Uning yuzdan ziyod, jumladan chet elning nufuzli jurnallarida yetmishdan ortiq ilmiy ishlari chop etilgan. Ikkita monografiyasi nashr qilingan. Shuningdek, qahramonimiz 2006-yilda fizika, matematika, kimyo va biologiya yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi sovrindori bo‘lgan. Aspirantura bosqichida o‘qish davomida muddatidan oldin astrofizika va radioastronomiya mutaxassisligi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2010-yilda “Kamolot” stipendiyasiga, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining “Yilning eng yaxshi ilmiy maqolasi” nominatsiyasi bo‘yicha sazovor bo‘lgan. 2014-yilda fizika yo‘nalishida yosh olimlar uchun xalqaro TWAS sovrinini qo‘lga kiritgan. Astronomiya va nazariy fizika mutaxassisliklari bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 2017-yilda Web of Science tashkiloti tomonidan “Eng yaxshi yosh olim”, 2019-yilda Scopus xalqaro tashkiloti tomonidan “Eng yaxshi injener olim” nominatsiyalarida g‘olib bo‘lgan, 2018-yilda TWAS – Dunyo fanlar akademiyasining yosh a’zosi etib saylangan.
U gravitatsiya, nisbiylik nazariyasi va relyativistik astrofizika sohalari bo‘yicha iqtidorli mutaxassis sifatida tanilgan. Uning ilmiy yo‘nalishlari kompakt gravitatsion obyektlar relyativistik astrofizikasi va umumiy nisbiylik nazariyasi bilan bog‘liq. Olim aylanuvchi qora tuynuklar soyalarini tavsiflash uchun yangi formalizm ishlab chiqdi.
Ahmadjon Abdujabborov hozirda Milliy tadqiqot universiteti hamda Toshkentdagi xalqaro Webster universiteti talabalariga ma’ruza o‘qimoqda. Yosh bo‘lishiga qaramay, yigirmadan ortiq magistr, o‘n nafar falsafa doktori hamda besh nafar fan doktoriga ilmiy rahbarlik qilgan.
– Ahmadjon, bir insonning kamolotga erishishiga qirq yil kerak bo‘ladi, degan gap bor. Siz esa nihoyatda tez fursatda katta muvaffaqiyatlarga erishgansiz. Bugungi natijalar, 31 yoshda doktorlik ilmiy ishini yoqlash, bir qancha xalqaro e’tiroflarga sazovor bo‘lish o‘z-o‘zidan bo‘lmagan, to‘g‘rimi?
– Andijon shahrida farzand tarbiyasi, uning ta’lim olishi va kelajagiga jiddiy qaraydigan oilada tug‘ilib voyaga yetganman. Garchi, ota-onam o‘zlari oliy ma’lumotli bo‘lishmasa-da, to‘rt farzandning bilim olishiga katta e’tibor bilan qarashgan. Dastlab, shahardagi gimnaziyada olti yil saboq olib, keyin fizika-matematikaga ixtisoslashgan maxsus maktab-internatda o‘qishni davom ettirganman. Fizika bo‘yicha fan olimpiadalariga qatnashib, respublika bosqichida 2-o‘rinni olganman. Litseyni bitirgach, O‘zbekiston Milliy universitetining fizika fakultetiga o‘qishga kirdim. Olti yil davomida bakalavr, keyin magistraturada o‘qidim. O‘qish mobaynida Yaponiyaning Sumitoma stipendiyasi sohibi bo‘ldim. Talabalar o‘rtasidagi fan olimpiadasida ham birinchilikni qo‘lga kiritganman. Magistraturani tamomlab, Yadro fizikasi institutida ustozimiz Bobomurod Ahmedov boshchiligida izlanishni davom ettirib, 2009-yilda 24 yoshimda fizika-matematika fanlari nomzodi bo‘ldim. 2016-yili doktorlik dissertatsiyamni himoya qildim.
2007-yildan buyon ko‘pgina xorijiy davlatlar bilan ilmiy hamkorlik qilyapmiz. Jumladan, Hindiston, Germaniya, Polsha, Chexiya, Italiya kabi davlatlardagi ilmiy markazlar, tadqiqot institutlarida tajriba almashib qaytganman. 2017-yilda Xitoyning yetakchi ilm dargohlaridan bo‘lgan Fudan universitetida ikki yillik shartnoma asosida ishlab keldim. Bu universitet dunyo reytingida 4-o‘rinda turadi. 2020-yilda Shanxay astronomik observatoriyasiga ishlashga borishim kerak edi, pandemiya sabab yurtimizda qolib ishlashimga to‘g‘ri keldi. Ammo keyingi yillarda Xitoy va Janubiy Koreyadagi nufuzli ilmiy tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda bir qancha ilmiy konferensiyalar, seminarlar tashkil etdik.
Ilmiy faoliyatimga to‘xtaladigan bo‘lsam, u astrofizikadagi sirli obyektlar – qora tuynuklar, neytron yulduzlar, qorong‘i energiyalar, qorong‘i modda kabi substansiyalarning fizik, astrofizik xossalarini o‘rganishga qaratilgan. Xususan, 2013-yildan 2019-yilgacha qora tuynuklarning atrofidagi optik jarayonlarning qanday kechishi, umuman, qora tuynukni astrofizikada qanday qayd etish, qora tuynukning soyasini qanday aniqlab tahlil qilish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib bordik va buning ilmiy tasdig‘ini qayd etdik.
Bizning o‘quvchilik damlarimiz o‘tish davriga, 90-yillarga to‘g‘ri kelgan, o‘sha paytlar tengdoshlarimiz kun ko‘rish uchun bozorga chiqib, tirikchilik qilganda, dadam: “Sizlar faqat chalg‘imay o‘qinglar, nima kamchilik bo‘lsa o‘zim yetkazaman”, deb imkoniyat berganlari uchun oilamizdagi to‘rt farzand yaxshi maktablarda o‘qidik, oliy ma’lumotli bo‘ldik.
– Muqaddas kitobimiz Qur’oni Karimda osmon jismlari, xususan, Quyosh, Oy va yulduzlar juda ko‘p o‘rinlarda tilga olingan. Alloh taolo ularni “ochiq oyatlar” deb ta’riflab, bandalarini tafakkur qilishga chorlaydi. Holbuki, xuddi shu davrda ba’zi g‘arb davlatlarida “Yer Quyosh atrofida aylanadi” kabi ilmiy haqiqatlarni ilgari surgani uchun ilm ahli toshbo‘ron qilinayotgan, tiriklay yoqilayotgan edi. Umuman, ilm, xususan, osmon ilmi va ilohiy haqiqatlar uyg‘unligi haqida nima deya olasiz?
– Ilm odami biror katta natijaga erishishi uchun ham dunyoviy, ham diniy bilimni o‘zlashtirgan bo‘lishi kerak, mening nazarimda. Axir, butun dunyoning yaralishi, cheksiz koinot, galaktikamiz, undagi bizning sayyoramiz, Oy, Quyosh, yulduzlar – bularning hammasi Yaratganning moʻjizasi-ku. Ilmda shunday bahsli holatlar bo‘ladi, bunga daho olim ham javob bera olmay qoladi. Va albatta, bunday vaziyatda buyuk ilohiy kuchning borligiga iymon keltirmay ilojingiz yo‘q. Har bir zarraning kichik zarrachalarigacha o‘rganishingiz, idrok etishingiz uchun ilohiyot ilmidan bexabar bo‘lsangiz qiynalasiz. Haqiqiy komillikka erishishning zahmatli yo‘lini men hazrat Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidagi yuz minglab qushning Semurg‘ni izlab yo‘lga chiqishiga o‘xshataman. Qarang, ular yo‘lga chiqqanda bir necha yuz minglab edi va yettinchi vodiyga yetib borguncha qancha riyozat chekib, qanchasi yo‘lda mahv bo‘ldi, qanchasi fikridan qaytib ortga chekindi. Oxirgi yettinchi vodiyga, manzilga faqat 30 ta qush yetib keldi. Dunyoviy ma’noda tushunganda, “Lison ut-tayr” o‘quvchiga bosh, asl, birlamchi maqsadga yetish yo‘lida insonga asosiy bo‘lmagan, ikkinchi darajali maqsadlardan voz kechish yo‘lini ko‘rsatadi. Agar kimki bu dunyoda o‘zini o‘zi kashf etib, boshqalardan bir bosh balandroq pog‘onaga ko‘tarilgan bo‘lsa, bilingki, u birinchi darajali maqsadga yetish uchun ikkinchi darajali maqsadlardan voz kechish yo‘lidan yurgan. “Lison ut-tayr” shunga o‘rgatadi. Men haqiqiy ilm yo‘lini tanlaganlarni asl niyatiga yetishgan o‘sha o‘ttiz qushga o‘xshataman.
– Astrofizik olimning fikrlash tarzi qanday bo‘lmog‘i lozim?
– U faqat fizika va matematikani emas, balki falsafani ham, tarixni ham, xorijiy tillarni ham bilishi, adabiyot va musiqadan ham xabardor bo‘lishi kerak. Osmondagi yulduzlar qanday paydo bo‘lgan? Nega ularni biz faqat qorong‘ida ko‘ramiz? Oyda nima bor? Quyoshda-chi? Uning yorqinligining manbasi nimada? Xuddi shu singari o‘nlab va yuzlab savollarga javob beradigan fanlar bu – astronomiya, astrofizika. Astronomiyaning eng dolzarb vazifalaridan biri koinotning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq. Cheksiz koinotning bir zarrasi o‘laroq, o‘rganayotgan ilmimizni idrok qilish uchun, uning hayratlanarli siri, mahobati oldida dovdirab qolmasligimiz uchun ham biz, eng avvalo, falsafani ham puxta o‘zlashtirgan bo‘lishimiz kerak. Buyuk olimlar Nyuton ham, Paskal ham faylasuf bo‘lgan. Yoki XVI asrda yashab ilm qilgan buyuk ajdodlarimiz fanlarni gumanitar va aniq fanga ajratishmagan. Ular men yuqorida tilga olgan barcha sohalarni mukammal bilishgan.
– Zamonaviy o‘zbek olimining imiji qanday bo‘lishi kerak?
– U avvalambor iqtisodiy ta’minlangan bo‘lishi kerak. O‘ziga to‘q, moddiy manfaatlari to‘liq qoplangan olim o‘z ustida ishlaydi, yetishmovchilik, tirikchilik deb ilmdan chalg‘imaydi. Oylab, yillab, tadqiqot markazlarida, ilmiy tekshirish institutlarida boshini ko‘tarmay fan bilan shug‘ullanishga imkoni bo‘ladi va bunday olimga yosh avlod, uning shogirdlari ham havas qiladi, u etalon vazifasini bajaradi. Qolaversa, ular ziyoli sifatida millat peshvolari, mamlakatimizda, dunyoda ro‘y berayotgan barcha voqea-hodisalar yuzasidan o‘z pozitsiyasiga ega, o‘z prinsiplariga sodiq qoladigan butun shaxs bo‘lishi shart, deb hisoblayman.
– Bugun Prezidentimiz tomonidan yuksak marra belgilandi. Bu ham bo‘lsa – Uchinchi Renessans poydevorini yaratish. Birinchi, Ikkinchi Renessans davrida astronomiya sohasida ulug‘ ajdodlarimiz nimalarga erishganini yaxshi bilamiz. Xo‘sh, o‘zbek astronomiya ilmida Uchinchi Renessans qanday kechadi deb o‘ylaysiz?
– Renessans ilm-fansiz bo‘lmaydi, albatta. Qayerdaki ilm-fanga e’tibor yaxshi bo‘lsa, ilm ahlining tashabbuslari qo‘llab-quvvatlansa, endi tetapoya qilib kirib kelayotgan yosh avlod to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirilsa, ularga g‘amxo‘rlik qilinsa, albatta, bu ertaga o‘z mevasini bera boshlaydi. To‘g‘risi, bizda 2016-yilgacha ilm-fanda biroz saturatsiya, ya’ni to‘yinish kuzatildi. Bu degani ilm-fan yuqorilab ham ketmaydi, juda pastlab ham ketmaydi, bir joyda depsinib turib qoladi.
Keyingi yillar bizda ilm-fanga e’tibor kuchaydi. Katta islohotlar amalga oshirilyapti, yosh olimlar xorijda o‘qitilmoqda, ilmiy markazlar, institutlarda ijodiy muhit shakllanmoqda, ilmiy laboratoriyalarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlash masalalarida yangicha yondashuvlar qo‘llab-quvvatlanmoqda. Natijada o‘zbek olimlari orasida ham dunyo tan olayotgan, jahon minbarlarida e’tirof etilayotgan olimlar safi kengayib borayotir.
Rivojlangan davlatlarda fan hamma regionda, hatto kichik-kichik shaharlarida ham taraqqiy etgan. Masalan, Germaniyada Berlin shahridan tashqari Frankfurt ham, Drezden, Myunxenda ham ilmiy markazlar, laboratoriyalar mavjud. Afsuski, bizda bu jarayon markazlashish bilan cheklangan. Hamma yangiliklar, katta-katta loyihalar ham asosan poytaxtda amalga oshiriladi. Viloyatlarda esa ahvol maqtanarli emas. Aslida fanni mamlakatning barcha hududlarida birdek rivojlantirish kerak. Shu maqsadda yaqinda Namangan davlat universitetiga borib, hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. “Astrofizika yo‘nalishida ilm qilaman”, degan yoshlar bilan suhbatlashdik. Kelgusida bu amaliyotni yana boshqa viloyatlar bilan ham davom ettirmoqchimiz. Chekka hududlarda ham ilmiy maktablar yaratsak, degan umidimiz bor.
– Ahmadjon, sohaga oid qiziqarli ma’lumotlar uchun sizdan minnatdormiz. Ilmiy faoliyatingizga ulkan zafarlar tilaymiz, salomat bo‘ling.
Shahnoza ROFIYEVA suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 4-apreldagi 14-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



